DAVLAT TILI

Yangi O‘zbekiston xalqini jipslashtirishga xizmat qiladi

 

21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni

 

“Davlat tili faqatgina soha mutaxassislarining emas, balki ko‘pmillatli butun xalqimizning birgalikdagi sa’y-harakatlari, aql-zakovati, ma’naviy-ma’rifiy salohiyati, vatanparvarlik fazilatlari bilan ravnaq topadi”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday deb ta’kidlaydi. Davlat rahbarining fikricha, mamlakatimizda qonunga hurmat va itoat muhitini ta’minlash, jumladan, “Davlat tili haqida”gi qonunni hayotimizga izchil tatbiq qilishda barchamiz yuksak madaniyat va o‘zaro bir-birini anglash tuyg‘usini namoyon etishimiz lozim. 

Bu haqda fikr yuritganda, O‘zbekistonning “Davlat tili haqida”gi qonuni 1989-yil 21-oktyabrda – Mustaqilligimiz e’lon qilinishidan taxminan ikki yil ilgari qabul qilinganini ta’kidlash o‘rinlidir. Vatanimizning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadamlardan hisoblanuvchi ushbu tarixiy voqeaga roppa-rosa 36-yil to‘ldi.

Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish oson kechmagan. Eng asosiysi, o‘sha davrda o‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi.

Shuni ham qayd etish kerakki, 1989-yili “Davlat tili haqida”gi qonunda aks etgan muhim huquqiy qoidalar keyinchalik, 1992-yilda Mustaqillik Qomusi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida quyidagicha mustahkamlandi: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019-yil 21-oktyabrda qabul qilgan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga binoan, 21-oktyabr tarixiy sanasi – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilandi. O‘z navbatida, 2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.

Mamlakatimizda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rniga bu qadar yuksak e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu sana ma’naviy va ma’rifiy, huquqiy va siyosiy jihatdan nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

Hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabrda imzolangan «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga doir istiqboldagi vazifalar ko‘zda tutilgan.

Prezident Farmonida O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Bundan tashqari, o‘zbek tilini yanada rivojlantirishga qaratilgan uchta muhim hujjat:

birinchidan, 2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi;

ikkinchidan, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturi;

 uchinchidan, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Bugungi kunda ana shu hujjatlarda o‘z aksini topgan aniq va qamrovdor vazifalar ijrosini ta’minlash uchun davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida to‘liq davlat tilida ish yuritish bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Zero, mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, "Davlat tili masalasi milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lishi zarur".

O‘zbek tili – O‘zbekiston Respublikasi aholisining mutlaq ko‘pchiligi bo‘lmish o‘zbek xalqining ona tilidir. U O‘zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili ham hisoblanadi. Shu jihatdan, Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.

Yanada muhimi, bu boradagi sa’y-harakatlar, bir tomondan, ushbu sohada to‘planib qolgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Ikkinchi tomondan, yangicha tashabbuslar mamlakatimizda o‘zbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasidagi mas’uliyatli vazifalarning samarali ijrosi uchun nihoyatda zarur.

Ma’lumki, davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarli voqelik. Yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari tasdiqlaydi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida turli tashkilot va idoralarda mehnat qiladigan xodimlarni tizimli asosda o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. O‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan vatandoshlarimiz ushbu Markaz va uning hududiy bo‘limlaridagi bepul o‘quv kurslarida tahsil olmoqda.

O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash hajmi hamda ilmiy tadqiqotlar soni izchil ko‘paydi. Hozirgi kunda qariyb 40 ta oliy o‘quv yurtida ushbu mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida 7 ming nafardan ziyod fan nomzodi va doktori, professor-o‘qituvchilar o‘zbek tili va adabiyotidan dars bermoqda.

Keyingi yillarda ko‘plab idoraviy hujjatlar davlat tiliga o‘tkazildi, 100 mingdan ortiq geografik obyektning nomi davlat reyestriga kiritildi. Yangi paydo bo‘layotgan zamonaviy tushunchalarga nom berish, so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritishni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Atamalar komissiyasining faoliyati tubdan takomillashtirildi. 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tizimi yaratildi. Ayni vaqtda bu tizim tegishli hujjatlarning davlat tili talablariga mos va uslubiy jihatdan puxta tayyorlanishiga xizmat qilmoqda. Qolaversa, rahbarlik lavozimlariga nomzodlarning o‘zbek tili bo‘yicha bilim darajasini aniqlash maqsadida milliy test tizimi ham joriy etildi.

Davlat tili asoslarini chuqur va atroflicha o‘rganishni ta’minlash uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ko‘plab qomus, lug‘at va qo‘llanmalar chop etildi. Ayniqsa, o‘zbek tilini raqamlashtirish borasida jiddiy natijalarga erishilmoqda. O‘zbekcha matnlarni sun’iy intellekt yordamida qayta ishlash va o‘zbek tilida muloqot qilishga mo‘ljallangan “aqlli” dastur ishlab chiqilib, “O‘zbek tili izohli lug‘ati”ning veb-sayti yaratildi.

O‘zbek tilidagi matnlarni tahrir qilish, ularni lotin va kirill yozuviga o‘girish va so‘zlarning lug‘aviy ma’nosini ko‘rsatishga mo‘ljallangan elektron dasturlar amaliyotda faol qo‘llanmoqda. Shuningdek, “Vikipediya” xalqaro internet ensiklopediyasidagi o‘zbekcha ma’lumotlar hajmi keskin ko‘paydi.

O‘tgan yili mamlakatimizda badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etildi va joriy yilda mazkur mukofot uchun tanlov e’lon qilindi. Binobarin, ayni sa’y-harakatlarning barchasi badiiy tarjima til taraqqiyotida – o‘zbek tili va adabiyotini yanada boyitish va dunyoga keng targ‘ib etish borasida nechog‘lik ulkan ahamiyatga egaligini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi.

Mamlakatimizda ahil-inoq yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarining tili, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash bo‘yicha ham amalga oshirilayotgan muhim ishlar haqida fikr yuritganda, 160 ga yaqin milliy madaniy markaz hamda o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani, maktablarimizda ta’lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekani e’tirofga loyiqdir.

Markaziy teleradiokanallar orqali o‘zbek tilini o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘rsatuv va eshittirishlarning muntazam berib borilayotgani yurtimizda yashayotgan boshqa millat vakillarining davlat tilini o‘zlashtirishiga katta hissa qo‘shmoqda. Yurtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda o‘quv mashg‘ulotlari xorijiy tillarda o‘tiladigan ta’lim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim o‘zgarishlar natijasi sanaladi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, yuksak taraqqiy etgan demokratik davlatlarda bo‘lgani kabi – davlat tili butun jamiyatni, tili va millatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarni yagona xalq sifatida birlashtirishga xizmat qilishi zarur. O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Bu borada har qanday xalq uchun o‘ta hassos va ta’sirchan bo‘lgan til masalasida ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, uzoqni o‘ylab, vazminlik bilan ish tutish kerakligini hammamiz yaxshi anglaymiz”.

Shu ma’noda, O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi – Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uchinchi Uyg‘onish davri poydevorini mustahkamlashga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani har qancha tahsinga loyiq.

Ayniqsa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi doirasida o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish, o‘zbek tilini chuqur o‘rganish bo‘yicha ilmiy-nazariy adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar, lug‘atlar maxsus atamalar, ixtisoslik bo‘yicha adabiyotlar yaratish yuzasidan qizg‘in amaliy faoliyatga kirishilgani juda muhim.

Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tilini izchil rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida zimmamizga katta va mas’uliyatli vazifalar yuklangani bejiz emas. Binobarin, ona tili millatning ruhi, borligimiz va birligimiz, davlat timsoli ekanini e’tiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning insoniy burchi hisoblanadi.

 

G‘ulom MIRZO

“Kuch-adolatda” gazetasi 2025-yil 17-oktyabrdagi №43-(1077) soni

Powered by GSpeech