Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – Yangi O‘zbekiston xotin-qizlarining mustahkam huquqiy tayanchi

Mamlakatimizda 2024-yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu – O‘zbekiston tarixida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar Kengashlariga saylov natijalariga ko‘ra, mahalliy Kengashlar tarkibiga yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizi xotin-qizlarni tashkil qildi.

Senat a’zosi etib saylanganlarning qariyb 27 foizi yoki 16 nafari xotin-qizlardir. Bu omil, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “oila, onalik va bolalik, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, umuman, ijtimoiy masalalar bo‘yicha qonunchilik faoliyati hamda parlament nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi”.

Ushbu samaralarga, hech shubhasiz, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining sharofati bilan erishildi. Chunki, Asosiy qonunimizning 58-moddasida: “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”, deb belgilangan.

Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar bugungi kunda hayotimizning barcha sohalarida o‘z ijobatini topmoqda. Xususan, shu asosda Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda xotin-qizlar siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil qilishi shart. Avval bu talab bo‘yicha ko‘rsatkich 30 foiz edi.

Bunday muhim talab, albatta, yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovda ishtirok etgan ayol nomzodlar soni izchil ko‘payishiga turtki berdi. Shunga yarasha natija ham, ta’bir joiz bo‘lsa,  yurtimizda gender siyosati doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan jadal islohotlar mohiyatiga mos darajada bo‘ldi.

Bularning barchasi bejiz emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley ses­siya­sida qayd etganidek, "Biz uchun gender tenglik siyo­sati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda".

Bu haqda fikr yuritganda, birgina 2023-yilda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish yo‘nalishida 13 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganini ta’kidlash lozim. Jumladan, 3 ta qonun, Prezidentning 2 ta farmoni va 2 ta qarori hamda hukumatning 6 ta qarori tasdiqlandi.

Yanada aniq qilib aytganda, "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘­­risida", "Xotin-qiz­lar­ni taz­yiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida" hamda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi yangi qonunlar qabul qilindi. Mamlakatimizda xotin-qizlarning hukumat va ja­miyatdagi rolini oshirishga, ularning bandligini ta’minlashga, ayollar tadbirkorligini hamda ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi ishtirokini rivojlantirishga va muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlar amal qilmoqda.

Shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, 2030-yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiya­si, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning qabul qilinishi ushbu sohaning huquqiy asoslarini tubdan mustahkamladi va tegishli tizimli faoliyatni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarning kelgusida ham qat’iy davom ettirilishini ta’kidlagani bejiz emas. Chunki bu – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Prezidentimizning  2022  yil  7  martdagi  “Oila  va  xotin-qizlarni  tizimli qo‘llab-quvvatlashga  doir  ishlarni  yanada jadallashtirish  chora-tadbirlari  to‘g‘risida”gi  farmoni  bilan  2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi. Mazkur hujjat  bilan  xotin-qizlarning  ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga  qaratilgan  qator  chora-tadbirlar belgilab  olindi  va  amaliy  ijrosi  ta’minlanayapti.

Yanada muhimi, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ayollarimizga bo‘lgan e’tiborni eng quyi bo‘g‘in – mahallagacha yetkazib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratilishi belgilandi. Shu maqsadda Taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash” deb nomlandi.

O‘z navbatida, Taraqqiyot strategiyasining 60-maqsadida reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha dolzarb masalalar qamrab olingan. Shuningdek, 85-maqsad doirasida ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 barobar kamaytirish, 80 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, xotin-qizlarni tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yana bir muhim hujjat – 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish strategiyasi hayotga keng tatbiq etilmoqda. Gender tenglikka erishish strategiyasini 2024-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturidan istiqboldagi yanada muhim masalalar o‘rin olgani, ayniqsa, e’tiborga loyiqdir.

Ayni shu dasturiy hujjatlar ijrosi doirasida, jumladan, xotin-qizlarning ta’lim olishiga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ilm-fan sohasida ayollarning o‘rnini yanada oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Joylarda imtiyozli kreditlar va lizing ajratish, xotin-qizlarni ishga jalb qilgan holda kooperatsiya usulida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari doimiy diqqat markazida turibdi. Ayniqsa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish lozim bo‘lgan xotin-qizlarning tibbiy muolaja xarajatlarini qoplab berishdek ezgu amallar izchil bajarilmoqda.

Bularning barchasi gender tenglik masalasi O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining o‘ziga xos isbotidir. Mamlakatimiz xotin-qizlarni kamsitish va ta’qib qilishning barcha shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya etishni nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalarga qo‘shildi.

Mehnat kodeksi va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga xotin-qizlar uchun taqiqlangan kasbiy faoliyat sohalarini qisqartirish, qonunchilikdagi gender-assimetrik qoidalarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritildi. Xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashning institutsiyaviy asoslari yanada mustahkamlandi.

Bu dasturiy hujjatlarning ijrosi Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlari kabi xalqaro shartnomalar doirasidagi majburiyatlarimizni bajarishga ham ko‘maklashadi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning o‘z salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda.

Eng muhimi, bugungi kunda o‘z xonadonining fayzu farishtasi bo‘lgan ayollarimiz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarda faol ishtirok etmoqda.

 

Farida XAKBERDIYEVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech