“Xalqaro dengiz kuni”: insoniyat zimmasidagi burch

Dengiz va okeanlar insoniyat uchun ekologik “nafas yo‘li”, biologik xilma-xillikning asosiy manbai, oziq-ovqat, transport va iqtisodiyotning muhim tayanchi hisoblanadi. Ular sayyoramiz sirtining 70 foizdan ortiq qismini qamrab olib, atmosferadagi kislorodning 50–80 foizini ishlab chiqaradi, iqlim barqarorligini ta’minlaydi.

Xalqaro dengiz kuni (World Maritime Day) har yili dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi.

Bu sana oddiy bayram emas, balki insoniyatning global ekologik muammolar oldidagi mas’uliyatini eslatib turuvchi muhim voqelikdir.

U BMTning rasmiy bayramlari qatoriga kirib, asosiy maqsadi – xalqaro hamjamiyat e’tiborini dengiz va okeanlarni muhofaza qilishga, ularning ekologik barqarorligini saqlashga, noyob turlarni asrab-avaylashga hamda ifloslanishga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan.

Ilgari bu kun 17-martda nishonlanib kelinar edi. 1987-yilda Xalqaro Dengiz Tashkiloti (IMO)ning 10-sessiyasida bayram sanasi 25-sentyabrga ko‘chirildi.

Bugungi kunda ushbu sana dengizchilar, ekologlar, siyosatchilar va keng jamoatchilik ishtirokida turli tadbirlar bilan nishonlanadi. Dengiz muhitini muhofaza qilish milliy choralar bilan cheklanmaydi.

Bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. 1973-yilda qabul qilinib, 1978-yilda protokol bilan to‘ldirilgan MARPOL konvensiyasi (MARPOL 73/78) kemalardan kelib chiqadigan ifloslanishning oldini olishga qaratilgan. U neft va neft mahsulotlari, kimyoviy moddalar, chiqindilar, oqava suvlar, zararli gazlar va boshqa xavfli chiqindilarni nazorat qilish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Uning ijrosini muvofiqlashtirishda IMO markaziy rol o‘ynaydi.

IMO – BMTning maxsus agentligi bo‘lib, dengiz transporti xavfsizligi va muhit muhofazasi bo‘yicha xalqaro standartlar ishlab chiqadi va ularning bajarilishini nazorat qiladi. Oxirgi yillarda uglerod chiqindilarini kamaytirish, mikroplastik, shovqinli ifloslanish va bioxilma-xillikni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, UNCLOS (1982), Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya (1992), Bazel konvensiyasi (1989), London konvensiyasi va protokoli, Stokgolm konvensiyasi (2001) ham dengiz muhitini asrab qolishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Biroq insoniyat faoliyati dengizlar taqdirini xavf ostiga qo‘ymoqda. Asosiy muammolar:

• har yili 8 mln tonna plastik chiqindilar okeanlarga tushishi;

• haddan tashqari baliq ovlash oqibatida ekotizimning izdan chiqishi;

• iqlim o‘zgarishi tufayli suv sathining ko‘tarilishi va kislorodning kamayishi;

• tijorat baliq turlarining 90 foizdan ortiq qismi ortiqcha ekspluatatsiya qilinishi.

Bu muammolarni hal etish uchun BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) doirasida 14-maqsad – “Hayot dengizda”ni belgilagan. 2030-yilga qadar ifloslanishni kamaytirish, bioxilma-xillikni asrash va barqaror baliqchilikni ta’minlash rejalashtirilgan.

O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmasa-da, ekologik muammolardan mustasno emas. Eng yorqin misol – Orol dengizi fojiasi. Amudaryo va Sirdaryoning suvini ortiqcha sug‘orishga yo‘naltirish oqibatida butun mintaqaning ekologik va ijtimoiy barqarorligi izdan chiqdi.

Xalqaro hamjamiyat Orolbo‘yi barqarorligini tiklash uchun turli dasturlarni amalga oshirmoqda. 2021-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi Orolbo‘yini “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e’lon qildi. Bu tashabbus doirasida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston MARPOL konvensiyasida bevosita ishtirok etmasa-da, BMTning bioxilma-xillik va iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi konvensiyalariga faol a’zo. Shu orqali mamlakat global ekologik harakatlarga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Eksport va importning katta qismi dengiz yo‘llari orqali amalga oshiriladi. Shu bois IMO tomonidan belgilangan xavfsizlik standartlari O‘zbekiston manfaatlari uchun ham muhimdir. 2023-yilda Prezident Mirziyoyev Turkmanistondagi xalqaro anjumanda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar uchun adolatli shart-sharoit yaratish va yangi tranzit yo‘llarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Xalqaro dengiz kuni O‘zbekiston uchun ham dolzarbdir. Chunki u nafaqat okeanlarni asrash, balki barcha ekotizimlarning o‘zaro bog‘liqligini yodga soladi. Orolbo‘yi fojiasi shuni ko‘rsatadiki, suv resurslariga beparvo munosabat mahalliy va global miqyosda halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Demak, dengiz va suv resurslaini muhofaza qilish – umumiy mas’uliyatdir.

Amirbek HOMIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy

markaz xodimi

Powered by GSpeech