Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Beshinchi Samarqand forumi minbaridan

Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi prezidenti Miryana Spolyarich  Forum ishtirokchilariga yo‘llagan qutlovida inson huquqlarining dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro muloqot maydonini tashkil etgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazga minnatdorlik bildirdi.

U o‘z nutqida qurolli to‘qnashuvlar sharoitida xalqaro gumanitar huquqning alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, zamonaviy mojarolar va yangi urush texnologiyalari tinch aholi, yaradorlar va bemorlar, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar, shuningdek, to‘qnashuvlar oqibatida bir-biridan ayrilgan oilalarni himoya qilishda yangi sinovlarni keltirib chiqarayotganini qayd etdi.

Nutqning asosiy mazmun-mohiyatini hatto eng og‘ir va murakkab vaziyatlarda ham inson qadr-qimmatini saqlab qolish zarurligi tashkil etdi: «Bir tamoyil o‘zgarishsiz qoladi: eng og‘ir paytlarda ham, jumladan, urush davrida ham biz ko‘radigan choralar markazida insonparvarlik turishi shart».

Miryana Spolyarich, shuningdek, xalqaro gumanitar normalar shunchaki qog‘ozdagi qoidalar bo‘lib qolmasdan, eng nochor va himoyasiz ahvoldagi insonlarning real himoyasini ta’minlashi kerakligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro majburiyatlarni samarali tatbiq etish siyosiy iroda va yetakchilikni, kuchli milliy institutlarni, xalqaro hamkorlikni hamda izchil amaliy sa’y-harakatlarni talab qiladi.

Nutqda Xalqaro gumanitar huquqqa siyosiy sadoqatni safarbar etish bo‘yicha Global tashabbusga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur tashabbus doirasida Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi xalqaro gumanitar huquq me’yorlariga rioya etilishiga e’tiborni kuchaytirish hamda qurolli to‘qnashuvlardan jabr ko‘rgan insonlarni himoya qilish darajasini oshirishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Miryana Spolyarich o‘z so‘zi yakunida xalqaro majburiyatlarning qat’iyligi faqatgina qabul qilingan deklaratsiyalar bilan emas, avvalo, insonlar hayotining eng zaif va og‘ir damlarida ularni qanchalik real himoya qila olishi bilan belgilanishini alohida ta’kidladi.

 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 08.10.2026 Ko'rishlar 408
Ulashish