17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish kuni

Har yili 17-iyun sanasi dunyo miqyosida – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan joriy etilgan ushbu sanadan ko‘zlangan maqsad yer degradatsiyasi, cho‘llanish va suv tanqisligi kabi global muammolarga jahon ahli e’tiborini keng jalb qilish, jamiyatlarni ushbu xavflarga qarshi barqaror choralar ko‘rishga da’vat etishdir.

Cho‘llanish – faqat tabiiy cho‘llarda emas, balki yer resurslarining noto‘g‘ri boshqarilishi va iqlim o‘zgarishi tufayli har qanday hududda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan murakkab ekologik va ijtimoiy jarayon. U tuproq unumdorligining pasayishi, o‘simliklar qoplamining yo‘qolishi, suv resurslarining qisqarishi va natijada aholi turmush sifatining tushishiga sabab bo‘ladi.

Qurg‘oqchilik esa inson faoliyati va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq. U qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlik uchun jiddiy tahdid tug‘diradi.

O‘zbekiston cho‘llanish va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish masalasini milliy ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikning uzviy qismi sifatida qarab kelmoqda. Mamlakatimiz 1995-yilda Markaziy Osiyo va MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni hayotga tatbiq etishda izchil harakat qilmoqda.

Bu Konvensiya milliy va mintaqaviy harakat dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va axborot almashinuvini rag‘batlantirish, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash va aholining barqaror yashash sharoitlarini yaratishni nazarda tutadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab daraxt va butalar ekilishi, o‘rmonzorlar maydoni kengaytirilishi va degradatsiyaga uchragan yerlar tiklanishi ta’minlanmoqda. Bu tashabbus nafaqat landshaftni yaxshilash, balki iqlim o‘zgarishiga moslashuv, biologik xilma-xillikni saqlash va aholining sog‘lom muhitda yashashi uchun asos yaratadi.

Yaqinda qabul qilingan Prezident farmoni doirasida O‘zbekistonda Cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish, ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish, loyihalarni muvofiqlashtirish va ilmiy asoslangan yondashuvni ta’minlash kabi bir qator masalalarga e’tibor qaratildi.

Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq ekologik falokat O‘zbekiston uchun nafaqat milliy, balki global ekologik muammo sifatida qaraladi. Mamlakatimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Orolbo‘yidagi hududlarda cho‘llanishga qarshi ko‘plab maxsus loyihalarni amalga oshirmoqda. Orolbo‘yining 2 million gektardan ortiq cho‘l hududlarida qurg‘oqchilikka chidamli daraxt va saksovul ko‘chatlari ekildi.

Bundan tashqari, 2025-yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan Samarqand xalqaro iqlim forumida Prezidentimiz ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Yevropa davlatlari bilan Orol dengizi oqibatlarini yumshatish, “yashil” energetikani rivojlantirish va suvdan oqilona foydalanish sohalarida samarali hamkorlik olib bormoqda. Bunday sheriklik nafaqat mintaqaviy, balki global ekologik barqarorlikka hissa qo‘shadi.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq suv tanqisligi sharoitida O‘zbekiston suv resurslarini samarali boshqarishga alohida e’tibor qaratmoqda. Zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, suv tejovchi agrotexnika va raqamli boshqaruv tizimlarining keng joriy etilishi qishloq xo‘jaligi sohasida barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Ekologik muammolarga qarshi kurashishda jamoatchilikning faol ishtirokisiz barqaror natijaga erishish mumkin emas. Shu sababli, O‘zbekistonda maktab va oliy ta’lim muassasalarida ekologik ta’lim joriy etildi. Aholi o‘rtasida ma’rifiy ishlar, ekofestivallar, ko‘rgazmalar va forumlar muntazam tashkil etib borilmoqda. Bu yosh avlodda tabiatga mehr va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlaydi .

BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlaridan o‘rin olgan 15-maqsad – “Quruqlik ekotizimlarini himoyalash va tiklash, ulardan oqilona foydalanishga ko‘maklashish, o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlarning yemirilishini to‘xtatish va ortga qaytarish, bioxilma-xillikning yo‘qolib ketish jarayonini to‘xtatish” borasida O‘zbekiston:

- xalqaro bitimlardan kelib chiqadigan majburiyatlarga muvofiq yer usti va ichki chuchuk suvli ekotizimlar, jumladan, o‘rmonlar, suvli-botqoqli hududlar, tog‘lar va qurg‘oqchil yerlarni saqlash, tiklash va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash;

- o‘rmonlarning barcha turlaridan oqilona foydalanish usullarini joriy etishga ko‘maklashish, o‘rmonlarning yo‘qolib ketishini to‘xtatish, yemirilgan o‘rmonlarni tiklash hamda o‘rmonzorlar va o‘rmonlarni tiklash ko‘lamini jiddiy ravishda ko‘paytirish;

- 2030-yilgacha cho‘llanishga qarshi kurashish, yemirilgan yerlar va tuproqlarni, shu jumladan, cho‘llanish, qurg‘oqchilik va suv toshqiniga uchragan yerlarni tiklash va yerlarning yemirilishining neytral balansiga erishish kabi bir qator milliy vazifalarni o‘z oldiga belgilab olgan. Bu borada uzluksiz va keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi har bir tashabbus, har bir qadam — bu faqat bugungi kunda emas, balki kelajak avlod uchun sog‘lom va barqaror muhit yaratish yo‘lidagi javobgarlik hamdir. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Bugungi kunda bizning vazifamiz – kelajak avlodlar barqaror, xavfsiz va farovon dunyoda yashashi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rishdan iborat”.

 

Dildora Ahmedova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi xodimi

Powered by GSpeech