25-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida taniqli adib Komil Sindarovning yangi detektiv asarlari — «Qabohat girdobi» va rus tilidagi «Jajda mesti» kitoblari hamda yozuvchi Jabbor Shukur tashabbusi bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan Boshqirdiston xalq yozuvchisi Marsel Salimning “Oltin kitob” asarining taqdimoti bo‘ldi.
Ushbu taqdimot adabiyot va huquq sohalari uyg‘unligining yana bir yorqin misoli bo‘ldi. Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazining Inson huquqlari uyi xodimlari Malika Tolipova va Shodiya Ismoilova ishtirok etdi.
Komil Sindarov nafaqat ilmiy, balki ijodiy sohada ham o‘z o‘rniga ega shaxs sifatida tanilgan. Uning “Tergovchi” turkumidagi 14 ta detektiv asari huquqiy bilimlar va badiiy tasvirlash mahoratining uyg‘unligini namoyon etadi. Bu asarlarda huquqshunoslikning qiziqarli masalalari mahorat bilan badiiy shaklda ifodalangan. Uning kitoblari nafaqat huquqshunoslar, balki detektiv janriga qiziquvchi keng o‘quvchilar ommasi uchun ham qiziqarlidir.
O‘z navbatida, Jabbor Shukur tashabbusi bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan “Oltin kitob” asari ham tadbirning diqqatga sazovor voqealaridan biri bo‘ldi. Boshqirdiston xalq yozuvchisi Marsel Salim qalamiga mansub bu asar o‘zaro adabiy almashinuv va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam ekani ta’kidlandi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar milliy adabiyotni qo‘llab-quvvatlash, uning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash va huquqiy savodxonlikni oshirishda katta ahamiyatga ega. Taqdimotda ishtirok etgan Milliy markaz vakillari ushbu taqdimotni Yangi O‘zbekiston jamiyatida inson huquqlari va huquqiy ong-tafakkurni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim qadam sifatida baholadilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.12.2024
- Ko'rishlar: 706
- Chop etish