10-iyun kuni Bishkekda shu mavzudagi xalqaro forum o‘z ishini boshladi. Anjumanning tantanali ochilishi Qirg‘iz Respublikasi Milliy fanlar akademiyasida o‘tkazildi.
Tadbirda TURKSOY xalqaro tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, Anqara shahridagi Chingiz Aytmatov instituti rahbari professor Ilyas Tupsakal, ushbu Institut direktorlar kengashi a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, Ozarbayjon Respublikasi xalq rassomi Sakit Mammadov, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Mereke Kulkenov va boshqalar ishtirok etdi.
Forum ochilishida, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Davlat kotibi Marat Imankulov, Qirg‘iziston Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev, Milliy fanlar akademiyasi prezidenti Kanatbek Abdrahmatov, Chingiz Aytmatov nomidagi Til va adabiyot instituti direktori Abdildajan Axmataliyev kabi Qirg‘iziston davlat organlari namoyandalari, jamoat arboblari, olimlar hamda madaniyat sohasi vakillari qatnashdi.
Forum atoqli adibning ma’naviy merosi va uning ahamiyati turkiy dunyo kelajagi uchun nechog‘lik muhimligini teran tahlil hamda talqin etish borasida jonli muloqot maydoniga aylandi. Ishtirokchilar tomonidan Chingiz Aytmatov g‘oyalari bugungi kunda ham, ayniqsa, zamonamizning insonparvarlik muammolari sharoitida dolzarb bo‘lib qolayotgani alohida ta’kidlanmoqda.
Xususan, akademik Akmal Saidovning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi”, degan fikrlari bejiz emas. Chunki yurtimiz, mintaqamiz va butun turkiy dunyoda bu ulug‘ ijodkorning kitoblari kirib bormagan biror xonadonni, uning go‘zal qissa va romanlarini o‘qimagan, ular asosida yaratilgan kinofilmlarni tomosha qilmagan biron-bir kishini topish qiyin.
Chingiz To‘raqulovich olam fuqarosi edi. Uning chuqur badiiy-falsafiy qarashlari, qahramonlarining hayotga bo‘lgan muhabbati cheksiz edi. Atoqli adib o‘z ijodida jahon adabiyotining xalq hayoti bilan bog‘liq yo‘nalishlarini tadqiq etdi. U Sharqning chuqur falsafasi va Yevropa adabiyotining eng sara an’analarini o‘zida mujassamlashtirdi. Ayni chog‘da, Chingiz Aytmatov turkiy dunyo adabiyotining eng ulkan namoyandasidir. Shunday ekan, Aytmatovni tanish va asarlarini o‘qish uchun bunday forumlar, kongresslar va boshqa ma’rifiy-madaniy tadbirlarni ko‘plab o‘tkazish lozim, deb ta’kidladi A.Saidov.
Forum doirasida Chingiz Aytmatovning ijodiy merosi, uning jahon va turkiy madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasiga oid qiziqarli ma’ruzalar tinglanmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Xalqaro anjumanga Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi mezbonlik qilmoqda. Forum Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Qirg‘iziston Fanlar akademiyasining Chingiz Aytmatov nomidagi Til va adabiyot instituti hamda Anqara shahridagi Chingiz Aytmatov instituti hamkorligida tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.06.2025
- Ko'rishlar: 347
- Chop etish