YANGI O‘ZBEKISTON – IJTIMOIY DAVLAT

20-fevral – Butunjahon ijtimoiy adolat kuni

 

Dunyo miqyosida, jumladan, O‘zbekistonda ham 2009-yildan buyon 20-fevral – Butunjahon ijtimoiy adolat kuni (World Day of Social Justice) sifatida nishonlab kelinadi. Ushbu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasining 2007-yil 26-noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan.

Butunjahon ijtimoiy adolat kunining bosh maqsadi jahon hamjamiyati e’tiborini ijtimoiy adolatni rivojlantirish zarurligiga qaratishdir. Bu bayram, shuningdek, qashshoqlik, gender tengsizlik, ishsizlik, inson huquqlariga hurmatsizlik va ijtimoiy befarqlik kabi dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chorlaydi.

Ijtimoiy adolat – shunchaki axloqiy talab emas, balki milliy barqarorlik va global farovonlik asosi ham. Zero, teng imkoniyatlar, hamjihatlik va inson huquqlarini hurmat qilish mezonlari davlatlar va xalqlarning ishlab chiqarish salohiyatini har tomonlama rivojlantirish uchun juda muhim.

Shuning uchun Butunjahon ijtimoiy adolat kuni bilan bog‘liq bayram tadbirlari asosan ijtimoiy adolat yo‘lidagi g‘ovlarni olib tashlash va maqbul imkoniyatlarga keng yo‘l ochish istiqbollariga bag‘ishlanadi. Bu, o‘z navbatida, BMTga a’zo davlatlar, yoshlar, ijtimoiy sheriklar, fuqarolik jamiyati, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro muloqotni qaytadan yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Bunday muloqot orqali jahonning turli hududlarida tobora kuchayib borayotgan tengsizlik va nafrat, nizolar va mehnatkashlar huquqlarini  himoya qiladigan institutlar faoliyatining susayishi oqibatida buzilgan ijtimoiy shartnomani mustahkamlash uchun amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar haqida hamjihatlik bilan kelishib olish mumkin bo‘ladi. Binobarin, yangi va murakkab zamon dunyo ahlini “bir yoqadan bosh chiqarib”, ya’ni ahil hamda birdam bo‘lib yashashga undamoqda.

  Sayyoramizda nizo va mojarolarning ko‘pligiga qaramay, ijtimoiy adolatni ta’minlash hamda “yashil” va raqamli iqtisodiyot, yoshlar huquqlari kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor bergan holda, munosib ish o‘rinlari yaratish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Insoniyat duch kelib turgan ijtimoiy adolat bilan bog‘liq qaltis ahvol esa bu borada beg‘am va befarq bo‘lmaslikni taqozo etadi.

Daromadning beqarorligi va ish joyining doimiy emasligi, ish sharoitlarining og‘irligi, ijtimoiy himoyaning yo‘qligi vaziyatni yanada qaltislashtirayapti. Bunday muammolar, bir tomondan, mehnat kishilarini pandemiya oqibatlariga chidamsiz qilib qo‘ysa, ikkinchi tomondan, ularning daromadi keskin kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Afsuski, kambag‘allik va tengsizlik ofati dunyoning turli hududlaridagi ko‘plab mamlakatlarda vaqt o‘tgan sari kuchayib bormoqda. Keyingi yillarda yuz bergan COVID-19 pandemiyasi, tabiiy ofatlar va shu balolar tufayli qaytadan qaltis tus olgan iqlim o‘zgarishlari, geosiyosiy taranglik va qurolli mojarolar esa iqtisodiy va ijtimoiy bo‘hronlar bilan bog‘liq tanglikni yanada oshirmoqda.

Ijtimoiy adolat amalda bo‘lsa, jamiyat hayoti yengillashadi va iqtisodiyot samarali avjlanadi. Yanada muhimi, qashshoqlik, tengsizlik va ijtimoiy tanglik kamayadi.

Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda allaqachon izchil ish olib borilmoqda. Negaki, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston – har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat bo‘ladi.

Bu haqda fikr yuritganda, dastavval, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda  Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” degan tamoyilni mustahkamlash g‘oyasini ilgari surganligini ta’kidlash lozim. O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bu g‘oya yanada mustahkamlanib, ijtimoiy davlatni barpo etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.

Ijtimoiy davlat – har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishish, ijtimoiy tafovutlarni yumshatish va muhtojlarga yordam berish uchun ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq moddiy boyliklarni adolatli taqsimlashga qaratilgan davlat modeli. Ayni model hozirgi vaqtda Buyuk Britaniya, Fransiya, Shvetsiya, Italiya, Belgiya, Daniya, Finlandiya, Germaniya, Portugaliya, Ispaniya, Avstriya, Gretsiya, Yaponiya, Niderlandiya, Shveysariya, AQSH kabi davlatlarda qo‘llanilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir”. Ya’ni:

  • ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi;
  • shuningdek, ijtimoiy davlat shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni talab qiladi;
  • ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir;
  • yashash uchun zarur resurslar – ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, transport va boshqa qulayliklar bilan ta’minlanish, majburiy mehnatga taqiq qo‘yish ham ijtimoiy davlatda muhim ahamiyat kasb etadi;
  • eng muhimi, ijtimoiy davlatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yilda nashr etilgan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli kitobida “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilining ayni ustuvor yo‘nalishlari batafsil ifoda etilgan. Xususan, mamlakatimiz aholisi uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma, malakali tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya va sog‘lom ekologik muhit yaratish, iqtisodiyotni mustahkamlash, ijtimoiy, huquqiy, ekologik va boshqa sohalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rsatib berilgan.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining 2024-yili chiqqan “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobidagi “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” sarlavhali alohida bob ayni mavzuga bag‘ishlangan. Ushbu kitobda keltirilgan ta’rifga ko‘ra, “Ijtimoiy davlat – eng avvalo, jamiyatda ijtimoiy adolat va hamjihatlik tamoyillari hukm suradigan, inson kapitalini rivojlantirish va uning imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilgan, fuqarolar uchun yuqori hayot va turmush darajasi ta’minlanadigan davlatdir”.

Shu ma’noda, mamlakatimizda 2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladigan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoqlab ovoz bergani tahsinga sazovor. Endilikda Asosiy qonunimizda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlariga taalluqli normalar 3 barobar ko‘paydi.

Eng muhimi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda birinchi marta “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” (1-modda), degan norma belgilandi. Shu asosda Yangi O‘zbekistonda davlat qurilishining yangicha strategik maqsadi – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi.

Bu muhim jarayonda, akademik Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, huquqiy, ijtimoiy davlat imperativini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Birdamlik, adolatli ijtimoiy siyosat, inson kapitalini rivojlantirish tamoyillari ustuvorligiga tayanildi. Zero, davlat o‘z fuqarolariga g‘amxo‘rlik qilishga majbur. Mazkur ustuvor prinsip ijtimoiy davlatning asl mohiyati hisoblanadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar hajmi va turlarini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari ikki baravar ko‘paydi, nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogiron bolalarga g‘amxo‘rlik qilayotganlar uchun yangi turdagi imtiyozlar joriy etildi.

Yangi O‘zbekistonning asosiy maqsadi – har bir fuqaroga g‘amxo‘rlik qilish, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash ekanini ham ta’kidlash zarur. Binobarin, O‘zbekistonni o‘z Vatani, deb bilgan, uning ravnaqiga hissa qo‘shayotgan har bir inson millati, tili va dinidan qat’i nazar, hamisha davlat va jamiyatning e’tibori va g‘amxo‘rligidadir.

Shuni ham ta’kidlash joizki, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi yurtimizda izchil amalga oshirilayotgan shiddatli va qamrovdor islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Taraqqiyot strategiyasining “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” nomli to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishida ijtimoiy davlat negizini tashkil etuvchi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, mazkur dasturiy hujjatning 43-maqsadi bevosita har bir inson uchun munosib sharoit yaratish va turmush darajasini muntazam yaxshilab borishga yo‘naltirilgan.

Yana bir muhim dastur-ulamal hujjat – “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham ijtimoiy himoya masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu hujjatda aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish asosiy g‘oyalardan biri etib belgilangan hamda uni Barqaror rivojlanish bo‘yicha O‘zbekiston milliy maqsad va vazifalar doirasida ro‘yobga chiqarish chora-tadbirlari qayd etilgan.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 16-fevralda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingani alohida ahamiyat kasb etadi. Farmon bilan tasdiqlangan Islohotlar dasturlari hamda Davlat dasturi keng qamrovli ijtimoiy masalalarning tizimli va har tomonlama amaliy yechimlariga qaratilgan.

Ayniqsa, “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi bu borada beqiyos o‘rin tutadi. Rejaning 41-bandi “O‘zbekiston–2030” strategiyasining “Professional ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish” mavzusidagi 22-maqsadi ijrosiga oid chora-tadbirlar belgilangan. Bu o‘rinda aholining ehtiyojmand qatlamlariga hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish istiqbollari haqida so‘z bormoqda.

Shu maqsad ijobati yo‘lida, xususan, joriy yil yakuniga qadar mamlakatimizning kamida 10 ta tuman va shaharlarida hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:

  • hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va binolarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishni boshlash;
  • binolarni zarur moddiy-texnik jihozlar bilan ta’minlash;
  • hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlarida tadbirkorlik subyektlari va nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilish orqali kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Muxtasar aytganda, 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilingani munosabati bilan tasdiqlangan ushbu Islohotlar dasturlari hamda Davlat dasturida yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topgani bejiz emas. Zero, bugungi kunda ijtimoiy davlat va odil fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lidan ildam odimlayotgan mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili hayotimizning barcha sohalarida o‘z aksini topishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech