“Tinchlik va kelajakka yo‘l – huquq orqali”

12-sentyabrda Ostona shahrida shu mavzuda konstitutsiyaviy odil sudlov bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Ushbu xalqaro anjuman Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-yilligiga bag‘ishlandi.

Forumda Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridagi 15 ta mamlakatning konstitutsiyaviy nazorat organlari raislari va sudyalari, inson huquqlari bo‘yicha vakillari, yetakchi huquqshunos olimlar va huquq himoyachilari, xalqaro tashkilotlar namoyandalari, shuningdek, Qozog‘iston markaziy davlat organlari rahbarlari, advokatlar hamda ilmiy hamjamiyat vakillari ishtirok etdi. Xalqaro anjumanda jami 150 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Elvira Azimova Forum yalpi majlisini ochar ekan, ushbu xalqaro anjumanning dolzarbligi huquqning o‘rni va ahamiyati borasida nafaqat bitta mamlakat doirasida, balki butun jahon hamjamiyati ko‘lamida chuqur fikr-mulohaza yuritish taqozo etilayotgani bilan bevosita bog‘liq ekanini qayd etdi. Nega deganda, global tahdidlar tobora keskinlashib borayotgan hozirgi davrda huquq – tinchlik-osoyishtalikni saqlash va nizolarni hal etishning eng ishonchli vositasidir. Huquq jamiyat hayotida vazminlikni ta’minlaydi, bu esa barqarorlik va taraqqiyotning hal qiluvchi sharti hisoblanadi.

Yalpi majlisda Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) prezidenti Kler Bazi Malori, Birlashgan Arab Amirliklari Federal oliy sudi raisi Muhammad Hamad Muhammad al-Badiy al-Zahriy, Zimbabve Oliy sudi raisi Lyuk Malaba, Mongoliya Konstitutsiyaviy sudi raisi Bayasgalan Gungaa va boshqalar so‘zga chiqdi. Notiqlar Qozog‘iston xalqini Konstitutsiyaning 30-yilligi bilan tabriklab, yer yuzida tinchlikni va davlatlar osoyishtaligini saqlashda qonun ustuvorligi, inson huquqlari himoyasini ta’minlash va Konstitutsiyaviy sudlar faoliyati katta o‘rin tutishini e’tirof etdilar.

Forum o‘z ishini mavzular bo‘yicha uchta sessiyada va netvorking shaklidagi alohida sho‘bada davom ettirdi. Ishtirokchilar kasbiy hamkorlikni mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni almashish yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Xususan, Forumning “Konstitutsiyaviy o‘ziga xoslik va huquqiy iqlim: yosh avlod tarbiyasi” deb nomlangan uchinchi sessiyasida milliy o‘zlikning uzviy qismi hisoblanuvchi huquqiy ongni va qonunga hurmat ruhini shakllantirish masalalari haqida so‘z bordi. Mamlakatning barqaror taraqqiy etishida huquqiy madaniyat o‘ziga xos mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi, bunda huquqiy ta’lim, oilaviy tarbiya, jamiyat ma’rifati va davlat institutlarining salohiyati muhim o‘rin tutishiga e’tibor qaratildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov dastavval 2023 yili umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini hayotga izchil tatbiq etish jarayonlari haqida muxtasar fikr yuritdi. Konstitutsiya asosida ishlab chiqilayotgan qonunlar va ularning bajarilishi ustidan o‘rnatilgan parlament nazorati, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasining amalga oshirilishi samaralari xususida to‘xtaldi.

O‘zbek olimi, shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlarini rivojlantirish va himoya qilish sohasidagi xalqaro majburiyatlarini inobatga olgan holda, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda inson huquqlari bo‘yicha yangi Milliy strategiya loyihasi tayyorlangani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bu boradagi dastlabki Milliy strategiya doirasida o‘tgan to‘rt yil davomida, jumladan, huquqiy madaniyat va ma’rifat, inson huquqlari ta’limi darajasini yaxshilash borasida salmoqli natijalarga erishilgani ta’kidlandi.

Akademik A.Saidovning fikricha, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda huquqiy ong va huquqiy madaniyat, huquqiy ta’lim va konstitutsiyaviy vatanparvarlik tushunchalarining o‘rni hamda ahamiyatiga doimiy ravishda e’tibor qaratilishi lozim. Binobarin, “konstitutsiyaviy vatanparvarlik” tushunchasining tub mazmun-mohiyati shuki, bunda fuqarolar o‘z Vatani va xalqini, uning tarixi, madaniyati, azaliy qadriyatlari va huquqiy an’analarini faqat sevish hamda hurmat qilish bilangina cheklanib qolmaydi. Balki ular zimmasidagi konstitutsiyaviy majburiyatlarni halollik va ulkan mas’uliyat bilan ado etish orqali Konstitutsiyada qayd etilgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish ishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishga intiladi.

Konstitutsiyaviy vatanparvarlik va huquqiy madaniyat targ‘iboti uzviy bog‘liqlikda hamda yoshlarning huquqiy ma’rifati, tarbiyasi va ta’limini yangi davr talablariga mos tarzda kuchaytirish orqali amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Chunki har qanday qonun avvalo uni bilish va hurmat qilish, unga so‘zsiz rioya etish orqali tom ma’noda qonuniylik kasb etadi. Konstitutsiyaning normalarini ham aynan ana shu ongli itoatkorlik harakatga keltiradi, dedi A.Saidov.

Ostona xalqaro forumi konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida xalqaro hamkorlik va  o‘zaro tajriba almashish juda muhimligini, ayniqsa, milliy huquq tizimlarini rivojlantirishda bunday muloqotlar katta ahamiyat kasb etishini amalda tasdiqladi. Forum Qozog‘iston va xorijiy mamlakatlar Konstitutsiyaviy sud tizimi, davlat hokimiyati idoralari hamda ilmiy hamjamiyatlari vakillari o‘rtasida professional muloqot maydoniga aylandi.

Ma’lumot uchun: bugungi kunda dunyoning 120 mamlakatida Konstitutsiyaviy sud va shunga o‘xshash konstitutsiyaviy nazorat organlari faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan Konstitutsiyaviy sudlar va konstitutsiyaviy nazorat organlarining Butunjahon konferensiyasiga asos solingan.

Bu Konferensiyaning ishchi organi – Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) hisoblanadi. Venetsiya komissiyasi – Yevropa Ittifoqining maslahatlashuvchi organi bo‘lib, unga 119 ta davlat a’zodir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech