Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor

«Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat». Bu fikrlarni Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holatini tanqidiy tahlil qildi. Shu munosabat bilan Toshkent shahrida o‘zini oqlagan “Xalq nazorati” elektron portalini butun respublikada ishga tushirish, Xalq qabulxonalari ishini yangicha asosda yo‘lga qo‘yish va fidoyi mutaxassislar bilan to‘ldirish kabi tashabbuslarni ilgari surdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ana shu vazifalar talabidan kelib chiqqan holda, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga e’tibor yanada kuchaytirildi. Xususan, Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi xodimlarining ish sharoitlari yaxshilandi. Murojaat qiluvchilarning Milliy markazga kirib-chiqishi va qabul qilinishi uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratildi.

Milliy markazga 2025-yilning 6 oyida jami 629 ta murojaat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagiga (712 ta) qaraganda 11,7 foiz kamaygan. Ushbu murojaatlardan 49 tasi anonim murojaatlar hisoblanganligi sababli “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 3,6 va 29-moddalariga binoan ko‘rmasdan qoldirildi.

Shuningdek, joriy yilning birinchi yarmida Milliy markaz qabulxonasida jami 350 nafardan ortiq fuqaro qabul qilingan. Bu jarayonda 239 nafar fuqaroning yozma murojaatlari ish yuritishga qabul qilingan, shuningdek, 111 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilgan.

Shu yilning o‘tgan davrida Milliy markazga kelib tushgan 580 ta murojaat taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Yana 122 tasi bo‘yicha murojjaat qilgan fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilishi ta’minlangan.

Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 239 tasi fuqarolardan to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul jarayonida, 341 tasi aloqa vositalari (asosan pochta aloqa tarmog‘i orqali), 37 ta murojaat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasining Virtual qabulxonalari orqali, 96 ta murojaat Milliy markazning Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan.

Murojaatlar mualliflarining 49,3 foizi erkaklar, 45,9 foizi  xotin-qizlardir. Shuningdek, jamoaviy kelib tushgan murojaatlar 4,8 foizni tashkil etgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 86,7 foizi – ariza, 13,1 foizi shikoyat va 0,02 foizi takliflardan iborat.

Joriy yilning 6 oyida kelib tushgan murojaatlar 2024-yilning shu davrida kelib tushgan murojaatlar bilan hududlar kesimida taqqoslanganda, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridan murojaatlar soni kamaygani  ma’lum bo‘ldi. Aksincha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan viloyatlari va Toshkent shahridan  murojaatlar soni sezilarli darajada ortgan.

Tahlillarga qaraganda, eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (38,6 foiz), Toshkent viloyati (16 foiz), Qashqadaryo viloyati (11,7 foiz), Samarqand viloyati (5,5 foiz) va Andijon viloyatidan (5,3 foiz) kelib tushgan. Ayni holat o‘tgan yillarda ham kuzatilgan.

Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 49,7 foizi – ijtimoiy-iqtisodiy, 38,8 foizi – shaxsiy, 10,7 foizi – siyosiy va 0,9 foizi – madaniy huquqlar bilan bog‘liq murojaatlardir.

Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatlarning:

  • 101 tasi – fuqarolarning odil sudlovga oid huquqlariga taalluqli murojaatlar;

  • 45 tasi – surishtiruv va dastlabki tergov organlarining mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan, shuningdek qarorlaridan norozilik;

  • 117 tasi – turli davlat idoralari, muassasalari va tashkilotlarining qarorlari hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari bilan bog‘liq;

  • 120 tasi – shaxsiy mulk huquqlariga doir;

  • 60 tasi – munosib turmush kechirishga taalluqli;

  • 61 tasi – davlat organlariga murojaat qilish bilan bog‘liq;

  • 29 tasi – sud qarorlari ijrosiga oid murojaatlarni tashkil qiladi.

Monitoring natijasida o‘tgan yillardagi kabi 2025-yilning o‘tgan davrida kelib tushgan murojaatlarning aksariyati odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, yer ajratish, shaxsiy mulkka va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir murojaatlar ko‘p tushayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Mamlakatimizda odil sudlov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik-protsessual, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy-protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar va “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga binoan faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi, sudlarning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksi va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda davlat tergov va surishtiruv organlarining faoliyati yuqori turuvchi organ hamda prokurorlar tomonidan nazorat qilinishi ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari hamda huquqni muhofaza qilish organlariga 2025-yilning o‘tgan davrida murojaatlar yuzasidan 190 dan ortiq tavsiya yuborildi. Shu murojaat va tavsiyalarning ko‘rib chiqilishi natijasida 24 ta murojaat qanoatlantirilib, fuqarolarning huquqlari tiklandi hamda qonuniy huquq va manfaatlari ro‘yobga chiqarilishida amaliy ko‘mak berildi.

Bundan tashqari, joriy yilning 6 oyi davomida telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 1 ming 300 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi. Shu bilan birga, 122 ta holatda fuqarolarga qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuni ham qayd etish joizki, og‘zaki huquqiy maslahat so‘rab murojaat qiluvchilar soni yildan yilga ortib bormoqda.

Shu nuqtayi nazardan, aholining huquqiy xabardorligini oshirish hamda fuqarolar o‘rtasida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlariga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu borada keyingi olti oyda Farg‘ona viloyatining Buvayda va Uchko‘prik tumanlarida uchrashuv hamda ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

Sudlarda inson huquq va erkinliklari ta’minlanishini kuzatish maqsadida 3 ta sud jarayonlarida Milliy markaz vakili ishtirok etdi.

Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan va kiritilgan takliflar asosida ijobiy hal etilgan murojaatlarning ayrimlariga muxtasar to‘xtalamiz.

Xususan, fuqaro N.Ch.ning Majburiy ijro byurosi Sherobod tuman bo‘limi xodimlari tomonidan sud qarori ijro etilmayotganidan norozi bo‘lib yozgan murojaati tegishli tartibda o‘rganish va chora ko‘rish uchun 2025-yil 30-yanvar kuni Byuroning Surxondaryo viloyat boshqarmasiga tavsiya xati kiritilgan.

Nazorat tartibida olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdorning Sherobod tumani, “G‘ambur” mahallasi, Anorzor ko‘chasida joylashgan 0,27 ga yer maydonini, noqonuniy ravishda qurilgan 95,87 kv.m hajmdagi paxsa-loy devor, omborxona va hojatxona binolari buzdirilgan, noqonuniy egallangan yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan. Murojaat to‘liq qanoatlantirilgan va muallif tashakkurnoma bildirgan.

Bundan tashqari, fuqaro M. Yu. 2025-yil 14-apreldagi murojaatida turmush o‘rtog‘i I.Yu.ga oid jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari, sud hukmi va boshqa holatlardan noroziligini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining 2024-iyuldagi hukmiga asosan I.Yu. Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 5-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va xozirda Navoiy viloyatidagi 5-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotganligi aniqlangan.

Muallif murojaatida turmush o‘rtog‘ining sog‘ligi jazoni ijro etish koloniyasida keskin yomonlashganligi sababli mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada davolanishida amaliy yordam so‘rab yo‘llagan murojaati yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga xat yuborilib, natijalariga ko‘ra ixtisoslashgan kasalxonaga davolanishga yotqizilgan. Murojaat ijobiy hal qilingan.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, bir insonning buzilgan huquqini tiklash uchun bir necha yillar talab etilmoqda. Ya’ni, Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan ayrim murojaatlar bo‘yicha unda ko‘tarilgan masalani qonuniy hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organiga kiritilgan tavsiya va xulosalar yuzasidan bir necha yillardan so‘ng ijobiy qarorlar qabul qilinmoqda.

 

Otabek NORBOYEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy  markazining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i;

Farida XAKBERDIYEVA,

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech