Kitob o‘qishda hikmat ko‘p

Bugungi kunda jadid bobolarimiz haqida ko‘p gapirmoqdamiz. Endilikda u ulug‘ zotlarning asarlari muntazam nashr etilmoqda, jo‘shqin hayot yo‘llari ham ilmiy asosda, ham ommabop tarzda o‘rganilmoqda. Bu borada izchillikni ta’minlash maqsadida “Jadid” gazetasiga asos solindi.

Aslida, jadidlar ham osmondan tushmagan, har qanday el-yurtning ziyoli insonlari qatori oddiy va hayotiy yo‘ldan borganlar. Ya’ni, darsliklar yozganlar, maktablar ochganlar, yoshlarning xorijda tahsil olishini uyushtirganlar, gazeta-jurnal chop etganlar, kutubxona ochganlar, kitob yozganlar, nashr etganlar va elga ulashganlar, aholini kitob o‘qishga – ma’rifatparvarlikka rag‘batlantirganlar.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz ta’biri bilan aytganda, «Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir». Nega deganda, kitoblar milliy o‘zlik hamda umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Xalqimizni kitobxon millatga aylantirish Yangi O‘zbekistonning ma’rifiy yangilanish jarayonlarida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.  Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘ngi yillarda qabul qilingan ustuvor strategik dasturlar doirasida, jumladan, beqiyos ko‘lamdagi ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Kitobxon hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun zarur adabiyotlar nashr etilmoqda va keng miqyosda tarqatilmoqda.

Birgina “O‘zbekiston-2030” strategiyasida aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish maqsadida kitobxon yoshlarni 5 millionga yetkazish, har yili 100 ta eng eng yaxshi badiiy asar va yoshlar uchun mo‘ljallangan 50 ta badiiy kitob yaratish hamda 40 millionga yaqin kitob fondini raqamlashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.

Mamlakatimizda kitobxonlikni targ‘ib qilish, kitobxonlik madaniyatini oshirishga muhim e’tibor qaratilayotgani zamirida ham aholini ma’rifatli qilishdek ulkan maqsadlar mujassam. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, bir qancha kitoblar muallifi Mahmudxon Toirovning yaqinda nashrdan chiqqan “Hikmatga yo‘g‘rilgan hayot” nomli kitobini o‘qir ekanman, ana shu qiyosiy mulohazalar xayolimdan kechdi.

Muallifning yangi kitobi, ta’bir joiz bo‘lsa, mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga keng tatbiq etilayotgan kitobxonlik, kitobsevarlik va kitobparvarlik muhitini yanada rivojlantirish ishiga qo‘shilgan mo‘jazgina, ayni chog‘da, o‘ziga xos munosib bir hissadir. Zero, bir tomondan, kitob mutolaasi global axborotlashuv sharoitida mamlakatni ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlantirishning asosiy omillaridan biri sifatida e’tirof etilsa, ikkinchi tomondan, kitobxonlikka qiziqish yuqori bo‘lgan jamiyat hayotining deyarli barcha sohalari baravj taraqqiy etayotganligini ko‘rib-kuzatib turibmiz.

Aslida kitob nima o‘zi? Kitob – bilimlar koni, qadriyatlar timsoli, ma’naviy meros qo‘rg‘oni, sivilizatsiyalararo muloqot vositasi, rang-barang madaniyatlar ko‘zgusi, moddiy farovonlik manbai, mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan noyob ijod mahsulidir. Bashar ahli kitobning ahamiyati ana shunday nihoyatda serqirraligini tobora teran anglamoqda.

Shu o‘rinda Mahmudxon Toirov publitsist, shoir va tarjimon sifatida serqirra ijod mahsuli – kitoblari, maqolalari, she’rlari va tarjima asarlari bilan Uchinchi Renessans poydevorini tiklashga azmu-jazm etgan jamiyatimizda tobora kengayib borayotgan ma’rifatparvarlik ishiga imkon qadar o‘z ulushini qo‘shib kelayotganini alohida qayd etish lozim. Xususan, muallifning 2014-yilda “Hayot so‘qmoqlarida”, 2017-yilda “Hayot bitiklari”, 2018-yilda “Tafakkur ne’matlari” (“Misli vslux”), 2023-yilda “Tafakkur durdonalari” nomli falsafiy kitoblari, 2016-yilda “Sen va men” she’riy to‘plami nashrdan chiqqan.

Mahmudxon akaning diplom bo‘yicha mutaxassisligi – geolog bo‘lsa-da, hayotda davlat xizmatchisi sifatida turli lavozimlarda katta tajriba to‘plagan. U kishi jurnalist va muharrir sifatida ham qalami obdan charxlangan mutaxassis. Yanada muhimi, Mahmudxon aka badiiy–falsafiy yo‘nalishda o‘ziga xos ovozga ega yozuvchi va shoir hamdir.

Qolaversa, Mahmudxon akaning yana bir fazilati – ikki til, o‘zbek va rus tilida ravon yoza oladigan ijodkorligi yangi kitobning mazmun-mundarijasi yanada teranlik va keng ko‘lamlik kasb etishida katta ahamiyat kasb etgan. Asarga so‘zboshi yozgan taniqli shoir va jurnalist Tohir Doliyev ta’kidlaganidek, “Bu kitob uning (Mahmud akaning – G‘.M.) 70-yillik hayot yo‘li, 50-yillik mehnat va ijodiy faoliyati, jamiyatda, zamondoshlar orasidagi nufuzi haqidagi risoladir”.

“Hikmatga yo‘g‘rilgan hayot” kitobi uch bobdan iborat. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu bitiklardagi bosh obraz – inson, uning hayoti va qalb dunyosidir. Kitobning boshidan-oxirigacha barcha sahifalarda aynan inson kechinmalari, turmush tashvishlari, sog‘inchu alamlari va orzu-umidlari o‘z aksini topgan.

Xususan, birinchi bob muallifning publitsistikasiga bag‘ishlangan bo‘lib, keyingi sakkiz yil davomida davriy matbuotda e’lon qilingan 28 ta maqolani o‘zida jamlagan. Muhimi, bu maqolalar shunchaki “havo”dan olib, ya’ni o‘ylab-to‘qib yozilmagan. Aksincha, ular muallif ishtirok etgan voqea-hodisalarning bevosita ta’sirida bitilgan, shuning uchun ham barchasi ta’sirchan va nihoyatda o‘qishli.

Masalan, “So‘nggi diydorlashuv” nomli maqolada o‘zbek xalqining asl farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli yozuvchi va shoir, otashin publitsist Sharof Rashidovning1983 yili bevaqt olamdan o‘tishi bilan bog‘liq qayg‘uli voqea tafsilotlari qalamga olingan. O‘shana endigina 28 yoshni qarshilagan navqiron Mahmudjonning zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. U o‘zi xizmat qilayotgan xalq deputatlari Toshkent viloyati ijroiya qo‘mitasi rahbariyati va xodimlari nomidan Sharof otaning tobuti poyiga gulchambar qo‘yish uchun mas’ul etib tayinlanadi.

Muallif ana shu mas’uliyatli vazifani qanday ado etganini yorqin va g‘amgin lavhalarda ifoda etar ekan, maqola yakunida keyinchalik Sharof Rashidov nomini bulg‘ash uchun qanchadan-qancha bo‘hton toshlari otilgani haqida ham so‘z yuritadi. “Lekin hech qanday qora bo‘yoqlar ularning toza va pok hayotlariga, xalq orasidagi obro‘lariga putur yetkaza olmadi! Mustaqillik yillari Sharof Rashidovning nomi munosib tarzda tiklandi. Adolat qaror topdi”, deb qayd etadi M.Toirov.

Maqolalarning salmoqli bir turkumi Sayyora Sharofovna Rashidova, Oqil Umurzoqovich Salimov, Mirza Mahmudovich Musoxonov kabi mashhur davlat va jamoat arboblarining ibratli hayot yo‘liga bag‘ishlangan bo‘lsa, yana bir turkum maqolalarda Turob Xoltoyev, Erkin Shayxov, Abdulhamid Sayidxo‘jayev, Po‘lat Abdurahmonov, Abduxoliq Aydarqulov, Usmonali Umarov,  Ne’matilla Xudoybergenov, Grigoriy Dubovskiy singari mohir rahbarlar va zakovatli olimlarning faoliyatiga taalluqli qiziqarli voqealar hikoya qilingan.

Muallif o‘z maqolalarida atoqli adib Chingiz Aytmatov, hassos shoirlar Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shuhrat, Muhammad Yusuf, Mahmud Toir, Orif Odilxonov  va Asror Mo‘min, jurnalistlar Anvar Jo‘raboyev, Safar Ostonov, Farmon Toshev, taniqli rassom Ro‘zi Choriyev, Fan arbobi Hamid Sulaymon, akademiklar Shavkat Vohidov, Obidxo‘ja Akramxo‘jayev, Shavkat Akmalxonov, Shodmon Nomozov bilan bo‘lib o‘tgan yuz-yuz muloqotlarini g‘oyatda jonli tasvirlaydi. Shuningdek, G‘ulommahmud Abdullayev, Mahmud Ismatov, Mahmud Mo‘ydinov, Mahmud Mirzayev, A’zam Abduvaliyev, Karim Yusupov kabi qishloq xo‘jaligi sohasining jonkuyar olimlari va fidoyi yetakchilari bilan bo‘lgan uchrashuvlari tafsilotlari yana bir turkum maqolalarda ifodasini topgan.

Shuni ham ta’kidlash joizki, Toirovlar sulolasi yurtimiz hayotining turli sohalari uchun bir qator sara mutaxassislarni yetkazib bergan. Xususan, 1960-1983-yillarda O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov Sirdaryo va Jizzax viloyatlari paxta dalalariga tashrif buyurganda, Mahmudxon akaning amakisi Abdulhay Toirov paxtachilik bilimdoni sifatida u kishiga doim hamroh bo‘lganlar. Kitobdan ana shu cho‘lquvarlar otaxoni xotirasiga taalluqli sahifalar ham o‘rin olgan.

Kitob muallifi “Ko‘plarga ustozlik qilgan dehqon otam” maqolasida padari buzrukvori Abdulhaq Toirovni eslaydi. U kishi avvalboshda oddiy kolxozchi, tabelchi, xo‘jalik mudiri bo‘lib ishlagan bo‘lsa, keyinchalik tuman, viloyat va respublika darajasidagi ishlab chiqarish korxonalarida rahbarlik lavozimlarida fidokorona mehnat qilgan.

O‘z navbatida, “Quyoshga monand ona yuragi” nomli maqola muallifning volidai muhtaramasi Tohiraxon Mo‘minxo‘ja qiziga bag‘ishlangan. Xususan, Mahmudxon aka: “onam oqilaligi, zahmatkashligi bilan ro‘zg‘orda uchrab turadigan kamchiliklarga qaramasdan, olti nafar farzandining barchasi oliy ma’lumot olishiga asos bo‘ldi”, deb yozadi onaizori haqidagi xotiralarida.

Bundan tashqari, muallifning akalaridan biri Nosirxon aka – tarjimon va jurnalist, Mansurxon aka – faylasuf, ukalari Fozilxon aka – bank sohasining piri, u kishining farzandi Alisherbek – yosh ijodkor, Mahmudxon akaning o‘g‘li Azamatbek – navqiron muharrir va noshir hisoblanadi. Kitobda ma’rifatga, ilm va ijodga oshno bo‘lgan ushbu insonlarga oid ma’lumotlar ham qayd etilgani e’tiborga loyiq.

Kitobning ikkinchi bobida Mahmudxon Toirov yillar mobaynida yozib, to‘plab va matbuotda e’lon qilib borgan, muxlislari tomonidan “miniatyura asarlar” deb e’tirof etilgan hikmatli bitiklar hamda she’rlar taqdim etilgan. Bu bob 12 ta fasldan iborat. Jumladan, “Fikrat durdonalari” faslida shunday yorug‘ fikr diqqatimizni tortdi: “Umid – g‘alabaga boshlar, umidsizlik – mag‘lubiyatga”.

Kitobdagi uchinchi bobda Mahmudxon Toirov zamondoshlarining dil izhorlari jamlangan. Yigirmadan ortiq fasldan iborat ushbu bobda muallif bilan uzoq yillar davomida birga ishlagan hamkasblari, ijodiy hamkorlari, do‘stlari va oilaviy bordi-keldi qiladigan qadrdon insonlarining ezgu tilaklari bitilgan.

Yana bir muhim jihat: kitob sahifalari ko‘pdan ko‘p tarixiy va rangli fotosuratlar bilan bezatilgan. Kamina avvalo o‘zining maqolasiga havola etilgan suratlar bilan tanishish asnosidayoq amin bo‘lganidek, kitobda matn va tasvir uyg‘unligi ta’minlangan va bu ham bir ajib mahorat, desak, yanglishmaymiz.

Muhimi, bunday serqirra kitoblar bizga hayotni o‘rgatadi, har birimizni dunyo sir-sinoatlari va ma’rifatidan bahramand etadi, bilim o‘rgatishning eng qudratli omili va bilimni asrashning ishonchli vositasi bo‘lib xizmat qiladi, ma’rifatga oshno aylaydi, dunyodagi turfa madaniyatlar va an’analarning ma’no-mohiyatini anglashga ko‘maklashadi, yashash hamda ijod qilishga doimo ilhomlantirib turadi. Zero, ulug‘ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro hazratlari so‘zlari bilan aytganda, “Kitob — sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”.

Xulosa qilib aytganda, kitob va kitobxonlik har bir davrning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda uning dolzarblik ko‘lami yanada ortdi. Chunki kitob o‘qishda hikmat ko‘p. Keng dunyoqarash va bilimga ega bo‘lishda kitobning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Kitob insonni intizomli qiladi. Nafsni yengishga va kattani hurmat, kichikni izzat qilishga o‘rgatadi. Kitob o‘qigan kishi qonunlarga itoat qilish kerakligini anglaydi.

Bugungi taraqqiy etayotgan texnika davrida ko‘pchilik mutolaaga vaqt ajrata olmasligi mumkin. Ammo har qanday vaqtda ham kitob o‘qishga vaqt topgan inson yutadi. Bir narsani unutmasligimiz kerak, yaqinlarni kitob o‘qishga da’vat qilish ularga yaxshilik tilash hisoblanadi. Binobarin, kamina ham Sizni farog‘atli mutolaaga chorlab qolajak.

 

G‘ulom MIRZO,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

“AGRO BIZNES INFORM” jurnali 2025-yil №3 - soni

Powered by GSpeech