“HABIBIM DEB KO‘P O‘Y SURAR G‘AYBULLO...”

11-dekabr – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan

fan arbobi G‘aybulloh as-Salom tug‘ilgan kun

 

Tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik – eng ulug‘ ne’mat. Binobarin, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 2025-yilni – Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb e’lon qilgani bejiz emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘alaba bog‘ida jamoatchilik vakillari ishtirok etgan joriy yildagi uchrashuvda ta’kidlaganidek, «Bizning eng katta boyligimiz — bu tinch va osoyishta hayotimiz, Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning omonligidir. Bugungi kunda barcha harakat va islohotlarimiz, hamma ezgu niyatlarimiz bir ulug‘ maqsadga — davlatimiz istiqloli, el-yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga qaratilgan. Eng katta maqsad-muddaomiz — mehnatkash, mard va olijanob xalqimizni rozi qilishdan iborat».

G‘alaba bog‘i — hamisha barhayot qahramonlarimiz timsoli, o‘zligimiz ifodasi, qanday sabot-matonatli xalq ekanimizning yorqin amaliy tasdig‘idir. Eng asosiysi, bu majmua ham shaklan, ham mazmunan boyitilib, izchil kengaytirilmoqda. Yaqinda G‘alaba bog‘i manzarasi «Xotira nuri» kompozitsiyasi bilan to‘ldirildi.

G‘alaba bog‘ida yana bir yangi yodgorlik — «Millat fidoyilari» monumenti barpo etildi. Ushbu monumentda nomlari zarhal harflar bilan muhrlab qo‘yilgan 196 nafar marhum harbiy xizmatchi va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining har biri, Ikkinchi jahon urush qatnashchilari kabi, xalqimizning hayot ne’matlaridan bahramand bo‘lishga ulgurmagan sher­yurak o‘g‘lonlaridir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «mamlakatimiz istiqloli, xalqimiz tinchligiga nisbatan real xavf tug‘ilgan paytda, ular bir daqiqa ham o‘ylab o‘tirmasdan, jonajon Vatanimiz himoya­si yo‘lida o‘zlarini qalqon qilishdi. Bu fidoyi harbiylar shu tariqa bugungi Yangi O‘zbekiston uchun mustahkam zamin yaratib ketishdi. Shu bois, biz ularning xotirasi, ruhi poklari oldida doimo qarzdormiz».

Darvoqye, yurtda xavf tug‘ilganda, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, Vatan himoyasiga otlangan, jasorat va sadoqat namunasi bo‘lgan insonlar, bugun «Millat fidoyilari» monumentida xotirasi abadiylashtirilgan 196 nafar yovqur hamyurtimizdan biri – adliya katta maslahatchisi, Bosh prokuraturaning alohida ishlar bo‘yicha katta tergovchisi rahmatlik Habibulla Salomov, ya’ni o‘zbek tarjimachilik maktabiga asos solgan atoqli olim G‘aybulla Salomovning (G‘aybulloh as-Salom) bevaqt ajralib qolgan va dog‘ida umr bo‘yi kuyib o‘tgan yakka-yu yagona o‘g‘li bo‘ladi...

Ustoz G‘aybulla aka umrining oxirida she’rlar ham yoza boshlagandi. Hoynahoy, eng so‘nggi ijod mahsuli bo‘lgan she’rida shunday misralar bor:

Endi bizga etolmaysan qasd,

Baland baland, pastdir bunda past,

Habibimga bo‘lganman payvast,

Habibulloh menga yor, ulfat,

Bu mamlakat boshqa mamlakat.

She’r xuddiki Jannatda turib bitilganga o‘xshaydi. Muallif foniy dunyodagi hayoti davomida shaytoni la’in va shayton turqidagi kimsalardan o‘ziga ko‘p qasd bo‘lgani va tog‘dek baland qadri past bo‘lgani, endi bunday berahm sinovlar, behad adolatsizliklar barham topganidan quvonadi. Chunki muallif endi boqiy dunyoda makon tutgan “mamlakat – boshqa mamlakat”.

U mamlakatda, ya’ni Jannatda iblis-u iblisvachchalarga aslo joy yo‘q. Miskin banda u yerda Habibi – Yaratgan Egam bilan payvast bo‘ladi. Habibulloh esa endi unga doimiy hamroh-u ulfatdir.

Habibulloh, ya’ni Habibulla aka – ustoz G‘aybulla Salomovning o‘g‘li. G‘aybulla aka otalari Mulla Toji boboning bitta-yu-bitta farzandi, ko‘zining oq-u qorasi bo‘lgani kabi, Habibulla aka o‘z otasining yakka-yolg‘iz o‘g‘li, aziz farzandi arjumandi edi.

Qismatning achchiq sinovlarini ko‘ringki, ilm-u ma’rifat yo‘li o‘g‘ilni, G‘aybulla akani otasidan uzoqlashishga – avval Samarqand, so‘ng Toshkentda yashashga majbur etgan bo‘lsa, qotillar jaholati esa suyukli, oqil va jasur o‘g‘il Habibulla akani otasidan butunlay mahrum ayladi. Ha, bu fojeada aynan jaholatning qo‘li borligi keyinroq ayon bo‘ldi.

Ustozga zamondosh va davradosh ziyolilar o‘z xotiralarida yozganlaridek, farzandi Habibulla akaning taqdiri G‘aybulla akaning tuganmas alamli jarohatiga aylangan edi. O‘zbekiston Qahramoni, mashhur tarjimon va adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov  ta’biri bilan aytganda, “Ba’zan shunday taassurot tug‘ilar ediki, u hayotdagi qariyb barcha narsalarga keyingi yillarda shu jarohat orqali qarar, baho berardi. Uning keyingi o‘n besh yil orasida yozgan barakali asarlarida shu iztirobning alangasi charsillab, uchqunlab turgan kabi ko‘rinadi. Iztirob uning uslubini ham o‘zgartirib yubordi. Nima haqda yozmasin, toshqin faryod un berib turdi”.

G‘aybulla aka o‘g‘li bilan bog‘liq og‘ir, achchiq va alamli dard-u armonlarini o‘zi bilan birga qabriga olib ketdi. Kitoblari sahifalariga sochilgan tug‘yonli satrlar cho‘g‘i esa o‘sha beshafqat armon vulqoni yolqinini maxlislarga to hanuz eslatib turibdi.

Habibulla aka bilan ilk (va so‘nggi) uchrashuvimiz yodimda qolgan. Bu voqea G‘aybulla aka tavalludining 60-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda yuz bergandi. Tantana 1992-yil 11-dekabr kuni ToshDU – hozirgi Milliy Universitetning “Madaniyat saroyi”da bo‘lib o‘tgan.

Men o‘shanda nafaqat oliy o‘quv yurtini yaqinda bitirgan navqiron mutaxassis, ayni chog‘da yosh oila sohibi ham edim. Istiqlolning dastlabki yillaridagi iqtisodiy muammolar ro‘zg‘orimga ta’sir ko‘rsatmay qolmagan. Shu bois ro‘zg‘orning olaxurjuni yelkamga tushgan kezlar edi. Katta laborantlik maoshimdan qo‘limga tegadigan 71 rubl ikki nafar yosh bolali oilam sarf-xarajatiga urvoq ham bo‘lmasdi. Qo‘shimcha daromad keltiradigan yumushlar bilan chalg‘ib, Domlaning yubileyiga tayyorgarlik ishlariga deyarli yordam berolmaganman. Tadbirning ham bazm qismiga yetib kelganman.

Men hali ko‘pchiligini yuzma-yuz tanimaydigan olim-u adiblarning gavjum davrasida ustozim Tilak Jo‘ra kutib olganidan yengil tortdim. Tilak aka xushnud va sarxush edi. Bunday paytda u kishi rasmiyatchilikni yig‘ishtirib qo‘yib, “sen”lab gapirishi odatiy holligi uchun, hayron bo‘lmadim.

– Bugun hammamiz, ayniqsa, Tarjima kafedrasi a’zolari uchun bayram. Domlaga bag‘ishlab she’r bitib keldingmi? Hozir so‘zga yozdiraman, bitta qutlov aytgin-yey! G‘aybulla aka bir sevinsin-da.

Xijolat chekdim. Domlaga she’r bag‘ishlash xayolimga kelmagan ekan. Yodimdagi she’rlarimning esa bari sevgi haqida. Bunday nufuzli davrada so‘z aytishga umuman tayyor emasman. Shu sababli Tilak akaning taklifini rad etdim. Lekin Tilak Jo‘ra bundan zig‘ircha ranjimadi. Turnaqator navbatda turgan so‘zga chiqish istagidagi olim-u adiblar safiga ko‘z tashlar ekan:

– Yur, G‘aybulla akani oldiga boramiz, boya so‘ragandilar, bir ko‘rinib, yuzma-yuz tabriklab qo‘yasan, – dedi Tilak aka ziyofat dasturxonlari tuzalgan stollar oralab yo‘l boshlar ekan. Men qimtingancha ortidan ergashdim.

Tig‘iz yo‘lakda ikkimiz bilan so‘rashgan va qutlagan tanishlarimiz ko‘p uchradi.  Shu tanishlar orasida yap-yangi kostyum-shimi o‘ziga yarashgan ko‘rkam va bo‘ydor bir kishi e’tiborimni tortdi. U bizni, aniqrog‘i, Tilak Jo‘rani yaxshi tanir, oldinroq ko‘rishishgan, chamamda.

Tilak aka bazm ajoyib o‘tayotganini maqtab, negadir unga rahmat aytdi. Bo‘ydor kishi xijolatpazlik bilan Tilak akaning so‘zini bo‘ldi va men tomon qaradi, Tilak aka meni tanishtirdi. Qisqa fursatlik muloqotdan so‘ng u tavoze bilan ijozat so‘rab, bizdan uzoqlashdi. Shunda Tilak aka hozirgina G‘aybulla akaning yolg‘iz o‘g‘li Habibulla aka bilan ko‘rishganimni aytdi.

O‘ylasam, Habibulla aka avvalboshdan ko‘zimga issiq ko‘ringani bejiz emasdi. Chunki u qosh-ko‘zlari va samimiy muomala madaniyati bilan otasi – G‘aybulla akaga qanchalik o‘xshasa, baland bo‘y-basti va astoydil jonkuyarligi bilan Shahribonu kennoyimning bolasi ekani shunchalik yaqqol bilinib turardi. Ne tongki, o‘shanda u insonni birinchi va oxirgi marta ko‘rib turganim tushimga ham kirmagan.

Yodimda: 1993-yil 18 (yoki 19) dekabr kuni, ya’ni Domlaning ToshDU “Madaniyat saroyi”da nishonlangan yubileyidan so‘ng oradan bir hafta o‘tib ko‘rishganimizda, Tilak aka:

  • Sezdingmi, G‘aybulla akaning kayfiyati yo‘q, – dedi chuqur xo‘rsingancha. – O‘g‘illari yo‘qolib qopti. Habibulla topilmayotganmish. O‘tgan hafta Domlaning ziyofatida tanishtirgandim-ku.
  • Yo‘g‘-g‘ey?!.
  • Ha-a... Bir kecha-kunduzdan buyon undan dom-darak yo‘q...

... Odatda, musulmonchilik taomiliga ko‘ra, bir yil davomida dom-daraksiz ketgan insonga janoza o‘qilishi lozim, deydilar. Agar shundan so‘ng u uyiga tirik kirib kelsa, qulog‘iga yana azon aytiladi va inson go‘yoki yangidan tug‘ilgan hisoblanadi.

Ammo, ishxonada oldimizda shunday maslahat berish – otani bolasidan ayrilib qolganiga ko‘niktirish zarurligini pesh qilib turgan yoshi ulug‘ akaxonlarimiz G‘aybulla aka kirib kelishi bilan tamoman boshqacha gapirardilar. Uyda ham Domlaga bunday gaplarni aytishga oila a’zolaridan hech birining haddi sig‘maganini yaxshi tushunaman.

Aslida, G‘aybulla aka yolg‘iz o‘g‘li bu dunyoda hayot emasligi haqidagi taxminlarga ishonishni istamas, yon-atrofdagilar ham o‘zaro suhbatlarda ana shu holatdan kelib chiqardi. Har gal Domla bilan muloqot chog‘ida Habibulla akaning to‘rt muchasi sog‘-salomat qaytib kelishi haqidagi taxmin – umidga, umid – tilakka aylanardi. Hammamiz ota-bolaga sog‘-salomat diydorlashish nasib etishini so‘rab, Yaratganga ixlos bilan tavallo qilardik.

Hatto, sevimli shoirimiz Abdulla Oripov farzand dog‘ida og‘ir ahvolga tushgan G‘aybulla akadan hol so‘rab borgani haqida ham qiziq hikoyatlar yuradi. O‘shanda Domla hovlisidagi yerto‘laning eshigini ochib, fonus tutib turadi. Abdulla aka esa Habibulla akaning saxovati bilan G‘aybulla akaning yubileyi uchun juda ko‘p xarid qilingan va ortib qolgani yerto‘ladagi qutilarda taxtlab qo‘yilgan shishalarni birma-bir ko‘zdan kechiradi.

Qarangki, o‘sha yubileydan buyon anchagina vaqt o‘tgan bo‘lib, shishalarning bari yarim-yorti bo‘lib qolgan ekan. Shoir shunday chala-to‘la shishalardan bir nechtasini qo‘ltig‘iga qistirib chiqadi. Rostini aytsam, o‘shanda ikki ustozim birdek mayxo‘rlik qilganmi-yo‘qmi, aniq aytolmayman. Lekin Abdulla aka G‘aybulla akaning aftoda ahvolini ko‘rib ezilganidan, so‘ng bag‘ripora otaga astoydil yupanch bo‘lish istagida ozgina no‘sh qilgan bo‘lsalar kerag-ov.

Muhimi, suhbat juda qizigan. Kayfiyat shu darajaga yetganki, olim yaqin kunlarda ko‘z qorasi bo‘lmish o‘g‘lining qaytib kelishi munosabati bilan ziyofat beradi, shoir o‘sha qutlug‘ davraga raislik qiladi, degan to‘xtamga kelishib, ikkovlon xushnud holda xayrlashganlar. O‘shanda choy-poydan xabar olish uchun mehmonxonaga kirib-chiqib turgan Shahribonu kennoyim Abdulla akani kuzatishlari bilan Domlaga yuzlanib:

– O‘g‘limizni ko‘rgan odamlar aynan qaysi ko‘chada uchratganlarini shoirdan so‘rab qoldingizmi? Ertani kutib o‘tirmasdan, hoziroq odam yuboraylik, o‘sha joylarni qidirishsin, deya zorlangan ekan.

Baribir, Habibulla aka topilmadi. G‘aybulla aka Xudodan yordam so‘rab, Ka’batullohgacha borib keldi. Oynayi jahon orqali xalqqa murojaat qildi. Sobiq ichki ishlar vaziri, “ko‘cha odamlari”, o‘sha davrda g‘ayritabiiy quvvati bilan dong qozongan turli insonlar, xususan, Muhammad afg‘on deganlariga ham borib dardini aytdi. Hammadan madad va payg‘om kutdi. Biroq na ko‘kdan xabar keldi, na yerdan sado chiqdi. Oxiri, ana shu o‘lik sukunat Domlani o‘ldirdi.

...1999-yil 1-fevral. O‘sha qayg‘uli kunda katta shogirdlar onaizorni eri va o‘g‘liga baravar janoza o‘qishga qanday ko‘ndirganlariga o‘zim guvohman. Shu tariqa G‘aybulla aka bilan Habibulla akaning izlari qolgan Bodomzor mahallasi masjidida bir mayyitga ikki kishi uchun janoza safida turganmiz.

Shundan so‘ng faqat oradan 29-yil o‘tibgina Habibulla akaning daragi chiqdi. Bu haqda ilk bor  "Kuch – adolatda" gazetasining 2021-yil 20-avgust sonidagi akademik Akmal Saidov qalamiga mansub “Matonat tarannumi” maqolasida  o‘qib qoldim. Gazetaning elektron shaklini Nazira as-Salomga: “Rahmatlik Habibulla akangiz haqida ayrim ma’lumotlar bor” degan xabar bilan birga yubordim.

Mashhur huquqshunos olimning maqolasi taniqli yozuvchi Shohrux Akbarovning 2021-yilda nashr etilgan “Men o‘zbekman” tarixiy-hujjatli romani ikkinchi kitobi[1] talqiniga bag‘ishlangan. Ushbu kitobda XX asrning 90-yillarida mamlakatimiz hududida sodir etilgan yovuzliklar haqida tarixiy hujjatlar va o‘sha jinoyatlarga qarshi mardona kurashgan yurtdoshlarimizning shaxsiy xotiralari asosida qiziqarli tarzda hikoya qilingan.

Asar bosh qahramoni – respublika prokurori o‘rinbosari Tohir Mirzayevning mustaqillik arafasida Andijon va Samarqanddagi qurollangan uyushgan jinoyatchilar hamda ularning davlat idoralaridagi homiylari bo‘lmish ayrim mansabdor shaxslarga qarshi keskin kurashi jarayonlari talqin etilgan.

Asar bosh qahramoni Tohir Mirzayev 1990-yil 16-martda Moskvada, SSSR Bosh prokuraturasi hay’atida O‘zbekiston Respublikasi prokurorining tergov ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlangan. Uning qanday murakkab sharoitda ish boshlaganini tasavvur qilish uchun bugun allaqachon tarixga aylangan o‘sha og‘ir yillardagi mavjud vaziyatga nazar solish taqozo etiladi.

Gap shunaki, u vaqtlarda hali SSSR timsolidagi mustamlaka mamlakat barham topmagandi. Qolaversa, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi”ni tergov qilish va go‘yoki respublikada muhitni yaxshilash uchun “Markaz”dan yuborilgan “desantchi”larning ta’sir kuchi saqlanib turardi.

SSSR timsolidagi qudratli saltanatda davlat tuzumining “tagiga suv ketgani” jamiyatda beqarorlikni kuchaytirib yuborgan, oqibatda jinoyatchilik avj olib ketayotgandi. Eng achinarlisi, huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi ayrim mansabdor shaxslar qurollangan uyushgan jinoyatchilarning davlat idoralaridagi homiylariga aylangan, ya’ni korrupsiya kuchaygandan-kuchayib borardi.

Kitob qahramonlari uchun timsol bo‘lgan matonatli hamyurtlarimiz hayotining suronli davri ana shu bir-biridan yirik va halokatli muammolar chorrahasida kechgan. Shu nuqtayi nazardan, akademik A.Saidov: “Hujjatli roman qahramonlaridan biri – respublika prokuraturasi tergov boshqarmasining tergov qismi boshlig‘i o‘rinbosari Habibulla Salomov jinoyatchilik va korrupsiya o‘pqonining shafqatsiz domiga tushib, uning qurboniga aylangan”[2], deb yozgani bejiz emasdi.

O‘sha davrda oliy o‘quv yurtini tugatib, mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘ygan navqiron mutaxassis sifatida sobiq SSSR va uning tarkibidagi uzoq yillik mustamlakachilikdan so‘ng mustaqilligini e’lon qilgan O‘zbekiston hayotida kechgan voqealardan ko‘p qatori xabardorligim bo‘lgan, albatta.

Ammo, “Men o‘zbekman” kitobini o‘qish asnosida, o‘shandagi jo‘shqin hayotimizning “suvosti oqimlari”dan  mutlaqo bexabar bo‘lganimni angladim. Aslida, Domlaga ham, atrofidagilarga ham bu borada zarur axborotga ega bo‘lmaganimiz pand bergan ekan o‘shanda.

Bu haqda so‘z yuritganda, avvalambor, sobiq SSSR davlatining so‘nggi kunlariga e’tibor qaratish lozim. Mixail Gorbachyov 1985-yilda dastlab KPSS Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi, keyinchalik SSSR Prezidenti etib saylangach, nafaqat mamlakat, balki butun dunyo bo‘ylab “qayta qurish”, “oshkoralik”, “demokratiya” deya safsata sotib, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga tog‘dek va’dalar berdi, amalda esa hech narsa qilmadi.

Shundan so‘ng demokratiya anarxiyaga aylana boshladi. Ya’ni, joylarda bo‘ysunmaslik, davlat chiqargan qonunlar va qarorlarga rioya qilmaslik, o‘z bilgancha ish yuritish avjiga chiqdi. Davlat va jamiyatni boshqarishning eski mexanizmlari buzib yuborildi, yangilari esa o‘z vaqtida va talab darajasida joriy etilmadi.

Xususiylashtirish bahonasida puldorlar zavod-fabrikalar va boshqa mulklarni sotib olgan bo‘lsa, oddiy xalq yana hech narsasiz qoldi. Buning oqibatida SSSRda notenglik boshlandi, ya’ni jamiyat boylar va kambag‘allarga bo‘linib ketdi. Boz ustiga, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, ularni tarbiya qilish masalalari qo‘ldan chiqib ketdi. Natijada bu paytga kelib jinoiy guruhlar, jinoyatchilar ko‘payishi hisobiga jinoyatchiliklar miqdori keskin o‘sdi.

Shu asnoda yurtimizda o‘sha paytda yuzaga kelgan og‘ir vaziyat jinoyatchilikning yangi turi – iqtisodiy jinoyatchilik bo‘y ko‘rsatdi. Banditlardan iborat uyushgan va tish-tirnog‘igacha qurollangan jinoiy guruhlar paydo bo‘ldi. “Men o‘zbekman” kitobida qayd etilganidek, O‘zbekistonning ayrim joylarida ham shuning bir turi “choyxonalar” ko‘rinishida vujudga keldi. Muammolar sudda emas, huquqni muhofaza qiladigan organlarda emas, ijroqo‘mda emas, raykomda emas, choyxonalarda hal qilinadigan bo‘ldi.

O‘sha davrda “Markaz”dan yuborilgan “desantchi”larning qilmishlari, xalqona ibora bilan aytganda, dard ustiga chipqon bo‘ldi. “Markaz”dagi homiylariga qattiq ishongan, “o‘zbeklar ishi” bo‘yicha tezkor guruhlarda jonbozlik ko‘rsatgan, o‘rni kelganda, Gdlyan-Ivanovlarga sadoqat bilan xizmat qilgan ayrim “qonun posbonlari” o‘zlarining bevosita ishlarini bir yog‘ga qo‘yib, turli kirdikorlar bilan band bo‘lgani tufayli respublikada jinoyatchilik haddan oshgandi.

Shunday bir vaziyatda O‘zbekiston rahbariyati Respublika prokurorining tergov ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Tohir Mirzayevga Samarqand choy qadoqlash fabrikasi, umuman, Samarqanddagi jinoyatchilarga qarshi kurashadigan hukumat komissiyasini tuzish va unga rahbarlik qilish vazifasini topshiradi.

1991-yil 9-iyul kuni hukumat komissiyasining o‘ttiz nafardan ortiq vakili maxsus avtobusda Samarqandga yo‘l oladi. Komissiyaning maqsadi u yerda mavjud bo‘lgan kuchli, xavfli va nihoyatda makkor uyushgan jinoiy guruhlarning jinoyatlarini fosh qilish va ishlarini tergov qilib sudga chiqarishdan iborat bo‘lgan.

Habibulla Salomov ushbu hukumat komissiyasi ixtiyoridagi tergov guruhining rahbari sifatida Toshkent va Samarqand orasida borib-kelib ishlagan. Ammo, shu vaqtgacha qo‘limizda biz uchun noma’lum bo‘lib kelayotgan ayni shu voqealarga doir na rasmiy va na norasmiy bironta manba mavjud emasdi.

Xayriyatki, “Men o‘zbekman” tarixiy-hujjatli romanining ikkinchi kitobida Habibulla Salomovning Samarqanddagi bandalarga qarshi kurashish voqealariga daxldor faoliyati haqida qiziqarli ma’lumotlarga duch keldik. Biz ana shu ma’lumotlarni shaxsiy xotiralarimizga tayangan holda tahlil etishga harakat qilamiz.

“Kuchli tergovchi, xushmuomala, madaniyatli inson”. Respublika prokurorining birinchi o‘rinbosari Tohir Mirzayev o‘zi bevosita rahbari hisoblangan Habibulla Salomovga xuddi shunday ta’rif bergan. Bu fikrlar Tohir Qambarovichning xayolidan Samarqand choy qadoqlash fabrikasini tekshirishga borishi arafasida kechgan. Chunki u Samarqanddagi tekshirishlar jarayonida duch kelinadigan jinoyatchilarning nihoyatda shafqatsizligi haqidagi muhim ma’lumotlarga ega edi. Shuning uchun hukumat komissiyasi tarkibiga kiritiladigan tergov guruhini tezroq shakllantirishga va unga aynan Habibulla Salomovni rahbar etib tayinlashga ahd qildi.

Kitobning shu voqealar haqida so‘z borgan sahifalarida Habibulla akaning quyidagi tarjima holi qayd etilgan: “Habibulla Salomov 1954-yilda Samarqand (hozir – Navoiy) viloyatida tavallud topgan. 1976-yilda Toshkent Davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. O‘zining mehnat faoliyatini Toshkent shahar, Shayxontohur tuman  prokuraturasida tergovchilikdan boshlab, Toshkent shahar  prokuraturasida bosh tergovchi, respublika prokuraturasida tergovchi va alohida muhim ishlar bo‘yicha bosh tergovchi bo‘lib faoliyat yuritdi. Hozirgi paytda respublika prokuraturasi tergov boshqarmasining tergov qismi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi”[3].

Kitobda Habibulla aka haqiqatan layoqatli mutaxassis bo‘lganini tasdiqlaydigan bir qator yangi ma’lumotlar qayd etilgan. Shularning ayrimlariga to‘xtalish o‘rinli, deb o‘ylayman.

Avvalo, Habibulla Salomov Samarqandda tekshirish o‘tkazadigan hukumat komissiyasi tergov guruhiga rahbar etib tayinlanishiga qadar 16-yil mobaynida tergovchilik kasbida uzluksiz ishlagan. Shu asnoda katta tajriba va mahorat orttirgan. Kechagi talaba sifatida Shayxontohur tuman prokuraturasida tergovchilikdan ish  boshlagan shijoatli navqiron qadr faoliyatining birinchi yilidayoq Toshkent shahar prokuraturasi tergovchilari orasida eng yaxshi natijaga erishgan. Buning uchun rahbariyat tomonidan taqdirlangan.

Respublika prokuraturasi rahbarlari Habibulla akaning qobiliyatini hisobga olib, “Leningrad” mehmonxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qiluvchi tergov-tezkor guruhi tarkibiga kiritgan. U ayni ish bo‘yicha aybdorlarning aybi tasdiqlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan.

XX asrning 80-yillarida Habibulla Salomov “O‘zdavqo‘mneftmahsulotlari” tizimidagi neft bazasidagi ortiqcha mahsulotlarni Toshkent shahri va viloyati benzin quyish stansiyalarida xufiya pullash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ishini tergov qilgan. Natijada 3 million rubldan ziyod davlat mablag‘larini o‘zlashtirgan 36 nafar jinoyatchi fosh etilgan.

Albatta, davlat tomonidan Habibulla akaning bunday murakkab va chigal ishlarga qonuniy hamda adolatli yechimlar topa olish qobiliyatiga munosib baho berilgan. Bu fikrni o‘sha paytda u “Shavkatli mehnati uchun” ordeni bilan taqdirlangani ham tasdiqlaydi.

Habibulla Salomov yosh bo‘lishiga qaramay, Bosh prokuratura Tergov boshqarmasining alohida ishlar bo‘yicha katta tergovchisi, adliya polkovnigi bo‘lgan. O‘sha fojeali kunlar arafasida hujjatlari generallik unvonini olish uchun tayyorlangani, hatto nomzodi Respublika prokurori lavozimiga tavsiya etilishi ko‘zda tutilgan salohiyatli kadrlardan hisoblangani haqida ham eshitganman.

“ – Habibulla, Samarqandga choy qadoqlash fabrikasi, va umuman, Samarqanddagi jinoyatchilarga qarshi kurashadigan hukumat komissiyasi bilan u yerga borish uchun tayyorgarlik ko‘rayotganimizdan xabaringiz bor. U yerda kuchli, xavfli va nihoyatda makkor uyushgan jinoiy guruhlar bor. Bizning oldimizga ularning jinoyatlarini fosh qilish va ishlarini tergov qilib, sudga chiqarish vazifasi qo‘yilgan. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu vazifani bajarishimiz lozim. Juda ko‘p murakkab ishlarni muvffaqiyatli oxiriga yetkazganingizni bilganim uchun sizni komissiya ixtiyoridagi tergov guruhining rahbari etib tayinlamoqchiman. Bu o‘ta mas’uliyatli vazifa, siz esa tajribali tergovchi bo‘lganigiz uchun bu ishning uddasidan chiqishingizga ishonchim komil. O‘zingiz nima deysiz?

  • Men roziman, Tohir Qambarovich, ishonchingizni albatta oqlayman.
  • Bo‘lmasa, tergov guruhiga a’zo bo‘ladigan tergovchilar ro‘yxatini tuzing, men uni tasdiqlayman...”[4].

O‘ta mas’uliyatli va qaltis xizmat safari arafasida Habibulla aka bilan bevosita rahbari o‘rtasida shu mazmundagi jiddiy suhbat bo‘lib o‘tgan. Ikki kundan so‘ng Tohir Mirzayev tergov guruhi a’zoligiga tavsiya etilgan tergovchilar ro‘yxatini o‘rganib chiqadi va tasdiqlaydi.

Bu voqealar, hoynahoy, Habibulla akaning ota-onasi bexabarligida (xizmat siri!) kechgan. Chunki u kishi bedarak yo‘qolganidan so‘ng oradan ikki yarim yilcha vaqt o‘tib, biz domla va kennoyimni yupatish uchun turli afsonalar aytganmiz.

Habibulla aka maxfiy xizmatlar tomonidan Sharqning biron-bir mamlakatiga maxsus topshiriq bilan pinhona jo‘natib yuborilgan bo‘lishi ehtimoli haqida uydirma to‘qiganimiz hali ham esimda. Asosiysi, sog‘-omon yurgan bo‘lishlari kerak, deb sho‘rlik ota-onani ishontirishga uringanmiz-da.

Endi Habibulla Salomov aslida ham maxsus topshiriq bo‘yicha maxfiy ishga safarbar etilgani ayon bo‘ldi. Rahmatlik qaysidir xorijiy yurtda emas, o‘z Vatanimizda xizmat vazifasini sidqidildan ado etish asnosida fojiaviy halok bo‘lgan ekan...

Tohir Mirzayev o‘zi bosh bo‘lgan hukumat komissiyasi bilan Samarqandga yetib kelgach, mavjud vaziyatni yaqindan o‘rganadi. Jinoiy guruh a’zolari nafaqat choy fabrikasida jinoyat sodir qilgani, balki bir qancha qotillik jinoyatlar ham fosh etilmaganini aniqlaydi.

O‘shanda Respublika prokurori o‘rinbosarining  xayolidan shunday fikrlar kechadi: “Samarqanddagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu jinoyatlarni shu paytgacha ochish chorasini topa olmagan, agar tergov qilish ularga topshirilsa yana ochilmay qolishi aniq. Shuning uchun ayni mana shu ko‘pdan beri ochilmay qoib ketgan og‘ir va o‘ta murakkab jinoyatlalarni tergov qilishni Salomov boshchiligidagi tergov guruhiga topshirish kerk. Faqat Salomov va uning tergov guruhigina bu jinoyatlarni fosh qilib, oqni oqqa, qorani qoraga ajratishning uddasidan chiqishi mumkin”[5].

Shuning uchun u ochilmay yotgan jinoyat ishlarini maxsus pochta bilan respublika prokuraturasiga, Habibulla Salomov nomiga jo‘natish to‘g‘risida tegishli topshiriq berdi.

Tohir Mirzayev Samarqanddagi komissiya faoliyatining dastlabki kunlaridanoq Habibulla Salomovga muhim hujjatlarni maxsus pochta orqali, ya’ni o‘rnatilgan tartibda yuborishni yo‘lga qo‘ygan. Demak, Habibulla aka unga Samarqand choy fabrikasidagi jinoyatga aloqador hujjatlarni olib kelgan odamlar tomonidan go‘yoki o‘g‘irlab ketilgani haqidagi men ko‘p bor eshitgan faraz xatoga o‘xshaydi.

Tohir Mirzayev kechqurun Habibulla Salomov bilan qo‘ng‘iroqlashib, hujjatlar unga yetib borgani so‘radi va ijrosi bo‘yicha rejalarini so‘radi. Tergov guruhi ham ertalabki samolyotda Samarqandga yetib kelishi va ishni boshlab yuborishi to‘g‘risida ham gaplashib oldilar. Ertasi kuni ikkalasi tergnov ishlarini qanday tashkil qilish to‘g‘risida suhbatlashdilar. Tohir Mirzayev tergov guruhi jinoyatlarni fosh qilishga qattiq kirishganidan xursnd edi. Biroq o‘sha kuni oqshomda uni Toshkentga chaqirib olishdi va o‘zi imzolagan tergov guruhi rahbari va tarkibi o‘zgartirilganiga oid qarorni qo‘liga tutaqazishdi.

Tohir Qambarovich o‘z rahbari, ya’ni Respublika prokurori va Ichki ishlar vaziri tomonidan imzolangan hujjat bilan tanishib, endi uning oldida faqat bitta yo‘l borligini o‘yladi. Ya’ni, Habibulla Salomovni chaqirishi va unga: “Meni kechirasiz, yuqori rahbarlar chiqargan qarorga ko‘ra tergov guruhi rahbari ham, tergovchilar ham almashtirildi. Siz bugundan boshlab tergov guruhi rahbari emassiz, endi sizning o‘rningizda boshqa odam ishlaydi, tergov guruhi tarkibiga kirgan tergovchilar ham bugundan boshlab ishlamaydi, Samarqanddagi ishlarni butunlay boshqa odamlar tergov qiladi”[6], deb aytishi kerak...

 Bunday qaltis o‘zgarishlar tasodifan yuz bermaydi, albatta. Kitobda talqin qilinganidek, faol qonuniy harakatlarga to‘sqinlik qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning korrupsiya botqog‘iga botgan “kattakon”lari Habibulla akani pora evaziga Samarqanddagi jinoiy guruhni o‘z holiga qo‘yishga ko‘ndira olmaydi. Oqibatda sobiq mustamlaka tuzumi davrida “Markaz” tomonidan o‘zlarining yuqori lavozimiga qo‘yilgan “kattakon”lar tergov guruhini o‘zboshimchalik bilan qaytadan tasdiqlatib, unga o‘z odamlarini kiritadi. Albatta, H.Salomov tergov guruhining rahbarligi tugul, hatto a’zoligidan ham chiqarib yuboriladi.

Tohir Mirzayev, baribir, Habibulla Salomov rahbarligidagi tergov guruhining Samarqandda ishni davom ettirishiga o‘z rahbarini ko‘ndiradi. U shunchaki ko‘ndirmaydi, balki aynan shu yo‘lning eng to‘g‘ri ekaniga Respublika prokurorini inontiradi.   Agar vaziyat Ustozning o‘g‘li tergov guruhi rahbarligidan chetlatilgani holatida qolsa, balki qismati bu qadar achchiq bo‘lmasmidi? Ammo, nachora, buni taqdiri azal, deydilar. Boshga tushganini ko‘z ko‘rar....

Habibulla Salomov yana oldingi tergov guruhi bilan ishlashga kirishadi. Samarqand shahrida 1985-yildan – 1991-yilning iyuliga qadar yetti nafar odam o‘ldirilgani, ammo jinoyatlar fosh etilmagani, aksincha, bosti-bosti qilib yuborilgani aniqlaydi. Samarqandga borib, vafot etganlarning oila a’zolari, yaqinlari, ularni yaxshi biladigan do‘st-birodarlarini so‘roq qilib, sodir etilgan jinoyatlarning haqiqiy holatini o‘rganishni yakunlaydi.

Habibulla Salomov yettita qotillikni ham izchillik bilan fosh etgan. Bunda, bir tomondan, Tohir Mirzayevning qat’iyati, ikkinchi tomondan, o‘sha davrda Ministlar Soveti raisining birnchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Ismoil Jo‘rabekovning amaliy yordami tufayli Darg‘om kanalining suvi 3 kun davomida yopib turilgani juda qo‘l keladi. Kanal tubidan 13 ta murda topilgan. Ularning aksariyati Habibulla akaning tergov guruhi tomonidan tergov qilinayotgan jinoyat ishlariga bevosita taalluqli bo‘lgan.

Samarqandga xizmat safaridan so‘ng oradan bir yarim yil o‘tib, tergov harakatlari oxiriga yetadi va ishni sudga chiqarish uchun tayyorlash vaqti ham yetib keladi. Habibulla Salomovning tergov jarayonlaridagi faoliyati bilan bog‘liq tafsilotlarga to‘xtalmasdan, faqat uning keyingi achchiq qismatiga bevosita daxldor birgina parchani havola etamiz:

“Salomov tergov izolyatorida Damin Ahtamovni Omon Nurov o‘limi bo‘yicha so‘roq qilib, bu jinoyatning sodir etilishidagi so‘nggi aybni – jinoyatni tashkil qilganlikdagi aybini nihoyat bo‘yniga qo‘ydi. U tergov xonasidan chiqar ekan Damin Ahtamovning o‘ziga sovuq va qahr bilan tikilib qolganiga e’tibor berdi. Salomov tergovda uzoq yillar ishlaganligi bois ayblanuvchilarning o‘ziga yomon ko‘z bilan qarashlariga o‘rganib ketgan bo‘lsa-da, uning bu qarashi tagida qandaydir yovuz bir reja yotganini his qilib yuragida g‘ashlik paydo bo‘ldi va anchagacha tarqab ketmadi”[7].

Shundan so‘ng Habibulla aka ishxonasiga kelib, bevosita rahbari – Respublika prokurori o‘rinbosari, Toshkent shahar prokurori Tohir Mirzayev bilan uchrashadi. Unga tergov jarayonlari yakunlari haqida ma’lumot beradi. Ya’ni, tergov jarayonida jami 43 nafar kishi jinoyat sodir qilishda aybdor sifatida so‘roq qilinib, ularning ishlari Samarqand viloyati v Samarqand shahar sudlariga chiqarilgan. Shulardan 38 kishi sudlangan. Yangiyo‘l posti yaqinida To‘lagan Ahatovning otib o‘ldirilishi yuzasidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu ish bo‘yicha 4 nafar shaxs sudlangan. Yana bir qancha to‘da (banda) va uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Habibulla Salomov boshchiligidagi tergov guruhi besh-olti yiil oldin yopilib ketgan og‘ir jinoyatlarni ochishning uddasidan chiqqandi. Uning rahbari bu yutuqlarni mamnuniyat bilan e’tirof etar ekan, endi asosiy jinoiy guruh bo‘lgan Ahtamovlar bandasining qilmishlari bo‘yicha ayblov xulosasini yozish va ushbu bandani hibsga olish uchun sanksiya bergan Samarqand viloyat prokuroriga ham imzolatish yuzasidan topshiriq beradi.

Habibulla aka bu topshiriq ustida ikki kecha va ikki kunduz ishlab, ayblov xulosasini oxiriga yetkazadi. Ayrim tuzatishlar kiritgach, ayblov xulosasini ko‘chirishga beradi va so‘ng Samarqand viloyat prokurori Tugal aka Rajabov bilan qo‘ng‘iroqlashib, uning kechga yaqin Toshkentga yetib kelishi haqida gaplashadi.

Bu voqealar aynan 1992-yil 18-dekabr – Habibulla Salomov to‘satdan ish joyidan g‘oyib bo‘lib qolgan fojeali kunning birinchi yarmida bo‘lib o‘tadi. Zero, “Men o‘zbekman” kitobining o‘n beshinchi bobi “1992-yil 18-dekabr” deb nomlangani bejiz emas. Chunki bu bobda o‘sha kungi falokat qisqa, lekin imkon qadar asosli va o‘ta vazmin ruhda bayon etilgan. Shuning uchun quyidagi ko‘chirmaga e’tibor qaratamiz:

“Shu kuni dekabr bo‘lishiga qaramay havo yoz singari issiq edi, Salomov kostyumini yechib kreslosining suyanchig‘iga ilib qo‘ydi va ish bilan qattiq band bo‘lgani uchun tushlikka chiqqanini hisobga olmaganida xonasidan chiqmadi, soat to‘rtlarga yaqin ish telefoni jiringladi.

U telefonni ko‘tardi va birdan hayajon bilan:

 – E, shundaymi, buni qarang-a, bo‘ldi, hozir tushaman, kutib turing! – deb telefonni qo‘ydi, kostyumini ham kiymasdan xonasidan shoshib chiqarkan kotibaga, – men hozir kelaman, rahbarlar so‘rab qolsa shunday deb ayting.

Habibulla Salomov tez-tez yurib pastga, birinchi qavatga tushib ketdi.

Oradan yarim soat o‘tdi.

Bir soat o‘tdi.

Bir yarim soat o‘tdi.

Habibulla Salomov xonasiga qaytib chiqmadi.

Kotiba bezovta bo‘lib Hamroyevning xonasiga kirdi.

– Habibulla G‘aybullayevich, men hozir kelaman, deb xonadan chiqib ketgan edi, lekin bir yarim soatdan beri yo‘qlar.

– Hamroyev turib Salomovning xonasiga yo‘l oldi.

Kostyumi kreslosi suyanchig‘iga osig‘liq turar, o‘zi esa yo‘q edi.

– Unga kim telefon qilganini bilmaysizmi? – so‘radi kotibadan.

– Telefon jiringladi, lekin telefonni o‘zi ko‘tardi. Kim qo‘ng‘iroq qilganini bilolmay qoldim.

– Uyiga telefon qilmadingizmi?

– Qildim, ishda deb aytishdi.

– Kutib turaylik-chi, kelib qolar, – dedi u xonadan chiqarkan.

U kelavermagach, Mirzayevga qo‘ng‘iroq qilib, yuz bergan voqeani aytganidan keyin u ham yetib keldi. Yuz bergan voqea haqida Mustafoyevga ham ma’lum qilindi.

Kechga yaqin Tugal Rajabov qabulxonaga kirib keldi.

– Habibulla o‘zidami? – so‘radi u kotibadan.

– Habibulla aka bir necha soatdan beri yo‘q, uning qayerga ketganini biz ham bilolmay turibmiz, – dedi u yig‘i aralash.

– Qandaydir falokatni sezib Tugal akaning vujudi seskandi.

U Mirzayevga qo‘ng‘iroq qildi.

– Nima gap, Tohir Qambarovich, Habibulla qayerga ketgan bo‘lishi mumkin?

– Biz ham nima bo‘lganiga aqlimiz yetmay turibdi, u bugun siz bilan uchrashishini aytgan edi, – javob berdi Mirzayev.

– Tohir Qambarovich, Daminning odamlari bir falokatni boshlamadimikin?

– Ularning qo‘lidan hamma narsa keladi, ular yovuz, o‘ta xavfli jinoyatchilar. Ularning odamlari hali ham ochiqda bor. Men jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida topshiriq berdim, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik qo‘mitasiga ham tezkor topshiriq berildi. Ertalabgacha aniqlik bo‘lib qolar, – dedi Mirzayev.

Bu voqea 1992-yil 18-dekabrda yuz berdi. Habibulla Salomov o‘sha paytda 37 yoshda edi...

Shundan beri oradan ko‘p yillar o‘tdi.

Iste’dodli tergovchi, samimiy inson Habibulla G‘aybullayevich Salomov shu ketganicha ishga ham, uyiga ham qaytib bormadi.

Bedarak yo‘qoldi.

Ko‘p yillik qidirishlar, tergov harakatlari samara bermadi...”[8].

Avvalo, biz iqtibos olgan kitobdagi ushbu tafsilotlar bevosita o‘sha falokatga ilk guvoh bo‘lgan shaxslar – Habibulla akaning rahbarlari va hamkasblari fikrlari asosida yozilgani tabiiy. Shuning uchun fojeaning ayni talqiniga ishonmaslikka hech qanday asosimiz yo‘q.

Ammo: “Bunday tubanlikni aynan kim (yoki kimlar) sodir etgan?” degan asosiy savol ochiq qolgan. Binobarin, qotillar o‘zlarining yovuzliklarini na prokuratura xodimlari, na Habibulla akaning yaqinlari fosh etishlari uchun qo‘l keladigan, hech bo‘lmaganda, qandaydir shubha uyg‘otadigan bironta dalil-u isbot qoldirmagan.

Habibulla aka huquqshunos edi. U qariyb 20-yil tergov tizimida ishlab, qanchadan-qancha jinoyatchilarning aldam-qaldamlarini fosh etgan bo‘lsa, yana ko‘plab aldanib qolgan sodda odamlarning dardlarini tinglashiga ham to‘g‘ri kelgani aniq. Shunday ekan, prokuratura eshigi oldigacha qo‘rqmasdan kelib, Habibulla akani pastga chaqirtirib olganlar shunchaki tasodifiy kimsa(lar) bo‘lmagan, balki u o‘ziga ishongandek ishongan odamlar bo‘lgan...

E’tibor bering: Habibulla aka kostyumini kiymagan, seyfini qulflamagan, har ehtimolga qarshi shaxsiy qurolini ovolmagan, xizmatdoshlariga tez orada qaytib kelishini aytgan. Demak, qandaydir eng ishonchli tanishi bilan ko‘rishgani idoradan tashqariga chiqqan. O‘sha ishongan odami esa, lo‘ndasini aytganda, ishonchni suiiste’mol qilgan.

Habibulla aka o‘ziga nisbatan xiyonat bo‘lishiga ishonmagan, chunki xiyonat qiluvchiga ishongan. Shu ishonch, oxir-oqibat, unga pand bergan. Yurtimizning navqiron, jasur, iste’dodli tergovchi, samimiy  bir inson shu tariqa uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaning qurboniga aylangan.

O‘sha vaqtdagi rahbarlarning e’tiborsizligi va aybi bilan juda og‘ir davr bo‘lgan XX asr 90-yillarida jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘z bilimi, kuchi va hatto hayotini baxshida etgan va 37 yoshida jinoyatchilarning qurboniga aylangan iste’dodli tergovchi, samimiy inson – mashhur ziyoli oila farzandi Habibulla Salomov xotirasi shu kungacha qadr topmagan edi. Mana endi bu xatolikka barham berildi.

Habibulla akaning yolg‘iz o‘g‘li, ustoz G‘aybulla akaning nabirasi Sarvarbek nihoyat qanoat va xo‘rsinish bilan aytganidek, “Shukr, endi olamdan o‘tgan aziz insonimizni yo‘qlaydigan aniq manzil va gul qo‘yadigan tayin ostonaga ega bo‘ldik”.

Alqissa, G‘alaba bog‘iga kelgan kishi Vatan mustaqil­ligi uchun kurashgan, jon fido etgan odam aslo el-­yurtning nazaridan chetda qolmasligini, kelgusi avlodlar ularni esidan chiqarmasligini chin yurakdan his etishi juda muhim. O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, «shundagina xalq hayotida fidoyilik va qahramonlik an’analari bardavom bo‘ladi. Shundagina inson qadri va hayoti naqadar buyuk boylik ekani yaqqol ayon bo‘ladi».

 

G‘ulom MIRZO

 

 

[1] Шоҳрух Акбаров. Мен ўзбекман: 90-йиллардаги ёвузликлар. Тарихий-ҳужжатли роман. Иккинчи китоб. – Тошкент: “Fan ziyosi”, 2021. – 400 бет.

[2]  Акмал Саидов. Матонат тараннуми // “Куч – адолатда" газетаси, 2021 йил 20 август.

[3] Шоҳрух Акбаров. Мен ўзбекман: 90-йиллардаги ёвузликлар. Тарихий-ҳужжатли роман. Иккинчи китоб. – Тошкент: “Fan ziyosi”, 2021. – 241-242-бетлар.

[4] Шоҳрух Акбаров. Мен ўзбекман: 90-йиллардаги ёвузликлар. Тарихий-ҳужжатли роман. Иккинчи китоб. – Тошкент: “Fan ziyosi”, 2021. – 242-бет.

[5] Шоҳрух Акбаров. Мен ўзбекман: 90-йиллардаги ёвузликлар. Тарихий-ҳужжатли роман. Иккинчи китоб. – Тошкент: “Fan ziyosi”, 2021. – 281-бет.

[6] Шоҳрух Акбаров. Мен ўзбекман: 90-йиллардаги ёвузликлар. Тарихий-ҳужжатли роман. Иккинчи китоб. – Тошкент: “Fan ziyosi”, 2021. – 293-бет.

[7] Шоҳрух Акбаров. Мен ўзбекман: 90-йиллардаги ёвузликлар. Тарихий-ҳужжатли роман. Иккинчи китоб. – Тошкент: “Fan ziyosi”, 2021. – 364-бет.

[8] Шоҳрух Акбаров. Мен ўзбекман: 90-йиллардаги ёвузликлар. Тарихий-ҳужжатли роман. Иккинчи китоб. – Тошкент: “Fan ziyosi”, 2021. – 365-367-бетлар.

Powered by GSpeech