Yangi O‘zbekiston yoshlarining intellektual va jismoniy kamoloti – sifatli ta’lim-tarbiyaga bog‘liq
24-yanvar – Xalqaro ta’lim kuni
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida mamlakatimiz ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarida salmoqli va ko‘lamdor ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni omil, shubhasiz, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori Yangi O‘zbekistonda ham ta’limni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralayotganidan, yanada muhimi, ushbu yo‘nalishda izchil natijalarga erishilayotganidan dalolat beradi.
BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 3 dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 24-yanvar – Xalqaro ta’lim kuni deb e’lon qilingan. Bu muhim qaror xalqaro hamjamiyat tomonidan ta’limning tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi ahamiyati nechog‘lik yuksak e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir. Bundan ko‘zlangan maqsad:
-
insoniyatning ilm-ma’rifatga tashnaligini e’tirof etish;
-
dunyo davlatlari hukumatlari va jamiyatlari e’tiborini ta’lim sohasida mavjud muammolarga qaratish;
-
jumladan, savodsizlikni bartaraf etish, turli mintaqalarda yaxlit ta’lim dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirish kabi ustuvor masalalardan iborat.
Aslida, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq.
Afsuski, keyingi davrda Internet orqali ijtimoiy tarmoqlarda tobora keng tarqalayotgan nafrat tili kaltabinlik va kamsitish kabi illatlarga tayangan holda, odamlarni tajovuzkorlikka gijgijlamoqda hamda zo‘ravonlikni odatiy voqelik sifatida qabul qilishga ko‘ndirish uchun urinmoqda. Butun dunyoda turli nizo va ziddiyatlarning kuchayib borayotgani esa nafrat tili yoqayotgan tajovuzkor gulxanning yanada alangalanishiga turtki bo‘lmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, o‘tgan yilgi Xalqaro ta’lim kuni nafratomuz ifoda uslubi bilan bog‘liq muammolarga bag‘ishlangani muhim ahamiyat kasb etdi. Binobarin, nafrat tili va nafratomuz ifoda uslubi bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashning eng samarador vositasi – ta’limdir.
Shuning uchun ham, jahon jamoatchiligining e’tibori ta’lim insoniyatga nafrat tilining yanada chuqur ildiz otib ketishiga barham beradigan bir qator muhim imkoniyatlarni taqdim etishiga qaratilmoqda. Xususan, oflayn va onlayn ta’lim yordamida necha millionlab o‘quvchi-talaba yoshlarimizni nafrat tilining ziyonkorligi va uning har xil usul hamda turlaridan o‘z vaqtida voqif etish mumkin.
Yanada muhimi, ta’lim navqiron insonlarning shaxs sifatida shakllanishi va o‘zga madaniyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiya olishi uchun xizmat qiladi. Binobarin, YUNESKO tomonidan 2023-yilda chop etilgan “Ta’lim vositasida nafrat hissini gijgijlashga qarshi kurashish” nomli rahbariy qo‘llanmada ayni sohada davlat siyosatini yanada mustahkamlash yuzasidan mamlakatlar hukumatlariga muhim amaliy tavsiyalar berilganini ta’kidlash ayni muddaodir.
Shu nuqtayi nazardan, butun dunyoda pandemiya inqirozi oqibatlari tufayli ta’lim sohasida ko‘plab muammoli vaziyatlar kuzatilayotgan murakkab bir davrda O‘zbekistonda yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida diqqatni tortadi. Mamlakatimizda bolalar va yoshlarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish hamda ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish jarayonlari “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” g‘oyasi asosida tubdan takomillashtirilayotgani bu fikrning amaliy ifodasidir.
O‘zbekiston Prezidenti e’tirof etganidek, “Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz”.
Ayni mas’uliyatli jarayonda, bir tomondan, BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Yangi O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi islohotlari ushbu nufuzli tashkilotning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un va hamohang ekani e’tirof etilgan bo‘lsa, Bosh Assambleyaning 80-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz natijalari jahon hamjamiyatida katta e’tibor va qiziqish uyg‘otgani diqqatga sazovor. Ikkinchi tomondan, 2023-yili yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani har birimizga faxru iftixor bag‘ishlaydi.
Bularning barchasi bejiz emas. Chunki davlatimiz va jamiyatimiz butun e’tiborini Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratmoqda. Prezidentimiz uqtirganidek, “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”.
Shu negizda, avvalambor, yurtimizda maktabgacha ta’lim muassasalarida maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning umumiy savodini chiqarish, bolalarda Vatanni sevish, u bilan g‘ururlanish hissini uyg‘otish, dunyoqarashini kengaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Zero, jamiyatimiz va davlatimiz farzandlarimizni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratadi.
Keyingi to‘qqiz yilda yurtimizda ta’lim va ilm-fan uchun xarajatlar 6 karra oshirilib, yuzlab yangi bog‘chalar, maktab, texnikum va oliy o‘quv yurtlari qurildi. Ta’lim va ilm dargohlari zamon talablari asosida jihozlanmoqda, ustoz va murabbiylarning mehnatini munosib qadrlashga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida uqtirganidek, hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida dunyoda ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi, 50 foizi bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinadi. Bu jarayonlar bizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Sanoatda – avtomatlashgan liniyalar, agrar sohada – aqlli texnologiyalar, transportda – intellektual boshqaruv kundalik hodisaga aylanib bormoqda. Endi mamlakatimizning mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur.
Shu ma’noda, kasbiy ta’limning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish maqsad qilinmoqda. Buning uchun, 2026 yildan boshlab, har yili kamida 100 tadan texnikumni to‘liq ta’mirlab, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab boriladi. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.
Yana bir yangilik: 2026 yilda 7 ta viloyatda, 2027 yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa texnikumlar uchun metodik va amaliyot bazasi sifatida faoliyat yuritsa, “Kasblar shaharchasi” – maktab o‘quvchilarini qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlashga e’tibor kuchaytiriladi. Bu borada, jumladan, Jizzax politexnika institutini Vengriyaning nufuzli “Obuda” universiteti boshqaruviga berish bo‘yicha qaror qabul qilingani juda muhim.
O‘zbekiston Prezidentining yaqinda Yaponiyaga tashrifi davomida O‘zbekistonda “Sukuba” milliy universiteti bilan hamkorlikda aniq fanlar bo‘yicha yangi oliy o‘quv yurtlari tashkil qilish haqida kelishib olindi. Bu tajribani davom ettirgan holda, aniq fanlar va texnika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlariga dunyoning eng nufuzli universitetlarini jalb qilish masalasi ham kun tartibida turibdi.
Ma’lumki, Yangi O‘zbekiston mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy ma’lumotli kadr kirib kelmoqda. Endi oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari va ish beruvchilar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratiladi. Unda talabalarning akademik ko‘rsatkichlari va korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar onlayn tarzda ko‘rinib turadi. Ushbu ekotizim bitiruvchi kurs talabalari uchun o‘ziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.
Yangi tahrirdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida ham 2030-yilgacha bo‘lgan muddatda maktabgacha ta’lim tizimiga oid bir qator ustuvor maqsad-vazifalar belgilandi. Jumladan, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy 2026-yilda 78 foiz, 2027-yilda 78,5 foiz, 2028-yilda 79 foiz, 2029-yilda 79,5 foiz, 2030-yilda esa 80 foizga yetkazish rejasi qo‘yilgan. Shuningdek, 2030 yilgacha bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan 100 foiz qamrab olish nazarda tutilmoqda.
Ha, jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, o‘tgan yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali bo‘ldi. Yangi uy-joylar, bog‘cha va maktablar, oliy o‘quv yurtlari, madaniyat va sport maskanlari qad ko‘tarmoqda. Bilimli va shijoatli, navqiron yoshlarimiz ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston — insonning rivojlanishi va iste’dodi qadrlanadigan mamlakat. Bugun ilmfan, ta’lim, innovatsiya, texnologiya va kadrlar zamonaviy demokratik jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omili ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Mamlakatimiz taraqqiyotini zamon talablariga mos ravishda ilmfansiz tasavvur etish qiyin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “kelajak – zamonaviy bilim bilan qurollangan kasb-hunar egalarinikidir. Biz bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim. Shu bois yoshlarimizni davr bilan hamnafas bo‘lib, har qanday raqobatga bardosh bera oladigan yetuk mutaxassislar etib tarbiyalashimiz kerak”.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский