1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
«Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq. Shu bois, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur». O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu fikrlari keyingi yillarda hayotimizga tobora keng tatbiq etilmoqda.
Buni davlat rahbarining bu boradagi amaliy faoliyati yaqqol tasdiqlaydi. Ayni faoliyat doirasidagi birgina joriy yilning may oyiga taalluqli ayrim misollarga muxtasar to‘xtalamiz.
Birinchidan. O‘zbekiston Prezidenti 27-may kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ijrochi direktori Ketrin Rasselni qabul qildi. Muloqot asnosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga yuqori baho berilib, bolalar huquqlarini ta’minlash va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi milliy dastur qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekiston va YUNISEF o‘rtasidagi hamkorlik keyingi yillarda yuksak darajaga chiqqani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashkilot ko‘magida mamlakatimizda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qonun, aholini ijtimoiy himoya qilish va bolalar onkologiyasiga qarshi kurashish sohasida strategik hujjatlar qabul qilingani buning yorqin dalilidir.
O‘zbekiston Prezidenti bilan YUNISEF ijrochi direktori kelgusida qonunchilikni takomillashtirish, bolalarni parvarish qilish va qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, ijtimoiy xizmat va kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va ularning sifatini yaxshilash, milliy standartlarni ishlab chiqish, ijtimoiy sug‘urtani kengaytirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.
Ikkinchidan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-may kuni mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga tabrik yo‘lladi. Tabrikda ta’kidlanganidek, “Bugungi kunda biz o‘z oldimizga qo‘yayotgan buyuk maqsadlarni amalga oshirishda butun xalqimiz qatori, bilimli, hunarli, tadbirkor va vatanparvar, har tomonlama yetuk yoshlarimizga tayanamiz”.
Yurtimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan navqiron avlod Yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta bunyodkor kuch sifatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, bolajonlarimizning zamonaviy ilm va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillar, IT va innovatsion texnologiyalarni, ijod va tadbirkorlik sohalarini puxta egallashi uchun hozirgi kunda 201 ta oliy o‘quv yurti, 598 ta texnikum, ko‘plab monomarkaz va texnoparklar, kutubxonalar, madaniyat, san’at va sport muassasalari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uchinchidan. Prezidentimiz raisligida 15-may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda qayd etilishicha, oxirgi 7-yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgan. Bu yil 60 trillion so‘m ajratilgan. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rin yaratildi. Ta’lim dasturlari eng ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanayapti, maktablarga zamonaviy jihozlar olib berilayapti.
Davlatimiz rahbari yoshlarni nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qitish masalasiga alohida to‘xtaldi. Farzandlarimiz juda iqtidorli ekani, faqat ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi boshlanadi, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etiladi.
Endi ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlari o‘zaro uyg‘unlashadi. Buning uchun bog‘cha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yo‘nalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga o‘rgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, joriy yil aprelida Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibining Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalani qabul qildi. Mo‘tabar mehmon O‘zbekiston yetakchisining bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarni mojaroli hududlardan qaytarish, bolalar mehnatiga barham berish borasidagi samarali islohotlarini yuqori baholadi.
BMT Maxsus vakili mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha OAV vakillariga bergan intervyusida davlatimiz rahbari tomonidan bolalar zo‘ravonligiga qarshi tatbiq etilayotgan islohotlarga ijobiy munosabat bildirdi. Uning e’tiroficha, «O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘ldan ketyapti. Bu yo‘lda eng muhimi – amaliy natijaga o‘tish. Prezident islohotlarni boshlab berdi. Lekin shu bilan birga, pragmatik rahbar sifatida bu islohotlar odamlar hayotida o‘zgarish qilganini ko‘rishni istaydi».
Haqiqatan ham, mamlakatimizda so‘ngi yillarda bola huquqlarini tizimli va har tomonlama ta’minlash borasida muayyan ibratli tajriba to‘plandi. Bola huquqlari kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Avvalambor, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari mustahkam kafolatlandi.
Milliy huquqiy tizimda bola huquqlariga oid qonunlar alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonda ushbu sohada 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Bu borada, ayniqsa, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Qonunchilik yo‘li bilan oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida bolaning fikri inobatga olinishi belgilab berildi. Parlamentning qonun ijodkorligi yo‘nalishida ham bu borada muhim natijalarga erishilmoqda. Xususan, 2020-yil 10-martda “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.
Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari va hukumatning qo‘shma qarori asosida Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturi tasdiqlandi. Sohadagi islohotlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida mamlakatimizda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili lavozimi joriy qilindi. Vakil huzurida Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzildi.
Shuningdek, 2023-yil 11-aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) idoralararo komissiyalarining faoliyati isloh etildi. Ular tegishincha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) komissiyalari etib qayta tashkil etildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, jahonning aksariyat mamlakatlarida yozning ilk kuni bolajonlar uchun katta bayram sifatida nishonlanadi. Binobarin, 1949-yilda Parijda Xotin-qizlar xalqaro demokratik federatsiyasining kongressi bo‘lib o‘tgan. Ushbu kongressda bolalarning bardamligi va baxt-saodatining kafolati bo‘lgan mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun doimiy kurash haqidagi chaqiriq yangragan.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha bolalarning sog‘ligi va tinch-xotirjam hayotini saqlash dolzarb muammoga aylangan edi. Shu tariqa 1950-yildan e’tiboran 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlana boshladi. Bundan ko‘zlangan maqsad bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga e’tibor qaratishdir.
Yer yuzida, 2023-yilgi ma’lumotga ko‘ra, 333 million bola o‘ta qashshoq yashayapti. Bu borada yana bir tashvishli raqam: bolalar – sayyoramiz miqyosida majburan ko‘chib yashayotgan 100 milliondan ortiq shaxslarning 41 foizini tashkil etmoqda. Shuning uchun bugungi kunda bolalar qayerda yashashlaridan qat’i nazar, ularning huquqlarini himoya qilish masalasi nihoyatda dolzarbdir. BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 92-sessiyasida shu haqda bayonot berdi.
Butun dunyoda bola huquqlarini maxsus himoya qilish zarurati dastlab Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro bill, shuningdek, bolalar manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlarning tegishli hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Xususan, 1959 yilgi Bola huquqlari deklaratsiyasida har bir bola uchun hech qanday kamsitish va cheklashlarsiz butun boshli huquqlar majmui mustahkamlangan.
Ushbu Deklaratsiya asosida 1989-yil 20-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bola huquqlari sohasidagi birinchi majburiy xalqaro hujjatdir. Mazkur hujjatda insoniyatning uzviy bo‘lagi sifatida tan olingan bolalarning fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy huquqlari kafolatlangan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng 1992-yil 9-dekabrda o‘zbek parlamenti ratifikatsiya qilgan birinchi majburiy xalqaro-huquqiy shartnoma – Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadir. Bu muhim dalil yurtimizda bolalarga bo‘lgan yuksak e’tiborning o‘ziga xos namunasi hisoblanadi. Ushbu Konvensiyani jahon bolalarining o‘ziga xos xalqaro Konstitutsiyasi deyish mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekiston bola huquqlariga oid o‘nga yaqin xalqaro shartnomaga qo‘shilgan. Mamlakatimizda onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish hamda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini bajarish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va uning ikkita Fakultativ protokoli ishtirokchisi sifatida mazkur hujjatlarning barcha qoidalariga to‘liq amal qilib kelmoqda. Ushbu Konvensiya qoidalari milliy qonunchiligimizga hamda davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatiga izchillik bilan implementatsiya qilindi. O‘zbekiston Prezidenti, parlamenti va hukumati tomonidan bola huquqlarini himoya qilish borasida qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlar izchil to‘ldirilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida bolalar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Milliy strategiyaning shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari asosida 2021-yil 12-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Qonunga binoan, avvalo, Jinoyat kodeksi 1281-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda unga moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun javobgarlik belgilandi. Bunda jinoyatning obyektiv tomoni zaruriy belgisi sifatida qilmish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilganligi ko‘zda tutiladi.
Shu bilan birga, mazkur jinoyat obyekti sifatida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsning normal va axloqiy rivojlanishi ekanligini inobatga olib, jinoyat subyekti yoshi 18 yosh etib belgilandi. Shuningdek, Jinoyat kodeksi 1482-moddasining ikkinchi qismiga voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish kiritildi.
O‘z navbatida, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish jarayonida bolalarimizni ijtimoiy himoya qilish, sog‘ligini saqlash, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ilmiy, ijodiy, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, noyob iqtidori yuzaga chiqishiga ko‘maklashish kabi turli sohalarda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Ehtiyojmand oilalar farzandlari, yetim va nogironligi bo‘lgan bolalarning huquqlari har tomonlama ta’minlanmoqda.
Shunday qilib, keyingi yillarda O‘zbekistonda bolalar mehnatiga barham berildi, bolalarning ta’lim olish va sog‘liqqa bo‘lgan huquqlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi, bolalarning qarashlarini hurmat qilishga oid huquqiy asoslar kuchaytirildi, shu maqsadda bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus tashkilotlar ta’sis etildi. Nogironligi bo‘lgan hamda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimi mustahkamlandi.
Qurolli mojarolar sodir bo‘layotgan hududlardan o‘zbekistonlik bolalarni qaytarish, shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etish choralari ko‘rildi. Aholining bola huquqlari to‘g‘risidagi xabardorligi izchil oshirilmoqda.
Bularning barchasi mamlakatimizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi izchil islohotlar o‘z samaralarini berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu, o‘z navbatida, farzandlarimizni har tomonlama munosib vorislar etib tarbiyalash nuqtayi nazaridan juda ham muhim. Zero, Nobel mukofoti sohibi, atoqli ingliz adibi Bernard Shou aytganidek, «Odam mamlakat va insoniyat uchun qilishi mumkin bo‘lgan eng katta xizmat – bolalarini tarbiyalashidir».
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 30.05.2025
- Ko'rishlar: 289
- Chop etish