KONSTITUTSIYA VA FUQAROLIK JAMIYATI INSTITUTLARI
Hozirgi kunda butun dunyoda davom etayotgan chuqur siyosiy va iqtisodiy qarama-qarshiliklar davrida Yangi O‘zbekistonda inson sha’ni va qadr-qimmati ulug‘lanib, tinch va farovon hayotni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
2023-yili umumxalq referendumi yo‘li bilan qabul qilingan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarining konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlandi.
Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritildi, ular konstitutsiyaviy institut sifatida e’tirof etildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish va jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar alohida yo‘nalish sifatida belgilandi.
Davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan ishlashi, birgalikdagi ijtimoiy loyihalarni ko‘paytirish va ijtimoiy buyurtmalar sonini yanada oshirishi uchun sharoitlar yaratildi.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashning demokratik institutsional tizimi yaratilgan bo‘lib, xususan Parlament hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida jamoat fondlari tuzilgan.
Bundan tashqari, qariyb 350 ta qonun, O‘zbekiston Prezidentining 4 ming 400 tadan ortiq farmon va qarorlari, bir qancha milliy strategiya, konsepsiya va davlat dasturlari qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda.
Shu bilan birga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning institutsional mexanizmlarini mustahkamlash bo‘yicha muhim choralar ko‘rildi. Xususan:
birinchidan, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga konstitutsiyaviy maqom berildi;
ikkinchidan, barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya singari bir qator parlament institutlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Konstitutsiya, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari
Yangi O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik institutlari izchil rivojlanmoqda. Nodavlat notijorat
tashkilotlari parlament va parlament komissiyalari, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ro‘yobga chiqarish uchun mas’ul davlat organlari faoliyatiga keng jalb etilmoqda. Shu tariqa jamiyatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyati tubdan kuchaydi.
Birinchidan, ushbu sohada mamlakat Prezidenti va Hukumatining 200 dan ziyod hujjati, bir qancha milliy strategiya, konsepsiya va dasturlar ishlab chiqildi hamda qabul qilindi. Xususan, kasaba uyushmalar, volontyorlik faoliyati, ayollarni ta’qib va zo‘ravonliklardan himoya qilish, ayollar va erkaklarning huquq va imkoniyatlari tengligini kafolatlash, vijdon erkinligi va
diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi nihoyatda muhim qonunlar qabul qilindi hamda hayotga keng tatbiq etilmoqda.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirildi. Natijada, bugungi kunda:
-
yaratilayotgan qulay sharoitlar natijasida fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta nodavlat notijorat tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda, ularda 70 mingga yaqin insonlar mehnat qilmoqda.
-
xususan, nogironlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha 652 ta, yoshlar yo‘nalishida 650 ta, huquqiy-demokratik institutlarni rivojlantirish sohasida 839 ta, madaniyat, tarix va ma’rifat yo‘nalishida 564 ta NNT mavjud.
Uchinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan o‘z tadbirlarini o‘tkazishda adliya organining ruxsatini olish talabi bekor qilinib, xabarnoma shakliga o‘tkazildi, ularning faoliyat erkinligi yanada mustahkamlandi.
To‘rtinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini majburiy tarzda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan kelishish amaliyoti hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va
uning qo‘mitalari majlislarida Nodavlat notijorat tashkilotlari vakili – O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi ishtirok etishi joriy etildi.
Beshinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari islohotlarning eng yaqin hamkoriga aylanib, har yili qabul qilinadigan Davlat dasturlarining 350 ta bandi ijrosida nodavlat notijorat tashkilotlar bevosita ishtirok etmoqda.
Oltinchidan, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari raislari fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan tasdiqlanishi belgilandi.
Xalq hokimiyatchiligi va davlat boshqaruvida hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirish – kuchli fuqarolik jamiyatini qurishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Fuqarolik jamiyatida fuqarolarning faolligi, ijtimoiy hodisalarga befarq bo‘lmasligi, davlat organlarida ishlayotgan har bir rahbar va mas’ul xodim o‘z faoliyatining jamoatchilik nazorati ostida ekanini chuqur his etishi jamiyat rivojida muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorligi so‘nggi yilda tamomila yangi marralarni zabt etdi. Yangi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75- va 76-, 78-, 80-sessiyalarida, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zladi.
Jahonning oliy minbarlaridan yangragan ushbu murojaatlar asnosida O‘zbekiston Prezidenti 100 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu tashabbuslar asosan xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizm, inson huquqlari himoyasi va boshqa muhim sohalarga taalluqlidir.
Inson huquqlari Milliy markazi va fuqarolik jamiyati institutlari
Fuqarolik jamiyati institutlari bugungi kunda jamiyat hayotining turli sohalarida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan islohotlarni amalga oshirishda muhim o‘rin egallab kelmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz fuqarolik jamiyati institutlarining inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Birinchidan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan O‘zbekistonning davriy ma’ruzalarini, milliy harakatlar rejalari loyihalarini tayyorlashda fuqarolik jamiyati institutlari jalb etilmoqda (Xususan, bugungi kunga qadar, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga O‘zbekiston Respublikasining 50 ga yaqin milliy ma’ruzasi taqdim etildi, shuningdek, ularning tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida hozirgi kunda 7 ta Milliy harakatlar rejasi qabul qilingan va ijro etilmoqda);
Ikkinchidan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan O‘zbekistonning milliy harakatlar rejalarining bajarilishini monitoring qilishda hamkorlik qilinmoqda, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekistonning xalqaro shartnomalari qoidalarining joylardagi ijrosini o‘rganish bo‘yicha faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan (shu jumladan, 2024-2025-yillarda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi normalarini amalga oshirilishi bo‘yicha 3 ta monitoring, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt normalarini amalga oshirilishi bo‘yicha 1 ta monitoring, “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” o‘quv kurslarini o‘qitish sifati bo‘yicha 6 ta monitoring hamda jazoni ijro etish muassasalarida inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha 2 ta monitoring o‘tkazildi);
Uchinchidan, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari bajarilishi yuzasidan fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida seminar-treninglar tashkil etilmoqda(markaz 2024-2025-yillarda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda 15 ta tadbir tashkil etdi, shu jumladan 2025-yil 30-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan milliy maslahatlashuvda ham Milliy markaz huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari hamda fuqarolik jamiyati instituti vakillari o‘zlarining takliflari bilan faol ishtirok etdilar, Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida hamkorlik memorandumlari imzolanmoqda. 2025 yil 31-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi hamda O‘zbekiston notarial palatasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum doirasida faol hamkorlik amalga oshirilmoqda).
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori,
akademik
«JAMIYAT» gazetasining 2025-yil 11-dekabr kungi 50 (968)-soni
Ўзбекча
English
Русский