MARKAZIY OSIYO: NAFAQAT TARIXIMIZ, BALKI KELAJAGIMIZ, HAYOTIY MUHIM MANFAATLARIMIZ HAM MUSHTARAK

“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib,

yangi hayot va kelajak yaratamiz!”

 

 

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan amaliy qadamlar qo‘yildi. Mustaqil yurtimizning har bir qutlug‘ odimida va bunyodkor xalqimizning har qaysi yutug‘ida Istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ta’kidlanganidek,  Mamlakatimizning milliy suvereniteti va davlat mustaqilligi g‘oyalarining siyosiy-huquqiy kafolatlarini o‘zida mujassam etgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yo‘limiz inson qadr-qimmatini yuksaltirish, ko‘p millatli jamiyatimizda do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, mintaqada yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirish hamda Vatanimizning xalqaro obro‘-e’tiborini oshirishda mustahkam tayanch bo‘lib kelmoqda”.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati

 

Bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas! Millat Sardori xalqimizni yana bir haqiqatni unutmaslikka chorlamoqda. Ya’ni: bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O‘zbekiston emas. 

Hali bu marraga yetish uchun oldimizda olis va mashaqqatli yo‘l turibdi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo‘lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan’anaviy qarorlar qabul qilishdan cho‘chimasligimiz zarur.

Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”, deb ta’kidlangani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Konstitutsiyamizda xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat’iy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz Muqaddimasida xalqimiz “xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda,  O‘zbekistonning  jahon  hamjamiyati,  eng  avvalo,  qo‘shni  davlatlar  bilan  do‘stona munosabatlarini  hamkorlik,  o‘zaro  qo‘llab-quvvatlash,  tinchlik  va  totuvlik  asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib”, Konstitutsiyani qabul qilganligi alohida e’tirof etilgani bejiz emas. Zero, 2023-yil 30-aprel kuni mamlakatimiz Asosiy qonunining yangi tahrirdagi ushbu matniga “yagona O‘zbekiston xalqi” bevosita umumxalq referendumida – to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz bergan.

Yangi O‘zbekistonning Asosiy qonunida mamlakatimizning ichki va tashqi, jumladan mintaqaviy siyosati aniq va qat’iy belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 17-moddasiga binoan, “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyektidir. O‘zbekistonning tashqi siyosati davlatlarning  suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid  qilmaslik,  chegaralarning  buzilmasligi,  davlatlarning  hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa  davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanadi”.

O‘z navbatida,  Bosh qomusimizning 18-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar  bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi”.

Shu mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga tayanib, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Binobarin, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham mamlakatimiz dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga va BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyorligi ta’kidlangan.

 

Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatini xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlamoqda

 

Yangi O‘zbekiston — o‘z xalqaro majburiyatlariga sodiq davlat, ishonchli tashqi iqtisodiy sherikdir. O‘zgarib borayotgan O‘zbekiston biznes va sarmoyadorlar uchun iqtisodiy ochiqligi va jozibadorligi bilan tavsiflanadi, ustuvor vektori Markaziy Osiyo bo‘lgan davlatning samarali tashqi siyosati uning qo‘shnilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishiga, Afg‘oniston bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga, mintaqa va jahon davlatlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashiga yordam beradi.

O‘zbekiston rahbarining pragmatik tashqi siyosiy tashabbuslari butun dunyoda e’tirof etilmoqda. Jahonning hech bir mamlakatida  so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi kabi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmagan. Toshkentning yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor dolzarb mintaqaviy masalalarni ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.

O‘zbekiston jahon minbarlaridan ilgari surgan xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga, bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgani uchun xalqaro hamjamiyatning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Bu fikrlarni O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan mintaqaviy tashabbuslar asosida keyingi yillarda BMT Bosh Assambleyasining bir qator rezolyutsiyalari qabul qilingani yaqqol isbotlab turibdi.

Bulardan birinchisi – BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 22-iyundagi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi;

ikkinchisi – davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan g‘oya asosida 2018-yil 12-dekabrda Bosh Assambleyaning yalpi sessiyasida qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi;

uchinchisi – 2018-yil 27-noyabrda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga asos solinishiga xizmat qilgan rezolyutsiya;

to‘rtinchisi – O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va 2019-yil 19-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” maxsus rezolyutsiyasi;

beshinchisi – 2021-yil 18-may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taklifiga binoan qabul qilingan “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya;

oltinchisi – 2022-yil 11-iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyutsiyadir.

Shu tariqa Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va BMT munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi. Keyingi yillarda bu boradagi sa’y-harakatlarimizning xalqaro e’tirofi O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilinishida namoyon bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari BMT minbarlaridan O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalardagi 40 dan ortiq xalqaro tashabbusini ilgari surdi. BMTning butun tarixi davomida muayyan bir shaxsning tashabbusi bilan shuncha rezolyutsiya qabul qilinishi tajribasi kuzatilmagan.

 

Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston mintaqaviy siyosatining mezonlari

 

Prezidentimizning 2024-yilda nashrdan chiqqan “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli salmoqli siyosiy asarining alohida bir fasli “Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati” deb nomlangan. Asar muallifi, ya’ni davlatimiz rahbari ushbu faslda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladigan bir qator muhim mezonlarni qayd etgani diqqatga sazovor.

Birinchi mezon: Markaziy Osiyo xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik, quda-andachilik rishtalari bog‘lab turadi. Xalqlarimiz hamisha bir-biriga yelkadosh va hamjihat bo‘lib yashab kelgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Bizni yagona tarix, yagona din, umumiy madaniyat va an’analar birlashtiradi”.

Ikkinchi mezon: butun mintaqamiz ahli Markaziy Osiyo atalmish umumiy uyimizni har xil balo-qazolardan asrash, farzandlarimizni turli nizo va qarama-qarshiliklardan himoya qilish, mintaqamizda tinchlik va farovonlik bardavom bo‘lishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishi zarur. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Bunda mintaqaviy integratsion jarayonlar qo‘shnilar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirishga asoslanishi, har birimiz qo‘shnimizning yutug‘ini – o‘zimizning ham yutug‘imiz, uning tinch va farovon hayotini – butun mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni saqlashning garovi, deb bilishimiz lozim”.

Uchinchi mezon: Yevroosiyo kengliklarining naq “yuragi”da joylashgan, tabiiy resurslarga juda boy, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan noyob madaniyat  va taraqqiyot salohiyatiga ega  Markaziy Osiyo mintaqasida ayni paytda turli davlatlar va kuch markazlarining manfaatlari kesishmoqda. Shundoq ham ayrim beqarorlik va qarama-qarshilik o‘choqlariga tutash bo‘lgan ushbu mintaqa yaqin va uzoq xorijda ro‘y berayotgan mojarolarning ham salbiy ta’sirini o‘zida his etmoqda. Bunday murakkab sharoitda Prezidentimiz qat’iyat bilan uqtirganidek, “Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarning mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdan boshqa yo‘li yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”.

To‘rtinchi mezon: bugun bizni umumiy sa’y-harakatlarimiz bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga, o‘zaro ishonch va do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va manfaatli hamkorlik makoniga aylantirishdek yagona maqsad birlashtirmoqda. Hech shubhasiz, O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “amaliy hamkorlikka astoydil intilish, Markaziy Osiyoning kelajagi uchun mas’uliyatni chuqur his etish – mintaqamizning barqaror taraqqiyoti, farovonligi va xavfsizligi uchun mustahkam kafolat va poydevor vazifasini o‘taydi”.

Beshinchi mezon: bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari aynan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga tayangan holda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida o‘z salohiyatini yanada kengroq namoyon qilishi mumkin. Chunki, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham mushtarakdir”.

Oltinchi mezon: o‘tgan yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ushbu uchrashuvlar mintaqada o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitni mustahkamlash, muhim hayotiy masalalarni hal qilish va ko‘p qirrali hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan to‘ldirish borasida samarali platformaga aylandi.

Yettinchi mezon: mintaqamizda o‘zaro savdo va investitsiyalarning o‘sishiga xizmat qilayotgan qulay muhit shakllantirildi. So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlarining umumiy ichki mahsuloti 40 foiz ko‘paydi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo hajmining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda.

Sakkizinchi mezon: mintaqamiz davlatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarning faolllashishi natijasida xalqlarimiz yanada yaqinlashmoqda. Mintaqa doirasidagi siyosiy muloqotlar va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda. O‘zbekiston Prezidenti e’tirof etganidek, “Eng muhimi, barcha ijobiy o‘zgarishlarni qo‘shni davlatlardagi birodar xalqlar teran his etmoqda. Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanmoqda”.

To‘qqizinchi mezon: xalqaro siyosiy lug‘atda mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi o‘ziga xos modelni aks ettiradigan “Markaziy Osiyo ruhi” atamasi paydo bo‘ldi. Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz.

O‘ninchi mezon: qisqa davrda dunyoda mintaqamizga nisbatan ishonch va hamkorlikka intilish kuchaydi. “Markaziy Osiyo +” formatida 10 dan ortiq hamkorlik muloqoti yo‘lga qo‘yilgani buni tasdiqlaydi.

Eng muhimi, keyingi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar O‘zbekiston tashqi siyosatining katta yutug‘idir. Prezidentimiz e’tirof etganidek, “Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish bundan buyon ham O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qolaveradi”.

 

Mintaqamiz taraqqiyotining  asosiy yo‘nalishlari va istiqbollari

O‘zbekiston Prezidenti mintaqamizning barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun quyidagi istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

birinchi yo‘nalish – Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz;

ikkinchi yo‘nalish – sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali mustahkam qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish choralari ko‘riladi;

uchinchi yo‘nalish – transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi;

to‘rtinchi yo‘nalish – O‘zbekiston tegishli vazirliklar va milliy kompaniyalarimizning geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, energiya resurslarini saqlash va yetkazib berish bo‘yicha mavjud infratuzilmalarni kengaytirish va zamonaviy infratuzilmalarni yaratish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish tarafdori;

beshinchi yo‘nalish – BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ko‘magida mintaqaviy Sheriklik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish zarur, deb hisoblaymiz;

oltinchi yo‘nalish – iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish, mintaqadagi ekologik muammolarni bartaraf etish, ayniqsa, Orol dengizining halokatli oqibatlarini yumshatish kabi muhim hayotiy masalalar bugun mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashning eng muhim omilidir;

yettinchi yo‘nalish – mintaqamiz bo‘ylab amalga oshiriladigan turistik sayohatlar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutadi;

sakkizinchi yo‘nalish – aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega;

to‘qqizinchi yo‘nalish – mintaqaviy xavfsizlik avvalo sherikligimiz qay darajada samarali yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidentining “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobida Markaziy Osiyo mintaqasining barqarorligi va taraqqiyoti istiqbollariga oid bir qator amaliy takliflar ilgari surildi. JumladanInstituta Gosudarstvo i pravo  Akademii nauk Respubliki Uzbekistan:

Markaziy Osiyoda umumiy tahdid va xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha jamoaviy qarorlar ishlab chiqish uchun biz doimiy ravishda o‘zaro fikr almashib turishimiz lozim;

ayniqsa, ekstremizm va terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafik kabi an’anaviy tahdidlarga qarshi kurashda amaliy hamkorlikni bundan buyon ham kuchaytirib borishimiz zarur;

so‘nggi yillarda internet jahon axborot tarmog‘ida tobora ortib borayotgan noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq yangi xavf-xatarlarga ham alohida e’tibor qaratishimiz talab etiladi;

Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik kengashlari kotiblari tomonidan muvofiqlashtiriladigan maslahat yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish lozim;

Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarini himoya qilish va mustahkamlash bo‘yicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqish maqsadga muvofiq;

xavfsizlikka nisbatan an’anaviy va yangi xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi ssenariylarni amalda qo‘llash bo‘yicha qo‘shma harbiy-o‘quv mashqlarini davom ettirish ham muhimdir;

favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish, ularning oldini olish, barvaqt ogohlantirish va ularga birgalikda qarshi turish borasida mintaqaviy tizimni shakllantirishni ham hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Muxtasar aytganda, keyingi davrda sayyoramiz miqyosidagi beqarorlik shu darajaga yetdiki, hatto bir-birini yaqin-yaqinlargacha do‘st-u hamkor hisoblab kelgan davlatlar o‘rtasidagi ishonchga ham putur yetmoqda. Ertaga dunyodagi bu notinchlik ko‘lami qayergacha kengayishini, afsuski, hech kim bilmaydi.

O‘zbekiston Prezidenti dunyodagi va mintaqamizdagi vaziyatga g‘oyat sinchkovlik bilan aniq va xolis baho berar ekan, zamonaviy tahdidlarni bartaraf etish uchun ikki tomonlama va ko‘p tomonlama, mintaqaviy va global darajalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini alohida ta’kidlagani juda muhim. Davlatimiz rahbari haqli qayd etganidek, “Bunday murakkab sharoitda hech bir mamlakat yakka holda barcha zamonaviy xavf-xatarlarni chetlab o‘tib, ularning sabab-oqibatlarini bartaraf etishga qodir emasligi ayni haqiqatdir”.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,

O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi, akademik

«Ishonch» gazetasining 2026-yil 11-aprel, 43 soni

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi

Powered by GSpeech