INSON SALOMATLIGI – HAR NARSADAN USTUN

7-aprel – Butunjahon salomatlik-kuni

 

Butunjahon salomatlik-kuni (World Health Day) dunyo miqyosida 1948-yildan buyon nishonlab kelinadi. Xuddi o‘sha yili Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti – JSSTga asos solingan-bo‘lib,-Birlashgan Millatlar Tashkilotining sog‘liqni saqlash sohasiga-ixtisoslashgan ushbu nufuzli tuzilmasi tarkibida 194 davlat bor.

JSST bosh qarorgohi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan. Shuningdek, mazkur xalqaro tashkilot 6 ta mintaqaviy va 150 ta mamlakatdagi vakolatxonalariga ega.

JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashkilotning Yevropa mintaqasidagi vakolatxonasiga qarashlidir. O‘zbekiston 1992-yil 25-mayda JSSTga a’zo bo‘lgan.

JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993-yili Toshkentda o‘z faoliyatini boshlagan. Vakolatxona sog‘liqni saqlash tizimiga yaxlit yondashuv asosida barqaror sog‘liqni saqlash siyosatini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatish, umumiy yetakchilikni ta’minlash, mahalliy darajada texnik aloqalarni o‘rnatish, standartlarni belgilash va shartnomalar tuzish, inqiroz davrida sog‘liqni saqlash Saidov muvofiqlashtirish va amalga oshirish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.

JSST va O‘zbekiston sog‘liqni saqlashning ko‘plab muhim masalalarida yaqindan hamkorlik qilib qilib kelmoqda. JSST Nizomi quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:

  • salomatlik — bu nafaqat tanada kasalliklarning mavjud emasligi, balki umumiy-ijtimoiy, ruhiy hamda jismoniy barqarorlik holatidir;

  • kishining irqi, dini, siyosiy qarashlari, iqtisodiy va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, salomatlik borasida eng yaxshi darajaga erisha olishi har bir shaxsning eng asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi;

  • jahondagi barcha xalqlarning salomatligi dunyoda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatilishining eng asosiy omili bo‘lib, u har bir mamlakat va davlatning to‘liq o‘zaro hamkorligiga bog‘liq;

  • har qanday davlatning sog‘liqni saqlash borasida erishgan natijalari barcha uchun ahamiyatlidir;

  • turli mamlakatlarda kasalliklarga, ayniqsa, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash borasidagi choralarning notekisligi qolgan barcha uchun umumiy xatarni keltirib chiqaradi;

  • bola salomatligi – eng ustuvor vazifa;

  • barcha xalqlar uchun tibbiyot, psixologiya va turdosh ilmlar yutuqlaridan birdek foydalana olish sharoiti yaratilishi – salomatlikni ta’minlash borasidagi eng asosiy shartlardan biri bo‘lishi kerak;

  • xalq salomatligini yaxshilash borasida jamoatchilik bilan faol ishlash, aholining bu boradagi tushunchalarini shakllantirish shu xalq salomatligini himoyalash uchun g‘oyat muhim;

  • hukumatlar o‘z xalqlarining salomatligi uchun-javobgardir. Bu javobgarlik sog‘liqni saqlash sohasida tegishli choralarni ko‘rishni taqozo etadi.

Olimlarning fikricha, inson sog‘lom turmush tarziga amal qilishi orqali 100-120 yoshgacha umr ko‘rishi mumkin ekan. Bu yoshga yetib yurish uchun,  albatta, oziq-ovqat ta’minoti, dam olish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, yashash va ishlash uchun yetarli shart-sharoit bilan ta’minlanish kabi bir qator omillar muhim o‘rin tutadi. Bunda, albatta, har birimizning o‘z salomatligimizga mas’ulligimiz birinchi darajali omil sanaladi. 

Ming xil kasallik bor, ammo salomatlik bittadir, deydilar. Haqiqatan ham, inson salomatligi unda nafaqat kasallik yoki jismoniy nuqsonlarning yo‘qligi, balki uning jismoniy va ruhiy xotirjamligi, salomatligini yaxshilash va muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan ham o‘lchanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti salomatlikni belgilovchi omillarni quyidagicha tasniflaydi: inson salomatligining 10-15 foizi – ekologiya,  10-15 foizi  – genetika, 10-12 foizi  – tibbiyot tizimi darajasi, qolgan 55-60 foizi esa turmush tarziga bog‘liq. Bundan ko‘rinib turibdiki, agar biz oqilona turmush tarzini yuritsak — to‘g‘ri ovqatlansak, jismoniy faol, zararli odatlardan xoli bo‘lsak, ya’ni kun tartibimizni qanchalik to‘g‘ri tashkil qilsak, shunchalik sog‘lom bo‘lamiz.

Shu o‘rinda 2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumida to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasida quyidagi normalar mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidlash joiz:

“Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning  kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli.

Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat  shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini  rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”.

Boshqacha aytganda, Asosiy qonunimizning yangi tahririda aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi qayd etilgan. Binobarin, Konstitutsiyamizda aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paygan. Bu, o‘z navbatida, aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga ega.

Akademik Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, Konstitutsiyamizning avvalgi tahriridan farqli o‘laroq, uning yangi tahririning asosiy g‘oyasi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, inson sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash, ilgari mavjud bo‘lgan “davlat-jamiyat-shaxs” paradigmasini yangi: "inson – jamiyat – davlat" tamoyiliga o‘zgartirishdan iborat.

Davlatimiz rahbari ta’rifiga ko‘ra, inson qadri – mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayotni, fundamental huquq va erkinliklar, malakali tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya hamda sog‘lom ekologik muhit ta’minlanishini, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning bosqichma-bosqich yaratilishini anglatadi.

Shu asosda keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonning uchta strategik dasturi:

  • 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi;

  • 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi;

  • «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ishlab chiqildi. Birinchisi to‘la bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga teran tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal strategiyalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda e’lon qilingan huquqlar, erkinliklar, vakolatlar va kafolatlarni tom ma’noda ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Bu o‘rinda, jumladan, insonning sog‘lig‘i bilan bog‘liq huquqlarini to‘liq amalga oshirish masalalari ham nazarda tutilgan.

Bugungi kunda ushbu sohada quyidagi 7 ta muhim yo‘nalishda, ya’ni:

– birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish;

– tez tibbiy yordamni rivojlantirish;

– tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash;

– soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;

– shifoxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash;

– jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirish;

– kasalliklarning oldini olishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘nalishlarida izchil ish olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida ushbu yo‘nalishlarda muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Davlat dasturidagi:

  • 13-maqsad – aholining o‘rtacha umr davomiyligini oshirish borasida, bir tomondan, aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan kasalliklarni barvaqt aniqlash va ular bilan kasallanishni keskin kamaytirish, ikkinchi tomondan, boshqariluvchi yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida profilaktik emlash Saidov izchil amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda;

  • 14-maqsad – aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish uchun oilaviy shifokorlar tayyorgarligi oshirilmoqda;

  • 15-maqsad – bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish maqsadida irsiy kasalliklar bilan kasallangan bolalarni dori vositalari, tibbiy jihozlar va shifobaxsh ozuqalar bilan 100 foiz ta’minlash, shuningdek, bolalar orasida irsiy kasalliklarni aniqlash uchun ommaviy va selektiv skrining o‘tkazish ishlari boshlab yuborilgan;

  • 16-maqsad – onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash doirasida, birinchidan, bolalar orasida ommaviy va selektiv skrining o‘tkazish, ikkinchidan, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollarga hamda bolalarga 7 turdagi vitaminlar, yod va foliy kislotasini bepul tarqatish ishlarini davom ettirish, uchinchidan, bolalarning sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash orqali ratsional o‘sishi va rivojlanishi, aqlan barkamol bo‘lib shakllanishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda;

  • 17-maqsad – onkologik kasalliklarni erta aniqlash va o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish yo‘lida xavf guruhiga mansub bo‘lgan aholi onkologik kasalliklar bo‘yicha skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilmoqda hamda bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni aniqlangan bemorlar uchun “tezkor yo‘lak” (fast-track) davolash mexanizmini joriy etish yuzasidan izchil ishlar orlib borilmoqda;

  • 18-maqsad – yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi samradorligini oshirish uchun aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda;

  • 19-maqsad – sog‘lom va faol keksalikni ta’minlash uchun 60 va undan katta yoshdagi aholi ro‘yxatini shakllantirib reja-jadval asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmoqda;

  • 20-maqsad – aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida katta yoshdagi aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha individual va ommaviy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda;

  • 21-maqsad – tibbiyot sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha ham izchil amaliy ishlar bajarilmoqda. Bunda raqamli texnologiyalar joriy etilgan tibbiyot muassasalari ulushini oshirish masalasi alohida e’tiborda turibdi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda tibbiyot, demakki insonlar sog‘ligini saqlash sohasiga juda katta ahamiyat berilmoqda. Binobarin, Prezidentimiz e’tirof etganidek, “Xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli”.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech