CHINGIZ AYTMATOV – TURKIY XALQLAR O‘RTASIDAGI OLTIN KO‘PRIK

Joriy yilning 9-14-iyun kunlari Bishkek shahrida «CHINGIZ AYTMATOV – TURKIY DUNYO KELAJAGI» mavzusida xalqaro Forum bo‘lib o‘tdi. Forum ishida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning davlat va jamoat arboblari, Qirg‘iziston jamoatchiligi, TURKSOY xalqaro tashkiloti, Chingiz Aytmatov xalqaro instituti vakillari ishtirok etdi.

Forum tashkilotchilari – TURKSOY xalqaro tashkiloti Bosh kotibiyati, Chingiz Aytmatov xalqaro instituti, shuningdek, Qirg‘iziston Fanlar akademiyasining Chingiz Aytmatov nomidagi Til va adabiyot instituti hamda Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, sport va yoshlar siyosati vazirligi hisoblanadi.

 

TURKSOY – turkiy dunyo YUNESKOsi

 

Keyingi vaqtda xalqaro va mintaqaviy doiralarda shunday qiyos tez-tez tilga olinadi: AYSESKO – islom olamining, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, ya’ni TURKSOY esa turkiy dunyoning o‘ziga xos YUNESKO tashkilotiga o‘xshatiladi.

TURKSOY xalqaro tashkiloti 1993-yilda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Turkiya madaniyat vazirlarining kelishuvi natijasida ta’sis etilgan. Bugungi kunda TURKSOYga 14 ta davlat a’zo, shundan 6 tasi – tashkilot ta’sischisi va 8 tasi – kuzatuvchi davlat. Qarorgohi Turkiya poytaxti Anqarada joylashgan. Tashkilot Bosh kotibi lavozimida 2022-yil 31-martdan atoqli qirg‘iz adibi Sulton Rayev faoliyat yuritmoqda.

TURKSOY tashkilotining maqsadi turkiy xalqlar o‘rtasidagi birodarlik va do‘stlikni mustahkamlash, umumiy turkiy madaniyatni yoyish va uni kelajak avlodlar uchun saqlab qolishdan iborat. TURKSOYga a’zo mamlakatlar rahbarlari homiyligida amalga oshirilayotgan tashkilot faoliyati jahonda yuksak baholanib, e’tirof etilgan.

TURKSOY homiyligida Turkiy kengash, Xalqaro turk akademiyasi, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi kabi tashkilotlar faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, TURKSOY ko‘plab loyihalarda YUNESKO, AYSESKO, MDHga a’zo davlatlarning Gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo jamg‘armasi singari tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda.

TURKSOY tashkilotchiligida o‘tkazilgan Bishkek Forumi atoqli adibning ma’naviy merosi va uning ahamiyati turkiy dunyo kelajagi uchun nechog‘lik muhimligini teran tahlil hamda talqin etish borasida tom ma’nodagi jonli muloqot maydoniga aylandi. Ishtirokchilar Chingiz Aytmatov g‘oyalari bugungi kunda ham, ayniqsa, zamonamizning insonparvarlik muammolari sharoitida dolzarb bo‘lib qolayotganini alohida ta’kidladilar.

Shuni ham qayd etish kerakki, O‘zbekiston 2019-yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDTga) a’zo bo‘lganidan buyon TDT va TURKSOY bilan hamkorlik doirasida o‘nlab tashabbuslarni ilgari surmoqda. Xususan, TURKSOY tomonidan 2020-yilda Xiva shahri – “Turk dunyosining madaniyat poytaxti” deb e’lon qilindi, 2024-yilda Buxoroda Turkiy tilli davlatlar yosh ijodkorlarining anjumani o‘tkazildi. Shuningdek, o‘tgan yili O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Turkiy dunyo xartiyasi qabul qilindi.

 

Chingiz Aytmatov xalqaro instituti – yangi turkiy ma’rifat markazi

 

Forumning yana bir tashkilotchisi – Chingiz Aytmatov xalqaro instituti 2025-yil fevralida Anqarada ochilgan. Ushbu Institutni tashkil etish g‘oyasini Turkiya davlat arbobi va siyosatchisi Davlet Baxcheli ilgari surgan.

Institutning asosiy vazifasi mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov ijodi, g‘oyalari, ijodiy merosi va faoliyati hamda intellektual dunyoqarashini xalqaro miqyosda ommalashtirish va targ‘ib qilish, shuningdek, Chingiz Aytmatov g‘oyalari nuqtayi nazaridan zamonaviy global dunyo muammolariga bag‘ishlangan muloqot maydonlari yaratishdan iborat. Institut tashabbusi bilan Chingiz Aytmatov asarlarini turkiy yozuvda nashr etish masalasi ko‘tarilgan. Bishkek Forumiga o‘xshash tadbirlar Berlin va Londonda ham o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Chingiz Aytmatov xalqaro instituti direktorlar kengashiga 14 kishi kiritilgan. Ular orasida Turkiyaning taniqli siyosiy, madaniy, intellektual va ishbilarmon doiralari vakillari hamda xorijiy arboblar bor.

Yanada aniq qilib aytganda, Institut direktorlar kengashiga har bitta turkiy davlatdan bir nafar vakil olingan. Kamina Chingiz Aytmatov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro Forumda ushbu Kengashning O‘zbekiston Respublikasidan vakili sifatida ishtirok etdi.

Forum arafasida, 9-iyun kuni Bishkek shahrida Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi To‘rag‘asi (Raisi) Nurlanbek Turg‘unbek uulu Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, Chingiz Aytmatov xalqaro instituti rahbari, professor Ilyas Tupsakal boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda, shuningdek, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev va Chingiz Aytmatov xalqaro instituti direktorlar kengashi a’zolari ishtirok etdi.

Tomonlar turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlash, xususan, madaniyat va san’at arboblarining o‘zaro ijodiy aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Muloqot asnosida TURKSOY – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti faoliyati doirasida bu borada izchil ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, mazkur rasmiy delegatsiyaning Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev bilan uchrashuvida XX asrning eng buyuk donishmandlaridan biri, betakror adib, jamoat va davlat arbobi, diplomat Chingiz Aytmatov ijodiy va ma’naviy merosining butun turkiy dunyo uchun ahamiyati, atoqli adibning Sharq va G‘arb madaniyatlarini birlashtirgan umuminsoniy gumanist sifatidagi roli yana bir bor e’tirof etildi.

Muloqot asnosida Chingiz Aytmatovning turkiy tilli xalqlarning yakdil insonparvarlik va madaniy qadriyatlarini shakllantirishdagi munosib hissasiga alohida e’tibor qaratildi. Qirg‘iziston vaziri turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni izchil qo‘llab-quvvatlayotgani va izchil rivojlantirishga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun TURKSOY tashkiloti va Chingiz Aytmatov xalqaro institutiga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

 

Turkiy dunyoning Chingiz og‘a xotirasiga ehtiromi

 

Bundan roppa-rosa 17-yil avval – 2008-yil 10-iyunda betakror adib, jamoat va davlat arbobi, diplomat Chingiz Aytmatov Germaniyaning Nyurenberg shahridagi klinikada muolaja olayotganida olamdan o‘tgan. Atoqli zamondoshimiz vasiyatiga ko‘ra o‘sha yili 14-iyunda Bishkek shahri yaqinidagi qabristonda – «Ota-Beyit» tarixiy-memorial majmuasida dafn etilgan.

«Ota-Beyit» – otalar mozori, degan ma’noni anglatadi. Ushbu qabriston Bishkekdan 25 kilometr masofadagi Cho‘ngtosh ovulida joylashgan. Bu ziyoratgohda 2020-yili tarixiy-memorial majmua barpo etilgan bo‘lib, u Chingiz Aytmatov tashabbusi bilan «Ota-Beyit» deb nomlangan.

Chingiz Aytmatovning vafoti umumxalq motamiga aylanib ketgandi o‘shanda. Ch. Aytmatov dafn etilgan kunlari yetti yashardan yetmish yashargacha hamma yig‘ladi. Xorijiy delegatlarning vakillari, Chingiz og‘aning kitoblarini chop etgan Yevropa noshirlari, turli mamlakatlardan kelgan yozuvchilar umumxalq motamiga sherik bo‘ldilar. Esimda, “Qirg‘izfilm” kinostudiyasi “Aytmatov bilan vidolashuv” nomli hujjatli film ham yaratgandi.

Chingiz Aytmatovning hayoti o‘zi aytganday yakun topdi. Hayot degani chindan-da “optimistik yakun topadigan fojiadir”. U vafot etdi, lekin o‘zidan keyin inson joni, uning his-tuyg‘ulari va vijdoni to‘g‘risidagi mangu masalalarga bag‘ishlangan tuganmas ma’naviy-adabiy meros qoldirdi. Bu meros endilikda butun dunyoga zarur, chunki hozirgi dunyoda chinakam insoniy qadriyatlar o‘rnini iste’molchi jamiyat qadriyatlari egallamoqda va odamlarni Ch.Aytmatov aytgan o‘sha “manqurt”larga aylantirmoqda.

Darvoqe, 2025-yil 10-iyun kuni «Chingiz Aytmatov – turkiy dunyo kelajagi» mavzusidagi xalqaro Forum boshlanishidan oldin «Ota-Beyit» yodgorlik majmuasida Chingiz Aytmatovni xotirlash marosimi bo‘ldi. Bu yerda mangu orom topgan qatag‘on qurbonlari va Chingiz Aytmatovning yorqin xotirasi yod etildi, yodgorlik poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Qur’oni karim oyatlari tilovat qilindi.

Fikrimizcha, «Ota-Beyit» qabristonida qatag‘on qurbonlari va Chingiz Aytmatovning yorqin xotirasi birdek yod etilgani zamirida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Chingiz Aytmatovning otasi – rahbar lavozimlarda ishlagan To‘raqul Aytmatov 1937-yilda qatag‘on qilinib, 1938-yilda otishga hukm etilgan. Bu yerda u kishi va safdoshlari – qirg‘iz xalqining qatag‘onga duchor bo‘lgan 138 nafar ziyoli farzandi sharafiga xotira majmuasi barpo etilgan. 

Shu ma’noda, ushbu ziyorat turkiy dunyoning Chingiz Aytmatov xotirasiga yana bir yuksak ehtiromi ifodasidir. Binobarin, Chingiz og‘a bilan vidolashuv sanasiga 17-yil to‘lgan bo‘lsa ham, sevimli adibimiz go‘yoki o‘lmagandek, hali ham oramizda yurgandek. Zotan, uning asarlari, g‘oyalari, ezgu ishlari barhayotligini ta’minlab kelmoqda.

 

Chingiz Aytmatov ijodiga bag‘ishlangan rasmlar

ko‘rgazmasi

 

10-iyun kuni Bishkek shahrida joylashgan Gapar Aytiyev nomidagi Milliy tasviriy san’at muzeyida atoqli adib Chingiz Aytmatovning hayot yo‘li va ijodidan ruhlanib yaratilgan rasmlar ko‘rgazmasi ochildi. Ushbu madaniy-ma’rifiy tadbir xalqaro Forum doirasida tashkil etildi.

Avvalo, Gapar Aytiyev nomidagi Milliy tasviriy san’at muzeyi tarixi haqida muxtasar so‘z: Ushbu muzeyga 90-yil oldin – 1935-yilda asos solingan. Dastlab Qirg‘iziston rasmlar galereyasi deb atalgan mazkur muzeyga keyinchalik mashhur qirg‘iz rassomi Gapar Aytiyev nomi berilgan. Muzey Qirg‘izistonning yetakchi badiiy xazinasi bo‘lib, bu yerda qariyb 18 mingta san’at asari jamlangan.

Bugungi kunda butun dunyoda tabiat, madaniyat, adabiyot va san’atga e’tibor ayniqsa ortib bormoqda. Shu ma’noda, atoqli adibning farzandi, Chingiz Aytmatov Fondi prezidenti Eldor Aytmatov tashabbusi bilan Qirg‘iziston poytaxtidagi mashhur muzeyda ushbu ko‘rgazma tashkil etilgani har qancha tahsinga sazovor.

Bu haqda fikr yuritganda, hozirgi jahon madaniyatshunosligida “Aytmatovshunoslik” deb nom olgan mustaqil yo‘nalish tarkib topganini va izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidlash lozim. Yozuvchining ijodi va asarlari haqida yuzlab maqolalar, taqrizlar, fikrlar, ilmiy tadqiqotlar yozilgan. Bugina emas, Ch.Aytmatov ommabop va o‘ta obro‘li nashrlarning, gazetalar, jurnallarning ardoqli muallifi edi. 

Aksariyat mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari o‘zlarining radioefirlarini va teleekranlarini Chingiz Aytmatovga taqdim etgan paytlar ko‘p bo‘lgan. Dunyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotidagi barcha muhim voqealar haqida yozuvchining fikri Sharq hamda G‘arb kitobxonlari, gazetxon – jurnalxonlari va tomoshabinlari uchun ham nufuzli va qiziqarli edi.

Chingiz Aytmatov asarlarining o‘ta jozibali bo‘lishi muallif aql-idrokining falsafiy mantig‘i samarasidir. Aslida, uning kitoblari kishini sehrlab qo‘yadi, teran xayolga cho‘mishga undaydi, nafis iqtidori va gumanistik yaxlitligi bilan farqlanib turadi. Shuning uchun dunyoda Aytmatov ijodining ixlosmandlari bisyor.

YUNESKO ma’lumotlarida adib asarlarining jahonshumul muvaffaqiyati, uning butun dunyoda tan olinishi bilan bog‘liq quyidagi xabarlar e’lon qilingan: XXI asr bo‘sag‘asida Ch.Aytmatovning asarlari 168 ta mamlakatda, 165 ta davlat tilida, 67,2 million nusxada, 830 marta nashr etilgan. Bu raqamlar, albatta, kundan kun ortib bormoqda. Adibning ko‘plab asarlari asosida filmlar va sahna asarlari yaratilgan bo‘lib, ular qiziqish bilan tomosha qilinadi.

 

Chingiz Aytmatov uy-muzeyiga O‘zbekistonda nashr etilgan kitoblar taqdim etildi

 

10-iyun kuni Forum ishtirokchilari Bishkek shahrida joylashgan Chingiz Aytmatov uy-muzeyini ziyorat qildilar. Mehmonlarni atoqli adibning farzandi, Chingiz Aytmatov Fondi prezidenti Eldor Aytmatov kutib oldi.

Uy-muzey kutubxonasiga O‘zbekistonda atoqli adib hayoti va ijodiga bag‘ishlab chop etilgan yangi kitoblar taqdim etildi. Bu nashrlar orasida kaminaning qalamiga mansub “Chingiz Aytmatov fenomeni” (“Fenomen Chingiza Aytmatova”) hamda “Chingiz Aytmatov: mumtoz adabiyotning oltin hikmatlari” (“Chingiz  Aytmatov: zolotie aforizmi klassicheskoy literaturi”) nomli kitoblar ham bor.

Ushbu kitoblarning dastlabkisida mumtoz adibning ijodiy merosi va diplomatik faoliyati haqida so‘z boradi. Chingiz Aytmatov asarlaridan xabardorligim, shuningdek, ko‘p yillar davomida Toshkent va Moskva, Parij va Bryussel shaharlarida yozuvchi bilan shaxsan bo‘lib o‘tgan suhbatlarimiz asosida tug‘ilgan unutilmas taassurotlar va fikr-mulohazalarim qog‘ozga tushirilgan. Keyingi kitobdagi Chingiz Aytmatov asarlaridan terib olingan noyob hikmatli so‘zlar buyuk adibning nomi zukko faylasuf va insonparvar sifatida mangulikka doxilligicha qolishidan yaqqol dalolatdir.

O‘zbek xalqi ulug‘ qirg‘iz adibining aksariyat asarlarini o‘z ona tilida anchadan buyon va qayta-qayta mutolaa qilib kelmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimiz nashriyotlarida adibning o‘nlab kitoblari chop etilgan. Ayniqsa, 2015-yilda yozuvchining 6 jildlik “To‘la asarlar to‘plami” nashr etilgani o‘zbek kitobxonlari uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Bu asarlarni tarjima qilishda Asil Rashidov, Ibrohim G‘afurov, Suyun Qorayev kabi yetakchi tarjimonlarning yuksak mahorati va fidoyilarcha ijodiy mehnati tahsinga loyiqdir.   

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 2-aprelda qabul qilingan “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ayni ma’naviy-ma’rifiy jarayonga kuchli turki berdi. Xususan, 2023-yili Chingiz Aytmatov tavalludining 95-yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston” nashriyotida “Chingiz Aytmatov. Asarlar” 10 jildlik to‘plami chop etilgani katta ma’naviy-adabiy voqea bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining “Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi”, degan fikrlari bejiz emas. Chunki yurtimiz, mintaqamiz va butun turkiy dunyoda bu ulug‘ ijodkorning kitoblari kirib bormagan biror xonadonni, uning go‘zal qissa va romanlarini o‘qimagan, ular asosida yaratilgan kinofilmlarni tomosha qilmagan biron-bir kishini topish qiyin.

Chingiz To‘raqulovich dunyo fuqarosi edi. Uning chuqur badiiy-falsafiy qarashlari, qahramonlarining hayotga bo‘lgan muhabbati cheksiz edi. Atoqli adib o‘z ijodida jahon adabiyotining xalq hayoti bilan bog‘liq yo‘nalishlarini tadqiq etdi. U Sharqning chuqur falsafasi va Yevropa adabiyotining eng sara an’analarini o‘zida mujassamlashtirdi.

Chingiz Aytmatov – turkiy dunyo adabiyotining eng ulkan namoyandasidir. Shunday ekan, kelgusida Chingiz Aytmatov to‘la asarlari elektron to‘plamini nashr etish,  Aytmatovshunoslik jahon kongressini o‘tkazish, ulug‘ adib izdoshlari – yosh yozuvchilar forumlarni tashkil etish lozim, degan fikrdamiz.

 

Chingiz Aytmatov – turkiy dunyo kelajagi

 

Bishkek shahrida ulug‘ adib xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro Forum aynan shunday nomlanganini qayd etgandik. Forum davomida TURKSOY xalqaro tashkiloti Bosh kotibi, taniqli qirg‘iz adibi Sulton Rayev “Chingiz Aytmatov – turkiy xalqlar o‘rtasidagi oltin ko‘prikka o‘xshaydi”, degan hikmatli iborani tilga oldi.

Aslida ham, Forum tom ma’noda adib merosini va uning turkiy dunyo kelajagi uchun ahamiyatini muhokama qilish maydoniga aylandi. Ishtirokchilar o‘zgarayotgan jahon tartibi sharoitida turkiy madaniyatni saqlab qolishning muhimligini ta’kidladilar.

TURKSOY Bosh kotibi qayd etganidek, "Biz yashayotgan dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda: kuchlar muvozanati siljiyapti, chegaralar o‘zgaryapti va texnologiyalar rivojlanishda davom etmoqda. Biroq, barcha bunday o‘zgarishlar orasida insonning ruhi, vijdoni va asosiy qadriyatlarini saqlab qola olamizmi?  Mana shu savol ustida chuqur o‘ylab ko‘rish kerak".

Chingiz Aytmatovning turkiy dunyo uchun ahamiyatiga urg‘u berar ekan, Sulton Rayev yana shunday dedi: "U nafaqat qirg‘iz xalqining, balki butun turkiy dunyoning umumiy qadriyati, umumiy ovozi va umumiy ongidir. Uning asarlari turkiy xalqlarning butun dunyoga yetkazilgan badiiy so‘zidir.  Aytmatov insoniyatga turkiy madaniyatni tanitgan mutafakkirdir".

O‘z navbatida, Chingiz Aytmatov xalqaro instituti rahbari professor Ilyas Tupsakal turkiy madaniy an’analarni o‘rganish va tarixiy ongni tadqiq etishning muhimligiga e’tiborni qaratdi. U Chingiz Aytmatov asarlarida turkiy dunyoning umumiy qadriyatlari aks etganini qayd etdi.

Ilyas Tupsakalning fikricha, buyuk insonlarning hayoti xalqlar hayotiga o‘xshaydi. Ular millatimiz o‘tmishining ko‘zgusi ham, kelajagining poydevori hamdir. Shu ma’noda, ulug‘ adibning asarlari tariximiz, muhabbatimiz, umidimiz va dardimiz haqida hikoya qiladi. Bu asarlar turkiy xalqlar yoshlariga ularning o‘tmishi haqida so‘zlab beradi va kelajakka yo‘l ko‘rsatadi.

Chingiz Aytmatovning: "Men uchun o‘zbeklar va qirg‘izlar bir xalq, bu mening xalqim" degan mashhur so‘zlari bor. Yaxshi bilamizki, XX asrning 80-yillarida sobiq markaz tomonidan uyushtirilgan "o‘zbek ishi," "paxta ishi" kabi adolatsiz siyosiy kampaniyalar paytida Chingiz Aytmatov adolat va haqiqat jarchisi sifatida xalqimizning sha’ni va qadr-qimmatini mardlarcha himoya qilgan.

Forumda kamina shular haqida ham to‘xtaldi. Binobarin, buyuk adib davlatimiz tomonidan "Do‘stlik" va "Buyuk xizmatlari uchun" ordenlari hamda Turkiy davlatlar tashkilotining Alisher Navoiy nomidagi mukofoti bilan taqdirlangan. Ulug‘ adib xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga uning nomi berilgani ham biz uchun juda muhim.

  

Chingiz Aytmatov – Elchi va xalq diplomati

 

Diplomatiya tarixi diplomatik faoliyat bilan adabiyot va yozuvchi mahorati o‘rtasida tig‘iz bog‘liqlik borligini ko‘rsatadi. Chingiz og‘aning ta’biri bilan aytganda, “Yozuvchi bilan diplomatning kasblari bir-biriga o‘xshab ketadi. Unisi ham, bunisi ham xalqlarni yaqinlashtiradi, faqat, albatta, har biri o‘z mohiyatiga qarab ish ko‘radi”.

Chingiz Aytmatov deyarli 80-yillik umrining qariyb 20-yilini Elchi martabasida o‘tkazdi. Dastlab buyuk termoyadro mamlakatining, so‘ngra  sovetlardan keyingi eng yirik Rossiya davlatining, keyingi 15-yil ichida esa o‘z vatani – kichkinagina tog‘li mamlakatning Buyuk Elchisi sifatida  ko‘p yillik diplomatik yo‘lni muvaffaqiyat bilan bosib o‘tdi.

Chingiz Aytmatov – jahon diplomatiya tarixida uchta  davlatning Lyuksemburg Buyuk Gersogligida sobiq SSSRning birinchi va Rossiya Federatsiyasini birinchi Elchisi, Qirg‘iz Respublikasining birinchi Elchisi (ayni vaqtda o‘rindoshlik bilan to‘rtta mamlakatda: Belgiya, Fransiya, Niderlandiya va Lyuksemburg Gersogligi qirolliklarida,  ya’ni “Benilyuks” davlatlarida Elchi) edi.

Chingiz og‘a bir tomonlama diplomatiya  maydonidagina emas, balki ko‘p tomonlama diplomatiya maydonida hal diplomatik faoliyat olib bordi. Ch.Aytmatov Yevropa hamjamiyatlari Komissiyasida, NATO va YUNESKOda o‘rindoshlik asosida Qirg‘izistonning birinchi doimiy vakili edi. Bundan tashqari u boshchilik qilgan elchixona Qirg‘iz Respublikasi hukumatining Jahon Bojxona tashkiloti, Xalqaro arbitraj  sudi va boshqa bir qancha xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili vazifasini bajargan.

Yana bir muhim jihat: Chingiz Aytmatov elchilik vazifasiga rasmiy tayin etilmasdan oldin “Issiqko‘l Forumi” xalqaro harakatining asoschisi va uzluksiz rahbari sifatida xalq diplomatiyasi sohasida faol ish olib borgan. Ulug‘ adibning tashabbusi bilan “Issiqko‘l Forumi” turli madaniy tamaddunlar tutashgan joyda paydo bo‘ldi.

Issiqko‘l Forumini Rim klubining Osiyodagi yo‘ldoshi desa bo‘ladi. Ko‘pgina hollarni ularni bir-biriga o‘xshatadilar va Issiqko‘l Forumi – Rim klubi bilan ma’naviy jihatdan yaqin, deydilar.

Yanada e’tiborlisi, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Ulug‘ adib nafaqat betakror va go‘zal asarlari, ayni paytda, jo‘shqin ijtimoiy faoliyati bilan ham xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish borasida katta xizmat qildi. U, xususan, 1995-yili Toshkentda tashkil etilgan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasining tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan edi”.

Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi, ta’bir joiz bo‘lsa, mintaqamiz uchun o‘shanda YUNESKO vazifasini o‘tagan. Mazkur Assambleya hatto bugungi TURKSOY xalqaro tashkilotining poydevori, o‘ziga xos debochasi, desak bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, Chingiz Aytmatovning hayot va ijod yo‘li turkiy dunyoda qancha ko‘p o‘rganilsa, shuncha maqbul, zarur va manfaatlidir.

Xulosa qilib aytganda, Bishkek Forumida Chingiz Aytmatovning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish, mintaqamizning porloq kelajagini ta’minlash, turkiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va butun insoniyatni asrash yo‘lida katta sa’y-harakatlar qilgani atroflicha e’tirof etildi.

Binobarin, 2028-yili butun dunyoda Chingiz Aytmatov tavalludining 100-yilligi keng nishonlanadi. Ushbu qutlug‘ sanaga tayyorgarlik doirasida yana ko‘plab kitoblar nashr etilishi, tasviriy san’at asarlari, hujjatli va badiiy filmlar yaratilishi, adibning uy-muzeyi tubdan modernizatsiya qilinishi kutilmoqda.

 

Akmal SAIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi a’zosi,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 14-iyun kungi 121 (1447)-soni

Powered by GSpeech