9-avgust – Butunjahon kitobsevarlar kuni
Kitob nima? Lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra:
kitob – axborotlarni, g‘oya, obraz va bilimlarni saqlash hamda tarqatish, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, estetik qarashlarni shakllantirish vositasi;
kitob – bilimlar targ‘iboti va tarbiya quroli;
kitob – badiiy, ilmiy asar, ijtimoiy adabiyot;
Olis tarixda dunyoning turli xalqlari tillarida “kitob” tushunchasi keng ma’nolarda qo‘llangan. Xususan, Sharqda – Alisher Navoiy bobomiz zamonida kitob – birinchidan, muqovalangan haqiqiy kitobni; ikkinchidan, muallif qalamiga mansub qo‘lyozma asarni; uchinchidan, maktub, xat yoki risolani anglatgan.
Keyingi asrlarda yuz bergan texnik taraqqiyot, jumladan, matbaa-noshirlik texnologiyalarining jadal rivojlanishi, o‘z navbatida, keng va mo‘l tarqalayotgan “bozori chaqqon” ushbu mahsulotga imkon qadar aniq ta’rif berishni taqozo etdi. Natijada XX asrda kelib, YUNESKO tavsiyasiga ko‘ra, xalqaro statistikada hajmi 48 sahifadan kam bo‘lmagan, taboqlab tikilgan nodavriy nashr shartli ravishda “kitob” deb nomlanadigan bo‘ldi.
O‘z navbatida, “Kitobsevarlar kim?”, degan savol ham tug‘ilishi tabiiy.
Kitobsevarlar – kitob o‘qishni yaxshi ko‘radigan va kitobni qadrlaydigan jamiki kitobxon insonlar toifasi.
Kitobsevarlar – kitobat, kitobshunoslik va matbaa-noshirlik sohalarida xizmat qiluvchi fidoyi hamda ziyoli tadbirkorlar qatlami.
Kitobsevarlar – kitobdorlar, kutubxonachilar, zamonaviy tilda aytganda, axborot-kutubxona markazlari, elektron kutubxonalar va Internetdagi yirik kitob portallari tizimining jonkuyarlari.
Har yili 9-avgust kuni nishonlanadigan Butunjahon kitobsevarlar kuni ana shu sevimli mashg‘ulot va ma’rifiy kasb-korlar sohiblarining jahon miqyosidagi bayrami hisoblanadi. Bu bayramga kim tomonidan va qachon asos solingani noma’lum.
Kitobsevarlar kuni (Book Lovers Day) dastlab AQSHda norasmiy tarzda nishonlab kelingan. Keyinchalik ayni shu milliy an’ana dunyoning turli mamlakatlari kitobxonlari orasida ommalashdi. Eng muhimi, ushbu sanada dunyo kitobsevarlari smartfonlarini o‘chirib, bayram kunini mutolaa va o‘z yaqinlariga kitob ulashishdek ezgu amallar bilan o‘tkazadilar.
Jahonning eng kitobsevar xalqlari haqida 2022-yil avgust oyidagi ma’lumotga ko‘zim tushdi. Xalqaro madaniyat indeksiga ko‘ra, “Dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan aholiga ega mamlakat” degan mezon bo‘yicha kuchli 26 ta davlat reytingi Internetda e’lon qilinibdi. Ushbu reytingda birinchi o‘rinni egallagan Hindistonda odamlar kitob mutolaasi uchun haftasiga o‘rtacha 10 soatu 42 daqiqa sarflar ekan. Ro‘yxatning oxiriga bo‘lsa ham ilinib qolgan Janubiy Koreyada ushbu ko‘rsatkich 3 soatu 6 daqiqani tashkil etmoqda.
Reyting ro‘yxatida, shuningdek, Tailand (9:24), Xitoy (8:00), Filippin (7:36), Misr (7:30), Chexiya (7:24), Rossiya (7:06), Shvetsiya (6:54), Fransiya (6:54), Vengriya (6:48), Saudiya Arabistoni (6:48), Polsha (6:30), Venesuela (6:24), Janubiy Afrika Respublikasi (6:18), Avstraliya (6:18), Indoneziya (6:00), Argentina (5:54), Turkiya (5:54), Ispaniya (5:48), Kanada (5:48), Germaniya (5:42), AQSH (5:42), Italiya (5:36), Braziliya (5:12), Yaponiya (4:06) davlatlari ham bor.
Ammo, ushbu ro‘yxatda O‘zbekistonni izlab topolmadim. Unga Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa davlatlari ham kirmagan. Xolbuki, Sharqda kitob va mutolaa madaniyati azaldan qadrlangan. Ulug‘ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro iborasi bilan aytganda, “Kitob — sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”.
2023-yil 23-aprelida YUNESKO Bosh direktori Odri Azule Butunjahon kitob kapitali bo‘yicha maslahat qo‘mitasining baholash natijalariga ko‘ra Fransiyaning Strasburg shahrini 2024-yil uchun Jahon kitob poytaxti etib belgiladi. 2001-yildan hisoblaganda Strasburg bu nomga munosib ko‘rilgan 24-shahar sanaladi.
Bunga qadar Madrid (2001), Aleksandriya (2002), Nyu-Dehli (2003), Antverpen (2004), Monreal (2005), Turin (2006), Bogota (2007), Amsterdam (2008), Bayrut (2009), Lyublyana (2010), Buenos-Ayres (2011), Yerevan (2012), Bangkok (2013), Port-Xarkort (2014), Incheon (2015), Vrotslav (2016), Konakri ( 2017), Afina (2018), Sharja (2019), Kuala-Lumpur (2020), Tbilisi (2021), Gvadalaxara (2022) va Akkra (2023) shaharlari “Jahon kitob poytaxti” nomiga sazovor bo‘lgan.
Binobarin, YUNESKO hamda kitob sanoatining uchta asosiy sektori – noshirlik, kitob savdosi va kutubxonachilik sohalari faoliyati bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilotlar har yili 23-aprelda dunyo shaharlaridan biriga “Jahon kitob poytaxti” faxriy unvonini taqdim etishi xayrli an’anaga aylangan. Bunday sharafga sazovor bo‘lgan shahar, odatda, kitob va kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yil davomida bu borada alohida chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish majburiyatini zimmasiga oladi.
Shu munosabat bilan kamina “23-aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni” arafasida chop ettirgan maqolamda bundan bir necha yil ilgari akademik Akmal Saidov matbuotda Toshkent shahrini – “Jahon kitob poytaxti”ga aylantirish tashabbusini ilgari surgani haqida yozgandim. Haqiqatan ham, mamlakatimiz poytaxti bu faxriy unvonga har tomonlama munosib, deb o‘ylayman.
Shuning uchun Toshkent “Jahon kitob poytaxti” unvoniga musharraf bo‘lmaganiga astoydil ranjigandim. Endi esa O‘zbekistonning “Dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan aholiga ega mamlakat” reytingiga kirmay qolganidan afsuslanmoqdaman.
Bugungi kunda gurkirab taraqqiy etayotgan poytaxtimiz uchun, eng asosiysi, turli xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni izchil zabt etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun bunday marralar cho‘t emas, nazarimda. Agar har ikki ro‘yxat o‘zaro qiyoslanadigan bo‘lsa, aksariyat mamlakatlarning ikkala reytingda ham borligini ko‘rish mumkin. Xalqona aytganda, “Harakatda – barakat” deganlari shu.
Kitob mutolaasida gap ko‘p. Sharqda va G‘arbda insoniyatni yuksak taraqqiyot sari boshlagan Renessanslarning barchasi kitob yozish va tarqatish, kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, turli tillardan turfa asarlarni tarjima qilish hamda o‘qish va o‘rganishdek qamrovdor ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga tayangani shubhasiz.
E’tibor bering: buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino 4 yoshida Qur’onni to‘la yod olgan. Bugungi kunda Qur’oni karimdan keyingi muborak kitob deya tan olingan “Sahihi Buxoriy”ni tuzgan allomamiz Imom Buxoriy 11 yoshida ustozi ad-Doxiliyning ilmidagi xatoni tuzatgan. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy 6 yoshida she’rlar yoza boshlagan va Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini yoddan bilgan. Hassos shoir va shoh bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur esa 12 yoshida davlat arbobi sifatida taxtga o‘tirgan.
Ajdodlarimiz nima uchun bu qadar yetuk olimu shoir, alloma-yu ma’rifatparvar, bir so‘z bilan aytganda, buyuk insonlar bo‘lgan? Akademik Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, avvalo, ajdodlarimiz jaholatga berilmagan, kimnidir g‘iybat qilib, oltindan qimmat vaqtini zoye qilmagan. O‘zining idrokini, azmu qudratini ilmga sarflagan, bilimini muttasil boyitgan. Yanada muhimi, ajdodlarimizning ma’rifat borasida, ta’bir joiz bo‘lsa, “iligi to‘q” bo‘lgan. Zero, ular bir emas, ikkita Renessans ma’rifatining qaymog‘idan bahramand bo‘lganlar.
Shu ma’noda, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining uzoq muddatli strategiyalarida ma’naviyat, ma’rifat va kitobsevarlik masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani tahsinga loyiq.
