O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining matbuot kotibi G‘ulom Mirzayev qalamiga mansub maqola “O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi” jurnalining 2025-yil iyun sonida chop etildi. Ushbu maqola “Ona zamin gullasin, ammo cho‘llamasin” deb nomlangan bo‘lib, 17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan.
Maqolada qayd etilganidek, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida yurtimizda ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish hamda iqtisodiy o‘sishning yangi, “yashil rivojlanish” modelini tatbiq etish bo‘yicha qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi.
Yaqinda BMT Bosh Assambleyasi "O‘rmonlardan barqaror foydalanish tamoyillariga muvofiq o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘n yilligi" rezolyutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston va Kongo tashabbusi bilan tasdiqlangan ushbu rezolyutsiyaga muvofiq, butun dunyoda “2027-2036-yillar – O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash o‘n yilligi”, deb e’lon qilindi.
Xalqaro hamjamiyat haqli e’tirof etganidek, O‘zbekiston daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirish masalalarini milliy, mintaqaviy va global miqyosda faol ilgari surib kelmoqda. Jumladan, 2024-yil avgust oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi "Ekologik muammolarning samarali yechimi sifatida degradatsiyaga uchragan yerlarda, shuningdek, qurg‘oqchil hududlarda o‘rmonlardan barqaror foydalanishni, jumladan o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklashni rag‘batlantirish" rezolyutsiyasini qabul qilgandi.
O‘zbekiston har yili Navro‘z bayrami arafasida ko‘chat ekish uchun "Markaziy Osiyo yashil belbog‘i" mintaqaviy aksiyasini o‘tkazishni taklif etdi. Bundan maqsad ko‘kalamzorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni yanada faollashtirishdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda besh yil ichida bir milliard tup daraxt ekishni ko‘zda tutuvchi keng ko‘lamli "Yashil makon" umummilliy dasturi amalga oshirilmoqda. Bu maqsadlar uchun 2025-yilda qo‘shimcha 7,7 million dollar ajratiladi.
O‘zbekistonda Orol dengizining qurigan tubida ekologik ofat oqibatlarini yumshatish doirasida ikki million gektar maydonda o‘rmonzor barpo etildi. Ekilgan daraxtlar qum bo‘ronlarini to‘xtatishga, ekotizimni yaxshilashga va mahalliy aholi uchun daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Aslida ham, xalqaro hamjamiyat media minbaridan yangragan bu e’tiroflar bejiz emas. Prezidentimiz qayd etganidek, bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotir. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda.
Bunday xatarlarga javoban O‘zbekistonda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan va qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga ham kirishilgan. Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etilgani ayni yo‘nalishdagi muhim natijalardandir.
Yanada e’tiborlisi, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylanmoqda.
Shuni ham qayd etish joizki, O‘zbekiston Prezidenti “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini 2022-yil 10-iyun kuni, ya’ni 17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni arafasida qabul qilgani bejiz emas, Zero, ayni ezgu intilish yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari uyg‘unligidan dalolat beradi.
Muallif shuningdek, 17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni tarixi haqida muxtasar to‘xtalgan. Ya’ni, ushbu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1995-yil 30-yanvarda ta’sis etilgan bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tanlangan.
O‘zbekiston Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida birinchilar qatorida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasiga a’zo bo‘lgan. Ushbu Konvensiya 1995-yil 31-avgustda O‘zbekiston parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinib, 1996-yildan kuchga kirgan. Bugungi kunda mazkur Konvensiyaga 196 ta davlat a’zo hisoblanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.06.2025
- Ko'rishlar: 184
- Chop etish