Korrupsiya: unga qarshi kurashish samaradorligi ortadi, huquqiy javobgarlik muqarrarligi ta’minlanadi

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 21-moddasiga ko‘ra, “Inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart”.

Inson, xalq, davlat manfaatlariga putur yetkazmaslik, demakki manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik – har kimning insoniy fazilatlari, xususan, halolligi bilan bevosita bog‘liq. Halol kishi xiyonat, g‘irromlik kabi illatlardan xoli bo‘lib, u to‘g‘ri va halol, pokiza va vijdonan yashaydi, birovlarning haqiga zarracha ham xiyonat qilmaydi. Bunday insonlar halol bilan haromni farqlaydi, faqat o‘z mehnati evaziga tirikchilik qiladi, harom-xarishdan jirkanadi, haromxo‘rlikni gunohi azim va axloqsizlik deb biladi.

Halollikning ziddi – korrupsiya illatidir. Zero, “korrupsiyaga qarshi madaniyat” shakllanmagan jamiyatda adolatsizlik va jinoyatlar odat tusiga aylanadi. Shu sababli ham har bir demokratik davlat o‘z rivojlanish konsepsiyasida ushbu illatga qarshi kurashishga qaratilgan choralarni ko‘zda tutadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash haqida so‘z borganda, shubhasiz, 2003-yil 31-oktyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiya tilga olinadi. Bugungi kunga qadar dunyoning 192 ta davlati, jumladan O‘zbekiston ham ushbu Konvensiyaga qo‘shilgan.

Bundan 23-yil ilgari BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qabul qilingani xalqaro hamjamiyat korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qat’iy bel bog‘laganini yaqqol namoyon etdi. Konvensiya halollik, qonun ustuvorligini hurmat qilish, rivojlanish jarayonida hisobdorlik va shaffoflikni ta’minlash hamda dunyoni hamma uchun yanada yaxshilashga intilish kabi asosiy qadriyatlarning muhimligini tasdiqlaydi.

Konvensiya ishtirokchisi sifatida O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurash sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda davlat boshqaruvida byurokratiyani qisqartirish, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek davlat xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

“Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir! Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz”. Prezidentimiz Shakvat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasida shunday deb ta’kidladi.

Aslida, davlatimiz rahbari yaqin o‘n yildan buyon ushbu illatga nisbatan o‘zining o‘ta tanqidiy munosabatini doimiy ravishda bildirib va  korrupsiyaga qarshi kurashishni davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri deb qarab kelmoqda. Xususan, Prezidentimiz o‘z vakolatiga kirishar ekan, 2017-yil 3-yanvarda birinchi bo‘lib “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi.

Ushbu Qonun bilan davlatimizning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi asosiy prinsiplari belgilab berildi. Mazkur prinsiplar qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyati hamkorligi,  korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlik muqarrarligidan iborat.

Mamlakatimizda ilgari korrupsiyaga qarshi kurash turli organlar o‘rtasida tarqoq holda amalga oshirib kelingan. Binobarin, 2020-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashi tashkil etilishi mamlakatimizning korrupsiyaga qarshi murosasiz ekanligini ko‘rsatuvchi siyosiy iroda namunasi bo‘ldi.

Qolaversa, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi bilan davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat xaridlari maxsus axborot portalida tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining jamoatchilik uchun shaffofligi ta’minlandi, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha masofaviy monitoring qilish tartibi, davlat xaridlarida Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bularning barchasi davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinishiga xizmat qilmoqda.

Bu boradagi yana bir muhim huquqiy qadam shuki, 2024-yilda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishning huquqiy asoslari yaratildi. Qonun bilan davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solish, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishga va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashga doir choralar belgilandi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti ishtirokida 2025-yil 5-martda bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qator ustuvor vazifalar belgilandi. Yangi O‘zbekistonda nafaqat davlat idoralarini, balki jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab oluvchi mustahkam, izchil va aniq maqsadga yo‘naltirilgan mexanizmlarni ishlab chiqishga qat’iy kirishildi.

Davlatimiz rahbari 2026-yil 22-iyunda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

Yangi Qonun mamlakatimizda huquqiy davlat asoslarini yanada mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoya qilish hamda davlat boshqaruvi va iqtisodiy sohada qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi strategik ahamiyatga ega hujjat hisoblanadi. Qonun bilan 3 ta Kodeks va 5 ta Qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Birinchidan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladigan bo‘ldi. Reyestrga kiritilgan shaxslarga qator cheklovlar belgilanib, ular jumladan davlat xizmatiga kirishi, saylanadigan lavozimlarga nomzodini ko‘rsatishi, davlat xaridlarida qatnashishi taqiqlandi.

Ikkiinchidan, Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga ta’rif berilib, unga 18 turdagi jinoyatlar kirishi belgilandi.

Uchinchidan, huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega yangi institut – komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining qonuniy asoslari yaratildi. Ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari qonun bilan o‘rnatildi. Bu vakolat va vazifalar, jumlasiga, xususan:

—          tegishli tashkilot obyektlariga to‘sqinliksiz kirish;

—          zarur axborot va materiallar bilan to‘sqinliksiz tanishish;

—          aniqlangan korrupsiyaviy holatlar yuzasidan taqdimnoma kiritish;

—          mustaqil yoki ishchi guruh tuzgan holda nazorat va tekshirishlar tadbirlarini tashkil etish;

—          korrupsiyaviy omillarni aniqlash uchun shaxslarning xatti-harakatlari, hodisa va jarayonlarni bevosita yoki bilvosita kuzatish va qayd etish;

—          tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov organlari bilan hamkorlik;

—          fuqarolar bilan nooshkora hamkorlik o‘rnatish;

—          aniqlangan huquqbuzarlik materiallarini tegishli organlarga taqdim etish huquqlari kiradi.

To‘rtinchidan, Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda eng quyi maishiy korrupsiyadan tortib, yuqori darajadagi mansabdor shaxslar orasidagi jinoyatchilikka qarshi amaliy mexanizmlar belgilandi. Idoraning birinchi rahbarida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruhga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli asos bo‘lganda, komplayens bo‘yicha o‘rinbosar yuqori turuvchi komplayens xizmati bilan kelishgan holda:

  • tegishli hujjat va ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdim etishi;

  • rahbarning kadrlar va moliyaviy xarajatlar bo‘yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha to‘xtatish yoki uni vazifadan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritishi mumkin.

Beshinchidan, komplayens tuzilmalarning mustaqil va ta’sirchan ishlashini ta’minlash uchun ushbu bo‘linmalar xodimlarining xavfsizlik kafolatlari o‘rnatildi. Xususan:

— ularga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin;

—  xodimning turar joyi, xizmat xonasi yoki transportiga kirish, ko‘zdan kechirish, tintuv, ashyo olish, telefon so‘zlashuvini eshitish, shaxsiy tintuv, xat-xabar va hujjatlarni olish faqat Bosh prokurorning yozma ruxsati bilan amalga oshiriladi;

— komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimini, u xizmatdan bo‘shatilganidan keyin ikki yil ichida sobiq xodimini guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilishga, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga va ushlab turishga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori xabardor etilgan holda, belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi;

— xodimlar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinadi.

Oltinchidan, komplayens tuzilmalari barcha davlat organlarida tashkil etiladi. Shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini olib boruvchi tuzilmalarning o‘zida ham komplayens-nazorati tizimi olib boriladi.

Yettinchidan, komplayens tuzilmalarining butun faoliyati Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati tomonidan muvofiqlashtiriladi. Boshqacha aytganda, endilikda korrupsiyaga qarshi tarqoq holda kurashish emas, yagona tizim asosida yaxlit tuzilma sifatida ish olib boriladi.

Sakkizinchidan, 5 turdagi korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qoidalari qo‘llanilmasligi belgilandi. Bu o‘rinda:

1) o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish;

2) firibgarlik uchun hukm qilingan va yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamaganlik;

3) takroran yoki xavfli retsidivist bo‘la turib yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish;

4)  pora berish;

5)  pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan yuqoridagi yengilliklar qo‘llanilmasligi haqida so‘z bormoqda.

To‘qqizinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har bir davlat organi va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish vazifasi yuklatildi. Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha jinoyatchilik statistikasi, amaliyot tahlili, aholining munosabati, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati samaradorligi kabi ma’lumotlar aks ettiriladi.

O‘ninchidan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, hududiy kengashlarning maqomi va vazifalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga  8 ta yangi vazifa belgilandi.

Mamlakatimizda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish kabi ustuvor vazifalar qonuniy asosda mustahkamlandi.

E’tibor bering: bundan to‘qqiz yil oldin qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda “korrupsiya”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar”, “korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni himoya qilish” kabi tushunchalar ishlatilgan. Biroq, Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar”ga qaysi turdagi jinoyatlar kirishi nazarda tutilmagan. 

Shu sababli Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to‘ldirildi. Ushbu Kodeksda aynan qaysi jinoyatlar korrupsiyaga oid jinoyatlar deb topilishi belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonun jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni yanada kuchaytirishga, davlat mulki va byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishiga chek qo‘yishga, ta’lim, yoshlar siyosati va davlat xaridlari tizimida shaffoflikni ta’minlashga hamda har qanday korrupsiyaviy huquqbuzarlik va jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Powered by GSpeech