KONSTITUTSIYA: INSON HUQUQLARI VA MANFAATLARI SOHASIDA DAVLAT VA NODAVLAT TASHKILOTLARI HAMKORLIGI
Konstitutsiya va fuqarolik jamiyati
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida so‘nggi yillar davomida amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili yangi paradigma: “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirildi. Bunda, shubhasiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda kuchli faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilaganligi ulkan ahamiyat kasb etdi.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, istiqlol yillarida O‘zbekistonda tom ma’nodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etildi. Konstitutsiyaviy davlat deganda: birinchidan, Konstitutsiyada belgilangan davlat hokimiyati organlari tuzilgani va faoliyati yo‘lga qo‘yilgani; ikkinchidan, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlanayotgani; uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati izchil kengayib borayotganini tushunish lozim.
E’tibor bering: yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasida davlatimiz rahbarining ayni shunday yondashuvi quyidagi normada o‘z aksini topdi: “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”.
Ya’ni, bir tomondan, Asosiy qonunimizga “fuqarolik jamiyati institutlari” iborasi kiritildi. Ikkinchi tomondan, mahallalar va ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari qatorida qayd etildi. Fuqarolik jamiyati institutlarining maqomi konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarilishi, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, butun davlat boshqaruv tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga – “Yangi shaxs”, “Yangi fuqarolik jamiyati”, “Yangi demokratik boshqaruv tizimi” darajasiga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirladi.
Konstitutsiyaviy islohot natijasida barcha masalalar yechimi chinakam xalq ovozi bo‘lgan mahalla darajasiga tushirildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi belgilab qo‘yildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mazkur kafolatning belgilanishi: mahallalarga o‘z hududini mustaqil boshqarish; aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish; hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish; samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish; aholi farovonligini ta’minlash uchun muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.
Adolatli fuqarolik jamiyati va demokratik huquqiy davlatda fuqarolarning huquq va erkinliklari
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi “Inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga asoslanib, unda barcha aholi toifalarining huquq va manfaatlari aks ettirildi. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilindi, inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ortiqqa oshirildi.
Konstitutsiyada davlatning inson huquq va erkinliklariga rioya qilishi, ularni himoya qilishi va ta’minlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratishi bo‘yicha majburiyatlari mustahkamlandi. Konstitutsiya inson huquqlariga oid mezoniy g‘oyalar, prinsiplar, huquq va erkinliklar, shuningdek, burchlarning keng doirasini aks ettiradi.
Konstitutsiyada ta’kidlanishicha, inson huquqlari va erkinliklari tabiiy ajralmas huquq va erkinliklar bo‘lib, unga tug‘ilgan paytidan boshlanadi, oliy qadriyat deb e’tirof etiladi. Har kim yashash huquqiga, shaxsiy xavfsizlik va daxlsizlik, or-nomusini, qadr-qimmatini, yaxshi nomini, fikr va so‘z erkinligini himoya qilish, fikrlar va e’tiqodlarini ifodalash, yashash joyini tanlash huquqiga egadir. Har kim mulkka ega bo‘lishi, undan foydalanishi, tasarruf qilishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
An’anaviy ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar — mehnat qilish, dam olish, bilim olish, salomatligini himoya qilish, tabiiy yordam olish, nafaqalar bilan ta’minlanish huquqlari nazarda tutilgan.
Siyosiy sohada davlat organlariga saylash va saylanish, o‘zining kasb tayyorgarligiga muvofiq va hech bir kamsitilmasdan rasmiy lavozimlarni egallash, axborotlar izlash, olish va tarqatish, davlat organlariga shaxsiy va jamoa murojaatlarini (arznomalarini) yuborish, o‘z millatini erkin ravishda belgilash, jamoat birlashmalariga birlashish huquqi mustahkamlangan.
Hammaning qonun va sud oldidagi tengligi e’tirof etildi. Hech kim o‘ziga va o‘zining yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishi shart emas. Ayblanuvchining aybi belgilangan tartibda isbotlab berilmaguncha u aybdor deb hisoblanmaydi (aybsizlik prszumpsiyasi). Erkinlikning cheklanishiga, shu jumladan hibsga olinishga faqat sud qarori bilan yo‘l qo‘yiladi. Shaxs 48 soatdan ko‘proq muddatga ushlab turilishi mumkin emas.
Qonun buzilgan holda olingan dalillar yuridik kuchga ega emas deb hisoblanadi. Qamoqqa olingan har bir shaxs advokatning (himoyachining) malakali yordamini olish, o‘ziga davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayri qonuniy xatti-harakatlari bilan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplatib olish huquqiga egadir. Hech kim ayni bitta huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgar bo‘lmasligi lozim.
Muhim ahamiyatga ega bo‘lgan shunday yuridik normalar borki, ular kishining o‘z huquqlarini amalga oshirishi boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklarini buzmasligini, jamoat boyligiga, axloqiga, atrof-muhitga zarar yetkazmasligi lozimligini belgilab beradi. Konstitutsiya asosida o‘rnatilgan tuzumni zo‘ravonlik bilan yo‘q qilish yoki o‘zgartirish uchun, irqiy, milliy, sinfiy, diniy nizolarni avj oldirish, zo‘rlik va urushni targ‘ib qilish uchun huquq va erkinliklardan foydalanish qat’iy taqiqlanadi.
Shunday qilib, inson huquqlari — hozirgi zamonning eng dolzarb muammolaridan. Inson huquqlari — jamiyatning eng oliy qadriyatidir. Inson huquqlari — muhim konstitutsiyaviy institut. Inson huquqlari — butun insoniyatning intilishlari, orzu-umidlarini o‘ziga jamlagan keng qamrovli tushunchadir. Inson huquqlari XXI asr taraqqiyotining asosi va davr talabidir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining izchil kengaytirilishi
Konstitutsiyaviy huquqlar doirasi ekologik huquqlar, sog‘liqni saqlash, gender tenglik, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, mamlakatdan chiqish va moneliksiz qaytish, Internetdan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlar himoyasi, oliy ta’lim, bepul yuridik yordam olish, davlat xizmatiga kirishda tenglik, uy-joyga ega bo‘lish, undan mahrum etilganda kompensatsiya olish, bank operatsiyalari va hisobvaraqlarining sir saqlanishi, qonunchilikka oid taklif kiritish kabi huquqlar bilan to‘ldirildi.
Qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish, dam olish, davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olish, shaharsozlik, byudjet sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kabi huquqlarning kiritilishi fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirdi.
“Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat organlari faoliyatida bosh mezon bo‘lishi shart. Shu bois, Konstitutsiyada insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.
Ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirildi, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi. Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun imkoniyat yaratdi.
Alohida ehtiyojlarga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning tashkil etilishi, ularni hamma qatori umumiy maktablarda ham o‘qishini yo‘lga qo‘yilishi Yangi O‘zbekistonda inson qadri tamoyilining amaliy ifodasi hisoblanadi.
O‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish to‘g‘risidagi norma millat va xalq rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirishda asosiy o‘rin tutuvchi o‘qituvchilarning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Konstitutsiyada yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqildi. Muhokamalar davomida yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olishi yoshlar hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini ta’minlashi ta’kidlandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratildi.
Konstitutsiyada mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi mustahkamlandi. Mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlandi. Bu iqtisodiyot barqaror o‘sishi, farovon hayotimiz tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarimizning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratadi.
Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks choralar belgilandi. Davlatning atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha choralarni amalga oshirishi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yildi. Shu bilan birga Hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi mas’uliyati belgilandi.
Konstitutsiyaning ushbu normalari tabiiy zaxiralar qisqarayotgan, global iqlim o‘zgarishi, ekologiya va tabiat bilan bog‘liq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlandi. Xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat organlari e’tiboriga olib chiqayotgan ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish javobgarlikka sabab bo‘lishi haqidagi qoida Konstitutsiya bilan muhrlanishi mamlakatda so‘z va axborot erkinligini yanada yuksalishini ta’minlaydi.
O‘z navbatida, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 56-moddasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga bag‘ishlangan normalarning mustahkamlanishi davlatning inson huquq va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilishga, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishga qat’iy sodiqligini namoyon etadi hamda ushbu huquqiy amaliyot ilg‘or xalqaro va xorijiy tajribaga to‘la mos keladi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga ko‘maklashadi va ularga inson huquqlari sohasidagi samaradorlik darajasini oshirishda har tomonlama yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilandi. Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilandi. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi, davlat organlarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda mas’uliyatini oshiradi hamda insonga me’yoridan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishining oldini oladi.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik
«Kuch – adolatda» gazetasining 2025-yil 5-dekabr kungi 49 (1083)-soni
Ўзбекча
English
Русский