Prezident Shavkat Mirziyoyev: “Men bilaman, o‘g‘il-qizlarimizning har birida katta salohiyat bor, iste’dod bor, iqtidor bor”
30-iyun – Yoshlar kuni
Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, mamlakatimizda 30-iyun – Yoshlar kuni etib belgilangan. Joriy yilda ushbu sana munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq, «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi.
Bu mukofot yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida o‘zining yuksak azmu shijoati, bilim va salohiyati, iste’dod va qobiliyatini namoyon etib, turli sohalarda erishgan yutuqlari bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga, uning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, ona Vatanimizga mehri va sadoqati, namunali xulqi va odobi hamda vatanparvarlik fazilatlari bilan tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan quyidagi tashabbuskor va yetakchi yoshlarimiz uchun yuksak rag‘bat namunasi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qarorni ham imzoladi. Shu asosda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda alohida faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yanada oshirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan fidoyi va mard o‘g‘lonlarimizning bir guruhi munosib rag‘batlantirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmada mamlakatimizning faol va izlanuvchan yoshlari bilan uchrashdi. Tadbir doirasida ana shu mukofotlar sohiblariga tantanali vaziyatda topshirildi.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, “Bugun o‘zining bilimi, iste’dodi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yoshlarimiz safi kengayib borayotgani barchamizni xursand qiladi”.
Prezident va yoshlarning qizg‘in muloqoti davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, salohiyati va iqtidorini yuzaga chiqarish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. Mamlakatning ertangi kunini belgilashga qodir g‘oyalar va yechimlar taqdim etildi.
Bu haqda fikr yuritganda, yoshlarga g‘amxo‘rlik – Yangi O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlash lozim. Jumladan, Prezidentimizning 1-iyundagi qarori bilan 31 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar uchun maxsus kreditlash dasturi ishga tushirilgani va “Yoshlar biznesi” dasturi qabul qilingani – 2026-yilning bu boradagi muhim yangiliklari bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 30-iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinganiga roppa-rosa to‘qqiz yil to‘ldi. Birgina shu dalilning o‘zi ham keyingi davrda yurtimizda yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Keyingi davrda Yangi O‘zbekistonda har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” deya e’lon qilinib, barcha vazirlik va idoralar yoshlar muammolarini o‘rganish va yechim topish masalasiga to‘liq safarbar etildi. Yosh avlodni milliy qadriyatlarga sadoqat, Vatanga muhabbat, kattalarga hurmat va ezgu insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash maqsadida nuroniy otaxon va onaxonlarimizning boy hayotiy tajribasidan foydalanish keng yo‘lga qo‘yildi.
Natijada yurtimizda yoshlar bilan ishlash muhiti tubdan o‘zgardi. Xususan, bilim olish, kasb-hunar egallash, til o‘rganish, ish topish va biznes boshlashda qiyinchilikka uchragan 1,5 million nafar navqiron insonning muammosi “Yoshlar daftari” orqali hal qilindi. Alohida dasturlar asosida jozibador biznes muhiti va imtiyozli resurslar natijasida yosh tadbirkorlar soni 5 karra ko‘payib, 287 mingdan oshdi.
O‘quv markazlarini ko‘paytirishga qulay sharoit yaratilgani uchun xorijiy tillarni intensiv o‘rganayotgan yigit-qizlar soni 3,5 million nafarga yetdi. Iqtidorli o‘quvchi va talabalar nufuzli fan olimpiadalarida 434 ta, yosh sportchilar xalqaro musobaqalarda 2 ming 245 ta medalni qo‘lga kiritgani g‘oyatda e’tiborlidir.
Tarbiyasi og‘ir yoshlarga huquq-targ‘ibot idoralari va hokimlar biriktirilgani uchun ikki yilda yoshlar jinoyatchiligi 2,5 karra kamaydi. Lekin zabt etilgan bu marralar, davlatimiz rahbarining fikricha, yoshlar bilan bog‘liq barcha masalalar hal bo‘lganligini anglatmaydi.
Shu nuqtayi nazardan, har yili 500 ming o‘g‘il-qizning zamonaviy kasbga ega bo‘lishini ta’minlaydigan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo‘lga qo‘yiladi. Binobarin, mamlakatimiz hududlarida “O‘quv markazi qurib, yoshlarga kasb va til o‘rgataman” degan o‘g‘il-qizlar ko‘payib bormoqda.
Endilikda bu maqsadlar uchun yer va davlat obyektlari imtiyozli narxda auksionga chiqariladi. Yoshlar to‘lovni besh yilda foizsiz bo‘lib to‘laydi. Infratuzilmaga zarurat bo‘lsa, davlat qilib beradi. O‘quv markazini qurish va jihozlash uchun kredit stavkasining 7 foizi kompensatsiya qilinadi. Yoshlar o‘quv markazlariga xorijiy ilg‘or o‘quv dasturlari va o‘qituvchilarni olib kelsa, davlat ushbu xarajatning yarmini qoplashga ham tayyor.
Qo‘lida kasbi bo‘lib, xalqaro talablar asosida yangi ko‘nikmalarni egallamoqchi bo‘lgan yoshlarga “kasb vaucheri”ni berish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu “kasb vaucheri” foizsiz ssuda shaklida bo‘lib, har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni o‘rganish xarajatlari qoplab beriladi. Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yoshlar xususiy o‘quv markazida kasb egallashi uchun bepul “vaucher” taqdim etiladi.
Yoshlarga kasb o‘rgatishning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki yanada kengaytiriladi. Buning uchun texnikum ochishdagi litsenziya sharti soddalashtirilib, 20 dan ortiq talab bekor qilinadi. Yangi o‘quv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat granti beriladi. Xalqaro kasb tanlovlarida g‘olib bo‘lgan davlat va xususiy texnikum o‘quvchilari 100 million so‘mdan, ularni tayyorlagan ustozlari 50 million so‘mdan mukofot oladi.
Hozirda 150 mingdan ziyod yoshlar xorijda ta’lim olyapti, ilm-fan bilan shug‘ullanyapti. Yurtimiz turizm va eksport salohiyatini oshirishda bu yoshlarning imkoniyatidan foydalanib, ularning o‘zlariga ham daromad keltiradigan tizim yaratiladi.
Talabalar o‘zlari o‘qiyotgan davlatdagi bozor, mahsulot va xizmatlarga talabni tahlil qilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yetkazadi, yurtimiz salohiyatini namoyish etadigan stendlarni joylashtirib, turistik marshrut va mahalliy mahsulotlarni taqdimot qilib boradi. Buning uchun ularga grantlar ajratiladi.
Hozirgi paytda 87 ming davlat xizmatchisidan 16,5 ming nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi. Shundan 902 nafari rahbarlik lavozimida ishlamoqda. Prezidentimiz uqtirganidek, salohiyatli yoshlarimiz juda ko‘p. Shunday ekan, vazir va hokimlar yoshlarga ishonch bildirib, ularni mas’uliyatli lavozimga qo‘yishdan cho‘chimasligi kerak.
Shu maqsadda yosh liderlarni aniqlash bo‘yicha 5 ta yo‘nalishda “TOP-100” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida “yangi iqtisodiyot”, AT va sun’iy intellekt, ta’lim, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yurtimizdagi yoshlar hamda chet eldagi vatandoshlarimiz uchun ochiq tanlov e’lon qilinadi. Har ikki yilda bir marta o‘tadigan mazkur tanlovning 100 nafar g‘olibi 50 million so‘mdan mukofotlanadi va rahbarlik lavozimiga tayinlanadi.
Mamlakatimizda ijtimoiy reyestrga kirmagan, lekin ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, harbiy xizmat, migratsiya va jazoni o‘tab qaytgan, jismoniy imkoniyati cheklangan yana 1 million yoshlar bor. Bunday yoshlar bilan ishlash bo‘yicha “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etiladi. Bu jarayonda “ustoz-talaba” dasturi asosida uyushmagan yoshlarni o‘qitib, oliy o‘quv yurtlariga kirishiga ko‘maklashgan talabalarga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ball, davlat stipendiyalarini olishda ustuvorlik beriladi.
Yana bir muhim tashabbus: “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi va yoshlar o‘z natijasini ana shu platformaga kiritadi. Bu ma’lumotlar vazirliklar tomonidan o‘rganiladi va yoshlarga ball beriladi. Yuqori ball to‘plagan o‘g‘il-qizlarga ta’limda grant, kontraktga chegirma, “kasb vaucheri” beriladi, xorijda o‘qish puli qoplanadi.
Bunday yoshlar uchun tadbirkorlikda imtiyozli kredit olish, akselerator dasturida qatnashish imkoni yaratiladi. Ish joyida xorijiy stajirovka tashkil etiladi, davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasiga kiritiladi, uy-joy olishda imtiyozli ipoteka ajratiladi.
Yangi O‘zbekistonning 14 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlari AQSH, Yevropa, Yaponiya, Xitoy, Koreyaning yetakchi oliygohlarida ta’lim olmoqda. Bu yoshlar ta’tilda yurtimizdagi vazirlik, hokimlik, davlat va xususiy kompaniyalarda amaliyot va stajirovka o‘tashi uchun sharoit yaratiladi. Buning uchun bir oyda ish beruvchilar va xorijda o‘qiyotgan talabalarni bir-biri bilan bog‘laydigan raqamli muloqot platformasi ishga tushiriladi.
Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan har yili 700 ga yaqin o‘g‘il-qiz dunyoning top oliy o‘quv yurtlariga yuborilmoqda. Qolaversa, endi yoshlarimiz xususiy sektor buyurtmasi asosida ham “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarida o‘qishi mumkin bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda yillik aylanmasi 500 milliard so‘mdan oshgan yosh tadbirkorlar soni 15 nafarga, 100 milliard so‘mdan oshgani 194 nafarga, 50 milliard so‘mlik marradan o‘tganlari esa 68 nafarga yetgani Prezidentimiz tomonidan alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari endilikda yoshlarni muvaffaqiyatli biznes sari yetaklaydigan yangi tizim yo‘lga qo‘yilishini bildirdi.
Gap shundaki, Bank-moliya akademiyasi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha “aql markazi” sifatida belgilanadi. Bundan buyon Akademiya tinglovchilari hududlarda yoshlar va tadbirkorlar bilan uchrashadi va tayyor biznes-loyihalarni shakllantiradi. Ushbu tizim kamida 300 ming yoshga o‘z biznesini boshlashi uchun yo‘l ochishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining navbatdagi yangi tashabbusiga ko‘ra, endi har bir vazir, tarmoq rahbari va hokimlar “1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini ishga tushiradi. Bunda har bir rahbar o‘z tizimidagi dolzarb muammolarni ochiq platformada joylashtirib, eng yaxshi yechimlar uchun mukofot e’lon qiladi.
Buning uchun har bir vazir va hokim kamida 10 milliard so‘mlik venchur jamg‘arma tashkil etadi. Ushbu mablag‘lar g‘oliblarni mukofotlash va 20 tadan eng yaxshi startapni g‘oyadan amaliyotgacha barcha bosqichlarni moliyalashtirishga sarflanadi. Yoshlar agentligi biznes, AT, kreativ iqtisodiyot yo‘nalishida 100 ta eng yaxshi loyihani tanlab, ularga 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi.
Qolaversa, Andijon, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Guliston, Chirchiq, Nurafshon, Navoiy shaharlarida ham umumiy maydoni 100 ming kvadrat metr bo‘lgan yirik AT parklar barpo etish boshlanyapti. Bular hisobiga 20 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar uchun yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, “Mening birinchi kompyuterim” dasturi boshlanadi. Ehtiyojmand oiladagi 10 ming yoshga noutbuk olish xarajatining yarmi Raqamli texnologiyalar jamg‘armasidan qoplab beriladi, qolgan qismiga esa uch yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.
Davlatimiz rahbari qayd etishicha, iqtidorli qizlar uchun muhandislik, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha “Muhandis qizlar” stipendiyasi ta’sis etiladi. Yangi o‘quv yilidan to‘lanadigan ushbu stipendiyalar xususiy oliy o‘quv yurtlari talabalariga ham beriladi.
Bugungi kunda kimyo, biologiya, fizika, matematika va informatika fanlari bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblari 1 milliard so‘m, ustozlari 200 million so‘m mukofot olmoqda. Endi bu rag‘bat sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro olimpiada g‘oliblariga ham tatbiq etiladi.
Bunday qamrovdor imkoniyatlardan hech bir o‘g‘il-qiz chetda qolmasligi kerak. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz, jumladan, Yoshlar ishlari agentligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligiga bu yil “Vatan mehri – ijtimoiy tashabbuslar” tanlovini o‘tkazib, aholi muammolari bo‘yicha eng yaxshi yechim bergan volontyorlar va 50 ta ijtimoiy loyiha muallifini taqdirlashni topshirdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Qanot” loyihasini ishga tushiradi. Ushbu loyiha bunday yoshlarni ijtimoiy xizmatlar, ta’lim, sport, musiqa va san’atga yo‘naltirib, qayta huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Iyun oyida o‘tkazilgan “Yoshlar tashabbuslari marafoni”da yigit-qizlar tomonidan ilm-fan, madaniyat, biznes, startap, sun’iy intellekt yo‘nalishlarida minglab loyiha takliflari ilgari surilgani e’tirof etildi. Yoshlar ishlari agentligiga “Tashabbuslar ofisi”ni tashkil qilib, har bir g‘oyani loyihaga, mahsulotga va xizmatga aylantirish bo‘yicha ishlarni boshlash vazifasi yuklandi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, mamlakatimiz boshqa sohalar qatori nufus jihatidan ham, mehnatga layoqatli yoshlarning ko‘pligi nuqtayi nazardan ham katta davlatga aylanmoqda. Yurtimiz aholisi 2040-yilga borib 50 millionga yetishi, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qilishi kutilmoqda.
Yoshlarimizga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim. Shu ma’noda, ayni masalaning yechimi ham mustahkam huquqiy poydevor – O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini qabul qilishni taqozo etdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat yoshlarga g‘amxo‘rlik masalasida o‘z zimmasiga g‘oyat muhim majburiyatlarni olgani alohida diqqatni tortadi. Eng asosiysi, mazkur konstitutsiyaviy normalar nafaqat O‘zbekiston yoshlari manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun nihoyatda ahamiyatlidir.
Yosh avlod haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilar ekan, avvalo ular bizning tayanchimiz va ertangi kelajagimizning davomchilari ekanligi, yoshlarga oid qonunchilik tizimini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish qulay huquqiy va tashkiliy iqtisodiy imkoniyatlar barpo qilish, ularning kasb-hunar o‘rganishlari, mehnat qilishlari, erkin ijod qilishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish ishlari diqqat markazimizda turadi.
Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etiluvchi kelajak avlodga, yurt ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaralayotgani bejiz emas.
Shunday qilib, haqiqatan ham, endi butun dunyoda davlatlar o‘z hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, aynan inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda. Boshqacha aytganda, yer yuzida bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda.
Yangi O‘zbekiston yoshlari o‘z davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirog‘i” bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanini unutmasliklari darkor. Zero, Prezidentimiz yuz karra haq: “Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir!”
Shunday ekan, ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lsa, bugungi navqiron avlodlarimiz Yangi O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan shunday zabardast kuch bo‘lmoqliklari farzu qarzdir.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский