12-iyun – Butunjahon bolalar
mehnatiga qarshi kurashish kuni
Har yili 12-iyunda dunyo bo‘ylab Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni keng nishonlanadi. Bu sana Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tashabbusi bilan 2002-yilda bolalarni ekspluatatsiyadan himoya qilish, ularning ta’lim olish, sog‘lom hayot kechirish va bolalikni to‘laqonli yashash huquqlarini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida belgilangan.
So‘nggi yillarda global miqyosda bolalar mehnatining yangi shakllari – axborot texnologiyalari sohasida yashirin ekspluatatsiya, iqlim migratsiyasi bilan bog‘liq majburiy mehnat va norasmiy sektor xavflari kuchayib bormoqda. XMTning 2023 yilgi hisobotiga qaraganda, dunyoda 160 milliondan ortiq bola turli shakllarda mehnatga jalb qilingan bo‘lib, ularning deyarli yarmi xavfli sharoitlarda ishlaydi.
O‘zbekiston uchun bolalar mehnatiga qarshi kurashish masalasi nafaqat xalqaro majburiyat, balki ichki siyosat va insoniy qadriyatlar masalasi hamdir. Yurtimizda 2010-yillar oxirigacha xalqaro tanqid markazida bo‘lgan paxta sektoridagi bolalar mehnati 2022-yilda butunlay tugatildi. XMT vakillari 2024 yilgi kuzgi baholashda mamlakatda “tizimli bola mehnati holatlari barham topgani” haqida xulosa berdi.
O‘zbekiston eksport sohasida ham bolalar mehnatini bartaraf etishni muhim raqobat ustunligi sifatida ko‘rmoqda. Endilikda sanoat korxonalari va logistika firmalari “bola mehnatisiz ta’minot zanjiri” sertifikatini olish uchun barcha pudratchi va subpudratchilarida bolalar mehnatidan foydalanilmayotganini hujjatlar bilan isbotlashi shart.
Bunday sertifikat Yevropa va Shimoliy Amerika bozorlari uchun ijtimoiy mas’uliyatni ko‘rsatadigan muhim omilga aylanmoqda. Mahalla kengashlari, Yoshlar ittifoqi va nodavlat tashkilotlar bu borada aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Mahallalarda bolalar bilan ishlovchi kengashlar – o‘qituvchi, psixolog, tibbiyot xodimi va mahalla raisi har oyning 10-sanasida vaziyatni tahlil qilib, har bir bolaning ta’lim va ijtimoiy holatini baholamoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatining “Qiyali” mahallasida 2023-yilda birorta ham bola mehnati holati aniqlanmagani bu tizimning real natijasidir.
Joriy yildan boshlab o‘quvchilarga mos kasbiy yo‘nalishlar taklif qilinmoqda. Hozirgi vaqtda “Bitta maktab – bitta kasb” tajribasi Andijon va Xorazm viloyatlarida sinovdan o‘tmoqda. Unga ko‘ra, 9-sinf o‘quvchilari o‘qishdan keyin grafik dizayn, elektrotexnika, agroxizmat kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qonuniy sertifikat oladi.
O‘z navbatida, shartnoma asosidagi bandlik yoshlarning mehnat huquqlarini kafolatlaydi. Shuningdek, 12-yillik ta’lim modeliga o‘tish orqali maktabgacha ta’lim qamrovi 70 foizga yetkazilgani bolani erta yoshdan mehnat emas, rivojlanish muhitiga jalb etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston oldiga aniq maqsad qo‘ydi. Ya’ni, 2030-yilgacha har bir bola ijtimoiy himoya, sifatli ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan to‘liq qamrab olinadi. Bu borada YUNISEF, XMT va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli loyihalar boshlangan. Xususan, “Alliance 8.7” global koalitsiyasida O‘zbekiston “Raqamli monitoring va reabilitatsiya” modeli orqali o‘zining ilg‘or tajribasini namoyish etdi.
Ijtimoiy tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bolalar mehnati bilan bog‘liq 65 foiz holatlar ijtimoiy yordamdan chetda qolgan oilalarda uchraydi. Shu bois, huquqiy jazodan ko‘ra, ijtimoiy profilaktika va ma’naviy-ma’rifiy ishlar ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu borada katta burilish bo‘ldi. Ilgari xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqid qilingan paxta dalalaridagi bolalar mehnati holatlari bartaraf etildi. Binobarin, 2024-yil kuzida XMT “O‘zbekistonda bolalar mehnati endilikda tizimli muammo emas” degan xulosasini e’lon qildi.
Ammo hukumat bu marrani faqat oromgoh emas, balki yangi bosqich deb qabul qildi. Chunki bola mehnati nafaqat paxta dalasida, balki qurilishda, rastalarda, xizmat ko‘rsatish sohasida, ba’zida esa xonadonda ham uchraydi.
Bu kabi holatlarning ko‘pi ijtimoiy bosim, kambag‘allik, ta’limga yetarli imkon yo‘qligi yoki ota-onaning huquqiy ong darajasi bilan bog‘liq. Shu sababli O‘zbekiston bolalar mehnatini tugatishga faqat taqiqlar orqali emas, balki kompleks ijtimoiy mexanizmlar, ta’lim islohotlari va mahalla birdamligi orqali yondashmoqda.
Bugungi kunda mamlakat bo‘ylab Yagona ijtimoiy reyestr joriy etilgan. Bu tizim har bir oilaning ehtiyojlari, bolalarning holati, maktabga qatnashi, sog‘lig‘i va oilaning iqtisodiy sharoitini raqamli shaklda tahlil qiladi.
Ushbu ma’lumotlar asosida “Bola daftari” loyihasi ishlab chiqildi. Shu negizda 700 mingdan ortiq kam ta’minlangan oila moddiy yordam, psixologik va tibbiy xizmatlar bilan qamrab olindi.
Yana bir e’tiborli jihat shuki, “Mehr-25” dasturi orqali aynan bolalarga yo‘naltirilgan bepul reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 14 mingdan ortiq mahallada ushbu daftar yuritilmoqda.
Shuningdek, davlat bolalarni ta’limga qaytarish, ularning bilim va kasb-hunar olish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘rta maktablarda “hayot uchun zarur ko‘nikmalar”ga asoslangan yangi dars modullari o‘qitilmoqda.
Bank xizmatlari, ekologik madaniyat, sog‘lom turmush tarzi kabi amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘smirning hayotga tayyorgarligi oshirilmoqda. Natijada bola mehnatga majburlanmaydi, ota-ona esa farzandining huquqlari himoyalanganiga ishonch hosil qiladi.
Shu bilan birga, hali mavjud bo‘lgan xatarlar ham inkor etilmayapti. Aholi migratsiyasi natijasida yirik shaharlar atrofida “ko‘rinmas bolalar” guruhi shakllanmoqda. Ular ro‘yxatda yo‘q, ammo rastalarda, bozorlar va xizmat sohasida mehnat qilmoqda.
Shu sababli 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning majburiy onlayn ro‘yxatga olinishi, bandlikdan oldin huquqiy treningdan o‘tkazilishi va nazorat qilinishi bo‘yicha yangi platformalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Ish beruvchilar esa bola mehnatisiz zanjir sertifikatini yo‘qotmaslik uchun qonunga rioya qilishga majbur bo‘lmoqda.
Bolalar mehnatiga qarshi kurashish – faqat qonuniy taqiq yoki jazolar bilangina yechim topadigan muammo emas, balki insoniylik, iqtisodiy barqarorlik, ta’limga sodiqlik va mahalla birdamligiga tayanadigan uzluksiz jarayondir. O‘zbekiston bu borada xalqaro maydonda tan olingan, natijador, shu bilan birga doimiy yangilanib boruvchi o‘z milliy modelini shakllantirmoqda.
Muxtasar aytganda, har bir bola – jamiyatimiz bugunining zamini, kelajagimizning mustahkam poydevori. U maktabda o‘qisa, sport maydonida mashq qilsa, ilmiy to‘garakda ijod qilsa – bularning barchasi har birimiz, butun jamiyatimiz va davlatimizning eng katta yutug‘iga aylanadi.
Adham MUXRUMBOYEV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining Tahlil va tadqiqotlar bo‘limi
yetakchi mutaxassisi
- Qo'shildi: 12.06.2025
- Ko'rishlar: 273
- Chop etish