2025 yil 15 avgustda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessida majburlov choralari instituti takomillashtirilayotganligi munosabati bilan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan protsessual qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlar bartaraf etildi.
– Jinoyat protsessual qonunchiligida jinoyat protsessi ishtirokchilarining O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklashni nazarda tutuvchi norma mavjud emasligi ularning mamlakat hududini tark etib, surishtiruv, tergov va suddan bo‘yin tovlashiga sabab bo‘layotgan edi, – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Zumrad Bekatova. – Bu esa, o‘z navbatida, tergov va sud jarayonlarining cho‘zilishiga, fuqarolarning buzilgan huquqlari o‘z vaqtida tiklanishiga to‘sqinlik qilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, keyingi to‘rt yilda jinoyat sodir qilib, tergov va sudlardan yashiringan 39 ming 38 nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Eng achinarlisi, shulardan 17 ming 535 nafari yoki 44,9 foizi O‘zbekistondan chiqib ketgan. Shu bois, ushbu shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan.
Shu sababli, jinoyat sodir etgan shaxsning mamlakatimiz chegarasini tark etib, surishtiruv, dastlabki tergov yoxud suddan uzrli sabablarsiz bo‘yin tovlashi mumkinligiga yetarli asoslar mavjud bo‘lganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ularning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash tartibini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan yangi qonun 6 moddadan iborat. Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga hamda “Prokuratura to‘g‘risida” va “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Jinoyat-protsessual kodeksi shaxsning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yishni nazarda tutuvchi majburlov chorasi ko‘rsatilgan yangi bob bilan to‘ldirildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish maqsadi va asoslari, chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish, chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish, sud ajrimi, chiqish huquqini vaqtincha cheklashni bekor qilish bilan bog‘liq moddalar qamrab olingan.
Kodeksning boshqa moddalariga ham yuqoridagi qayd etilganlardan kelib chiqib, sudning, tergov sudyasining, tergovchining, surishtiruvchining iltimosnomasiga asosan pasportning amal qilishini to‘xtatib turish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish yoki cheklashni rad etish, sud hukm chiqarishda sudlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash tarzidagi protsessual majburlov chorasini bekor qilish masalasini ham hal etishi lozimligi nazarda tutilgan qo‘shimchalar kiritildi.
“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, sudlar tomonidan pasportning amal qilishini to‘xtatib turish haqida iltimosnomani ko‘rib chiqish bilan bog‘liq norma kiritilgan. Biroq, qonunda ushbu vakolat nazarda tutilmagan.
Shunga ko‘ra, qonunga fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudining, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudining vakolatlari qatoriga pasportning amal qilishini to‘xtatib turish haqida iltimosnomani ko‘rib chiqish bilan bog‘liq qo‘shimcha kiritildi.
“Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, prokuror tomonidan pasportning amal qilishini to‘xtatib turish haqida iltimosnomani ko‘rib chiqish va rozi bo‘lgan taqdirda sudlarga kiritishga oid norma mavjud bo‘lsa-da, qonunda ushbu vakolat nazarda tutilmagan.
Shu bois, yangi qonun bilan prokurorning vakolatlari qatoriga pasportning amal qilishini to‘xtatib turish haqida iltimosnomani ko‘rib chiqish va rozi bo‘lgan taqdirda sudlarga kiritish bilan bog‘liq qo‘shimcha kiritildi.
Qonun bilan joriy etilgan yangi institutlar odil sudlov sifatini oshirib, sud ish yurituvi takomillashishiga asos yaratdi.
Shu bilan birga, qonun shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 22.08.2025
- Ko'rishlar: 137
- Chop etish