Ilhaq  

("Matonat madhiyasi" yodgorligi poyida)

 

Farzand ketar

xuddi behushdek

ona yo‘lga qarab qoladi

nigohlari

ikkita qushdek

qaroqlarda sayrab qoladi

 

ko‘zlar

bir pas javdirar

lekin

ko‘ngil

butkul

javrab qoladi

 

oy borsinu

omon qaytsin-yey

shunda jon-tan yayrab qoladi

oq yo‘l tilab

sochlarin silab

rang-ro‘yi oqarib qoladi

 

oppog‘ining sog‘inchin

Ona

oq yuvib, oq tarab qoladi

bu ilhaqlik izma-iz

besh bor

tinim bilmay takrorlanadi

 

qora dunni ilkis

bosar qor

xotiralar ham qorlanadi

kelar bir-bir

beshta qora xat

besh  nafar oq-oppoqlaridan

 

tonglar tashlab ketadir

faqat

tunlar qolar qaroqlarida

Ona turar

intizor boqib

beshta yo‘lning oralig‘ida

 

Ko‘zlaridan

oq ketmish oqib

qora ham yo‘q qorachig‘ida...

 

G‘ulom MIRZO

 

 

Izoh: Bu she’r Ikkinchi jahon urushi tufayli besh nafar bahodir o‘g‘lidan ayrilgan, umrining oxirigacha farzandlarini ilhaqu intizor bo‘lib kutgan mushtipar va matonatli onaizor Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hududida qahramon ona Zulfiya opaning sharafiga «Matonat madhiyasi» yodgorligi barpo etilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech