YANGI O‘ZBEKISTON VA BEPUL YURIDIK YORDAM

Yuridik yordam olish imkoniyati barcha uchun adolatli sudlovni ta’minlashning asosiy tarkibiy qismidir. Jamiyatni barpo etish va uning rivojlanishini ta’minlashda adolatli sudlovdan foydalanishning muhim o‘rni rivojlanishning barcha bosqichlaridagi mamlakatlarga daxldor bo‘lib, bu masala 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibining 16-barqaror rivojlanish maqsadida e’tirof etilgan.

Butun dunyoda yuqori xarajatlar, xabardorlikning yetishmasligi va geografik cheklovlar kabi omillar tufayli ko‘pchilik yuridik xizmatlardan foydalanishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda. Bu to‘siqlar aksariyat hollarda odamlarning o‘z huquqlarini himoya qila bilmasligiga, huquqlarini muhofaza qilish uchun murojaat qila olmasligiga yoki sud tizimining murakkabliklarini yengib o‘tishda qiynalishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda bepul yuridik yordam ko‘rsatish sud-huquq islohotlarining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 29-moddasida: "Har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi", deb belgilangan.

 

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish

 

Yangi O‘zbekistonda aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatda qonun ustuvorligini mustahkamlash, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ilgari surish hamda himoya qilish, shuningdek, odil sudlov tizimi samaradorligini xalqaro standartlarga muvofiq oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar dasturi hayotga tatbiq etilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida bepul yuridik yordam to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish ko‘zda tutilgandi. Qonun loyihasini tayyorlashda Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz hamda Advokatlar palatasi faol ishtirok etdi. Ta’kidlash joizki, Milliy markaz maxsus qonun qabul qilish tashabbusini ilgari surdi va muqobil qonun loyihasini ishlab chiqdi.

2023 yilda "Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. U fuqarolarga davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqini kafolatlaydi, bunday yordamni ko‘rsatish tamoyillari va tartibini belgilaydi. Ushbu Qonun:

birinchidan, fuqarolik, ma’muriy ishlar va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam ro‘yxatiga kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. Natijada 2023-2025 yillarda advokatlar tomonidan davlat hisobidan 266 ming 661 nafar fuqaroga yuridik yordam ko‘rsatildi, buning uchun jami 153,8 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Ikkinchidan, davlat yuridik yordamini olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasini kengaytirdi, bepul yuridik yordam qamrovini kam ta’minlangan fuqarolarga, ruhiy yordam olayotgan shaxslarga va gender tenglik sohasida huquqlari buzilgan shaxslarga kengaytirdi. Qonunda fuqarolarning ushbu toifasi uchun ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar bo‘yicha bepul yuridik yordam ko‘rsatish nazarda tutilgan.

Bular jumlasiga nafaqalar tayinlash, ishga tiklash, ish haqi yoki aliment undirish, uy-joyga joylashtirish kabi masalalar kiradi. Hozirgi kunda "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga taxminan 605 ming kam ta’minlangan oila kiritilgan.

Uchinchidan, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestrini yuritishning shaffof mexanizmlarini joriy etdi. Ushbu reyestrga bunday yordam ko‘rsatish istagini bildirgan advokatlar kiritiladi va reyestrga kiritilgan advokatlar haqidagi ma’lumotlar ochiq tarzda taqdim etiladi.

Yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokat tanlash jarayoni "Yuridik yordam" axborot tizimi orqali avtomatik tarzda, inson aralashuvisiz amalga oshiriladi. Bugungi kunda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatayotgan advokatlar soni 2 ming 569 nafar bo‘lib, bu jami advokatlarning 37 foizini tashkil etadi.

To‘rtinchidan, aholiga sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar uchun jinoyat ishlarida himoyachi sifatida ishtirok etish standarti ishlab chiqildi. Ushbu standart advokatning himoyachi sifatida ishtirok etishida yagona yondashuvlar va minimal talablarni shakllantirish maqsadida tayyorlandi.

Binobarin, 2024-2025 yillarda 6 ming 788 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilib, ular reabilitatsiya qilindi.

 

Bepul yuridik yordam: qiyinchiliklar va yechim yo‘llari

 

Birinchi muammo advokatlarning davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishdan manfaatdor emasligi bo‘lib, bu to‘lov miqdorining yetarli emasligi bilan bog‘liq. Hozirgi vaqtda advokatlarning kunlik ishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi (206 ming so‘m) miqdorida haq to‘lanadi.

Taqqoslash uchun: Qozog‘istonda bir soat uchun 4 ming 245 tenge (99 ming so‘m), Ozarbayjonda bir soat uchun 6 manat (43 ming so‘m), Rossiya Federatsiyasida bir kunlik ishtirok uchun 930 dan 2 ming 480 rublgacha (140 ming so‘mdan 374 ming so‘mgacha) to‘lanadi.

Ikkinchi muammo – mamlakatning tez o‘sib borayotgan aholisini yuridik xizmatlar bilan qamrab olish uchun advokatlar yetishmasligi. Advokatlar sonini ko‘paytirish maqsadida sohaga yosh mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha quyidagi aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi:

birinchidan, advokatlik guvohnomasini olish uchun majburiy amaliyot muddati 6 oydan 3 oygacha qisqartirildi. Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmat xodimlari hamda kamida uch yil sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimlarida ishlagan shaxslar majburiy amaliyotdan o‘tishdan ozod etiladi;

ikkinchidan, advokatura sohasiga malakali kadrlarni jalb etish maqsadida "Advokatura to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish talabi bekor qilindi. O‘tgan uch yil ichida advokatlar soni 4 ming 613 nafardan 6 ming 874 nafarga (33 foiz o‘sish), yosh advokatlar (30 yoshgacha) soni esa 30 nafardan 491 nafarga (94 foiz o‘sish) ko‘paydi;

uchinchidan, advokatura sohasiga yosh malakali kadrlarni jalb qilish va ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Advokatlar palatasi qoshida "Yosh advokatlar" jamoat kengashi tashkil etildi;

to‘rtinchidan, axborot texnologiyalarini samarali joriy etish natijasida advokatura faoliyati to‘liq raqamlashtirildi. Advokatlik litsenziyasini olish, advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va tugatish, malaka imtihonini topshirish, advokatlar reyestrini shakllantirish jarayonlari faqat elektron tarzda, inson omilisiz amalga oshirilmoqda.

"Yuridik yordam" axborot tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, u bir qator imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi. Bu o‘rinda: fuqarolar bilan onlayn muloqot qilish, masofadan turib bitimlar tuzish va yuridik xizmatlar ko‘rsatish; advokatlar, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va vazirliklar o‘rtasida elektron hujjat aylanishi; tergov harakati yoki sud majlisi o‘tkaziladigan vaqt va joy haqida advokatni elektron tarzda xabardor qilish; advokat so‘rovi asosida yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokat so‘rovnomasini yuborish va zarur hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish kabi imkoniyatlar haqida so‘z bormoqda.

Hozirgi vaqtda advokatlar ayni Tizim orqali 8 turdagi davlat xizmatidan foydalanmoqda, shuningdek, sud-ekspertiza tashkilotlarida ekspertiza o‘tkazishni so‘rash va shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

 Bundan tashqari, advokatlarning malakasini onlayn oshirish va maxsus "Elektron advokatlik orderi" berish nazarda tutilgan. Bu order an’anaviy advokatlik orderiga teng yuridik kuchga ega bo‘lgan maxsus QR-kod bilan ta’minlangan. 2023-2025 yillarda advokatlar tomonidan jami 478 mingta elektron order shakllantirildi.

Uchinchi muammo tizimli asosda bepul yuridik yordam ko‘rsatishdagi qiyinchiliklar. Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga ko‘maklashish, shuningdek, aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida butun mamlakat bo‘ylab 60 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda.

Shu munosabat bilan tuman va shaharlarda 140 dan ortiq byuroga ega bo‘lgan "Madad" NNT faoliyatini alohida ta’kidlash lozim. 2019 yildan 2025 yilgacha "Madad" NNT tomonidan 1,6 milliondan ortiq fuqaroga bepul yuridik yordam ko‘rsatildi, davlat organlari bilan hamkorlikda aholining huquqiy ongini oshirishga qaratilgan 30 mingdan ziyod ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida "Advice.uz" huquqiy axborot portali ishlab chiqilgan. Undan foydalanuvchilar soni qariyb 10 million kishini, o‘rtacha kunlik auditoriyasi esa 12 ming kishini tashkil etadi.

To‘rtinchi muammo yuridik klinikalar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik yordamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirishning yo‘qligi, shu jumladan amaliyotchi yuristlardan iborat malakali murabbiylarni jalb qilish uchun mablag‘ mavjud emasligidir.

Yuridik klinikalar ko‘plab mamlakatlarda yuridik yordam tizimining muhim qismi hisoblanadi. O‘zbekistonda ayrim universitetlar negizida yuridik klinikalar faoliyat yuritmoqda. Xususan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi yuridik klinikalar huquqiy yordam ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi huzuridagi yuridik klinikaga murojaat qilgan shaxslar mehnat huquqlarini himoya qilishda bepul yuridik yordam olmoqdalar. Yuridik klinika faoliyatiga oliy ta’lim muassasalari talabalari, shuningdek, kasaba uyushmasi faollari va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilaridan iborat murabbiy-yo‘riqchilar jalb etilgan.

 

Davlat organlari va bepul yuridik yordam

 

Davlat organlari va tashkilotlari aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Har bir davlat organi o‘z vazifalari va funksiyalaridan kelib chiqqan holda aholiga bepul yuridik yordam taqdim etadi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi Farmoniga muvofiq adliya organlari aholiga, eng avvalo, "Temir daftar", "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari", "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" va "Kam ta’minlangan oilalar reyestri" axborot tizimlariga kiritilgan fuqarolarga birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlaydi. Joylardagi adliya organlari tomonidan 2024-2025 yillarda aholining 1 milliondan ortiq huquqiy muammolari aniqlangan bo‘lib, ulardan 990 mingdan ortig‘i hal etilgan.

"Onlayn-mahalla" platformasi orqali adliya organlariga kelib tushgan 95,1 mingta huquqiy muammo ko‘rib chiqildi, ulardan 88,7 mingtasi ijobiy hal etildi. "Adliya kunlari" doirasida 14,2 mingta tadbir o‘tkazilib, bunda butun mamlakat bo‘ylab 13,5 mingta mahalladagi  2,9 million xonadon qamrab olindi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2000-2025 yillar davomida qariyb 27 ming jismoniy va yuridik shaxsga bepul huquqiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 15 mingdan ortiq fuqaroga telefon orqali huquqiy maslahatlar berildi.

 

Bepul yuridik yordam va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik

 

O‘zbekiston bepul yuridik yordamni targ‘ib qilishda xalqaro sheriklar bilan hamkorlikka katta e’tibor qaratadi. Adliya vazirligi va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) BMTning Taraqqiyot dasturi O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda "O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlari himoyasini mustahkamlash" loyihasi doirasida quyidagi tadbirlarni amalga oshirdi:

birinchidan, aholiga, ayniqsa oilaviy va gender zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va bolalarga, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlarga moliyaviy ko‘mak berildi;

Respublikaning chekka hududlarida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari moliyaviy yordam oldi, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) vositalari bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, Farg‘ona shahrida joylashgan "Mehrjon" tashkilotiga oilaviy (maishiy) va gender zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va bolalar uchun boshpana (shelter) qurishda yordam ko‘rsatildi.

ikkinchidan, bepul yuridik yordam ko‘rsatish sohasida seminarlar, treninglar va davra suhbatlari o‘tkazildi. Bepul yuridik yordam sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar, advokatlar, Odil sudlov akademiyasi tinglovchilari va Ombudsman xodimlari uchun xalqaro mutaxassislar ishtirokida 30 dan ortiq seminar, trening va davra suhbatlari tashkil etildi.

Yuridik klinikalar talabalari uchun 2023-2025 yillarda bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha yozgi maktab tashkil etildi. Ushbu yozgi maktabda 83 nafar talaba ishtirok etdi;

uchinchidan, O‘zbekistonda bepul yuridik yordam tizimini yanada rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Konsepsiyani tayyorlash jarayonida 20 dan ortiq mamlakat tajribasi o‘rganildi, shu jumladan Finlandiya va Gruziyaga tashrif buyurildi. Amaldagi milliy qonunchilik tahlil qilindi, 7 ta qonun hujjatiga o‘zgartirishlar kiritish loyihalari va Hukumat qarorlari loyihasi ishlab chiqildi, ulardan 7 tasi qabul qilindi;

to‘rtinchidan, Adliya vazirligi Finlandiya hukumati bilan hamkorlikda loyihani 2026 yilgacha uzaytirish va qo‘shimcha grant jalb etishni ko‘zda tutmoqda.

Xulosa qilib aytganda, bepul yuridik yordam – jismoniy shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan malakali huquqiy ko‘makdir. Binobarin, Yangi O‘zbekistonda fuqarolarning huquqiy himoyaga bo‘lgan huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatini kuchaytirishga, kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmlarining qonuniy yo‘lga qo‘yilishiga har tomonlama e’tibor qaratilayotgani juda muhim.

 

 

Akmal Saidov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori, akademik

Powered by GSpeech