BMT O‘zbekiston tashabbusi bilan ekologiyaga oid rezolyutsiyani qabul qilganiga bir yil to‘ldi

Bundan roppa-rosa bir yil avval, ya’ni 2024-yil 14-avgustda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilgandi.

 Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, respublikani ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi konsepsiyasiga asoslangan. Rezolyutsiyada davlatimiz rahbarining Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi va BMT Iqlim bo‘yicha 28-konferensiyasida bildirilgan iqlim o‘zgarishi va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish borasidagi asosiy takliflari o‘z ifodasini topgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ekologik muammolar, xususan, Orol dengizi mintaqasini "yashil hudud"ga aylantirish, cho‘llanishning oldini olish borasida katta ishlar qilinmoqda. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan takliflarda aynan shu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.

Soha ekspertlarining fikricha, O‘zbekistonning bu boradagi takliflari xalqaro darajada e’tiborga olinib, alohida rezolyutsiya qabul qilinishi mamlakatimiz uchun juda katta ahamiyatga ega. Ushbu rezolyutsiya dolzarb ekologik muammolarni hal qilishda yurtimizga turli grantlar, ilg‘or texnika vositalari, tajribalar olimlarni jalb etish, yirik fondlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga imkon beradi.

Rezolyutsiyaga 100 dan ortiq a’zo davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon, Avstriya, Belgiya, Bahrayn, Vengriya, Germaniya, Italiya, Iordaniya, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Latviya, Mo‘g‘uliston, Marokash, Ummon, BAA, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Fransiya va dunyoning turli mintaqalarini ifodalovchi boshqa davlatlar hammualliflik qilgan.

Rezolyutsiyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish va daraxt o‘tqazishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik afzalliklari har tomonlama qayd etilgan. Ularning biologik xilma-xillikni oshirish, iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo‘shgan hissasi, jumladan, kambag‘allikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi hissasi alohida ta’kidlanadi.

Bu haqda fikr yuritganda, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrab-avaylash ishlariga muntazam e’tibor qaratilayotganini qayd etish lozim. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar mustahkamlangani buning yaqqol tasdig‘idir.

Asosiy qonunimiz Muqaddimasida e’tirof etilganidek, biz «mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini  ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga  hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib», ushbu Konstitutsiyani qabul qilganmiz. Bosh qomusimizning 49-moddasi to‘laligicha ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid normalardan iborat. Xususan, ushbu moddaning birinchi bandida: «Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati  to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega», deb qayd etilgan.

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonning uchta strategik dasturi –  2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ishlab chiqildi. Birinchisi to‘la bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga teran tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal strategiyalarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga har doimgidan ko‘ra yuz karra ko‘proq e’tibor berilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil yurtimizda – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili, deb e’lon qilingani bu borada g‘oyat muhim qadam bo‘ldi. Prezidentimizning 2025 yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida yurtimizda ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish hamda iqtisodiy o‘sishning yangi, “yashil rivojlanish” modelini tatbiq etish bo‘yicha qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi hamda izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech