Qo‘pol so‘zlardan tilimizni ham, dilimizni ham asraylik

3-fevral – Butunjahon beadab so‘zlarga qarshi kurash kuni

 

Qo‘pol, beadab so‘zlar ijtimoiy hayotimizdagi barcha muhim mezonlar – jamiyatning huquqiy, ma’naviy, axloqiy va diniy asoslariga xilofdir. Shunga qaramay, odamzot ko‘p hollarda yomon so‘zlarni aytishdan o‘zini tiya olmaydi.

Bir kishi umri davomida o‘rtacha 230 ming martagacha behayo, dag‘al va haqoratli so‘zlarni ishlatar ekan. Bu – insonning 75 yoshga kirguniga qadar kuniga taxminan 10 marta so‘kinishi, deganidir.

Bunday paytda tilning zarari va xatari ulkan bo‘lib, u insonni vahshiy yirtqichdek jarohatlaydi, ilondek zaharlaydi, olovdek yondiradi. Qilich bilan berilgan jarohat shifo topishi mumkin, tilning jarohatiga esa davo yo‘q.

Shu ma’noda, har yili 3-fevralda Butunjahon beadab so‘zlarga qarshi kurash kuni keng nishonlanishi bejiz emas. Ushbu xalqaro sanani nishonlashga sababchi omillarning tarixi olis moziyga borib taqaladi.

Masalan, “My-calend” sayti ma’lumotlariga qaraganda, beadab so‘z va iboralarning ko‘pligi bo‘yicha ingliz tili – birinchi, golland tili – ikkinchi, rus tili – uchinchi o‘rinda turadi. Hatto, ruslarning qayin po‘stlog‘iga bitilgan XII asrga mansub tarixiy yorlig‘ida beadab iboralar uchrar ekan.

Afsuski, bu borada o‘zimizning o‘tmishimizda ham vaziyat unchalik qoyilmaqom bo‘lgan emas. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): “Kimning tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lsa, u komil mo‘mindir”, deb marhamat qilganlar (Imom Muslim).

Ushbu hadisdan inson kamolotga yetishi uchun til, qo‘l va barcha a’zolar bilan ozor berishdan saqlanishi lozimligi tushuniladi. Boshqa a’zolarga nisbatan til orqali g‘iybat, bo‘hton, yolg‘on, chaqimchilik, tilyog‘lamalik, masxara, so‘kish, behayo so‘zlar, sirni ochish kabi gunohlar va ozorlar ko‘p sodir bo‘ladi. Shu bois ba’zida jim turish, sukut saqlash bilangina til xataridan najot topish mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, beadab so‘zlarni ko‘p ishlatadigan odamlarda:

birinchidan, miya faoliyati susayishi kuzatiladi, chunki so‘kinish va haqoratlash har doim bosiq mulohaza yuritish hamda mantiqli fikrlarni o‘ylab topishdan ko‘ra oson bo‘lib, bosh qotirishga hech qanday hojat qolmaydi;

ikkinchidan, nutq ma’no-mazmuni sayozlashib ketadi va atrofdagi tinglovchilarga manzur bo‘lmaydi, hatto ularning nafratini qo‘zg‘aydi;

uchinchidan, beadab so‘zlar uchun qonuniy javobgarlik yuzaga keladi.

Bugungi kunda ko‘cha-ko‘yda va jamoat joylarida o‘zini tuta olmaydigan, qiziqqonlik bilan tiliga “erk beradigan” odamlarga nisbatan qonunchiligimizda tegishli choralar belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi talabiga ko‘ra, bunday nomaqbul xatti-harakat “mayda bezorilik” sifatida baholanadi.

Mazkur Kodeksning 183-moddasiga muvofiq, “Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”.

Milliy qonunchilikda, shuningdek, inson sha’ni va qadr-qimmatini badnom etish, tuhmat va haqorat qilish kabi nobop xatti-harakatlar uchun yanada qat’iy jazo choralari belgilangan. Binobarin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 26-moddasida kafolatlanganidek, “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas”.

Shuni ham aytish joizki, kimlardir har gal ushbu sana – Butunjahon beadab so‘zlarga qarshi kurash kunida ayrim “og‘zi buzuq” tanishlarini insofga chorlash uchun rasman “olamshumul fursat” yetdi, deb hisoblaydi. Yana kimlardir esa shunday sharmandali voqelikka xalqaro sana bag‘ishlanganidan ensasini qotiradi.

Bugun biz masalaning butunlay boshqa jihatiga e’tibor qaratmoqchimiz. Gap shundaki, ayni sana ingliz tilida “World Anti-Profanity Day” deb nomlangan. Bu yerda: World – Butunjahon; Anti – qarshi; Profanity – haqorat, so‘kinish, beadab so‘z va iboralar; Day – kun, degani.

Mazkur sananing ruscha nomlanishi esa quyidagicha: Всемирный день борьбы с ненормативной лексикой”. Buni o‘zbek tiliga: “Butunjahon me’yorga solinmagan so‘z-iboralarga (noadabiy nutqqa) qarshi kurash kuni” deb so‘zma-so‘z tarjima qilish mumkin.

Bunda inglizcha nomga nisbatan ruscha nomda qamrov ancha kengaygan. Ya’ni, ненормативная лексика” – g‘ayrime’yoriy, noadabiy nutq deganda, asosan: so‘kinishli so‘zlar; haqoratli iboralar; qo‘pol ifodalar; parazit so‘zlar; jargon, sleng va argo; sheva va lahjalarga mansub so‘zlar tushuniladi.

Butunjahon beadab so‘zlarga qarshi kurash kuni doirasida so‘kinishli so‘zlar, haqoratli iboralar, qo‘pol ifodalar, hatto parazit so‘zlarning qo‘llanishiga qarshi kurash olib boriladi. Bu tushunarli.

Ammo, nima uchun jargon, sleng, argo, sheva va lahjalarga qarshi kurashishimiz kerak? Axir, noadabiy nutqqa mansub bo‘lgan ushbu lisoniy tizimlar adabiy til bilan uyg‘unlikda milliy tilning asosi hisoblanadi-ku!

Sheva – tilning fonetik, grammatik va lug‘aviy jihatdan o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan eng kichik hududiy ko‘rinishi – sezilarli lisoniy tafovutlari bo‘lmagan bir yoki bir necha aholi maskani, odatda, qishloqda yashovchilarning so‘zlashuv vositasidir.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ta’riflanganidek, sheva – umumxalq tilining ma’lum hududga mos tarmog‘i, mahalliy til.

Lahja – umumxalq tilining quyi bosqichi hisoblanadi. U shevaga nisbatan keng ma’noga ega bo‘lib, mahalliy dialekt, ya’ni so‘zlashuv tilining bir necha shevalar yig‘indisidan tarkib topadi.

O‘zbek tilida 3 ta asosiy lahja farqlanadi: birinchisi – qorluq-chigil-uyg‘ur lahjasi; ikkinchisi – qipchoq lahjasi; uchinchisi – o‘g‘uz lahjasi.

Dialekt – lahjaning sinonimi, umumxalq tilining muayyan chegaralangan hududda joylashgan kishilar jamoasida bevosita aloqa vositasi sifatida qo‘llanuvchi va nisbatan yaxlit lisoniy tizim bilan ajralib turuvchi ko‘rinishi.

Jargon – biron ijtimoiy yoki professional guruhga xos, faqat ularning o‘zi tushunadigan va leksikasi, fonetikasi, grammatikasi bilan adabiy til hamda mahalliy dialektlardan farq qiladigan til. Masalan, talabalar, harbiy xizmatchilar, turli kasb, mashg‘ulot egalari orasidagi jargon so‘z va iboralar shu jumladandir.

Bunday jargonlarni kuchli rivojlangan va aniq terminlarga ega biror kasb tili bilan aralashtirmaslik lozim.

Sleng – jargonning sinonimi bo‘lib, muayyan guruh yoki kasb vakillarining adabiy nutq talablariga javob bermaydigan og‘zaki so‘zlashuviga xos so‘z va iboralarni anglatuvchi tushuncha.

Ushbu inglizcha so‘z 1756-yilga mansub “O‘g‘ri va bezorilarning so‘zlashuv tili” lug‘atida ham uchraydi. O‘z navbatida, “sleng” so‘zi 1801-yildan buyon har qanday ijtimoiy yoki professional guruhlarning jargon tilini ifodalashda qo‘llanib kelmoqda.

Argo (frans. argot – jargon) – ma’lum toifa kishilargagina tushunarli so‘zlar mavjudligi bilan umumxalq tilidan farq qiluvchi, biror ijtimoiy guruh, masalan, dallollar, sportchilar, talabalar, o‘g‘rilar va hokazolarga xos yasama til.

Ma’lumki, milliy til tushunchasining hajmi va qo‘llanish doirasi keng bo‘lib, lahja va shevalarni ham qamrab oladi. Shevalar adabiy til tushunchasiga kirmaydi, biroq ular tilning quyi shakli va tarmoqlari hisoblanib, adabiy tilni boyitish uchun xizmat qiladi.

Lahjalar esa o‘zbek xalqi va tilining paydo bo‘lishi hamda rivojlanishida yetakchi o‘rin egallagan, hozirgi o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va undagi ayrim lisoniy hodisalarning barqarorlashishida ishtirok etgan. O‘zbek adabiy tili bugungi kunda ham lahjalardagi eng ifodali, ko‘p ma’noli so‘zlar va iboralar, maqbul grammatik shakllar hisobiga boyib bormoqda.

Albatta, ushbu jarayonda milliy tilning uzviy qismi bo‘lgan jargon, sleng va argo kabi til tizimlari ham o‘z o‘rni hamda ahamiyatiga ega. Masalan, jargonlar badiiy ijodda asar qahramoni xususiyati, tabiatini ochib berish uchun xizmat qiladi.

Sleng va argodan esa qiziqchi-yu askiyachilarimiz o‘z ijodiy chiqishlarini boyitishda ko‘p foydalanmoqdalar. Umuman, jargon, sleng, argoga xos so‘z va iboralar kundalik hayotimizdagi jonli muloqotlarning bir uzviga aylanishi hozirgi globallashayotgan dunyomiz uchun odatiy holdir.

Xulosa qilib aytganda, Butunjahon beadab so‘zlarga qarshi kurash kunida tevarak-atrofimizda so‘kinishli so‘zlar, haqoratli iboralar, qo‘pol ifodalar, parazit so‘zlarning qo‘llanishiga qarshi kurashaylik. Buning uchun, avvalambor, yaqinlarimizni jamoat joylarida o‘zini tuta bilishga o‘rgatishimiz, oilada bu borada puxta o‘ylangan tarbiyaviy ishlarni olib borishimiz lozim.

Bu jarayon tegishli davlat siyosatini amalga oshiradigan tashkilotlar, ta’lim muassasalari va diniy idoralarning ham doimiy e’tiborida bo‘lishi zarur. Toki, beadab so‘zlar ta’siridan tilimizni ham, dilimizni ham poklashga erishaylik.

Lekin, adabiy nutq sirasiga kiritilmagan bo‘lsa-da, jargon, sleng, argo kabi yasama til tizimlariga mansub so‘zu iboralar beadab so‘zlar hisoblanmasligini va ulardan jamoat joylarida foydalanish taqiqlanmaganini unutmaylik. Binobarin, jargon, sleng, argo – ijtimoiy axloq-odob me’yorlariga xilof emas.

Shu bilan birga, sheva va lahjalar misolidagi o‘ziga xos rango-rang “so‘z sandiqlari”dan ona tilimizni, adabiy nutqimizni, zamonaviy so‘zlashuv uslubimizni yanada boyitish, yengillashtirish va qulay qilishdek ezgu maqsad yo‘lida foydalanish o‘rinli, deb o‘ylaymiz. Xitoylik mumtoz donishmand Chjan Chao ta’biri bilan aytganda, “Ko‘z o‘zini ko‘ra olmaydi, burun o‘zini hidlay olmaydi, til o‘z mazasini bila olmaydi, barmoq o‘ziga barmoq tegiza olmaydi, faqatgina quloq o‘zini eshita oladi. So‘zning qudrati cheksizdir”.

 

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech