28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tashabbusi bilan 2003-yildan buyon 28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlab kelinyapti. XMT tomonidan ushbu kunning ta’sis qilinishiga sabab butun dunyoda ish joylarida baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olishga ko‘maklashishdir.

Dunyoning barcha davlatlarida mehnat muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilot va muassasalar mazkur kunga bag‘ishlab turli tadbirlarni tashkil qiladilar. Ayni xalqaro sana O‘zbekistonda ham munosib nishonlanmoqda.

Jumladan, 27-aprel – 1-may kunlari “Mehnatni muhofaza qilish” haftaligi keng nishonlanmoqda. Mazkur haftalik doirasida poytaxtimizda “Sog‘lom psixologik-ijtimoiy ish muhitini ta’minlaylik” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mehnat muhofazasi – xodimlarning mehnat faoliyati jarayonida ularning hayoti, sog‘lig‘i va ish qobiliyatini saqlash tizimidir. U huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnik, sanitariya-gigiyena, davolash-profilaktika, reabilitatsiya va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kunining tarixi 1989-yilda AQSH va Kanadada kasaba uyushmalari va ishchilar tomonidan ish joyida jarohatlangan yoki halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan “Halok bo‘lgan ishchilarni xotirlash kuni” o‘tkazilganidan boshlanadi. Bayram rasman ilk bor 2003-yilda Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan nishonlangan. XMT bu kunni rasman belgilab, muammoning ko‘lamiga e’tibor qaratishni, ish joylarida xavfsizlik va sog‘liqni muhofaza qilishga oid muhim tashabbuslarni yanada kuchaytirishni maqsad qilgan.

1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 23-moddasida har bir inson mehnat qilish, ishni erkin tanlash, mehnatning adolatli va qulay sharoitiga va ishsizlikdan himoya qilinish huquqiga, shuningdek har bir inson hech bir kamsitishsiz teng mehnat uchun teng haq olish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

Munosib mehnat muhofazasini tashkil qilishning asosini mehnat munosabatlari sohasidagi davlat siyosati tashkil etadi. Bunda ularni tartibga solishga qaratilgan milliy qonunchilik yetakchi o‘rinni egallaydi.

Mamlakatimizda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan barcha tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi,  Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun” (yangi tahriri) hamda boshqa qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega”, deb belgilab qo‘yilgan.

Shu asosda yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Insonning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiyena va davolash profilaktika tadbirlarini qamrab oluvchi mehnatni muhofaza qilish tizimi tashkil etilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda ish beruvchi va xodimlarning mehnatni muhofaza qilish talablarini bajarish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish, shu jumladan:

  • ishlab chiqarishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa holatlari bo‘yicha o‘z vaqtida tekshirish o‘tkazish;

  • mehnatni muhofaza qilish talablari ijrosini nazorat qiluvchi davlat organining ko‘rsatmalarini belgilangan muddatlarda bajarishni ta’minlash;

  • mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlarni yetarlicha moliyaviy ta’minlash;

  • mehnat sharoitlari va muhofazasi bo‘yicha tegishli nazoratni ta’minlash va boshqalar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech