Mehnatni tashkil qilishda masofadan turib ishlash qanday afzalliklarga ega?

Ijtimoiy munosabatlarda “masofaviy ish”, “moslashuvchan ish usuli” kabi tushunchalar ko‘proq qo‘llanilmoqda. Bu axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi, onlayn munosabatlarning keng ommalashishi, mehnat munosabatlarini yangi shakllarda tashkil etish zarurati bilan chambarchas bog‘liq.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi Asomiddin Xalilov mehnatni tashkil qilishda masofadan turib ishlashning afzalligi haqida quyidagilarni gapirib berdi:  

– Yurtimizda masofadan turib ishlash va moslashuvchan ish vaqti  rejimlariga koronavirus pandemiyasidan so‘ng e’tibor qaratila boshlandi. 

2022 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida moslashuvchan ish vaqti rejimi va masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari aks etdi.  

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, an’anaviy ish usulidan farqli o‘laroq masofadan turib ishlash rejimi – davlat xizmatchilarining o‘z lavozim vazifalarini ish beruvchi joylashgan hududdan yoki ob’ektdan tashqarida internet tarmog‘idan foydalangan holda bajarishi mumkin bo‘lgan ishni tashkil etish usulidir. Moslashuvchan ish vaqti rejimi – davlat xizmatchilarining ayrim toifalari uchun ish kunining boshlanishini, tugashini va umumiy davomiyligini muayyan doirada ularning o‘zi tartibga solishiga yo‘l qo‘yiladigan ish vaqtini tashkil etish usuli hisoblanadi.  

Jahon amaliyotida masofaviy va moslashuvchan ish usullarining qo‘llanishi ancha oldin boshlangan. Xususan, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Avstriya, Belgiya, Irlandiya va boshqa bir qator xorijiy davlatlarda bugungi globallashuv davrida raqobatning keskinlashishi, xizmatlar ko‘rsatishning yangi shakllari rivojlanishi, ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashning zarurati sabab mazkur ish usullaridan foydalanishga bo‘lgan talab oshib bormoqda.  

Tajribadan ma’lum bo‘lishicha, masofadan turib ishlash va  moslashuvchan ish rejimlari, ayniqsa, farzand parvarishi bilan band ayollar, imkoniyati cheklangan insonlar, qariyalar va bemor shaxslarga qarovchilar uchun qulay hisoblanadi.  

Shuningdek, masofadan turib ishlash xodim uchun oilasiga va yaqinlariga ko‘proq vaqt ajrata olishi, bir vaqtning o‘zida bir qancha ish joylarida mehnat qilib, an’anaviy usulda ishlovchi xodimga nisbatan ko‘proq maosh olish, kasbiy kasalliklarga chalinish hollari an’anaviy ish rejimida ishlovchilarnikiga nisbatan pastroq bo‘lishi, atrof-muhitning ish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi uchun shart-sharoit yaratadi. Ish beruvchiga esa boshqa hududdagi malakali mutaxassislarni jalb etish, kommunal xarajatlarni kamaytirish kabi imkoniyatlarni beradi.  

Shu o‘rinda masofadan turib mehnat faoliyatini yuritishning ish bilan shaxsiy hayot aralashishi oqibatida ish jarayoniga bo‘lgan nojiddiy munosabatning shakllanishi, xodimlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ularga kerakli bo‘lgan boshqa asbob-uskunalar bilan ta’minlab bera olmaslikning ish unumdorligiga salbiy ta’sir qilishi, masofadan turib ishlovchi xodimni to‘liq nazorat qilib bo‘lmasligi, ayrim hollarda ish beruvchi tomonidan xizmat doirasida berilgan topshiriqlarning kiberhujum uyushtirilishi natijasida tarqalib ketish xavfi borligi, korporativ qadriyatlarning o‘zgarishiga olib kelishi kabi jihatlari ham mavjudligini aytib o‘tish kerak.  

Bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi yana shuni ko‘rsatadiki, ularda bu ish rejimlarini tartibga soluvchi hujjatlar (qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar, yo‘riqnomalar, tavsiyanomalar, reglamentlar) ishlab chiqilgan bo‘lib, masofadan turib ishlash va moslashuvchan ish vaqti mehnatni tashkil etishda asosiy ish usullari sifatida qo‘llanish ko‘lami kengayib bormoqda.  

Mehnat kodeksida moslashuvchan ish vaqti rejimi va masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari bayon etilgan. Lekin masofadan turib ishlash va moslashuvchan ish rejimini joriy etish bo‘yicha yagona uslubiyotning mavjud emasligi, davlat xizmatida aynan qanday vazifalarni bajaruvchi xizmatchilar masofadan turib ishlashga yoki moslashuvchan ish rejimiga o‘tkazilishi mumkinligi noaniqligi amaliyotda ayrim muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.  

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi muammolarni o‘rganish va ularning yechimiga qaratilgan takliflar ishlab chiqish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.  

Xususan, Agentlik tomonidan bu boradagi vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan 24 ming nafarga yaqin davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasida onlayn so‘rovnoma o‘tkazildi.  Natijada ishtirokchilarning 44 foizi masofadan turib ishlashga hamda 42 foizi moslashuvchan ish rejimiga o‘tishga ijobiy munosabat bildirdi.  

Agentlik tomonidan 2024 yilda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida faoliyat olib borayotgan 87 nafar xotin-qiz, shu jumladan, o‘n to‘rt yoshgacha farzandlari bo‘lgan onalar, homilador ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshga doir pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni yoki oilaning o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan bemor a’zolarini parvarishlayotgan xodimlar uchun tajriba-sinov tariqasida moslashuvchan ish rejimi joriy etildi hamda bu jarayonni xolisona baholash uchun monitoring o‘tkazildi.  

Ishtirokchi xotin-qizlarning 59 foizi moslashuvchan ish vaqti rejimida ishlashni davom ettirish istagi borligini va 22 foizi ushbu rejimda ishlash qoidalarini belgilab beruvchi qonunosti hujjati mavjud bo‘lmaganligi uchun ish beruvchilar bunday ish rejimida ishlashga hali tayyor emasligini bildirdi.  

Xotin-qizlar moslashuvchan ish rejimida faoliyat yuritish natijasida mehnat unumdorligi sezilarli darajada yaxshilanganini, vaqtdan samarali foydalanish va vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash ko‘nikmalari rivojlanganini, ish va shaxsiy hayotdagi munosabatlari yaxshi tomonga o‘zgarganini qayd etgan.  

Ish beruvchilar va tarkibiy bo‘linma rahbarlarining fikrlari o‘rganilganda, ular tomonidan moslashuvchan ish rejimi xotin-qizlarning ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmagani, aksariyat hollarda faoliyat samaradorligi oshgani ta’kidlangan.  

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillar davlat organlarida davlat fuqarolik xizmatchilarining masofadan turib va moslashuvchan ish vaqti usullarida ishlash qoidalarini belgilab beruvchi me’yoriy-huquqiy hujjatni qabul qilish zarurati borligini ko‘rsatdi.    

Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasining 2025 yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxatiga Davlat organlarida masofaviy ishni tashkil etish va moslashuvchan ish tizimini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha taklifning kiritilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.  

Mazkur qaror loyihasida masofadan turib amalga oshirishi mumkin bo‘lgan funksiyalar ro‘yxati, davlat organlarida davlat xizmatchilarining masofadan turib ishlash qoidalari, davlat organlarida lavozimlarning ayrim toifalari uchun ishbay ishlash tartibi va davlat organlarida davlat xizmatchilarining moslashuvchan ish vaqti rejimida ishlash qoidalari nazarda tutilishi belgilangani masofaviy va moslashuvchan ish tizimini joriy etishdagi mavjud muammolarga huquqiy yechim bo‘ladi.  

N.Abduraimova,  

O‘zA

Powered by GSpeech