Buxoroda tibbiyot xodimlari uchun Istanbul protokoli bo‘yicha o‘quv treningi o‘tkazildi

16 – 17-aprel kunlari Buxoro shahrida «Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va boshqa shafqatsiz munosabat shakllarini sud-tibbiy hujjatlashtirish» mavzusida ikki kunlik trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisining qo‘shma loyihasi doirasida, inson huquqlarini himoya qilishning milliy tizimini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi. Mashg‘ulotlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi ham faol ishtirok etdi.

Treningda asosiy e’tibor Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti hamda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi tibbiyot xodimlarining qiynoqlar va shafqatsiz munosabat holatlarini Istanbul protokoliga muvofiq hujjatlashtirish sohasidagi xalqaro standartlar yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, qiynoqlar va shafqatsiz munosabatga qarshi kurash davlatning xalqaro majburiyatlari tizimida markaziy o‘rin tutishini ta’kidladi. O‘zbekiston Qiynoqlarga qarshi konvensiyaga qo‘shilgan va milliy qonunchilikka ushbu hujjatlar talablarini bosqichma-bosqich joriy etib kelayotgan davlat ekanligi qayd etildi.

Shuningdek, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisining loyihalar bo‘yicha xalqaro maslahatchisi Endryu Yurkovskiy, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Tibbiyot bo‘limi bosh mutaxassisi, podpolkovnik Daniyar Xaydarov, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Buxoro filiali sud-gistologiya bo‘limi mudiri Alfiya Zakirova so‘zga chiqdi. O‘quv mashg‘ulotlariga mas’ul tashkilot va idoralar vakillari e’tirof etganlaridek, ushbu trening uchun tanlangan mavzu fuqarolar huquqlari kafolatlarini mustahkamlashda dolzarb hamda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

Mashg‘ulotlarning nazariy qismi  qiynoq usullari va ularning sud-tibbiy tasnifiga bag‘ishlandi. Amaliy qismda ishtirokchilar qiynoqlar oldini olishning xalqaro va milliy mexanizmlari, yopiq muassasalarda tibbiy yordam ko‘rsatishning xalqaro amaliyoti, shuningdek, Istanbul protokolining mazmun-mohiyati va asosiy tamoyillari bilan tanishdilar.

Rol o‘yinlari orqali shifokor va bemor o‘rtasida ishonch o‘rnatish texnikalari, faol tinglash va noverbal muloqot ko‘nikmalari chuqur o‘rganildi. Ekspertlar ochiq savollardan foydalanish muhimligi va suhbatni noto‘g‘ri olib borishning nomaqbul tomonlarini atroflicha tushuntirdilar. Vikar jarohati — tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ikkilamchi travmatik ta’sirlanish masalasi ham muhokama qilindi.

Xalqaro ekspert Azamat Shambilov surishtiruv va tergov jarayonida, shuningdek, ozodlikdan mahrum qilish joylarida — tergov hibsxonalari, qamoqxonalar va boshqa axloq tuzatish muassasalarida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jismoniy hamda psixologik qiynoq usullari tasnifini taqdim etdi. Ekspert shunday holatlarda tibbiyot xodimining xatti-harakati aniq algoritm asosida bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, mustaqil tibbiy ko‘rikning asosiy tamoyillarini tushuntirdi.

Xorijiy ekspert – sud tibbiyoti professori Rusudan Beriashvili qiynoqning ashyoviy dalillari va tan jarohatlarini tavsiflash mavzusida so‘z yuritib, jarohatlarning turlari, kelib chiqish mexanizmini aniqlash metodikasini, shuningdek, tibbiy hujjatda foydalaniladigan standart terminologiya haqida to‘xtaldi. Ekspert haqiqiy amaliyotdan olingan misollar asosida to‘g‘ri va noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan xulosalar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatib, sifatli hujjat ekspert xulosasining sud jarayonidagi isbotlash qiymatini qanchalik kuchaytirishiga e’tiborni qaratdi.

Bundan tashqari, ekspertlar tibbiy topilmalarning jabrlanuvchi bayonoti bilan o‘zaro mosligini baholash, shuningdek, xulosalarda xolis va asosli formulalardan foydalanish zarurligiga urg‘u berdilar. Ishtirokchilarga Istanbul protokoliga muvofiq ishlab chiqilgan standart hujjatlashtirish shakllari taqdim etilib, ular amaliy mashg‘ulotlar davomida qo‘llab ko‘rildi.

Alohida sessiya O‘zbekistonda hujjatlashtirishning mavjud amaliyoti tahliliga bag‘ishlandi. Muhokama davomida milliy amaliyotning kuchli tomonlari va takomillashtirishga muhtoj yo‘nalishlari aniqlandi, Istanbul protokoli asosidagi amaliy shakllarni milliy tizimga bosqichma-bosqich joriy etish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Trening O‘zbekistonda qiynoqlarni hujjatlashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokamasi bilan yakunlandi. Ishtirokchilar bu borada ko‘p tomonlama manfaatdor taraflarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari zarurligini ta’kidlab, qabul xonalarida maxfiylikni ta’minlash, malakali kadrlar yetishmasligini bartaraf etish, shuningdek, olingan bilimlarni hududiy tibbiyot muassasalarida amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha takliflarni ilgari surdilar.

Tadbir yakunida tantanali marosim bo‘ldi. Ishtirokchilarga Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlarni sud-tibbiy hujjatlashtirish bo‘yicha o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tugatganligini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Powered by GSpeech