UCHINCHI RENESSANS — YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTINING TAMAL TOSHI

“Men nega aynan shu mavzuni tanladim? Nima uchun o‘z o‘quvchilarimga Yangi O‘zbekiston fenomeni haqida so‘zlab bermoqchiman?”[1]

Yaqinda poytaxtimizda taqdimoti bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitob muallifi, pokistonlik yozuvchi va jurnalist Muhammad Abbos Xon ushbu asarining dastlabki sahifalarida shunday savollar bilan o‘ziga murojaat qilar ekan, kitobning boshidan-oxirigacha ayni shu bosh mavzu, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan Uchinchi Renessans g‘oyasining mazmun-mohiyatini badiiy-publitsistik ruhda teran ochib berishga intilgan va bu ezgu maqsadiga erishgan ham.

 

Konsept nima?

 

Urdu tilida yozilgan va endilikda o‘zbek tilida ham nashr etilgan muhtasham asarning nomi haqida so‘z yuritar ekan, muallif shunday yozadi: “Kim biladi, ehtimol, kitobni “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” deb nomlaganim ayrim kishilarga balandparvoz, hatto erish ham tuyular. Ammo aynan shu “konsept” atamasi men yetkazmoqchi bo‘lgan g‘oyani aniq va to‘laroq anglatadi, deb o‘ylayman. Faqat an’analarga hurmatgina emas, balki taraqqiyotga, ilmiy va madaniy rivojlanishga ishtiyoqni ham o‘zida mujassam etgan g‘oyalarga tayanib, taraqqiyot cho‘qqilari sari intilayotgan bugungi O‘zbekiston chindan ham buyuk Renessans bo‘sag‘asida turibdi. Buni kitobning “shunchaki nomi” deb hisoblay olmayman. Chunki Uchinchi Renessans g‘oyasi bu mamlakatning salohiyatini anglab yetgan insonlar qalbida aks sado beradigan noyob g‘oya ekaniga ishonchim komil”[2].

Haqiqatan ham, “konsept” so‘zining tushuncha qamrovi nihoyatda ko‘lamdor. Avvalo, ushbu atama negizidagi lotincha “conceptus”  so‘zi “tushuncha” degan lug‘aviy ma’noni anglatishini qayd etish lozim.

Konsept  — muayyan voqelikka xos belgilar bilan bog‘liq obraz, ya’ni timsol, amaliy tajriba, orzu-istak, o‘y-xayol, tushuncha va tasavvurlarning ongu tafakkurimizdagi aksini ifoda etadigan fikr, g‘oya, niyat deganidir.

Konsept  — tuyg‘ular va tushunchalar o‘rtasidagi o‘ziga xos fikriy zina. U ong-tafakkurning dalillar, tuyg‘ular, madaniy hayot tajribasi va til orqali ifoda etish unsurlarini o‘zaro chambarchas bog‘lab turadi.

Konsept  — shunchaki g‘oya emas, balki innovatsion g‘oya bo‘lib, o‘zida tashabbuskorlik, bunyodkorlik va yaratuvchanlik mohiyatini mujassam etadi.

Konsept  — shunchaki so‘z yo atama emas, aksincha, tafakkur tarzimiz shakllantirgan dunyoning butun boshli kognitiv modelidir. Binobarin, bu model inson yoki tizim bizga muayyan vaziyatning o‘zi emas, balki uni  qanday talqin etishimiz ta’sir ko‘rsatishini to‘g‘ri tushunishni, shu nuqtayi nazarga tayangan holda, tegishli axborotga ishlov berish, fikrlarni shakllantirish, his-tuyg‘ularni tarbiyalash va qarorlar qabul qilishni taqozo etadi.

Shu ma’noda, kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda bunyodkor xalqimiz shiddat bilan poydevorini tiklayotgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasiga aynan “taraqqiyot konsepti”, deya ta’rif berilgani har tomonlama asosli, deb hisoblaymiz. Chunki, muallif so‘zlari bilan aytganda, “Uchinchi Renessans nafaqat ijtimoiy institutlar shakllarini yangilash, balki inson hayotining asl mohiyatini chuqur qayta anglashni bildiradi. Ayni paytda u o‘tmishning ma’naviy merosiga tayangan holda zamonaviy global muammolarga yechim topish orqali, tafakkur, madaniyat va bilimga asoslangan yangi dunyoni bunyod etishga qaratilgandir”.

 

Insoniyat taraqqiyotining oltin pillapoyalari

 

Ulug‘ alloma ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning: “Vaqt pillapoyasi cheksizdir, bir-birining o‘rnini egallab boradigan avlodlar zinadan zinagacha ko‘tariladilar, xolos. Jamlangan tajribani har bir avlod o‘zidan keyin kelayotgan, o‘zidan keyin uni taraqqiy ettiradigan va boyitadigan navbatdagi avlodga yetkazib beradi”, degan purhikmat fikrlari bor. Bu  bebaho fikrlarni izchil rivojlantirish asnosida Birinchi Sharq Uyg‘onish davri va Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davri – ana shu ikki Renessans tom ma’noda insoniyat taraqqiyotining oltin pillapoyalari sifatida tarix sahifalariga muhrlanganini alohida ta’kidlash farzu qarzdir.

IX-II asrlarda mintaqamizda yuz bergan va "Musulmon Renessansi" deb nomlangan Birinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham, butun dunyoda "Temuriylar davri Renessansi" deya e’tirof etilgan XIV-VI asrlardagi Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham jamiyatda e’tiqod – mustahkam, ma’naviyat – kuchli, insonlar dunyoqarashida ma’naviyat – ustuvor, davlatchilik tuzumida ma’naviyat va ma’rifat – yetakchi bo‘lgan.

"Renessans" ("renaitre") fransuzcha so‘z bo‘lib, qayta yuzaga kelmoq, yangidan tug‘ilmoq, degan lug‘aviy ma’nolarni anglatadi. O‘zbek tilidagi "Uyg‘onish davri" tushunchasi ushbu atamaning sinonimi, ya’ni ma’nodoshi hisoblanadi.

Renessansning asosiy alomatlari tafakkurda va ilmu ijodda dogmatizm, jaholat va mutaassiblikni yorib o‘tib, insonni ulug‘lash, uning iste’dodi, aqliy-fikriy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, adabiyot va san’atda dunyoviy go‘zallik, hayot taronalarini qizg‘in kuylash, inson erki, hurfikrlilik uchun kurashish misolida yorqin namoyon bo‘ladi. Natijada ijodiy qudrat va tafakkur kuchini namoyish etadigan ulug‘vor badiiy asarlar yaratiladi, muhtasham me’moriy inshootlar bunyod etiladi, ilm-fan rivojlanadi.

Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, bugungi O‘zbekiston hududi tarixda ilm-fan, madaniyat va san’atning qadimiy beshigi sifatida mavjud bo‘lib kelgan. Bu haqda islomga qadar mavjud manbalarda ham ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan, “Avesto”da ham ma’naviy muhit, ilm-fan va ta’lim-tarbiya xususida o‘z davri uchun ilg‘or g‘oyalar ilgari surilgan.

O‘zbekiston hududlari tarixan Buyuk ipak yo‘lining markazi va uning turli tarmoqlari kesishgan nuqtada joylashgan. Shuning uchun Sharq va jahonning turli mamlakatlaridan diniy va dunyoviy bilim olish istagidagi insonlar hamisha Samarqand, Buxoro, Xorazm, Nasaf (Qarshi), Kesh (Shahrisabz), Toshkent, Farg‘ona kabi ko‘hna madaniyat markazlariga intilganlar. Bu hududlarda qadimgi zamonlardan faoliyat yuritgan bilim maskanlari madrasalar o‘z davrining oliy ta’lim muassasasi, ya’ni universitetlari maqomida bo‘lgan, deyish mumkin.

Birinchi Sharq Uyg‘onish davrida ulug‘ allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlar yetishib chiqdi. Aniq fanlar sohasida Muhammad Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Bakr Roziy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy jahonshumul kashfiyotlar qildilar. Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamaxshariyning falsafiy asarlari bashariyat tafakkur xazinasini boyitdi.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, X asrning oxiriga kelib Samarqandda 17 ta madrasa faoliyat yuritgan. Bu madrasalarda islom ta’limoti bilan birga, dunyoviy fanlar ham o‘qitilgan. O‘z davrida hatto nafaqat shoir, balki faylasuf va falakiyotshunos sifatida ham dunyo miqyosida tanilgan Umar Xayyom ham Samarqandda tahsil olgan.

Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davrida Amir Temur bunyod etgan ulug‘ saltanatning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Chunki buyuk Sohibqiron dunyoning turli mintaqalaridan olimu adiblar va me’moru hunarmandlarni o‘z saltanati poytaxti Samarqand shahrida jamlagan. Ilmu ma’rifat va kasb-hunar sohiblarini rag‘batlantirgan, boy kutubxona, rasadxona va madrasalar bunyod ettirgan.

Jumladan, Mirzo Ulug‘bek madrasasida matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot, tarix, falsafa, adabiyot kabi ijtimoiy-gumanitar, aniq va tabiiy fanlarning o‘qitilishi ikkinchi "Sharq Renessansi"ning vujudga kelishiga turtki bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Ali Qushchi singari ko‘plab mutafakkirlarimizning boqiy nomi va boy merosi nafaqat mintaqamizning ma’naviy rivojida, ayni vaqtda jahon sivilizatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutadi. 

"Nur – Sharqdan taraladi", degan edi mumtoz nemis faylasufi Georg Gegel. Binobarin, Sharq Uyg‘onish davri yutuqlari G‘arbiy Yevropada yuz bergan alohida madaniy va tafakkuriy taraqqiyot davri, xususan, XIV-VI asrlardagi Italiya Renessansiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, tutash chegara mamlakatlari: Qurdoba (Ispaniya), Kavkaz, Bolqon yarim orolida bu jarayon kuchli bo‘lgan. Yevropaliklar Sharq olimlarining asarlarini lotin, ispan, yahudiy tillariga qilingan tarjimalar orqali yoxud bevosita arab tilida o‘qib-o‘rganganlar.

Sharqning butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa bo‘lgan har ikki Renessansi buyuk ajdodlarimizning ilm-ma’rifat va kuchli e’tiqod, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan edi. Bu g‘oyalar O‘zbekiston mustaqilligi yillarida alohida, yanada teran ma’no-mazmun kasb etib bormoqda. 

Mamlakatimizda Uchinchi Renessansni XX asrda ma’rifatparvar jadidlar amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, o‘lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etganlar.

Shukrki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda  yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad etib belgilandi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz”.

Pokistonlik adib Muhammad Abbos Xon ana shu asl haqiqatlarning mag‘zini chaqibgina qolmay, xolis e’tirofu ehtiromlarini  o‘zining kitobida izhor etgani tahsinga loyiq. Muallifning fikricha ham, O‘zbekiston — qadim zamonlardan buyon umumbashariy tamaddunning vujudga kelishiga ulkan hissa qo‘shgan, dunyoga ilm-urfonda dong‘i ketgan yuzlab fozil ustodi oliylarni tarbiyalab bergan ilm-fan, san’at va madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat o‘choqlaridan biridir.

Kitobda qayd etilganidek, “Xalqaro ilmiy hamjamiyat hozirgi O‘zbekiston hududida yashab ijod qilgan olimu mutafakkirlarning “Sharq Uyg‘onish davri” yoki “Musulmon Renessansi”ning yirik vakillari sifatida yuksak e’tirof etadi. Zero, ularning yutuq va kashfiyotlari insoniyat taraqqiyoti, madaniyati va islom olamining ma’naviy qadriyatlari rivojida munosib o‘rin tutadi”[3].

 

Uchinchi Uyg‘onish davri ostonasida

        

Uchinchi Renessans: bu ulug‘vor g‘oya qachon va qayerda ilgari surilgandi?

Gap shundaki, davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida, Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda 2020-yil sentyabr oyida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdagi ma’ruzasida mamlakatimizda Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish tashabbusini ilgari surdi. Ma’ruzalarda donishmand xalqimiz tarixda ikki Renessansni boshidan o‘tkazgani alohida tahlil qilinib, millatimizning jahondagi eng ilg‘or, taraqqiy etgan xalqlar qatorida bo‘lgani barchamizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlashi e’tirof etildi.

Bugungi kunda biz uchinchi Uyg‘onish davri ostonasida turibmiz. Agar O‘zbekiston Prezidentining keyingi to‘qqiz yilda ma’rifat, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida imzolagan qonun, farmon va qarorlari, tasdiqlagan Milliy strategiya va Davlat dasturlari, ilgari surgan yangidan yangi tashabbuslarining mag‘zini to‘la chaqib ko‘rsak, navbatdagi Ma’rifat Renessansining markazi O‘zbekiston ekaniga hech kimda shubha qolmaydi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, "Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas".

Bu fikrlarning tasdig‘i sifatida “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kitobi muallifi o‘z asarida “Uchinchi Renessans” tushunchasiga bergan ayrim ta’riflarni keltiramiz:

“Janob Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi ham nihoyatda muhimdir. Ushbu ezgu g‘oya ilm-fan va ma’rifatga asoslanadi, insonparvarlikka chorlaydi. Yangi Renessansning bosh maqsadi — mamlakatni ravnaq toptirish, yurt farovonligiga erishish”[4];

“Ishonchim komilki, Uchinchi Renessans — bu barcha soha va yo‘nalishlarda milliy taraqqiyot yo‘lining navbatdagi bosqichidir. Bu konsepsiya o‘ziga xos “texnologik sakrash”ni, yuqori darajada rivojlangan “smart” iqtisodiyotni nazarda tutadi. Shuningdek, u ilm-fan, texnologiyalar, axborot, madaniyat va ijtimoiy sohalarda jahon hamjamiyati bilan yanada faolroq, yanada kengroq integratsiyani taqozo qiladi”[5];

“O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans — faqat O‘zbekiston xalqi uchungina emas, balki mintaqadagi boshqa davlatlar, ehtimol, yanada kengroq global jarayonlar uchun ham muhim ahamiyatga ega”[6];

“Mening nazdimda, Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans g‘oyasi shunchaki siyosiy reja emas, balki insoniy qadriyatlarni, siyosiy barqarorlikni va taraqqiyotga intilishni ustuvor maqomga qo‘yadigan O‘zbekiston kelajagining konsepsiyasi hamdir”[7];

“Takror bo‘lsa ham qaytaraman: O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans — bu shunchaki ma’naviy-siyosiy islohotlar yoki iqtisodiy jonlanishgina emas. Bu — undan ham ahamiyatliroq tarixiy hodisadir. Bu — asrlar davomida ushbu mintaqaning javhari bo‘lgan ulug‘vor madaniyatga qaytish, ideallarni qayta tiklash jarayonidir”[8];

“Uchinchi Renessans g‘oyasi — milliy ruhga, xalqning azaliy orzu-umidlariga hamohangdir. Zero, xalq “bir paytlar to‘lib-toshib og‘gan daryo yana to‘lib oqishini” chin dildan istaydi. O‘zbekiston madaniy yutuqlarining ulug‘vorligi — bevosita e’tiqod masalasi va falsafa bilan uzviy bog‘liqdir”[9].

Pokistonlik siyosatchi va ilmiy ekspertlarning fikricha, ushbu asar va unda ko‘tarilgan ayni fikr hamda talqinlar nafaqat Pokistonda, balki Yevropa va boshqa mamlakatlarda ham yuqori baholanmoqda. Kitobga Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif ham so‘zboshi yozib, unda asarning bashariyat tamadduni istiqbolini anglashdagi ilmiy-mushohadaviy ahamiyatini alohida ta’kidlagan va bu bejiz emas.

Prezidentimizning Uchinchi Renessans g‘oyasi negizida O‘zbekiston liderining, jumladan: "Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat", degan asosli fikrlari o‘z mujassamini topgan.

 

Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans: taraqqiyot g‘oyasi ro‘yobga chiqmoqda

 

Yangi O‘zbekistonda Renessansning uchinchi to‘lqini bo‘y ko‘rsatmoqda. Bu haqiqatni tiyrak nigoh bilan ko‘rib-anglab yetgan muallif o‘z kitobida, avvalo, xalqaro amaliyotda jahon siyosiy terminologiyasini yangi tushunchalar bilan boyitishga qodir davlat va jamoat arboblari kam uchrashiga e’tiborni qaratadi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” tushunchasini dunyo siyosati lug‘atiga kiritgani beqiyos ilmiy ahamiyatga ega. Yangi O‘zbekiston – bu ibora Millat Sardori ilgari surgan va bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan ezgu g‘oyadir. Bu g‘oya zamirida:

bir tomondan, bugungi va ertangi avlodlarimizning “Uchinchi Renessans” poydevorini qo‘yishdek ezgu maqsad-muddaolari;

ikkinchi tomondan,  milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlariga asos solgan ulug‘ ajdodlarimiz, alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari;

uchinchi tomondan,  bunyodkorlik, yaratuvchanlik, har doim o‘qish va izlanishga da’vat o‘z mujassamini topgan.

Yangi O‘zbekiston me’mori va tashabbuskori hisoblanuvchi Prezidentimiz qayd etganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan obyektiv zaruratdir”.

O‘z navbatida, pokistonlik adibning fikricha, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jahon siyosati lug‘atiga “Yangi O‘zbekiston” tushunchasining kiritilishi o‘ziga xos ilmiy ahamiyatga egadir. Bu g‘oyaning asosida, bir tomondan, hozirgi va yaqin kelajak avlodlarning Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yishdek ezgu maqsad va intilishlari, ikkinchi tomondan, o‘zbek xalqining qadim tarixida Birinchi va Ikkinchi Renessansni boshlab bergan buyuk mutafakkirlarning orzu-armonlari ham mujassam. Kuzatishlarimga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g‘oyasi mamlakat fuqarolari ongida mustahkam o‘rin egallab, umummilliy harakatga aylanib bormoqda”[10].

Chindan ham shunday. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga qaratilgan barcha ezgu sa’y-harakatlar samarasi sifatida yuzaga chiqadigan Ma’naviy-ma’rifiy Uyg‘onish xalqimiz, jamiyatimiz, davlatimiz bunyod etishga kirishgan Uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Yanada aniq qilib aytganda, har qanday Renessansning muhim asosini Ma’naviy-ma’rifiy Uyg‘onish tashkil etadi.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

«Hurriyat» gazetasining 2025-yil 25-dekabr kungi 50 (1476)-soni

[1] O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti. Badiiy publitsistika. Urdu tilidan badiiy  tarjima. / Muhammad Abbos Xon. — Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2025. — 408 bet.

[2] O‘sha manba. — B. 9-10.

[3] O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti. Badiiy publitsistika. Urdu tilidan badiiy  tarjima. / Muhammad Abbos Xon. — Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2025. — B. 18.

[4] O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti. Badiiy publitsistika. Urdu tilidan badiiy  tarjima. / Muhammad Abbos Xon. — Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2025.— B. 13.

[5] O‘sha manba. —B. 14.

[6] O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti. Badiiy publitsistika. Urdu tilidan badiiy  tarjima. / Muhammad Abbos Xon. — Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2025. — B. 14.

[7]O‘sha manba. — B. 15.

[8] O‘sha manba. — B. 16.

[9] O‘sha joyda.

[10] O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti. Badiiy publitsistika. Urdu tilidan badiiy  tarjima. / Muhammad Abbos Xon. — Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2025. — B. 20-21.

Powered by GSpeech