TARJIMONLARGA XALQARO MUKOFOT TOPSHIRILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-iyundagi qarori bilan ta’sis etilgan va 2025-yilda ilk bor o‘tkazilgan Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot uchun tanlov g‘oliblari ma’lum bo‘ldi. Ushbu xalqaro mukofot sohiblarini taqdirlash marosimi 2025-yil 24-dekabr kuni Toshkent shahridagi “Renessans” kino uyida tashkil etildi.

Tadbirda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar, keng jamoatchilik vakillari, shu jumladan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari ham ishtirok etdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot badiiy tarjima sohasida faoliyat yuritayotgan tarjimonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning fidokorona xizmatlarini e’tirof etishda g‘oyat katta ahamiyatga ega. Tanlov hay’atiga 60 dan ortiq nomzodlarning tarjima asarlari taqdim etilgani ham tarjimonlarning ushbu xalqaro mukofotga katta qiziqish bildirganidan dalolat beradi.

Tanlov hay’atining yakuniy qaroriga ko‘ra, quyidagi tarjimonlar Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi:

O‘zbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima yo‘nalishi:

Said Mahmud Said Mubashir (Saudiya Arabistoni) – Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanini arab tiliga tarjima qilgani uchun.

O‘zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima yo‘nalishi:

Mixail Sinelnikov (Rossiya) – 3 jildli “Антология узбекской поэзии” kitobi uchun.

O‘zbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga tarjima yo‘nalishi:

Shamenaz Bano (Hindiston) – Anvar Obidjonning “Meshpolvon” qissasini hind tiliga tarjima qilgani uchun.

Xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan o‘zbek tiliga tarjima yo‘nalishi:

Ibrohim G‘ofurov (O‘zbekiston) – Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” romani tarjimasi uchun.

Xorijiy tillarda yaratilgan she’riy asarlardan o‘zbek tiliga tarjima yo‘nalishi:

Abdulla Sher (O‘zbekiston) – Anna Axmatovaning “Oq tun” she’riy to‘plami tarjimasi uchun;

Tohir Qahhor (O‘zbekiston) – 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari”ning 66-jildidan o‘rin olgan ozar shoiri Xalil Rizoning she’riy to‘plami tarjimasi uchun.

Xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga tarjima yo‘nalishi:

Nodirabegim Ibrohimova (O‘zbekiston) – Roald Dalning “Mehribon dev” qissasi tarjimasi uchun.

Shuningdek, “Badiiy tarjima rivojiga qo‘shgan hissasi uchun”, “O‘zbek adabiyotini xorijda faol targ‘ib qilgani uchun”, “Umidli tarjimon” yo‘nalishlari bo‘yicha Vafo Fayzulloh (O‘zbekiston), Vali Savash Yelok (Turkiya) hamda Saidjalol Saidmurodov (O‘zbekiston) rag‘batlantiruvchi mukofot bilan taqdirlandi.

Tadbirda elimiz ardoqlagan sohir ovoz sohiblari – taniqli xonandalar ham ishtirok etdi. Ular ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar ohangiga hamohang milliy raqslar esa anjumanga bayramona kayfiyat ulashdi.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Rasmlar muallifi: Ahmad To‘ra

Powered by GSpeech