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida 2017-2021-yillarda mamlakatimizda noshirlik, adabiyot, kutubxona va kitobxonlik sohalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘nga yaqin farmon, qaror va farmoyishlar qabul qilindi.
Ayniqsa, 2021-yil 26-noyabrda “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilingani soha taraqqiyotida alohida ahamiyat kasb etdi. Hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan 2020–2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi izchil bajarilmoqda.
Sohaga oid ushbu huquqiy hujjatlarning ahamiyati nimada? Birgina raqam keltiramiz: 2019-2022-yillarda yurtimiz nashriyotlari tomonidan 26 ming 754 nomdagi 132 milliondan ortiq adabiyot va matbaa mahsulotlari nashr etilgan.
Ikkinchidan, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish belgilangan. Mazkur g‘oya targ‘iboti yo‘lida mutasaddilar aholi orasida mutolaa madaniyatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratmoqdalar.
Jumladan, o‘tgan davrda yurtimiz bo‘ylab 500 ga yaqin kitob-ko‘rgazma yarmarkasi, kitobxonlik tanlovi, kitob festivali va mutolaani ommalashtirishga yo‘naltirilgan boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Bu tadbirlar bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda.
Keyingi yillarda “Kitobsevar millat” shiori ostida an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan Respublika kitobxonlik haftaligi, shuningdek, joriy yil 1-iyun – Xalqaro bolalar kuni poytaxtimizning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ilk bor tashkil etilgan “Bolalar kitob festivali” ana shunday tadbirlarning uzviy davomidir. Festival ishtirokchilari e’tirof etganlaridek, yurtimizdagi 380 dan ziyod nashriyotning barchasida bolalar uchun darsliklar, badiiy va turli mazmundagi boshqa adabiyotlar chop etilyapti.
Uchinchidan, 2023 yilgi saylov kampaniyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev e’lon qilgan saylovoldi dasturi doirasida bayon etilganidek:
- har yili 100 ta eng yaxshi badiiy asar hamda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 50 ta badiiy kitob yaratish uchun ijodiy buyurtma berilib, mualliflarga 100 million so‘mdan qalam haqi to‘lanadi;
- kelgusi yetti yilda kutubxonalarning 40 millionga yaqin kitob fondi to‘liq raqamlashtiriladi va ularning yagona katalogi yaratiladi;
- 2030 yilga qadar mamlakatimizdagi barcha kutubxonalar to‘liq ta’mirlanadi. Shu maqsadda 500 milliard so‘m ajratiladi;
- madaniyat va san’at sohalari vakillari, muzey va kutubxonalar xodimlari ish haqi kelgusi yetti yilda 3 karra oshiriladi. Bunda maktab kutubxonachilarining ish haqi pedagog xodimlar oyligiga tenglashtiriladi;
- 2030 yilga qadar madaniyat va san’at sohalari vakillari hamda adiblar uchun yangi qurilayotgan uy-joy massivlaridan 10 mingta xonadon imtiyozli shartlarda beriladi.
To‘rtinchidan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba asosida ishlab chiqilgan va ayni vaqtda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasiga muvofiq:
– o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish;
– jamiyatda kitobxonlikni va aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni rivojlantirish;
– kitobxon yoshlar sonini 5 million nafarga yetkazish;
– har yili 100 ta eng yaxshi badiiy asar hamda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 50 ta badiiy kitoblar yaratish;
– mazkur kitoblarni 20 ming nusxadan nashr qilish;
– “O‘zbek adabiyoti xazinasidan” 300 jildligi, “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” 200 jildligini o‘zbek tilida nashr qilish;
– 40 millionga yaqin kitob fondini to‘liq raqamlashtirish mo‘ljallanmoqda.
Kelgusida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan va amalga oshirilishi davom etayotgan, o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan barcha dolzarb maqsad va vazifalarning bajarilishi ta’minlanadi.
Bularning barchasi kitobsevar xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning ongu tafakkurini yuksaltirishda muhim rol o‘ynashi tayin.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz ta’biri bilan aytganda, «Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir». Chunki kitoblar milliy o‘zlik hamda umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Mustaqillik tufayli ko‘p ming yillik asl ildizlarga qaytib, milliy davlatchilikni, milliy o‘zlik va ma’naviyatni, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatni tiklashdek huquqiy imkonlarga ega bo‘ldik. Istiqlol kitobxon xalq degan azaliy yuksak mavqeimizni nafaqat qaytarib berdi, ayni chog‘da, bu boradagi intellektual salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni tubdan oshirishning asosiy omili bo‘lib ham kelmoqda.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 09.08.2024
- Ko'rishlar: 1246
- Chop etish