Smartfon – bolalar uchun foydalimi  yoki zararli?

3-aprel – qo‘l telefonining tug‘ilgan kuni

 

Ushbu sana, ya’ni 3-aprel butun dunyoda qo‘l telefonining tug‘ilgan kuni sifatida nishonlanishi sababini bilasizmi? Gap shundaki, 1973-yilning xuddi shu kuni Motorola kompaniyasi muhandisi Martin Kuper dastlabki qo‘l telefonidan ushbu kompaniya ofisiga qo‘ng‘iroq qilgan. O‘shanda “Motorola DynaTAC 8000X” deya nomlangan ilk qo‘l telefonining vazni roppa-rosa 2,5 kilogramm bo‘lgan!..

Bugungi ilg‘or texnologiyalar davrida qo‘l telefonlarining yengildan yengil, ixchamdan ixcham va qulaydan qulay turlari urfga aylangan. Xususan, smartfon – bu sensorli, ya’ni oyna ekranli va so‘zlashish hamda yozishmalar olib borishdan tashqari, onlayn-muloqot qilish, suratga tushirish, videotasvirga olish, musiqa tinglash, filmlar tomosha qilish, zarur axborotni Internet tarmog‘i orqali izlash, olish va yuborish kabi qo‘shimcha qulayliklardan foydalanish imkoniyatini beruvchi zamonaviy qo‘l telefoni ekanini yosh bola ham yaxshi biladi.

Dunyoning ko‘plab davlatlarida yoshlarning qo‘l telefonlari va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga talab ortib bormoqda. Masalan, AQSHning ba’zi shtatlarida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ota-onasining roziligisiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunlar muhokama qilinmoqda.

Ma’lumki, Yaponiya ta’lim darajasi bo‘yicha dunyoda peshqadam davlatlardan sanaladi. Xalqaro tadqiqotlar, xususan, PISA ko‘rsatkichlariga ko‘ra, yaponiyalik o‘quvchilar matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha barqaror ravishda dunyo beshligidan o‘rin olib keladi.

Xabar.uz muxbirining yaqinda Kunchiqar o‘lkaga safari davomida Tokio shahri Minato tumanidagi Azabu boshlang‘ich maktabi direktori Yuichi Hashimoto bilan ta’lim jarayoni haqidagi suhbati asnosida e’tirof etilganidek, Yaponiya hukumatining GIGA (Global and Innovation Gateway for All) dasturiga muvofiq, mamlakat maktablarida har bir o‘quvchi tegishli texnik qurilma, har bir maktab esa yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlangan. Ushbu maqsadda 4,6 milliard dollardan ziyod mablag‘ ajratilgan.

Planshet – yaponiyalik o‘quvchining yaqin do‘sti, sodiq hamrohi.  Ammo ular, ota-onalari bilan muloqotda telefon zarur bo‘lishini istisno etganda, o‘qish paytida telefon, xususan, smartfondan foylanmaydilar.

Kuni kecha Norvegiya maktablarida mobil telefonlardan foydalanishni cheklashning ta’siri bo‘yicha yangi tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Ushbu ma’lumotlarga qaraganda, Norvegiya maktablarida mobil telefonlarni taqiqlash ijobiy natija bergan.

Mamlakat hukumati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu boradagi hisobot Norvegiya fan va texnologiya universiteti qoshidagi tadqiqot bo‘limi tomonidan tayyorlangan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, darslarda o‘quvchilar orasidagi nizolar kamaygan, xotirjam muhit shakllangan, o‘quvchilar o‘rtasida jonli muloqot o‘sgan, birgalikdagi o‘yinlar va o‘zaro munosabatlarda faollik kuzatilgan.

Hisobotga ko‘ra, «mobilfrie skoler» (mobil telefonsiz maktablar) modelini joriy etgan maktablarda:

- darslarda o‘quvchilar orasidagi nizolarning kamayishi va xotirjam muhit;

- maktab hamjamiyatining mustahkamlanishi va ijtimoiy muhitning yaxshilanishi;

- tanaffus paytida o‘quvchilar o‘rtasida jonli muloqotning o‘sishi;

- bolalarning birgalikdagi o‘yinlar va o‘zaro munosabatlarda faolroq ishtirok etishi kabi bir qator ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi.

Tadqiqotchilarning fikricha, smartfonlar cheklanganidan so‘ng o‘quvchilar raqamli qurilmalarga kamroq chalg‘ib, oflayn faoliyatga ko‘proq jalb qilingan. Hisobotda ta’kidlanganidek, taqiq «raqamli bosimni» – doimiy ravishda onlayn bo‘lish, xabarlarga javob berish va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish zaruratini kamaytirishga yordam bergan. Bu esa maktab o‘quvchilarining ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Norvegiya ta’lim vaziri Kari Nessa Nordtun so‘zlariga ko‘ra, tadqiqot natijalari o‘qituvchilar va ota-onalarning fikr-mulohazalarini tasdiqlaydi: mobil telefonlardan erkin muhit maktablarni yanada xavfsiz, xotirjam va ta’lim uchun qulay qiladi. Endi tadqiqot xulosalari kelgusida ta’lim siyosatini ishlab chiqishda qo‘llaniladi.

Shu tariqa Norvegiya mobil telefonlarga cheklovlar tizimli ravishda joriy etilayotgan va ularning samaradorligini ilmiy baholash bilan birga olib borilayotgan Yevropa davlatlaridan biriga aylandi. Hisobot bunday choralarni ko‘rib chiqayotgan boshqa mamlakatlar uchun mo‘ljal bo‘lishi mumkin.

O‘z navbatida, GFR Federal kansleri Fridrix Mers Germaniyada voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardagi cheklovlarni qo‘llab-quvvatladi. F. Mersning aytishicha, 14 yoshli nemis o‘smirlari kuniga 5 soatgacha yoki undan ko‘proq vaqtni ekran oldida o‘tkazadi. Bu esa muloqotning yo‘qligi va ijtimoiy xulq-atvor bilan bog‘liq muammolarga olib kelmoqda. Shuning uchun Kansler umumiy cheklovlarga shubha bilan qarashini, ammo bolalar xavfsizligi muhimroq deb hisoblashini ta’kidladi.

Shuningdek, Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish Fransiya misolida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni qo‘llab-quvvatladi. Mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari Karel Gavlichek CNN Prima News telekanalida qayd etganidek, “Vaqtni behuda sarflashning hojati yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlar bolalar hayotini barbod qilmoqda; u haqiqatan ham vaboga aylana boshlamoqda”.

Binobarin, joriy yil yanvar oyida Fransiya milliy majlisi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi. Avstraliyada ham 2025 yilda shunga o‘xshash qonun kuchga kirdi, unga ko‘ra 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun TikTok, Instagram va Snapchat kabi ijtimoiy tarmoqlarga kirish taqiqlandi.

Keyingi vaqtda Ispaniyada voyaga yetmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi qonun yo‘li bilan taqiqlandi. Bunda, albatta, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarning musbat va manfiy jihatlarini inobatga olib harakat qilish oqilona yo‘ldir.  

Buyuk Britaniyada joriy qilingan "Onlayn-xavfsizlik to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, 2025-yil mart oyidan boshlab Facebook, Google va X’dan tortib Reddit va OnlyFans’gacha bo‘lgan 100 000 dan ortiq xizmatni qamrab olgan har bir veb-sayt va ilova Buyuk Britaniya qonunchiligi doirasida bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, firibgarlik va terrorizm kabi noqonuniy kontentning paydo bo‘lishini to‘xtatish yoki agar u tarmoqqa tushsa, uni olib tashlash choralarini ko‘rishi lozim. Bu qonun, shuningdek, bolalarni zarar yetkazishdan himoya qilish qoidalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, texnologik platformalardan voyaga yetmaganlarni o‘z joniga qasd qilish va o‘z-o‘ziga zarar yetkazish kabi zararli kontentdan himoya qilishni talab qiladi.

O‘z navbatida, Meta kompaniyasi bolalar va o‘smirlarning xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda. Kompaniya Instagram tarmog‘ida 16 yoshga to‘lmagan yoshlarning ota-ona ruxsatisiz ilovaning "Jonli efir" funksiyasidan foydalanishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, Meta 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun xavfsizlik choralarini Facebook va Messenger platformalariga ham kengaytirmoqda.

Bu yangi dalillar YUNESKOning ta’limga zamonaviy texnologiyalar ta’siri mavzusidagi 2023-yili e’lon qilingan ma’ruzasidagi fakt va raqamlarni yana bir bor tasdiqlaydi. Jahonning 14 ta mamlakatidan jamlangan ushbu ma’lumotlarga qaraganda, qo‘l telefonlari o‘quvchilarning xayolini chalg‘itmoqda va ta’lim olishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda ekan.

Binobarin, jahon mamlakatlarining salkam to‘rtdan bir qismi tomonidan maktablarda smartfonlardan foydalanish taqiqlangan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bunday taqiq bolalarning foydali ma’lumotlardan foydalanish va do‘stlari bilan muloqot qilish imkoniyatini cheklashi mumkin. Bundan tashqari, bu boradagi qonunlarni amalda qo‘llash qiyin, chunki bolalar soxta akkauntlardan foydalanib, cheklovlarni osongina chetlab o‘tishlari mumkin.

Qo‘l telefonlaridan foydalanishni cheklash tarafdorlari esa, aksincha, bunday choralar bolalarni himoya qilish uchun zarur, deb hisoblaydi. Ular bunda ijtimoiy tarmoqlardan haddan tashqari foydalanish ruhiy salomatlik muammolariga, jumladan, depressiya, tashvish va o‘zini past baholashga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadigan tadqiqotlar xulosalariga tayanmoqda.

Boshqacha aytganda, qo‘l telefonlari va ular yordamida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning qanchalik zararli ekanligi haqidagi fikrlar turlicha bo‘lib chiqmoqda. Ba’zi ekspertlarning ta’kidlashicha, ular bolalarga ma’lumot olish va do‘stlari bilan muloqot qilish imkoniyatini berish orqali foydali bo‘lishi mumkin. Boshqalarning fikricha, ijtimoiy tarmoqlar qaramlikni keltirib chiqaradi va ruhiy salomatlikka zarar yetkazadi.

YUNESKO ma’ruzasi mualliflari bu boradagi vaziyatni tahlil qilish oson kechmaganini ochiq tan olganlar. Buning sababi texnologiyalarning haddan ortiq shiddat bilan rivojlanayotganida: chunki o‘rtacha har 36 oyda yangi rusumdagi uskunalar paydo bo‘lmoqda.

Asosiy xulosa shuki, zamonaviy texnologiyalar millionlab o‘quvchilarning ta’lim olishida qo‘l kelayotgani e’tirofga sazovor. Biroq ayni shu taraqqiyot qulayliklaridan bebahra qolayotganlar soni bundan ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

 Jumladan, foydalanish uchun qulay va universal texnologiyalar nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarga keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ko‘rish borasida muammosi bo‘lgan katta yoshli insonlarning qariyb 87 foizi qayd etishicha, ular uchun ko‘z o‘rnini o‘taydigan an’anaviy vositalar zamonaviy texnologik uskunalarga joy bo‘shatayotgani juda maqbul.

Yer yuzining odam qadami yetishi qiyin hududlarida an’anaviy ta’lim uslublari  radio, televideniye va qo‘l telefonlariga o‘z o‘rnini bo‘shatib bermoqda. Dunyoning salkam 40 ta mamlakatida o‘quv jarayonlarida radiodasturlardan foydalaniladi. Xususan, Meksikada televizion darslar bilan an’anaviy saboqlarning o‘zaro uzviylikda efirda namoyish etilishi hisobiga aholini o‘rta ta’lim bilan qamrab olinishi ko‘rsatkichi 21 foiz ortgan.

Ta’lim olish huquqi, deganda, ko‘pincha Internetga to‘liq ulanish huquqi ham tushuniladi. Lekin ushbu umumjahon axborot tarmog‘idan hammaning teng va bir xilda foydalanish imkoniyati hozircha mavjud emas.

Ayni vaqtda butun jahonda boshlang‘ich ta’lim maktablarining – atigi 40 foizi, quyi o‘rta ta’lim maktablarining – 50 foizi va yuqori o‘rta ta’lim maktablarining – 65 foizi Internetga ulangan. Sayyoramizdagi mamlakatlarning 85 foizi maktablarning Internetga ulanishi yoki o‘quvchilarning ushbu tarmoqdan foydalanishi imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan siyosat olib bormoqda.

Bu bejiz emas. Nega deganda, ayrim ta’lim texnologiyalari muayyan sharoitda ba’zi bir ta’lim turlarining sifatini oshirishi mumkin. Aytaylik, raqamli texnologiyalar o‘quv-uslubiy ma’lumotlar zaxirasidan foydalanish imkoniyatlarini tubdan kengaytirishi bor gap.

Shu bilan birga, ayrim ta’lim turlariga texnologiyalarning ijobiy ta’siri o‘ta kam bo‘ladi yoki deyarli sezilmaydi. Masalan, boshlang‘ich ta’lim maktablarida matematika fanini o‘rgatish uchun foydalaniladigan 23 ta ilovaning tahlili shuni ko‘rsatdiki, ayni texnologiyalar o‘quvchining ko‘nikmalarini rivojlantirishga emas, balki asosan bu ko‘nikmalarni mustahkamlash va mashq qilishga qaratilgan.

YUNESKO ekspertlarining ta’kidlashicha, ta’lim sohasida asosiy e’tibor raqamli resurslarga emas, balki ta’lim natijalariga qaratilishi zarur. Masalan, Peruda maktablarga bir milliontadan ziyod noutbuk tarqatilganiga qaramay, ushbu zamonaviy uskunalardan foydalanish amaliyoti ta’lim jarayoniga tatbiq etilmagani oqibatida o‘quvchilarning bilim olish darajasi yaxshilanmadi, deyiladi ma’ruzada.

Yana bir muhim xulosa: ta’lim olishga ijobiy ta’siri bo‘lishi uchun, albatta, eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanish shart emas ekan. Masalan, Xitoyda qishloq maktablarining 100 million nafar o‘quvchisiga faqat darslarning yaxshi sifatdagi videoyozuvlari taqdim etilishining o‘ziyoq bilim olish darajasini 32 foizga oshirish imkonini bergan.

O‘z navbatida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan maqsadga nomuvofiq tarzda yoki haddan ortiq darajada foydalanilishi ta’lim olishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xususan, 14 ta mamlakat maktablarida o‘tkazilgan o‘rganishlar tahlili shundan dalolat bermoqdaki, qo‘l telefoni o‘quvchining yonida shunchaki turgan bo‘lsa ham, baribir, uning bilim olishiga salbiy ta’sir qiladi, ya’ni bolani chalg‘itadi.

YUNESKO sinflarda o‘qish-o‘qitish cifatini yaxshilash va bolalarni kiberbullingdan himoya qilish uchun maktablarda smartfonlarni taqiqlashga chaqirdi. Aytilishicha, o‘quvchilar o‘zlashtirish darajasining pastligi mobil telefonlardan ko‘p foydalanish bilan bog‘liq bo‘lib, ekranga uzoq muddat tikilib turish esa bolalarning hissiy barqarorligiga salbiy ta’sir qiladi.

Qolaversa, raqamli texnologiya «aslida, ta’lim uchun mo‘ljallanmagan». Shu bois u insonga yo‘naltirilgan konsepsiyaga mos kelishi va o‘qituvchi bilan bevosita muloqot o‘rnini egallamasligi kerak.

Bugun aksariyat mamlakatlar o‘quv dasturlari va ta’lim standartlari doirasida raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish sohasiga ustuvor ahamiyat bera boshladi. Hozirgi vaqtda hatto eng boy-badavlat mamlakatlarda ham 15 yoshli o‘quvchilarning atigi 10 foizi haftasiga bir soatdan ko‘proq vaqt matematika va tabiatshunoslik darslarida raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega, xolos.

Boz ustiga, aksariyat hollarda o‘qituvchilar zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda dars o‘tishga hali tayyor emasligidan yoki bu borada o‘ziga qat’iy ishonchi yo‘qligidan tashvish chekadi. Zero, dunyo mamlakatlarining atigi yarmidagina o‘qituvchilarning axborot-kommunikatsiya sohasidagi ko‘nikmalarini rivojlantirish standartlari mavjud.

E’tiborli tomoni shundaki, oliy ta’lim tizimida raqamli texnologiyalarning tatbiq etilishi, bir tomondan, tobora shiddatli tus olayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu omil ulkan o‘zgarishlarga yo‘l ochmoqda. Ammo, raqamli platformalar universitetlarning o‘rni va ahamiyatini pasaytirib yuborayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, Internetdagi noyob matnlardan foydalanish uchun obuna bo‘lish, talabalar hamda professor-o‘qituvchilarga oid shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish bilan bog‘liq mas’uliyatli holatlar huquqiy va axloqiy mazmundagi ayrim muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.

Xulosa o‘rnida ayni mavzuga daxldor uchta hayotiy misolga to‘xtalamiz. Bu misollarga maqolamizga nuqta qo‘yishdan oldin Internet sahifalarini yana bir bor kuzatish asnosida duch keldik.

Birinchi misol – ekologiyaga oid: YUNESKO ekspertlari fikricha, agar Yevropa Ittifoqi hududidagi barcha noutbuklarning yaroqlilik muddati bir yilga uzaytirilsa, havoga chiqariladigan karbonat angidrid, ya’ni zaharli gaz hajmini qariyb bir millionta avtomobil harakatlanishini to‘xtatish hisobiga erishiladigan miqdorda kamaytirish imkoni tug‘ilgan bo‘lur edi.

Ikkinchi misol – ma’naviy tarbiyaga oid: AQSHning Florida shtati gubernatori Ron Desantis yaqindagina 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ijtimoiy tarmoqda akkaunt ochishini taqiqlovchi qonunni imzoladi. Uning fikricha, yangi tartib ota-onalarga bolalarini zarar keltiruvchi kontentdan samaraliroq himoya qilish imkonini beradi. Bu haqdagi rasmiy xabarda hozircha faqat bir shtat chegarasida joriy qilingan va 2025-yil 1-yanvardan kuchga kirgan bunday qonun qanday ijro etilishi to‘g‘risida hech narsa deyilmagan.

Uchinchi misol – salomatlikka oid: mamlakatimiz ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan xabarga ko‘ra, yosh bolalarga telefon bermaslikni bot-bot takrorlab televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali bong urilayotgani bejiz emas. Bunday nobop ko‘nikma mitti farzandlarimizda ko‘z raki kasalligi avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin ekan.

Shunday qilib, hozirgi kunda ko‘plab davlatlar, ayniqsa, bola huquqlari ta’minlanishiga ustunlik bergan mamlakatlar ham o‘smirlar hayotida ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni haddan tashqari kattaligi, bolaning psixo-emotsional salomatligi uchun salbiy oqibatlar darajasi baland ekanidan kelib chiqib, bolalarga internet tarmog‘ida cheklovlar o‘rnatish yo‘lidan bormoqda. Ya’ni tanlov bolaning virtual emas, balki real va sog‘lom muloqot muhitda ulg‘ayishi tomon qilinmoqda.

Ayni chog‘da, gazeta.uz saytida 2026-yil 22-yanvarda e’lon qilingan “O‘zbekistonda ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash kerakmi? Rasmiylar va ekspertlar fikri” sarlavhali materialda qayd etilganidek, YUNISEF hukumatlar va ota-onalarning bolalar internetda duch kelishi mumkin bo‘lgan zararlardan (kiberhujumlardan tortib ekspluatatsiyagacha) xavotirda ekanini tushunadi. Biroq ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga yosh cheklovlari qo‘yishning bir o‘zi bolalar xavfsizligini ta’minlashi dargumon hamda ularni kamroq tartibga solingan va nazorat qilish qiyin bo‘lgan onlayn makonlarga undashi mumkin.

 

G‘ulom MIRZO

 

Powered by GSpeech