KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHNING XALQARO STANDARTLARI: QONUN USTUVORLIGI VA JAZO MUQARRARLIGI
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni
Korrupsiya jamiyat va davlatga keng ko‘lamli vayronkor ta’sir ko‘rsatadigan yashirin xavfdir. U demokratiya, qonun ustuvorligi va bozor iqtisodiyotiga katta zarar yetkazadi, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi. Korrupsiya oqibatida aholining farovonligi, yashash darajasi va sifati pasayib, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va insoniyat xavfsizligiga boshqa tahdidlar keng tarqaladi.
Ushbu zararli hodisa katta-yu kichik barcha mamlakatlarda mavjud, ammo rivojlanayotgan mamlakatlarda korrupsiyaning xatari halokatlidir. Korrupsiya aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, zaif qatlamlariga ko‘proq zarar yetkazadi. Chunki u dastlab mamlakatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan mablag‘larga chang soladi, hukumatlarni esa asosiy xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyatidan mahrum qiladi. Korrupsiya past iqtisodiy ko‘rsatkichlarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib, kambag‘allikni qisqartirish va rivojlanish yo‘lidagi jiddiy to‘siqdir.
Har yili dunyo bo‘ylab korrupsiya sababli taxminan 2,6 trillion dollar pul o‘g‘irlanadi. Bu butun dunyo YAIMning 5 foizidan ortig‘iga tengdir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturiga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlar korrupsiya oqibatida rasmiy rivojlanish dasturlari orqali olgan yordamdan ko‘ra o‘n baravar ko‘proq pul yo‘qotadilar.
Korrupsiyaga qarshi kurash haqida so‘z borganda, shubhasiz, dunyo hamjamiyatining ushbu sohadagi “Bosh qomusi” bo‘lgan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi eslanadi. Meksikaning Merida shahrida 2003-yil 9-dekabrda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (2003-yil 31-oktyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan) imzolash uchun ochiq deb e’lon qilindi hamda bugungi kunga qadar dunyoning 192 ta davlati unga qo‘shilgan.
BMT tomonidan insonlarga korrupsiya shunchaki “maishiy muammo” emas, balki qashshoqlik, siyosiy beqarorlik va jinoyatchilikning asosiy ildizi ekanligini eslatish, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz kayfiyatni shakllantirish, shuningdek, davlat organlari xususiy sektor vakillari, nodavlat tashkilotlar va oddiy fuqarolarni korrupsiyaga qarshi yagona jabhasiga birlashtirish maqsadida 2004-yildan boshlab 9-dekabr butun dunyoda Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.
Korrupsiyaga qarshi konvensiyaning qabul qilinishi xalqaro hamjamiyat korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qat’iy bel bog‘laganini aniq ko‘rsatdi. Konvensiya halollik, qonun ustuvorligini hurmat qilish, rivojlanish jarayonida hisobdorlik va shaffoflikni ta’minlash hamda dunyoni hamma uchun yanada yaxshilashga intilish kabi asosiy qadriyatlarning muhimligini tasdiqlaydi.
Konvensiya mamlakatlar o‘zlarining korrupsiyaga qarshi milliy qonunchiligini takomillashtirish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan standartlar, choralar va ko‘rsatmalarning keng qamrovli to‘plamini taklif etadi.
Avvalo, Konvensiya muammoga qarshi kurashning to‘rtta mustahkam ustunini belgilab berdi, ularning birinchisi va eng muhimi korrupsiyaning oldini olishdir. Konvensiya ishtirokchi davlatlardan jamiyatda korrupsiyaga qarshi mustahkam “immunitet” hosil qilishni talab etadi. Bu esa davlat xizmatiga munosib kadrlarni tanlash, ularning odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, davlat xaridlari va byudjet mablag‘larining maqsadli ishlatilishini nazorat qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning oldini olish, davlat organlarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi kabi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Shu bilan birga, Konvensiya “jazoning muqarrarligi” tamoyilini ham ilgari suradi. Unga ko‘ra, nafaqat oddiy poraxo‘rlik yoki o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish, balki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, xizmat mavqeidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, noqonuniy tarzda boylik orttirish va jinoiy daromadlarni legallashtirish kabi qilmishlar ham qat’iy jinoiy ta’qib ostiga olinishi shart.
Ayniqsa, Konvensiyaning 20-moddasida ko‘rsatilgan “Noqonuniy boylik orttirish” konsepsiyasi mansabdor shaxsning aktivlari uning rasmiy daromadidan keskin oshib ketishi holatini jinoyat deb baholashga chaqiruvchi inqilobiy g‘oya hisoblanadi. Bugungi kunda milliy qonunchilikda bunday harakatlar jinoyat hisoblanmasa-da, kelgusida uning jinoiy ta’qib ostiga olinishi ehtimoli mavjud.
Konvensiyaning yana bir strategik maqsadi — korrupsionerlar uchun dunyo xaritasida “xavfsiz boshpana” qoldirmaslikdir. Ilgari xalq mulkini o‘g‘irlab, xorijga qochib ketganlar jazodan qutulib qolishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, mazkur hujjat davlatlar o‘rtasida ekstraditsiya va o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘llarini ochdi.
Eng muhimi, Konvensiya bilan tarixda ilk bor o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish mexanizmi joriy etildi. Bu shuni anglatadiki, korrupsiya yo‘li bilan topilgan va chet elga olib chiqib ketilgan boyliklar musodara qilinib, o‘z qonuniy egasiga — o‘sha mamlakat xalqiga va uning rivojlanishiga qaytarilishi kafolatlanadi.
BMTning ushbu Konvensiyasi korrupsiyani mahalliy muammodan transmilliy xavfsizlik masalasiga aylantirdi va ishtirokchi davlatlardan faqat jinoyatchilarni jazolashni emas, balki korrupsiyadan holi bo‘lgan adolatli tizim yaratishni talab qilmoqda. Binobarin, Konvensiya ishtirokchisi sifatida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurash sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda davlat boshqaruvida byurokratiyani qisqartirish, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek davlat xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11 milliondan oshdi. Ushbu choralarning barchasi yurtimizda maishiy korrupsiya darajasining sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘ldi.
Ilgari korrupsiyaga qarshi kurash turli organlar o‘rtasida tarqoq holda amalga oshirib kelingan. Binobarin, 2020-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashi tashkil etilishi mamlakatimizning korrupsiyaga qarshi murosasiz ekanligini ko‘rsatuvchi siyosiy iroda namunasi bo‘ldi.
Qolaversa, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi bilan davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat xaridlari maxsus axborot portalida tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining jamoatchilik uchun shaffofligi ta’minlandi, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha masofaviy monitoring qilish tartibi, davlat xaridlarida Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bularning barchasi davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinishiga xizmat qilmoqda.
2024-yilda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishning huquqiy asoslari yaratildi. Qonun bilan davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solish, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishga va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashga doir choralar belgilandi.
Korrupsiya darajasini baholash bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning reyting natijalari ham O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ko‘rsatmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ijobiy ishlar bilan bir qatorda ushbu sohada to‘liq foydalanilmayotgan imkoniyatlar va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ham mavjud. Shunday ekan, kelgusida asosiy e’tiborni ushbu sohada shakllantirilgan qonunchilik bazasining so‘zsiz ijrosini ta’minlashga va jazo muqarrarligi tamoyilini to‘liq qaror toptirishga qaratish lozim bo‘ladi.
Muxtasar aytganda, faqatgina mavjud huquqiy mexanizmlarni to‘liq ishga solish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqaligina korrupsiyani jilovlashda ko‘zlangan natijalarga erisha olamiz. Zero, qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatdagina taraqqiyot va barqarorlik kafolatlanadi.
Rustam Atovulloyev,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh yuriskonsulti
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2025-yil 8-dekabr kungi 254 (1580)-soni
Ўзбекча
English
Русский