YANGI O‘ZBEKISTONNING DO‘STONA, OQILONA VA TASHABBUSKORONA TASHQI SIYOSATI SAMARALARI
“Bunday murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, vazmin va oqilona ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyatimizni davom ettiramiz”.
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili, deb e’lon qilingan 2025-yil poyoniga yetdi. Chindan ham, bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan va yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan o‘zgarishlar, davlatlar o‘rtasida iqtisodiy qarama-qarshilik, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali bir vaziyatda o‘tgan murakkab yilni yakunladik.
Shunga qaramay, bir tomondan, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida qat’iy davom ettirilgan shiddatli, qamrovdor va samarali demokratik islohotlar, ikkinchi tomondan, bunyodkor xalqimizning tashabbuskorligi va mardona mehnati, uchinchi tomondan, Yangi O‘zbekistonning o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosati hisobiga 2025-yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishdik.
Ayni chog‘da, jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib, davlatlar orasida ishonchsizlik muhiti ortib borayotganidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Binobarin, Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrda taqdim etilgan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, “Bunday murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, vazmin va oqilona ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyatimizni davom ettiramiz”.
Millat Sardori O‘zbekiston va BMT munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini ta’minlash, mustahkam milliy huquqiy tizim va ochiq fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli va shiddatli islohotlar dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda. Masalan, 2025-yilda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 19 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qayd etildi[1].
Shu ma’noda, davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi taqdim etilgan anjumanda qatnashgan xorijiy davlatlar elchilariga alohida murojaat qilib, “Biz bilan aloqalarni kengaytirib, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakatlaringiz hukumatlariga alohida tashakkur bildiraman”, deya ta’kidlagani bejiz emas. Prezidentimiz, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jahon iqtisodiy va moliyaviy institutlari bilan yaqin hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqilishiga e’tiborni qaratdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 18-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi”.
Shu mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga tayanib, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Binobarin, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham mamlakatimiz dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga va BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyorligi ta’kidlangan.
Bu haqda fikr yuritganda, O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanuvchi diplomatiya sohasida:
birinchidan, hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama diplomatiya;
ikkinchidan, mintaqamizdagi qo‘shni mamlakatlar bilan mintaqaviy diplomatiya;
uchinchidan, asosiy xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama diplomatiya doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratayotganini ta’kidlash lozim.
Davlatimiz BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni izchil va og‘ishmay bajarib kelmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslari asosida, xususan, BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Davlatimiz rahbari 2017-yildan buyon BMT bosh minbarida besh marta nutq so‘zladi va ayni voqelik Yangi O‘zbekiston shu qisqa davrda BMTning eng faol va tashabbuskor a’zolaridan biriga aylanganini hamda BMT bilan hamkorligimiz mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilganini yaqqol tasdiqlaydi.
E’tibor bering: Prezident Shavkat Mirziyoyev bundan 5-yil oldin BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Bosh Assambleya tarixida ilk marotaba o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Bundan sakkiz yil oldin esa davlatimiz rahbarining BMT bosh minbaridagi dastlabki nutqida buyuk alloma bobomiz Imom Buxoriy hazratlarining muborak nomlari xalqaro hamjamiyatning ushbu nufuzli anjumanida tarixda birinchi bor baralla yangragandi.
So‘nggi yillarda BMT bilan hamkorlik bemisl darajaga ko‘tarilib, 160 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘zida Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda "BMT-Ayollar" tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.
Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi BMT bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘riladi. Bugun mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgan. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlar va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlamoqda.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 19-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi.
Yangi O‘zbekistonda Konstitutsiyaga va mamlakat qonunlariga hurmat tuyg‘usi kuchaymoqda, “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor prinsipi hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda. O‘zbekiston BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish masalalari bo‘yicha ham faol hamkorlik qilmoqda. Mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga 50 dan ortiq milliy ma’ruza o‘z vaqtida taqdim etilishi ta’minlandi.
Inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy ta’lim samaradorligini oshirish, shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’limga oid Jahon dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlar faol davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Yangi O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim milliy dasturi izchil amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash va uning maxsus tartib-taomillari bilan faol hamkorlik davom etmoqda. O‘zbekiston BMTning turli organlari tavsiyalari asosida yettita milliy harakat rejasini amalga oshirmoqda. Bular, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida”gi 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish; ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi kurashish; iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar; nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari; Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar tavsiyalarini amalga oshirish; terrorizmga qarshi kurashish va bola huquqlari bo‘yicha rejalardir.
Bundan tashqari, BMTning Munosib uy-joy masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B.Radjagopalning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirish uchun "Yo‘l xaritasi" loyihasi tayyorlandi.
Ma’lumki, 2025-yilda jahon hamjamiyati BMTning 80-yilligi tantanalari bilan bir qatorda inson huquqlari bo‘yicha birinchi majburiy yuridik shartnoma – Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning 60-yilligini, shuningdek, zamonaviy ijtimoiy va siyosiy hayotning gender mezonini boshlab bergan Ayollarga nisbatan Pekin platformasi va Harakatlar dasturining 30-yilligini nishonladi. Mamlakatimizda ushbu sanalarni nishonlash bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari va ta’lim muassasalarini keng jalb etgan holda keng qamrovli tadbirlar dasturlari amalga oshirildi.
Yangi O‘zbekiston 2025-yilda BMTning fuqarosizlikni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarini bajarish borasida tarixiy yutuqqa erishdi va muvaffaqiyatimiz dekabr oyida Jenevadagi Millatlar saroyida o‘tkazilgan anjumanlarda e’tirof etildi. Gap shundaki, 1991-yildan 2016-yilgacha bor-yo‘g‘i 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2017-yildan 2025-yilgacha 85 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘ldi. Bu mamlakatimizdagi insonparvar siyosat jamiyatning hamma qatlamlarini qamrab olishga va inson qadr-qimmatini tom ma’noda hurmat qilishga qaratilganini baralla namoyon etadi.
Bugungi kunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRMni) ro‘yobga chiqarish, raqamli transformatsiyani rivojlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda innovatsion yechimlarni joriy etish, davlat boshqaruvi institutlari samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi O‘zbekiston BRMning Global indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish doirasida BMT bilan hamkorlikning yangi besh yillik dasturini imzolash kutilmoqda. Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum birgalikda tashkil etildi. Samarqand shahrida YUNESKOning Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi o‘tkazildi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini olib bormoqdamiz. Buning uchun ortga qaytmas islohotlarimizni izchil davom ettiryapmiz. Ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir”.
Ochlik va qashshoqlikning kuchayishidan tortib iqlim beqarorligigacha bo‘lgan global muammolar chuqurlashib borayotgan bir paytda, 2025-yil 4-6-noyabr kunlari Dohada Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammiti bo‘lib o‘tdi. Tobora ortib borayotgan tengsizlik, demografik o‘zgarishlar, jadal texnologik va ekologik yangilanishlar sharoitida Butunjahon sammiti global muloqot va hamkorlikdagi harakatlar uchun g‘oyat muhim maydon yaratdi.
Yangi O‘zbekiston Prezidenti Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon Doha sammitida so‘zga chiqib, global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan bir qator taklif va tashabbuslarni taqdim etdi. Davlatimiz rahbarining nutqida ta’kidlanganidek, "Bugungi kunda ijtimoiy farovonlikni ta’minlash, aholi turmushini yaxshilash borasida dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar birgalikda harakat qilayotgani e’tiborga molikdir. O‘zbekiston barqaror taraqqiyot sari barcha xalqaro hamkorlik formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlaydi”.
Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati – yangi va yuksak
bosqichda
Yangi O‘zbekiston dunyoga, dunyo esa yurtimizga keng ochilmoqda. Mintaqamiz va butun jahonda do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda. O‘zbekiston hozirgi kunda aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi. Yurtimiz shiddatli demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda.
Yangi O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mintaqaviy tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda. 2025-yilda yangi tashkil etilgan MDHning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘zbekiston vakili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasida IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi tarkibiga 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan davr uchun saylandi.
Bryusselda iyun oyida Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va ular bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha "O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi" kichik qo‘mitasining 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, 2025-yil inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ko‘plab mintaqaviy vositalarning yubiley sanalari, xususan, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 75-yilligi, EXHT Xelsinki bitimining 50-yilligi, MDH Insonning asosiy huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi konvensiyasining 30-yilligi nishonlandi. Ushbu hujjatlar ham inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy xalqaro tizimi uchun tayanch ustunlar hisoblanadi.
Qolaversa, zamonaviy xalqaro huquq asosini yaratgan Nyurnberg tribunali o‘z ishini boshlagan sanaga 80-yil to‘lgani ham e’tibordan chetda qolmadi. Hozirgi zamon inson huquqlari davri, shubhasiz, Nyurnberg jarayonidan boshlangan. Garchi, XX asrda ko‘plab xalqaro hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa-da, Nyurnbergdagi Harbiy tribunal inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi muhim voqea hisoblanadi.
2025-yil 21-22-iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida “Islom hamkorlik tashkiloti dunyo o‘zgarishi sharoitida” shiori ostida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasida IHT kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi, Istanbul deklaratsiyasi qabul qilindi.
Sessiyaning asosiy natijalaridan biri 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining to‘qqiz nafar yangi a’zosi saylovi o‘tkazilganidir. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston vakili – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, professor Mirzatillo Tillaboyev uch yil muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga a’zo etib saylandi.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro diplomatiyada egallagan mavqei tobora o‘sib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi va mamlakatimizning ko‘p tomonlama hamkorlik, islomiy birdamlik va asosiy erkinliklarni himoya qilish prinsiplariga sodiqligini namoyish etadi. Bundan tashqari, bu natija O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro institutlar bilan o‘zaro hamkorligidagi muhim bosqich bo‘lib, IHTga a’zo davlatlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘zining oltinchi Murojaatnomasida qayd etganidek, “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida an’anaviy, keng qamrovli sheriklik aloqalarini yanada kengaytiramiz”.
Mamlakatimiz, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotimizni texnologik modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, barqaror energetika va transport loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarni davom ettiradi.
Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan do‘stona hududga aylantirish yo‘lida
Konstitutsiyamiz Muqaddimasida xalqimiz “xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib”, Konstitutsiyani qabul qilganligi alohida e’tirof etilgani bejiz emas. Zero, 2023-yil 30-aprel kuni mamlakatimiz Asosiy qonunining yangi tahrirdagi ushbu matniga “yagona O‘zbekiston xalqi” bevosita umumxalq referendumida – to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz bergan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni o‘zaro hamkorlik, qo‘llab-quvvatlash, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik tamoyillari asosida mustahkamlash belgilanganligi xalqaro, mintaqaviy va xorijiy ekspertlar tomonidan ijobiy baholanmoqda.
Turli xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning mavqei yaxshilanmoqda. O‘zbekiston rahbarining pragmatik tashqi siyosiy tashabbuslari butun dunyoda e’tirof etilmoqda. Dunyodagi hech bir mamlakatda so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistondagi kabi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmagan. O‘zbekiston liderining yaxshi qo‘shnichilik siyosati, ta’bir joiz bo‘lsa, mintaqaviy siyosatga doir oqilona doktrinasi tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mintaqaviy masalalarni bu qadar ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.
Yevroosiyo kengliklarining naq “yuragi”da joylashgan, tabiiy resurslarga juda boy, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan noyob madaniyat va taraqqiyot salohiyatiga ega Markaziy Osiyo mintaqasida ayni paytda turli davlatlar va kuch markazlarining manfaatlari kesishmoqda. Shundoq ham ayrim beqarorlik va qarama-qarshilik o‘choqlariga tutash bo‘lgan ushbu mintaqa yaqin va uzoq xorijda ro‘y berayotgan mojarolarning ham salbiy ta’sirini o‘zida his etmoqda. Bunday murakkab sharoitda Prezidentimiz qat’iyat bilan uqtirganidek, “Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarning mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdan boshqa yo‘li yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”.
Shu ishonch negizida o‘tgan yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ushbu uchrashuvlar mintaqada o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitni mustahkamlash, muhim hayotiy masalalarni hal qilish va ko‘p qirrali hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan to‘ldirish borasida samarali platformaga aylandi.
Natijada xalqaro siyosiy lug‘atda mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi o‘ziga xos modelni aks ettiradigan “Markaziy Osiyo ruhi”, “Yangi Markaziy Osiyo ruhi” atamalari paydo bo‘ldi. Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz. O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Mamlakatlarimiz 2017-yildan buyon Markaziy Osiyoda taraqqiyot va sheriklikning muhim masalalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining 10 dan ziyod rezolyutsiyasi qabul qilinishiga erishdi”[2].
Qisqa davrda dunyoda mintaqamizga nisbatan ishonch va hamkorlikka intilish kuchaydi. “Markaziy Osiyo +” formatida 10 dan ortiq hamkorlik muloqoti yo‘lga qo‘yilgani buni tasdiqlaydi.
Ayniqsa, mamlakatimiz poytaxtida 2025-yil 16-noyabrda O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi g‘oyat katta tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Maslahat uchrashuvi yakunida qabul qilingan hujjatlar va ilgari surilgan tashabbuslarda barqaror, xavfsiz va farovon Markaziy Osiyoni barpo etishdek umumiy maqsad o‘z mujassamini topgani tahsinga sazovordir.
Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ayni jarayonda “mintaqaviy o‘ziga xoslik” va “mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqei” degan yangi tushunchalar lug‘atimizga kirib keldi.
Mintaqaviy o‘ziga xoslikning mohiyati nimada? O‘zbekiston liderining ta’kidlashicha, “Bu farqli jihatlarimizni e’tirof etish va ayni paytda xalqlarimizning umumiy tarixi, mushtarak madaniyatini, taqdirlarimiz o‘zaro bog‘liq ekanini chuqur anglashga asoslanadi. Qo‘shnichilik — xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati — barchaning yutug‘i degan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi shakllanmoqda”[3].
Maslahat uchrashuvida mintaqamizning “xalqaro huquqiy subyekt” sifatida yagona mintaqa nomidan ish ko‘rayotgani bilan bog‘liq yangi xalqaro-huquqiy voqelik alohida e’tibor markazida turdi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Hamjihatlik va umumiy taraqqiyot sari intilishning kuchayishi Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar subyekti sifatidagi maqomini mustahkamlash va global miqyosdagi rolini oshirishga xizmat qilmoqda”.
Shunday qilib, keyingi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar O‘zbekiston tashqi siyosatining katta yutug‘idir. Prezidentimiz e’tirof etganidek, “Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish bundan buyon ham O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qolaveradi”.
Ochiq va tashabbuskorona tashqi siyosat istiqbollari
Yakuniga yetgan 2025-yil Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida diplomatik munosabatlar geografiyasi sezilarli darajada kengaygan yil sifatida namoyon bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil davomida mamlakatimiz Afrika, Okeaniya hamda Karib havzasiga mansub 8 ta davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi.
Bizning taxminiy kuzatuvlarimizga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston Prezidenti 2025-yilda dunyoning 28 ta davlatiga rasmiy va davlat tashriflarini amalga oshirdi. Mamlakatimizga tashrif buyurgan davlat boshliqlari, hukumat rahbarlari va boshqa mo‘tabar mehmonlar bilan o‘tkazilgan qabullar soni 23 tani tashkil etdi.
Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida o‘zining amaliy jihatlarini yaqqol ko‘rsatgan ko‘rsatgan telefon diplomatiyasi ham izchil davom ettirildi. Davlatimiz rahbari o‘tgan yil davomida taniqli davlat va jamoat arboblari bilan juda ko‘p marta o‘zaro telefon so‘zlashuvlarini amalga oshirdi.
Prezidentimiz Murojaatnomasida jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib borayotganiga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Bunday murakkab vaziyatda O‘zbekiston barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, vazmin va oqilona ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyatini izchil davom ettiradi.
O‘z navbatida, Prezidentimiz Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining yaqin va uzoq istiqboldagi yo‘nalishlarini yana bir bor tasdiqladi.
Birinchidan, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Yaqin qo‘shnilarimiz bilan ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz”. Bunda mintaqamiz davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, suv, ekologiya, xavfsizlik, madaniyat va ta’lim sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtiramiz.
Ikkinchidan, Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga keng jalb qilish O‘zbekistonning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib qoladi.
Uchinchidan, mamlakatimizning asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Iordaniya, Kuvayt, O‘mon, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlar bilan ko‘pqirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
To‘rtinchidan, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan yangi va istiqbolli yo‘nalishlarda manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, Janubiy Kavkaz va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni kengaytirish strategik yo‘nalishlarimizdan biri bo‘lib qoladi.
Xulosa qilib aytganda, 2025-yil Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda rivojlantirish borasida katta yutuqlar yili sifatida tarixga kiradi. Prezidentimiz 2025-yil 22-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida so‘zlagan nutqida e’tirof etganidek, “Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishga doim tayyormiz”[4].
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
«Xalq so‘zi» gazetasining 2026-yil 9-yanvar kungi 5-soni
[1] Prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi/https://president.uz/uz/lists/view/8752
[2] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O’zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 464.
[3] Sh.M.Mirziyoyev. Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida // “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2025-yil 13-noyabr.
[4] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi //https://president.uz/uz/lists/view/8525
Ўзбекча
English
Русский