YANGI O‘ZBEKISTON VA INSON HUQUQLARI: HOLATI VA ISTIQBOLLARI

Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda milliy davlatchilik, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga hurmat tamoyillarini ta’minlashning mustahkam poydevori barpo etildi.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 10-iyuldagi "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorida shunday ta’kidlangan: " Aynan mustaqillik, barcha siyosiy-huquqiy kafolatlarni o‘zida mujassam etgan holda, «O‘zbekiston — 2030» strategiyamizni amalga oshirish, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini kuchaytirish, inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish, dunyo mamlakatlari bilan faol hamkorlik qilish, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda beqiyos tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda".

Ta’kidlash joizki, dunyoga tobora ochilayotgan, jadal islohotlar yo‘lidan borayotgan Yangi O‘zbekiston "davlat – xalq uchun" tamoyiliga qat’iy amal qilmoqda va global o‘zgarishlarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

 

Yangi O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari

 

Bugungi kunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, raqamli transformatsiyani rivojlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda innovatsion yechimlarni joriy etish, davlat boshqaruvi institutlari samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

2025-yil mart oyida Bosh kotib "BMT-80" tashabbusini ishga tushirdi. Ayni tashabbus BMT faoliyatini tubdan o‘zgartirish – samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini aniqlash, vakolatlarni bajarish tartibini qayta ko‘rib chiqish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlar hamda dasturlarni qayta tuzishga qaratilgan.

BMT Bosh kotibi A.Guterrish davlatlarga shunday murojaat qildi: "Biz mukammal sharoitlarni kuta olmaymiz. Xalqaro hamkorlikni yanada keng qamrovli, adolatli va inklyuziv qilish uchun uni yangilash va isloh etish bo‘yicha dastlabki qat’iy qadamlarni aynan hozir qo‘yishimiz lozim".

Yangi O‘zbekiston Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamoqda. So‘nggi yillarda BMT bilan hamkorlik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilib, 160 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘zida Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda "BMT-Ayollar" tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.

O‘zbekiston BMTning barcha tuzilmalari faoliyatida faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz 2021-yildan 2023-yilgacha Inson huquqlari bo‘yicha kengash tarkibiga kirdi, 2024-yilda EKOSOS, XMT Boshqaruv kengashi, Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi bo‘ldi.

Bu yil O‘zbekiston ilk bor BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) kengashiga 2028−2029-yillarga mo‘ljallangan muddatga saylandi. FAO kengashiga a’zolik O‘zbekistonga global agrar va oziq-ovqat siyosatini shakllantirishda, me’yoriy-huquqiy hujjatlar va standartlarni ishlab chiqishda, milliy va mintaqaviy tashabbuslarni taqdim etishda, shuningdek, loyihalarni ilgari surishda va qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb qilishda keng imkoniyatlar yaratadi.

Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlarining (BRM) Global indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish doirasida BMT bilan hamkorlikning yangi besh yillik dasturini imzolash kutilmoqda. Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum birgalikda o‘tkazildi. Samarqand shahrida YUNESKOning Bosh konferensiyasi 43-sessiyasiga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Faqatgina 2025-yilning o‘zida mamlakatimiz Bosh Assambleyaning 79-sessiyasi davomida qabul qilingan 3 ta rezolyutsiyaning tashabbuskori va hammuallifi bo‘ldi. Bu o‘rinda:

·     "Zilzila qurbonlarini xotirlash xalqaro kuni" (2025-yil 29-aprel);

·     "Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning alohida ehtiyojlari va ular oldida turgan rivojlanish sohasidagi o‘ziga xos muammolar to‘g‘risida axborot tarqatish xalqaro kuni" (2025-yil 25-iyul);

·     "Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratishda sun’iy intellektning roli" (2025-yil 29-iyul) rezolyutsiyalari haqida so‘z bormoqda.

Ta’kidlash joizki, bu yil "6-avgust – Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning o‘ziga xos ehtiyojlari va ular duch kelayotgan rivojlanish sohasidagi alohida muammolar to‘g‘risida axborot tarqatish xalqaro kuni" birinchi marta 5-8-avgust kunlari Turkmanistonning Avaza shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida nishonlandi.

Ma’lumki, Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasi quruqlik bilan o‘ralgan bo‘lib, ularning o‘zaro muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari dengizga chiqish imkoniyatsizligi bilan bog‘liq geografik zaiflikni barqaror rivojlanish uchun poydevorga aylantirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Yangi transport yo‘laklarini barpo etish, qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish hamda energetika va suv resurslari sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish orqali mintaqa muvaffaqiyatli integratsiya namunasiga aylanmoqda.

Bu boradagi sa’y-harakatlar dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti odatda qirg‘oq bo‘yi davlatlarnikiga nisbatan 40-60 foiz past, ularning jahon savdosidagi ulushi esa 1 foizdan kam ekanligi kabi muammolarni bartaraf etishga yordam bermoqda.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, yirik transport xarajatlari va tranzit tizimining beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning ikki foizigacha bo‘lgani qismini yo‘qotmoqda. Logistika xarajatlari tovarlar umumiy qiymatining 60 foizini tashkil etadi va bu raqam jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan bir necha barobar yuqoridir.

Shu sababli dunyodagi ikki marta qit’a ichkarisida joylashgan, ya’ni hatto o‘ziga qo‘shni davlatlarning ham dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan yagona davlat hisoblanuvchi O‘zbekiston yangi ishonchli tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish tarafdoridir. Bugungi kunda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global kelishuvni ishlab chiqish taklifini ilgari surmoqda.

 

Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi

 

Joriy yilda jahon hamjamiyati inson huquqlari bo‘yicha birinchi majburiy yuridik shartnoma – Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 60-yilligini, shuningdek, zamonaviy ijtimoiy va siyosiy hayotning gender mezonini boshlab bergan Ayollarga nisbatan Pekin platformasi va Harakatlar dasturining 30-yilligini nishonlaydi. Mamlakatimizda ushbu sanalarni nishonlash bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari va ta’lim muassasalarini keng jalb etgan holda keng qamrovli tadbirlar dasturlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, bu yil inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ko‘plab mintaqaviy vositalarning yubiley sanalari, xususan, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi qabul qilinganining 75-yilligi, EXHTning Xelsinki bitimi qabul qilinganining 50-yilligi, MDHning Insonning asosiy huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi konvensiyasining 30-yilligi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Asosiy huquqlar xartiyasining 25-yilligi nishonlanmoqda. Ushbu hujjatlar ham inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy xalqaro tizimi uchun tayanch ustunlar hisoblanadi.

Yangi O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mintaqaviy tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda. Joriy yilda yangi tashkil etilgan MDHning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘zbekiston vakili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasida IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi tarkibiga 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan davr uchun saylandi.

Iyun oyida Bryusselda Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va ular bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha "O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi" kichik qo‘mitasining 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Inson huquqlari – zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyoti darajasini ko‘rsatib turuvchi mezondir. Afsuski, dunyoda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy o‘zgarishlar va qurolli mojarolar inson huquqlari masalalariga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ma’lumki, Vena deklaratsiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha harakatlar dasturi har bir davlatga inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejalarini qabul qilishni tavsiya etgan.

Bugungi kunda dunyoning 80 ta mamlakatida inson huquqlari sohasida 150 dan ortiq milliy reja (strategiya) qabul qilingan. Ular turli darajalarda: prezidentlar, parlamentlar, hukumatlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, amal qilish muddati ham qisqa, o‘rta yoki uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining bu boradagi tajribasi juda e’tiborga loyiq. Markaziy Osiyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida "Davlat inson huquqlarini hurmat qiladi va ta’minlaydi" tamoyili aniq belgilab qo‘yilgan. Qozog‘istonda 2023-yilda Prezident tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasidagi uchinchi harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda. Qirg‘iziston hukumati 2022-2024-yillar uchun Inson huquqlari bo‘yicha harakatlar rejasini qabul qildi va amalga oshirdi. Tojikiston hukumati 2023-yilda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani qabul qildi. Turkmaniston Prezidenti tomonidan 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi 2020-yilda qabul qilingan bo‘lib, bu sohadagi ilk hujjat hisoblanadi. Milliy strategiyada belgilangan vazifalarni bajarish doirasida bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bor shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi takomillashtirildi.

Milliy strategiya doirasida, shuningdek, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonunchilik asoslari yaratildi, majburiy mehnat va bolalar mehnati bartaraf etildi. Bularning barchasi islohotlarni tizimlashtirish va xalqaro majburiyatlarni, jumladan Barqaror rivojlanish maqsadlarini, ayniqsa, tinchlik, adolat va samarali institutlarga doir 16-maqsadni amalga oshirishga yo‘lida muhim qadamlar bo‘ldi.

Milliy strategiyani amalga oshirish doirasida so‘nggi to‘rt yil ichida inson huquqlarini himoya qilishga bevosita aloqador ikkita kodeks, o‘ttiz uchta qonun, o‘n beshta farmon va Vazirlar Mahkamasining o‘n bitta qarori qabul qilindi. Faqatgina 2025-yilning o‘tgan davrida odam savdosi jinoyati uchun jazoni kuchaytirish, oila va ayollarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ushlab turilgan shaxslarga nisbatan qiynoqlarning oldini olish bilan bog‘liq bir qator qonunlar qabul qilindi, Din sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi.

Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalari soni yigirma beshtaga yetdi. BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi 2021-yilda ratifikatsiya qilindi.

BMTning fuqarosizlikni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalariga muvofiq tarixiy yutuqlarga erishildi. 1991-yildan 2016-yilgacha bor-yo‘g‘i 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2017-yildan 2024-yilgacha 80 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘ldi. Bu mamlakatimizdagi insonparvar siyosat jamiyatning hamma qatlamlarini qamrab olishga va inson qadr-qimmatini tom ma’noda hurmat qilishga qaratilganini baralla namoyon etadi.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash va uning maxsus tartib-taomillari bilan faol hamkorlik davom etmoqda. O‘zbekiston BMTning turli organlari tavsiyalari asosida yettita milliy harakat rejasini ishlab chiqdi va amalga oshirmoqda. Bular, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish; ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi kurashish; iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar; nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari; Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar tavsiyalarini amalga oshirish; terrorizmga qarshi kurashish va bola huquqlari bo‘yicha rejalardir.

Bundan tashqari, BMTning Munosib uy-joy masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B.Radjagopalning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirish uchun "Yo‘l xaritasi" loyihasi tayyorlandi.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi va Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish doirasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab, jumladan, barcha viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlarda 3 mingga yaqin huquq-tartibot idoralari xodimi – tergovchilar, prokurorlar, sudyalar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etdi.

Inson huquqlari masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘quv salohiyatini oshirish maqsadida Milliy markaz Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti hamda O‘zbekiston Notarial palatasi bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.

 

Inson huquqlari sohasidagi istiqbollar

 

"Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili" Davlat dasturi doirasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha yangi Milliy strategiya loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda ilg‘or xalqaro tajriba, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari, shuningdek, o‘tgan davr mobaynida shakllangan milliy amaliyot inobatga olindi. Hujjatda O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish doirasida taqdim etilgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha organlari tavsiyalari ham o‘z aksini topdi.

Strategiya loyihasini tayyorlash jarayoni ochiq va inklyuziv tarzda olib borildi. Davlat dasturida Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi mas’ul ijrochilar sifatida belgilangan bo‘lsa-da, loyihani tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhga qo‘shimcha ravishda Oliy sud, Parlament ombudsmani, Bolalar ombudsmani, Biznes-ombudsman va Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillari ham jalb etildi.

Birinchi bosqichda 50 dan ortiq davlat va nodavlat notijorat tashkilotidan 150 dan ziyod taklif olindi. Ikkinchi bosqichda loyiha 30 ta davlat va jamoat institutining ekspertlik mulohazalari asosida takomillashtirildi. Uchinchi bosqichda O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz huzuridagi Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash majlislarida hamda ilmiy anjumanlarda muhokama o‘tkazildi.

Jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish maqsadida loyiha joriy yilning 18-aprelidan 3-mayiga qadar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Hujjat joylashtirilgan davr mobaynida 3063 marta ko‘rib chiqildi va loyiha matni yuzasidan 180 ta taklif, jumladan 11 ta izoh keldi.

Bundan tashqari, Milliy maslahatlashuvlar doirasida Milliy strategiya loyihasi vazirlik va idoralar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida muhokama etildi. Shuningdek, Milliy strategiya loyihasi xalqaro maslahatlashuvlar jarayonida diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan birga ko‘rib chiqildi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, YEXHT va BMTning O‘zbekistondagi mamlakat jamoasidan tavsiyalar olindi.

Milliy strategiya loyihasi haqida bir qator xalqaro tadbirlar doirasida ma’lumot berildi. Bu o‘rinda, jumladan:

·  XIII Peterburg xalqaro huquqshunoslik forumi doirasida tashkil etilgan "Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining namunaviy qonun ijodkorligi istiqbollari: muloqot va yechimlar" mavzusidagi davra suhbati;

·  Doha shahrida (Qatar) bo‘lib o‘tgan "Sun’iy intellekt va inson huquqlari: imkoniyatlar, xavf-xatarlar va yorqin kelajak tasavvuri" mavzusidagi xalqaro anjuman;

·  Ostona shahrida (Qozog‘iston) o‘tkazilgan "Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar: qonun va huquqiy tartibot" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya;

·  Boku shahrida (Ozarbayjon) tashkil etilgan "Qonun ustuvorligini mustahkamlash: ombudsmanlar va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli" mavzusidagi xalqaro simpozium;

·  Sian shahrida (Xitoy) “Inson huquqlarini birgalikda rivojlantirish yo‘lida sivilizatsiyalararo almashinuvni chuqurlashtirish va o‘zaro boyitish" mavzusida o‘tkazilgan "Xitoy – Markaziy Osiyo" inson huquqlarini rivojlantirish forumi – 2025";

·  Jenevada (Shveysariya) bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 144-sessiyasi shular sirasiga kiradi.

Xulosa qilib aytganda, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya loyihasi oltita ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi. Birinchidan, shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish. Ikkinchidan, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarni ta’minlash. Uchinchidan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash – bu eng faol yo‘nalish hisoblanadi. To‘rtinchidan, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati sohasidagi milliy institutlarni rivojlantirish. Beshinchidan, inson huquqlari sohasidagi ma’rifat va ta’limga katta e’tibor qaratish. Oltinchidan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikka alohida ahamiyat berish.

Inson huquqlari bo‘yicha yangi Milliy strategiyada taklif etilayotgan vazifalarni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini qo‘llash mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini samarali amalga oshirish, shuningdek, insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashni ko‘zda tutadi.

 

Akmal Saidov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori,

akademik

“Kuch-adolatda” gazetasining 2025-yil 15-avgust kungi №35(1069) - soni

Powered by GSpeech