22-mart – Butunjahon suv kuni
Suv – yer yuzidagi barcha tirik organizmlar uchun eng zarur resurslardan biridir. U nafaqat inson hayoti, balki qishloq xo‘jaligi, sanoat, ekotizimlar va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun ham asosiy manba hisoblanadi. Bugungi kunda dunyo aholisining ko‘payishi, iqlim o‘zgarishi va sanoatning rivojlanishi suvga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda.
Xozirgi globallashuv davrida dunyo suv bilan bog‘liq misli ko‘rilmagan muammolarga duch kelmoqda. Xususan, BMTning 2024 yilgi Jahon suv resurslari taraqqiyot hisobotiga ko‘ra jahon bo‘yicha ichimlik suvning taxminan 70 foizi qishloq xo‘jaligida, 20 foizga yaqini sanoatda va 12 foizi maishiy ehtiyojlar uchun ishlatiladi. Yerosti suvlari sug‘orish uchun ishlatiladigan suvning 25 foizini va maishiy ehtiyojlar uchun olinadigan suvning yarmini ta’minlaydi.
Suvga bo‘lgan talab asosan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iste’mol odatlarining o‘zgarishi, ayniqsa, tez rivojlanayotgan mamlakatlar va shaharlar hisobiga oshmoqda. Dunyo aholisining yarmi yilning ma’lum bir qismida suv tanqisligiga duch keladi. Ayrim hududlarda bu faqat bir necha oy davom etadi, boshqalar esa yil davomida suv yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda.
Suv tanqisligi ijtimoiy barqarorlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadi va jahondagi migratsiyaning 10 foizi suv taqchilligi bilan bog‘liqdir. Bundan tashqari, 2,2 milliard kishi xavfsiz ichimlik suviga yetarlicha ega emas, 3,5 milliard kishi sanitariya xizmatlaridan xavfsiz foydalana olmaydi. Bu muammolar nafaqat aholi salomatligi va farovonligiga, balki jahon tinchligi va xavfsizligiga ham tahdid soladi.
Sayyoramizdagi toza ichimlik suvi zaxirasini asrash, undan oqilona foydalanish, sanoat va ishlab chiqarish jarayonini tabiatga zarar yetkazmaydigan tarzda “ekologik toza” innovatsion uslublar bilan yo‘lga qo‘yish va turli ta’lim usullaridan foydalanib, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish kabi dolzarb muammolarga insoniyat e’tiborini qaratish maqsadida har yili 22-mart – Butunjahon suv kuni sifatida dunyoning deyarli barcha davlatlarida nishonlanadi.
Butunjahon suv kunining tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, 1992-yilda Rio De Janeyroda o‘kazilgan BMTning “Atrof muhit va rivojlanish” konferensiyasida jahon miqyosida suv resurslari kunini nishonlash taklifi bildirilgan. Bu borada BMT Bosh Assambleyasi 1993-yili 22-fevralida 47/193-sonli rezolyutsiyani imzoladi va 22-mart kunini “Butunjahon suv kuni” deb e’lon qildi.
E’tibor bering: 2025-yil BMT tomonidan “Xalqaro muzliklarni saqlash yili” deb e’lon qilingani ham ayni xayrli maqsadlarga hamohangdir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, muzliklarning erishi jiddiy global muammoga aylangan. So‘nggi 20-yil ichida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni qamrab olgan G‘arbiy Tyan-Shandagi muzliklar 27 foiz qisqargan. Qayd etilishicha, muzliklar 2 milliardga yaqin aholini suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi va gidroenergetika bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. “Xalqaro muzliklarni asrash yili”ning maqsadi muzliklarning ahamiyati va ularni kelajak avlodlar uchun himoya qilish zarurligi to‘g‘risida xabardorlikni oshirishdan iborat.
Ushbu dolzarb masalalar Markaziy Osiyo mintaqasini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050-yilgacha suv resurslari Sirdaryo havzasida 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi taxmin qilinmoqda. Binobarin, suv havzalariga yetkazilgan salbiy ta’sir natijasida butun ekologik tizim izdan chiqishini Orol dengizi fojiasi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Hozirda mamlakatimizda Orol dengizi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, chang bo‘ronlari muammosini hal qilish uchun Orol dengizi o‘rnidagi 1 mln gektar maydonga 2030-yilga qadar tuzga chidamli daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari reja asosida olib borilmoqda.
Mamlakatimizda 2020-yilda suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiya qabul qilindi. Bu hujjatdan ko‘zlangan maqsad aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligiga bozor tamoyillari va mexanizmlarini hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, suv xo‘jaligi obyektlarining ishonchli ishlashini ta’minlash hamda yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishdir.
Ushbu yo‘nalishda 2017 — 2023-yillarda jami 1,2 mln. gektar maydonda, ya’ni qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining qariyb 31 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Bu tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish, egiluvchan quvur, plyonka to‘shab sug‘orish kabi texnologiyalarni o‘z ichiga oladi.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan yanada samarali foydalanish maqsadida aniq chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. Chunonchi, 2019-yildan mamlakatimizda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim — subsidiya ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim 2022-yildan boshlab raqamlashtirildi.
Albatta, bu borada amalga oshirilgan vazifalar kelgusida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan maydonlar ko‘lamini sezilarli darajada oshishiga imkon beradi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, bugun barcha jabhada bo‘lgani kabi, suv xo‘jaligi sohasiga ham raqamli texnologiyalarni joriy qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 5 ming 479 ta “Aqlli suv” tizimi, nasos stansiyalariga 1 ming 446 ta onlayn nazorat qurilmalari, meliorativ kuzatuv quduqlariga minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qiluvchi 5 ming 55 ta “Dayver” qurilmalari o‘rnatildi, 45 ta yirik suv xo‘jaligi obyektining boshqaruv jarayoni avtomatlashtirildi.
Suv bilan bog‘liq munosabatlarning ijtimoiy-iqtisodiy asoslari o‘zgarib borayotgani suvga oid qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish zaruratini vujudga keltirdi. Shu sababli 2025-yilda “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va joriy yil 17-mart kuni Oliy Majlis Senati tomonidan tomonidan ma’qullandi.
Qonun mamlakatning suv xavfsizligiga erishishiga xizmat qiladi. Unda suv taqchilligi kuchayib borayotgan davrda barcha iqtisodiyot tarmoqlari va atrof muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv infratuzilmasi va sug‘oriladigan yerlar holatini yaxshilash kabi masalalar qamrab olingan.
Muxtasar aytganda, bugun atrofimizda ro‘y berayotgan suv bilan bog‘liq ekologik muammolar barchamiz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i hisoblanadi. Bundan har birimiz tegishli xulosa chiqarib, suvni tejash va isrof qilmaslik tamoyilini kundalik mezonimizga aylantirishimiz zarur. Zero, global muammolar, aslida, kichik e’tiborsizliklardan kelib chiqishini unutmaylik. Bugun bizga hayot va zavq ulashayotgan toza ichimlik suvidan kelajak avlod ham bizdek bahra olishga haqli.
Suhrob BOZOROV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi
xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘limi
bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 21.03.2025
- Ko'rishlar: 435
- Chop etish