Poytaxtimizda “Avtomobilsiz kun” ommalashmoqda

Shu vaqtga qadar dunyoning 2 mingtadan ziyod yirik shaharida an’anaga aylangan muhim tashabbus – “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi yurtimizning barcha davlat tashkilotlari qatori Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi tomonidan ham qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Mamlakat miqyosida atmosferaga chiqayotgan zararli chiqindilarning 60 foizi va Toshkent shahrida 88 foizi avtomobillar hissasiga to‘g‘ri kelishi inobatga olinsa, ushbu ekologik aksiyaning dolzarbligi yanada yaqqol ayon bo‘ladi. 

24-aprel kuni Milliy markaz rahbariyati va xodimlari davlat transporti xizmatidan va shaxsiy avtomobillar imkoniyatidan voz kechgan holda, ishga kelib-ketishda yana bir bor jamoat transportidan foydalandilar. Xodimlarimiz orasida velosiped va atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan boshqa transport vositalarida, hatto piyoda holda ishga qatnaganlar ham bor.

Bu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevralda qabul qilingan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan. Endilikda jamoat transporti, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari barcha avtomobillar harakatlanishini qisqartirishga qaratilgan mazkur loyiha poytaxtimizda har oyning bir ish kuni – oxirgi chorshanbasi davomida amalga oshiriladi.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deydilar. Ushbu loyihaning bardavomligi va samaradorligi faqat ijro hokimiyati organlari rahbarlari-yu xodimlarining mas’uliyatigagina bog‘liq bo‘lib qolmay, balki poytaxt jamoat transporti mutasaddilari va mutaxassislari tomonidan barcha yo‘lovchilarga teng hamda sifatli xizmat ko‘rsatilishiga ham bevosita daxldor.

Bu haqda so‘z borganda, jumladan, kuni kecha BMT saytida Toshkent shahridagi avtobus parklari haydovchilari va konduktorlari uchun jamoat transportidan foydalanishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va ehtiyojlaridan xabardor bo‘lish va ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir haqida axborot e’lon qilinganini ta’kidlash lozim.

Xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortgan ayni axborot sessiyasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Transport vazirligi, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi ishtirokida tashkil etildi. Unda transport vositalariga chiqish-tushish paytida, shuningdek, maxsus ko‘mak talab qilinadigan holatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kamsitmaslik va ularga astoydil yordam berishni o‘rgatish bo‘yicha muntazam treninglar o‘tkazib turish muhimligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi poytaxtimiz havosi notozaligi bo‘yicha dunyo ko‘rsatkichlarida oldingi safga chiqqan hozirgi tashvishli davrda, ayniqsa, alohida ahamiyatga ega. Chunki ushbu ekologik aksiya natijasida, bir tomondan, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, ikkinchi tomondan, Toshkent shahrida transport vositalari tirbandligini kamaytirish va jamoat transporti tizimini rivojlashtirish masalalariga jamoatchilikning faol e’tibori qaratiladi.

 

 Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech