YANGI O‘ZBEKISTON PUBLITSISTIKASINING YORQIN NAMUNASI

(Abdusaid Ko‘chimovning “Yuksalish simfoniyasi” kitobini o‘qib)

 

Chinakam iste’dodli shoirlar nafaqat dilbar poeziyasi, balki yetuk prozasi bilan ham muxlislarni hayratga solishi mumkin. Alisher Navoiy bobomizning nodir nasriy asarlarini, Gyote va Pushkinning muazzam prozasini mutolaa qilish asnosida ijodiy davralarda aytilgan ushbu fikrlarning nechog‘lik haqqoniyligiga ko‘p bor amin bo‘lganman. Ammo...

Shoirning publitsistikasi jurnalistning maqolalaridan qaysi jihatlari bilan ajralib turadi? Negadir shu vaqtgacha ayni savol haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman. O‘zbekiston Respublikasi Senati a’zosi, taniqli adib Abdusaid Ko‘chimovning yaqinda nashrdan chiqqan “Yuksalish simfoniyasi”[1] nomli muhtasham kitobini o‘qir ekanman, xuddi shu fikrlar xayolimdan kechdi.

To‘g‘ri, Abdusaid akaning 1972-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti  (hozirgi Universitet) O‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlaganidan keyingi faoliyati deyarli to‘laligicha jurnalistika sohasi bilan chambarchas bog‘liq. Abdusaid Ko‘chimov myehnat faoliyatini «O‘qituvchi» nashriyotidan boshlagan bo‘lsa-da, keyinchalik bolalar gazetasi va “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi bo‘lib ishladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Vazirlar Mahkamasi kabi yuqori turuvchi davlat tashkilotlarida mas’ul lavozimlarda faoliyat olib bordi.

U 2017-yildan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Fidoyi ijodkor «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni hamda «Mehnat shuhrati» ordeni va «Shuhrat»  medali bilan taqdirlangan.

Abdusaid aka uzoq yillardan buyon asosan ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lishiga qaramay, haroratli she’rlarini doim o‘qib yuradigan kamina singari ko‘plab muxlislari uni birinchi navbatda shoir sifatida biladi, qadrlaydi va e’tirof etadi.

Binobarin, ijodkorning 20 ga yaqin she’riy va nasriy kitoblari chop etilgan. Xususan, Abdusaid Ko‘chimov qalamiga mansub “Men shoirman, istasangiz shu... (Abdulla Oripov gurunglari)” nomli kitobni o‘qib chiqqanimga hali ko‘p bo‘lmadi. O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov xotirasiga bag‘ishlangan ushbu asar mamlakatimiz madaniy hayotida katta voqea sifatida kutib olinganini mamnuniyat bilan qayd etish joizdir.

O‘z navbatida, adibning yangi kitobida Yangi O‘zbekiston hayotining turli sohalarida izchillik bilan amalga oshirilayotgan ulkan, qamrovdor va shiddatli islohotlar samaralari aks etgan maqolalari jamlangan. Kitobni o‘qir ekanman, keyingi o‘n yilda Vatanimizning turli go‘shalarida yuz bergan hayotbaxsh o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini yana bir bor teran his etdim.

Darvoqe, Abdusaid akaning she’rlari qatori maqola va intervyulari bilan ham necha o‘n yillardan buyon muntazam tanishib kelaman. Shunday bo‘lsa-da, yangi kitob timsolida adibning o‘ziga xos uslubini qaytadan kashf etdim.

Muhimi, o‘yimdagi o‘sha savolga javob topgandek bo‘ldim. Ya’ni, shoirning publitsistikasi jurnalistning maqolalaridan, eng avvalo, voqelikka yondashuv va bayon uslubi bilan ajralib turadi, nazarimda. Bu o‘rinda shoir Abdusaid Ko‘chimov publitsistikasining 4 ta o‘ziga xos xususiyatiga muxtasar to‘xtalmoqchiman.   

 Birinchi xususiyati – hissiyot va obrazlilik. Abdusaid Ko‘chimov jurnalist sifatida maqolalarida aniq faktlarga va mantiqiy dalillarga tayanadi va bu tabiiy hol. Ayni chog‘da, shoir maqomida hatto ijtimoiy muammoni yoritganida ham ramzlar, tashbehlar, kuchli emotsional bo‘yoqlardan keng va unumli foydalanadi. Shuning uchun Abdusaid akaning maqolalari ko‘proq qalbga, hissiyotlarga qaratilganligi bilan o‘quvchini o‘ziga rom etadi.

Ikkinchi xususiyati – subyektivlik darajasi. Gap shundaki, jurnalistikada xolislik (obyektivlik) birinchi o‘rinda turadi va Abdusaid aka ham o‘z maqolalarida ayni tamoyilga qat’iy amal qiladi. Shoirning publitsistikasida, shuningdek, muallif "Men"i, uning voqealarga shaxsiy munosabati va ichki kechinmalari xolislik tamoyili bilan bab-barobar tarzda yetakchilik qiladi.

Uchinchi xususiyati – til va uslub. Odatda, jurnalist maqolasi uchun aniqlik, lo‘ndalik va ommaboplik xos bo‘ladi. Shoir Abdusaid Ko‘chimovning publitsistik maqolalari esa ayni xislatlar bilangina cheklanib qolmagan. Bu maqolalar ko‘pincha badiiy-falsafiy mushohadaga aylanib ketadi, tili boyligi va she’riy unsurlarga yaqinligi bilan ajralib turadi.

To‘rtinchi xususiyati – muammoni talqin qilishga tizimli va qamrovdor yondashuv. Abdusaid Ko‘chimov, bir tomondan, jurnalist sifatida muammoni bugungi kun nuqtayi nazaridan, tezkor tahlil qilsa, ikkinchi tomondan, shoir bo‘lgani uchun ayni muammoni umuminsoniy qadriyatlar, tarix va kelajak bilan bog‘lab, kengroq ma’noda ham talqin qiladi.

Qisqacha aytganda, jurnalistning maqolasi — asosan axborot va tahlil mahsuli bo‘lsa, shoir publitsistikasi haqiqatning badiiy va hissiy ifodasi sanaladi. Taniqli adib Abdusaid Ko‘chimovning publitsistik maqolalari esa har ikki sohaga xos ana shu fazilatlarni o‘zida mujassam etganligi bilan tahsinga loyiqdir.

Ayniqsa, “Yuksalish simfoniyasi” kitobi – adibning uzoq yillik ijodiy faoliyatida tom ma’noda yuksalish pog‘onasi, deb baholashga har tomonlama munosibdir. To‘plamga “Ilhom olovini alangalatgan kuch” sarlavhali so‘zboshi yozgan taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqov ta’biri bilan aytganda, “Qo‘lingizdagi haqiqat va samimiyat bilan yozilgan kitob faqat tarixiy yoki siyosiy solnoma emas, balki o‘z taqdirini o‘zgartirishga bel bog‘lagan xalqning ruhiy-ma’naviy holati aks ettirilgan bebaho ko‘zgudir”.

Endi kitobning nomi xususida, ya’ni “Ushbu to‘plam nima uchun shunday nomlangan?” degan savol atrofida fikr yuritamiz. Gap shundaki, Abdusaid Ko‘chimovning "Yuksalish simfoniyasi" kitobi — shunchaki publitsistik maqolalar jamlanmasi emas, balki Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy qiyofasi badiiy-tahliliy mushohada etilgan muhim nashrdir. Dastavval, kitobning nomlanishi xususida so‘z yuritamiz.

«Yuksalish» so‘zi o‘zbek tilida juda keng va ijobiy ma’nolar qatlamini o‘z ichiga oladi. Inson, jamiyat va davlatga nisbatan ham qo‘llash mumkin bo‘lgan ushbu universal tushunchani shunchaki «tepaga qarab harakatlanish» deb izohlash bilan cheklanib qolmasdan, uning ma’no-mazmunini bir qator yo‘nalishlarda yanada teran talqin qilish mumkin.

Birinchidan, yuksalish – ma’naviy va ruhiy kamolot, deganidir. Insonning ichki dunyosi, axloqiy tarbiyasi va dunyoqarashining boyishi, nafsni yengish, ilm va hikmat orqali bu borada yanada yuqori anglash darajasiga chiqishi — ma’naviy yuksalishdir.

Ikkinchidan, yuksalish –  ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish, degani. Davlat yoki jamiyatning taraqqiyot yo‘liga kirishi, milliy iqtisodiyotning o‘sishi, xalq farovonligining oshishi va xalqaro maydondagi nufuzning ko‘tarilishi «milliy yuksalish» tushunchasi bilan ifodalanadi.

Uchinchidan, yuksalish – intellektual o‘sish, ya’ni ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar orqali yangi cho‘qqilarni zabt etishdir. Bunda insonlarning bilim saviyasi va tafakkur doirasining kengayishi nazarda tutiladi.

To‘rtinchidan, yuksalish – shaxsiy muvaffaqiyat, insonning hayotda, ijod va ilmda izchil yutuqlarga erishib borishi, shuningdek, mansab (karera) pillapoyalari yoki kasbiy faoliyatida pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilishi, mahoratining oshishi va o‘z sohasining ustasiga aylanishini anglatadi.

Beshinchidan, yuksalish – insonning estetik va madaniy yuksalish darajasini, mamlakatda san’at, adabiyot va madaniyatning gullab-yashnashini, jamiyatda go‘zallikka, nafosatga va madaniy merosga e’tiborning tubdan kuchayishini bildiradi.

Sodda qilib aytganda, yuksalish — bir joyda to‘xtab qolmaslik, doimiy intilish va tinimsiz harakat, sifat jihatidan yangi va yanada yaxshi holatga o‘tishdir. Ushbu so‘z zamirida doimo ezgulik, nur va taraqqiyot tushunchalari mujassam topgan bo‘ladi.

O‘z navbatida, «simfoniya» so‘zi ham kitobning nomida shunchaki musiqiy atama mazmunida qo‘llanilmagan. Aksincha, bu kalom zimmasiga borliqning murakkab va go‘zal tartib-tamoyillarini anglatuvchi sohir tushuncha ma’nolari yuklangan.

Simfoniya — borliqning ovozlardagi aksi. Unda koinotning cheksizligi, inson qalbining teran iztiroblari va tabiatning oshuftahol chorlovi bir nuqtada birlashadi.

Simfoniya — insoniyat tafakkuri yaratgan eng muazzam tovushlar saltanati. Bu shunday maskanki, unda yuzlab cholg‘ular o‘z «men»idan voz kechib, umumiy va yagona Mutlaqlikka — buyuk Uyg‘unlikka xizmat qiladi.

Simfoniya — bunyodkorlik maromi vaqt, davr oqimiga solingan buyuk me’morchilik ifodasi hamdir. Agar imoratlar toshdan qurilgan bo‘lsa, simfoniya — nafas, tuyg‘u va ruhiyatdan bino bo‘lgan hamda ko‘zga ko‘rinmas, ammo qalb bilan his qilinadigan muhtasham qasr.

Simfoniya — inson idrokining betartiblik, ya’ni xaos ustidan qozongan oliymaqom g‘alabasi. U turfa xil ovozlar va ziddiyatli kuylarni bir butun mantiqiy zanjirga bog‘lab, dunyoning mukammalligini isbotlaydi.

Binobarin, kitobning aynan "Yuksalish simfoniyasi" deb nomlangani bejiz emas. Chunki, bir tomondan, muallifning sodda va samimiy, ravon va shoirona bitiklarida qadim yurtimizning o‘lmas ohanglari jarangi aks etgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, kitobxon Yangi O‘zbekistonning bugungi  navobaxsh ruhini qalbdan his etishi tayin.

Kitobda Yangi O‘zbekiston bunyod etilayotgan va Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilayotgan yangicha davr ruhi yaqqol va yorqin ifodasini topgan. Muallif yurtimizda kechayotgan qamrovdor islohotlar, olamshumul bunyodkorlik ishlari va xalq hayotidagi bemisl o‘zgarishlarni turli ohanglar uyg‘unligida, yaxlit bir jarayon sifatida tasvirlaydi.

Xususan, kitobdagi “Yer yuzining sayqali” maqolasida Abdusaid aka Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan atigi “bir shingil” so‘zlaydi, xolos. Muallif lutf etganidek, “Hammasini ta’riflash uchun esa, shoirona tilda aytganda, yuzta Firdavsiy kerak. Qutlug‘ bu zaminga qadam qo‘ygan kishi bir emas, o‘nlab, yuzlab muhtasham o‘zgarishlarning guvohi bo‘ladi”. Ayni chog‘da, “Kichkina irmoqqa sig‘dirib bo‘lmas ekan azim daryoni”.

Adibning ijtimoiy-siyosiy tahlil usuli ham o‘ziga xos, bugungi davr ta’biri bilan aytganda, nihoyatda jozibador. Masalan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bundan 7-8-yil avval “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgani va uning bugungi samaralari haqida so‘z yuritar ekan, Abdusaid aka o‘zi tug‘ilgan ushbu tuman aholisi soni 600 mingga yaqin ekanligini shunday qiyosiy sharh etgan: “600 ming! Bu Tinch okeani janubidagi Tonga degan mamlakat aholisidan besh barobar ko‘p deganidir”.

To‘plamdagi maqolalar mamlakatimizning yangilanish davridagi yutuqlari, davlatimizning strategik maqsadlari va jamiyatimizning milliy yuksalish g‘oyasiga bag‘ishlangan. Muallif davlat arbobi va jurnalist sifatida voqealarni ichkaridan turib, teran tahlil qiladi.

Kitobda Yangi O‘zbekistonga xos ma’naviy-axloqiy mezonlar ustuvor darajada tarannum etilgan. Abdusaid Ko‘chimov inson qadri, milliy o‘zlikni anglash va ma’naviyat masalalarini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Kitobning har bitta sahifasi o‘quvchini nafaqat zarur ma’lumotlar bilan ta’minlaydi, balki uni vatanparvarlikka va faol fuqarolik pozitsiyasiga undaydi.

Jumladan, “Avliyolar diyori, alplar yurti – Buxoro!” maqolasini o‘qir ekan, dastavval, kitobxon  mana bu jumlalar bilan tanishadi: “Xitoycha Buxe, Buxala; arabcha Bumijkat, Faxira; turk-mo‘g‘ulcha Buxor (“ibodatxona”); sug‘diycha “Bug‘” (“Tangri”) hamda “oro” (“jamol”), ya’ni “Tangri jamoli” kabi nodir ismlar bilan atalgan bu qutlug‘ shahri azimning nomini shunchaki tilga olib bo‘lmaydi”.

Shundan so‘ng Buxoro shahri va viloyatining uzoq-yaqin tarixi qiziqarli dalillar, ahamiyatli raqamlar ko‘magida tahlil-u talqin etiladi. Muallif qayd etganidek, “Yangi O‘zbekiston”ni qurish, Uchinchi Renessans poydevoriga birinchi g‘ishtlarni qo‘yish g‘oyasi, hech shubhasiz, ayricha kuch bag‘ishladi, tafakkur berdi odamlarga. Xalq qalqdi, xalq qo‘zg‘aldi, xalq yanada jipslashdi. Uyg‘onish damlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Buxoroga qilgan tashriflari buxoroliklar qalbini ishonch va g‘ayrat havolariga to‘ldirgani ham chin haqiqat. Bahor yomg‘irlaridan so‘ng to‘lib-toshgan daryolarga, qizg‘aldog‘-u bo‘tkako‘zlarga ko‘milib borayotgan dalalarga qiyoslash mumkin edi o‘sha damlarni”.

Mahoratli adib ijodining uslubiy o‘ziga xosligiga yana bir bor urg‘u berishga burchlimiz. Bu fikrimizning tasdig‘i uchun birgina misol keltirish bilan kifoyalanamiz.

Kitobdagi “Bu o‘lkada har narsa bordir” nomli maqola Jizzax viloyatidagi yangilanishlarga bag‘ishlangan bo‘lib, unda shunday jumlalar bor: “O‘zbekiston Prezidentining aziz Vataniga sodiqligi, fidoyiligi, elsevarligi bois, albatta, yirtiq-yamoqlarimiz butlanib, kamchiliklar tugamoqda, dasturxonimizda noz-ne’matlar ko‘paymoqda, yurt sarhadlari obod bo‘lmoqda, ishlarimiz jahondagi do‘stlarimiz e’tirofiga munosib ko‘rilmoqda. She’riyat sultoni Alisher Navoiy hazratlari ta’kidlaganlaridek, "Kimsa istasa, saltanat saxodir anga shart, Har va’daki aylasa, vafodir anga shart”.

Ushbu iqtibos ham shoyon ko‘rsatib turibdiki, to‘plamda jurnalistik faktlarning aniqligi va shoirona bayonning jozibasi birlashgan. Ayni muhim omil, o‘z navbatida, kitobning yanada o‘qishliligi va ta’sirchanligini oshirgani e’tirofga sazovor.

Shu ma’noda, taniqli adib, mohir jurnalist, zukko davlat arbobi Abdusaid Ko‘chimov publitsistikasi o‘zbek matbuotida o‘ziga xos maktab hisoblangani holda, uning “Yuksalish simfoniyasi” kitobi bugungi kun o‘zbek publitsistikasining eng sara namunalaridan biri ekaniga hech qanday shubha yo‘q.

Abdusaid akaning yangi kitobida ona yurt manzaralari, inson qalbining ulug‘vorligi va umr ibratlari aks etgan jo‘shqin  maqolalari jamlangan. Adib milliy g‘urur va davlatchilik manfaatlarini himoya qilish ruhi bo‘rtib turgan ana shu maqolalarida voqelikni badiiy bo‘yoqlar bilan tasvirlab, o‘quvchini mushohada qilishga undaydi.

Muhimi, bu publitsistika faqat quruq faktlardan iborat emas. Kitobda she’rlar, hikmatlar va falsafiy mushohadalar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Adibning publitsistik faoliyatida yosh avlod tarbiyasi, kitobxonlik va milliy o‘zlikni anglash, yoshlarni ilm-ma’rifatga chorlash va ularda vatanparvarlik hissini uyg‘otish masalalari hamda tabiatni asrash, inson va atrof-muhit munosabatlari alohida o‘rin tutadi.

Xulosa qilib aytganda, “Yuksalish simfoniyasi” kitobi 17 ta maqoladan tashkil topgan bo‘lib, u 17 ta torli noyob musiqa asbobini eslatadi. Bu zamonaviy sozning har bitta tori o‘ziga xos ohang taratgani holda, barcha torlar o‘zaro jo‘r bo‘lganda yagona, yaxlit va mumtoz navo – Millat Sardori rahbarligida bunyod bo‘layotgan Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansning yuksalish simfoniyasini baralla yangraydi.

Binobarin, Prezidentimiz chorlayotganidek, Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!

 

Akmal SAIDOV,

akademik

«Xalq so‘zi» gazetasining 2026-yil 25-aprel 82 soni 

[1] Кўчимов А. Юксалиш симфонияси (Матн). Мақолалар. – Тошкент: Akademnashr, 2026. – 384 б.

Powered by GSpeech