INTERNETDAGI TAJOVUZ:
Jurnalistika sohasida ishlayotgan dunyo xotin-qizlarining ahvoli qanday?
8-sentyabr – Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni
Ushbu sana Xalqaro jurnalistlar tashkiloti kongressining qaroriga asosan 1958-yildan buyon dunyo miqyosida nishonlab kelinmoqda. Bu kun tasodifan tanlangan emas. Zero, 1943-yilning aynan 8-sentyabrida chexoslavakiyalik jurnalist va adabiyotshunos Yulius Fuchik Berlinda fashistlar tomonidan qatl etilgan. U asirlikda ekanida “Dor ostidan reportaj” kitobini yozgan. Muallif vafotidan so‘ng jahonning 70 ta tiliga tarjima qilingan ushbu asar 1950-yilda “Tinchlik” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Keyingi davrda jurnalistika butun yer yuzidagi eng xavfli kasblardan biri bo‘lib qolmoqda. Dunyoning deyarli barcha hududlarida har yili jurnalistlar tajovuzlarga duch kelmoqda va qurbon bo‘lmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, 2023-yilda jahon miqyosida 40 nafar jurnalist va OAV vakillari halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2022-yilda – 28 va 2021-yilda 21 nafarni tashkil etgan.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk qayd etganidek, butun dunyoda har kuni kamida bir nafar jurnalist, huquq himoyachisi yoki kasaba uyushmalar namoyandasi qurbon bo‘lmoqda yoxud yo‘qolib qolmoqda. Bu achinarli holat chuqur tashvish uyg‘otadi va fuqarolik jamiyati faoliyat yuritadigan makonni himoya qilish hamda insonning asosiy erkinliklarini ta’minlash borasida qat’iy choralar ko‘rishni talab etadi.
BMT Bosh kotibining jurnalistlar xavfsizligiga bag‘ishlangan 2023 yilgi ma’ruzasida jurnalistikaning yana bir dolzarb va og‘riqli muammosi – sohada ishlayotgan xotin-qizlar hali ham ozchilikni tashkil etishi haqida so‘z borgan. Buning sababi shundaki, ular – jinsiy mansubligi bahonasida – lavozim pillapoyalaridan ko‘tarilishda to‘siqlarga uchramoqda, ko‘p hollarda tahdidlarga duchor bo‘lmoqda va zo‘ravonlik qurbonlariga aylanmoqda.
BMT rahbarining ayni mavzudagi ma’ruzasida 2017-yildan keyingi davr qamrab olingan. Uning alohida bobi “Ommaviy axborot vositalaridagi xotin-qizlarning holati” masalasiga bag‘ishlangan. Ommaviy axborot vositalari sohasidagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash xalqaro fondi 2021-yilda bu borada tadqiqot o‘tkazgan. Natijada o‘rganilgan 522 ta mediakompaniya xodimlari sonining atigi uchdan bir qisminigina ayol-jurnalistlar tashkil etishi aniqlangan.
Mavjud gender notenglik ham ayol-jurnalistlarning oylik maoshlari miqdoriga, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishiga va kasbiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Aksariyat hollarda eng jiddiy va o‘ta muhim mavzularni yoritish – erkak-jurnalistlar zimmasiga, ahamiyati kamroq mavzularni esa ayol-jurnalistlarga topshirishdek nomaqbul aqidalarga rioya qilinmoqda. Ayol-jurnalistlar rahbarlik lavozimlarini egallashda erkak-jurnalistlarga nisbatan ko‘proq to‘siqlarga uchramoqda.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlari tahririyatlarida haligacha xotin-qizlarga shilqimlik qilish hollari uchrab turibdi. Garchi, kasbiy nuqtayi nazardan, har ikki jinsga mansub OAV vakillari turli tajovuzlarga uchrayotgan bo‘lsalar-da, jinsiy mansubligi bilan bog‘liq holda, aynan ayol-jurnalistlar yanada ko‘proq tahdidlarga duchor bo‘lmoqda.
Buni “ARTICLE 19” tashkiloti o‘tkazgan va 2022-yilda e’lon qilingan tadqiqot natijalari yaqqol tasdiqlaydi. Unda ayol-jurnalistlarning uchdan ikki qismi turli tajovuzlarga uchragani ma’lum qilingan. Bu o‘rinda zo‘rlashdan to ruhiy bosim o‘tkazish va internetda ta’qib qilishgacha bo‘lgan tajovuzlar haqida so‘z bormoqda.
Niderlandiyada 2022-yili “PersVeiling” platformasi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda qariyb 300 nafar ayol-jurnalist qatnashgan. Shu respondentlarning 82 foizi qo‘rqitish, tajovuz qilish yoki tahdid etish holatlariga duch kelganini bildirgan.
Indoneziya Mustaqil jurnalistlar alyansi ham 2023-yili bu borada tadqiqot o‘tkazgan. Ushbu tadqiqot natijalariga qaraganda, ijtimoiy so‘rovda qatnashgan ayol-jurnalistlarning 82,6 foizi o‘z kasb faoliyatini amalga oshirish jarayonida u yoki bu shakldagi shahvoniy tahdidlarga uchraganini ma’lum qilgan.
Aksar hollarda ayol-jurnalistlar raqamli texnologiyalar sohasida tahdid va ta’qiblarga duchor bo‘layotir. Binobarin, YUNESKO bilan Jurnalistlar uchun xalqaro markaz o‘tkazgan va 125 mamlakatdan ommaviy axborot vositalarining 900 nafardan ziyod xodimi ishtirok etgan tadqiqotda qatnashgan ayol-jurnalistlarning 73 foizi aynan internetda tajovuzga uchraganligini aytgan.
Ayol-jurnalistlarga internet tarmog‘idagi hujumlar muayyan vaziyatlarda, xususan, saylovlar davrida yanada kuchayadi. Masalan, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti bahosicha, yaqinda Braziliyada bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida har bir jurnalistga o‘rtacha har uch soniyada internet orqali xuruj qilingan, bunda tajovuzga uchraganlarning 70 foizini ayol-jurnalistlar tashkil etgan.
Internetda gender zo‘ravonlikning har xil turlari kuzatilmoqda. Jumladan, shilqimlik yoki xotin-qizlarga nisbatan nafrat, jismoniy yo shahvoniy zo‘ravonlik bilan tahdid qilish kabi xurujlar ortgan.
Shu bilan birga, YUNESKO va Jurnalistlar uchun xalqaro markaz o‘tkazgan tadqiqot ishtirokchilari o‘zlarining “doksing” (ya’ni, insonning roziligisiz shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilish) qurboniga aylanganidan shikoyat qilgan. Aksariyat hollarda ayol-jurnalistlarga tegishli elektron pochta manzili va telefon raqamlari ekstremistik mazmundagi veb-saytlarda hamda trollingga ko‘maklashadigan saytlarda joylashtirilgan. Hatto bunday tajovuzga uchraganlardan ayrimlarining faoliyatini internet orqali ta’qib etish va akkauntlarini buzib kirish hollari ham uchragan.
YUNESKO va Jurnalistlar uchun xalqaro markaz tadqiqoti ishtirokchilarining 37 foizi internetda jurnalistlarga nisbatan uchrayotgan bunday tazyiqlarga siyosiy arboblarni asosiy aybdor, deb ko‘rsatgan. Ya’ni, ayrim siyosiy arboblarning omma oldidagi ochiq-oshkora tahdidlari, o‘z navbatida, ularning tarafdorlariga ayol-jurnalistlarga nisbatan tajovuz yo tahdid qilish uchun qutqu bergan.
Bunday tajovuz va tahdidlar ayol-jurnalistlarning qadr-qimmati va ma’naviy-ruhiy holatiga salbiy ta’sir qilmoqda. Internet orqali “raqamli tajovuz”ni boshidan kechirgan ayol-jurnalistlarning ko‘pchiligi xavotir va iztirob ichida yashayotgani, o‘zini himoyasiz his qilayotgani va o‘ziga nisbatan ishonchi susayganidan arz qilgani shuni ko‘rsatadi.
Yanada achinarlisi, YUNESKO va Jurnalistlar uchun xalqaro markaz tadqiqoti ishtirokchilarining salkam 20 foizi, internetdagi bosimlar bilan bog‘liq holda, real hayotda ham jismoniy tajovuzga uchraganligini tan olgan. Oqibatda raqamli makonda suiiste’molliklar qurboniga aylangan va shu bilan bog‘liq ravishda jismoniy tajovuzga uchragan ayol-jurnalistlar ko‘pincha ishga kelmay qo‘yadi. Ular o‘ziga kelib olish yoki yana tahdidlarga uchramaslik uchun ishdan bo‘shaydi, ba’zi hollarda esa hatto jurnalistika sohasini butunlay tark etadi.
Shu bilan birga, YUNESKO va Jurnalistlar uchun xalqaro markaz o‘tkazgan tadqiqot natijalari ko‘rsatishicha, respondentlarning 30 foizi, internetdagi tajovuzlardan xavotirlangan holda, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida o‘zini o‘zi senzura qilish yo‘liga o‘tganini bildirgan.
Shuningdek, 2022-yili “PersVeiling” platformasi Niderlandlar mamlakatida o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov ma’lumotlariga muvofiq, respondent ayol-jurnalistlarning:
- 52 foizi – internetdagi ta’qiblardan xavotirlangani uchun so‘zlarni juda ehtiyotkorlik bilan qo‘llashga o‘tgan;
- 23 foizi – muayyan ijtimoiy media-platformalarda chiqishlar qilishdan qocha boshlagan;
- 19 foizi – muayyan mavzularda materiallar chop etishdan o‘zini tiygan.
Bunday o‘zini o‘zi senzura qilish amaliyoti, afsuski, fikr va axborot xilma-xilligiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, so‘z erkinligini ham cheklab qo‘yadi.
Shu murakkab sharoitda jurnalistlarni himoya qilish uchun nima qilish kerak?
BMTning Fikr erkinligi to‘g‘risidagi masalalar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Iren Xan ta’kidlashicha, ayol-jurnalistlarni internetdagi tajovuzlardan himoya qilishda asosiy mas’uliyat davlatlar zimmasidadir. Ijtimoiy tarmoqlarga ega kompaniyalar ham, Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning inson huquqlariga taalluqli rahbariy prinsiplaridan kelib chiqqan holda, o‘z platformalarida jurnalistlarning xavfsizligi ta’minlanishi bilan bog‘liq zarur choralarni ko‘rishlari shart.
Bundan tashqari, BMT Bosh kotibi ma’ruzasida davlatlar o‘z hududida jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan tajovuz holatlari yuzasidan tezkor, xolis va mustaqil surishtiruv o‘tkazish uchun asosiy javobgar tomon hisoblanishi qayd etilgan. Bu boradagi ishlarni haligacha yo‘lga qo‘ymagan davlatlar fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan birgalikda jurnalistlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha milliy mexanizmlarni yaratishlari taqozo etiladi.
Jurnalistlarga nisbatan tajovuzlarning oldini olish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillariga qarshi jinoyatlar bo‘yicha aybdorlarga nisbatan odil sudlov orqali qonuniy chora ko‘rish amaliyoti shular jumlasiga kiradi. Ayni chog‘da, mamlakatlar internet makonida va undan tashqarida ham fikr erkinligiga amal qilinishini ta’minlaydigan qonunlar qabul qilishlari talab etiladi.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 06.09.2024
- Ko'rishlar: 1010
- Chop etish