Barqaror atrof-muhit va inson huquqlari
5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar mustahkamlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil yurtimizda – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili, deb e’lon qilingani bu borada g‘oyat muhim qadam bo‘ldi. Shu munosabat bilan tasdiqlangan Davlat dasturi doirasida ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish hamda iqtisodiy o‘sishning yangi, “yashil rivojlanish” modelini tatbiq etish bo‘yicha qator muhim vazifalar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil 4-aprel kuni o‘tkazilgan Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nutqida O‘zbekiston Parij bitimi doirasida bug‘ gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha olgan majburiyatini muddatidan oldin bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarini ishga solishini qayd etdi. Bu haqda so‘z borganda, dastavval, Parij bitimi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ortib borayotgan global tahdidlarning oldini olish maqsadida 2015-yil 12-dekabrda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Hadli konvensiyasi tomonlarining 21-konferensiyasi doirasida qabul qilingani va 2016-yil 4-noyabrda kuchga kirganini ta’kidlash lozim.
O‘zbekiston 2017-yil 19-aprel kuni – BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Parij bitimini imzoladi. Bitimni imzolash uchun BMT Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha konvensiyasi kotibiyatiga issiqxona gazlari tashlanmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissani kamaytirish to‘g‘risida hujjat taqdim etildi. Mazkur bitim 2018-yil 3-oktyabrda ratifikatsiya qilindi.
Parij bitimida qatnashish investitsiya resurslarini jalb qilish hamda xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning kreditlarini olish uchun indikator hisoblanadi. Shu jihatlarni, yanada muhimi, xalqimiz manfaatlarini, ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadi ustuvor ekanini inobatga olgan holda, Parij bitimini ratifikatsiya qilgani – O‘zbekistonning umuminsoniy qadriyatlar, bitimda aks ettirilgan atrof-muhitni muhofaza qilish g‘oyalariga sodiqligini yana bir bor amalda namoyon etdi.
BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi bugungi kunda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi, Kioto protokoli va Parij bitimi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar jarayonining oliy organi hisoblanadi. Tomonlar konferensiyasi har yili o‘tkaziladi va unda raislik BMT tomonidan tan olingan beshta hududdan biriga navbatma-navbat o‘tadi. O‘zbekiston BMTning ushbu konferensiyasi ishida faol qatnashib kelmoqda.
BMT Bosh Assambleyasining 1972-yil 15-dekabrdagi 27-sessiyasida ta’sis etilgan Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni xalqaro sanasi xalq orasida “Ekologlar bayrami” sifatida e’tirof etilishining o‘ziyoq uning ekologik taqvimdagi bosh bayram ekanini tasdiqlaydi. Bu bayram uchun aynan 5-iyun tanlangani sababiga kelsak, xuddi shu kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmda o‘tkazilgan atrof-muhit masalalari bo‘yicha BMT konfrensiyasida mazkur xalqaro sanani belgilashga doir rezolyutsiya qabul qilingan.
O‘z navbatida, 1972-yil 15-dekabrda yangi tashkiliy tuzilma — BMTning Atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha dasturi — YUNEPga asos solingan. Shundan buyon Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni YUNEP rahbarligida har yili butun dunyoda nishonlanadi.
Bugungi kunda ekologik tahdidlar – bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor musaffo, sog‘lom va barqaror atrof-muhit – inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani hamda bu sohada Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan izohlanadi.
Markaziy Osiyo mintaqasi ham iqlim o‘zgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Hozirgi vaqtda mintaqa mamlakatlarida kuzatilayotgan suv taqchilligi ekinlarni sug‘orish imkoniyatlarini cheklamoqda. Shu nutai nazardan, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrab-avaylash ishlariga muntazam e’tibor qaratilayotgani juda muhim.
Bu haqda so‘z borganda Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surganini ta’kidlash o‘rinlidir. Shu yangilanishlar talabidan kelib chiqqan holda, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safini “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaytirish choralari ko‘rildi.
O‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasi "O‘rmonlardan barqaror foydalanish tamoyillariga muvofiq o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘n yilligi" rezolyutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston va Kongo tashabbusi bilan tasdiqlangan ushbu rezolyutsiyaga muvofiq, “2027-2036-yillar – O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash o‘n yilligi”, deb e’lon qilindi.
Bosh Assambleya, 80 ta davlat hammualliflik qilgan mazkur hujjatga asosan, 2027-2036-yillarni – O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash o‘n yilligi”, deb belgilashga qaror qildi. A’zo davlatlar BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda BMTning O‘rmonlar forumi kotibiyatiga mazkur o‘n yillikni o‘tkazishda ko‘maklashishni taklif etdi.
BMT yangiliklari saytida qayd etilganidek, O‘zbekiston daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirish masalalarini milliy, mintaqaviy va global miqyosda faol ilgari surib kelmoqda. Jumladan, 2024-yil avgust oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi "Ekologik muammolarning samarali yechimi sifatida degradatsiyaga uchragan yerlarda, shuningdek, qurg‘oqchil hududlarda o‘rmonlardan barqaror foydalanishni, jumladan o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklashni rag‘batlantirish" rezolyutsiyasini qabul qilgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda besh yil ichida bir milliard tup daraxt ekishni ko‘zda tutuvchi keng ko‘lamli "Yashil makon" umummilliy dasturi amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Orol dengizining qurigan tubida ekologik ofat oqibatlarini yumshatish doirasida ikki million gektar maydonda o‘rmonzor barpo etildi. Ekilgan daraxtlar qum bo‘ronlarini to‘xtatishga, ekotizimni yaxshilashga va mahalliy aholi uchun daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Aslida ham, xalqaro hamjamiyat media minbaridan yangragan bu e’tiroflar bejiz emas. Prezidentimiz qayd etganidek, bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotir. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda.
Bunday xatarlarga javoban O‘zbekistonda 4-yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan va qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga ham kirishilgan. Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etilgani ayni yo‘nalishdagi muhim natijalardandir.
Yanada e’tiborlisi, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston BMT tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylanmoqda.
Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishganini ta’kidlash lozim. Atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2026-yil 25-martda qabul qilingan “«Yashil makon» umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida respublikada yashil maydonlarni kengaytirish, mamlakatimizning har bir hududida botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilish hamda mavjud yashil bog‘larni samarali boshqarish tizimini joriy etish orqali ularni saqlash, zararkunandalarga qarshi kurashish tizimini yaratish hamda mahalliy iqlim sharoitiga mos ko‘chatlarni ilmiy asoslangan holda yetishtirishni rivojlantirish maqsadi ijobatiga qaratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 1-aprel kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi. Poytaxtimizda 108 gektar maydonni qamragan Milliy dendrologiya bog‘idagi “Yashil” universitet hududida “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in-vitro” laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar hamda Urug‘chilik va seleksiya markazlari ham shu yilning o‘zida ishga tushiriladi.
O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘istonga amaliy tashrifi dasturi doirasida 22-aprel kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Gruziya va Armaniston delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Ostona shahridagi “EXPO” xalqaro ko‘rgazmalar markazida tashkil etilgan Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasidagi milliy pavilonlarni borib ko‘rdi. Davlatimiz rahbari Mintaqaviy ekologik sammitda nutq so‘zladi va quyidagi takliflarni ilgari surdi.
Birinchi. Atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini ta’sis etish mintaqa aholisi salomatligini himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi. Konsorsium sanoatni modernizatsiya qilib, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar uchun tozalash tizimlarini joriy etadigan “yashil” moliyalashtirishning qo‘shma operatoriga aylanishi mumkin.
Ikkinchi. O‘zbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish taklif etildi. Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli bo‘ronlarni monitoring qilish bo‘yicha kuchli tizimni yaratish imkonini beradi.
Uchinchi. Texnologik o‘tish jarayonlarini tezlashtirish uchun “Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi”ni shakllantirishni taklif etildi. Imtiyozli bojxona tartiblarini joriy etish va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni o‘zaro tan olish ishlab chiqarishni jadal modernizatsiya qilish va mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
To‘rtinchi. Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish keyingi qadam bo‘lishi kerak. Bu bizga tarqoq tashabbuslar bilan emas, balki mintaqani rivojlantirish bo‘yicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, uni amalga oshirish uchun sheriklarimizda qiziqishni kuchaytiradi.
Beshinchi. Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish ham mintaqamiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Binobarin, ushbu atlas mintaqadagi cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanadi.
Oltinchi. Biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqish lozim. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisi bu ishda muvofiqlashtiruvchi bo‘lishi mumkin. Mintaqa “Qizil kitob”i yo‘qolib borayotgan turlarning shunchaki ro‘yxatidan iborat bo‘lib qolmasdan, sohada hamkorlikdagi ishimiz uchun amaliy platformaga aylanishi lozim.
Yettinchi. Iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun ekologik ta’lim va yoshlarni faol jalb etish juda muhim. Shu maqsadda Bokuda bo‘lib o‘tgan COP-29 anjumani davomida mamlakatlarimiz yoshlari ishtirokida Ekologiya bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tuzilgan edi. Ushbu qo‘mita platformasida 2027-yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazish taklif etildi.
Sakkizinchi. Ekologik kun tartibini ilgari surish doirasida shu yilning 31-may – 5-iyun kunlari Samarqandda Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi, sentyabr oyi oxirida esa Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish tavsiya qilindi.
Shu asosda Samarqand shahrida Global ekologik fond (GEF) kengashining 71-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. E’tibor bering: GEFning VIII Assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi arafasida o‘tkazilgan ushbu yig‘ilishda Fondga a’zo 186 mamlakat vakillari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar, ekologik agentliklar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Assambleyaning bu yilgi mavzusi — “2030-yil uchun so‘nggi intilish” — ekologik inqiroz kuchayib borayotgan va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun vaqt tobora qisqarayotgan sharoitda, ayniqsa, dolzarb ekani qayd etildi. O‘zbekiston GEF bilan uzoq yillik hamkorlikni yuksak qadrlashi ta’kidlandi.
Hamkorlik yillari davomida ushbu Fond mamlakatimizga biologik xilma-xillikni saqlash, jumladan, qor qoplonini muhofaza qilish, Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash, iqlimga chidamlilikni oshirish, yer va chiqindilarni barqaror boshqarish tizimlarini takomillashtirishda ko‘maklashdi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi GEF loyihalari portfeli umumiy qiymati 56 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 13 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, qiymati 30 million dollardan ortiq bo‘lgan 5 ta yangi loyiha portfeli ham shakllantirilgan.
Bundan tashqari, Prezidentimiz 30-aprel kuni tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish va ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sanoat, qurilish, transport va kommunal sohalardagi jadal rivojlanish tabiatga ta’sir etuvchi omillarni qat’iy nazorat qilishni, ekologik talablarga rioya etishni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda. Taqdimotda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar holati tahlil qilindi. Qayd etilganidek, 2024-yilda 47 mingdan ziyod ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2025-yilda ular soni 59 mingdan oshgan.
Kuni kecha Vazirlar Mahkamasi “2026-2030-yillar uchun O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitining davlat monitoringi dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Unga muvofiq, 2026-2030-yillar uchun O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi dasturi tasdiqlandi. Qarorda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mazkur qaror hamda Dasturda nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishini ta’minlashi belgilab berildi.
Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va ekologiya muammolari zamonamizning asosiy tahdidlaridan ekani va ular odamlar, ayniqsa, yoshlar hamda bolalarning hayot sifatiga bevosita tas’sir ko‘rsatayotgani borasida yurtdoshlarimiz, jamiyat va davlat yakdil fikrda ekani e’tiborga loyiq.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский