Yangi O‘zbekiston – 2025-yilda: inson huquqlarini ta’minlash – barqarorlik omili

Bugungi kunda inson huquqlarini ta’minlash masalasi barqarorlik va xavfsizlikning asosiy sharti bo‘lib, inson huquqlari har qanday sharoitda universal va ajralmas qadriyat sifatida e’tirof etilishi, global tahdidlar sharoitida esa davlat ichki siyosati va institutsional islohotlarining ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi har qachongidan ham muhim hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasida 2025-yilda ham inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil va tizimli ravishda davom ettirildi. Mamlakatda iqtisodiy o‘sish, davlat boshqaruvini raqamlashtirish, siyosiy institutlarni mustahkamlash, sud-huquq tizimini isloh qilish hamda inson huquqlarini ta’minlash sohalarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.

Jumladan, davlat boshqaruvini raqamlashtirish O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi va  BMTning Elektron hukumat rivojlanishi indeksida mamlakat ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilandi.  Shuningdek, 2025-yil natijalari bo‘yicha Jahon banki tomonidan tuziladigan GovTech Maturity Indexda O‘zbekiston jahonda 9‑o‘ringa ko‘tarildi.

Bu ko‘rsatkich raqamli davlat boshqaruvi samaradorligi bo‘yicha yuqori natija hisoblanadi. Ushbu indeks davlat organlarining raqamli xizmatlar, asosiy elektron platformalar, fuqarolar ishtirokchiligi va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholanadi. O‘zbekiston “juda yuqori rivojlangan” davlatlar toifasiga yaqinlashdi.

Shuningdek, raqamli transformatsiya mamlakatning “Digital Uzbekistan – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Bu strategiya raqamli xizmatlarni aholi va biznes uchun qulay qilish, axborot kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini kengaytirish, davlat xizmatlarini to‘liq elektron formatga o‘tkazishni nazarda tutadi.

“My.gov.uz” yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 100 ta yangi  xizmat va servislar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan hamda jami xizmatlar soni 800 taga yetkazilgan. Biometrik identifikatsiya, sun’iy intellekt elementlari va elektron hujjat aylanmasi joriy etilishi davlat xizmatlarining shaffofligi va aholi uchun qulayligini oshirdi.

Siyosiy institutlar va mahalliy boshqaruv tizimida jamoatchilik ishtiroki, xususan mahalla raislarining saylovlari yangi tartib asosida o‘tkazilib, fuqarolarning mahalliy boshqaruvda ishtirok etish imkoniyatlari kengaydi. Bu jarayon joylarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qildi.

Bolalar huquqlarini himoya qilish va zo‘ravonlikka qarshi kurash maqsadida voyaga yetmaganlarni himoya qilish mexanizmlarini sezilarli darajada kuchaytirildi. Xususan, 2025-yil 24-dekabrda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyani tasdiqlovchi PF-256-sonli farmon imzolandi.

Shu bilan birga, mamlakatda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalar uchun professional tutingan oilalar (Foster care) xizmatini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlandi. Bundan tashqari, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmi joriy etildi.

Sud-huquq sohasidagi islohotlar natijasida inson huquqlarini himoya qilish kafolatlari mustahkamlandi. Jumladan, sud-huquq islohotlari doirasida tergov sudyasi instituti amaliyotga keng joriy etildi. Ushbu mexanizm orqali qamoqqa olish, tintuv va maxsus tergov harakatlariga sanksiya berish vakolati mustaqil sud organlariga o‘tkazildi.

Bu yangi chora, o‘z navbatida, ayblov va himoya o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash hamda inson huquqlarini himoya qilishda muhim qadam bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek: “Yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani – xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qo‘llashning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi”.

 

Manba: 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasida

inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga

rioya qilinishining holati to‘g‘risida axborot. – T.:

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy

markazi, 2026. –  84 b.

Powered by GSpeech