BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 49-sessiyasida O‘zbekiston vakili ma’ruza qildi

Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida inson huquqlari mamlakatni siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarda markaziy o‘rin egallaydi. O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Akmal Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 49-sessiyasidagi ma’ruzasida shu haqda so‘zladi.

Jeneva shahrida 2022 yil 28 fevralda boshlangan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 49-sessiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda. Sessiyaning Oliy darajadagi segmenti majlisida 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov so‘zga chiqdi.

Xuddi shu sanada O‘zbekiston Respublikasi jahondagi eng nufuzli xalqaro tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lganiga roppa-rosa 30 yil to‘ldi, dedi mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari. O‘zbekiston “BMTning inson manfaatlari yo‘lida sa’y-harakatga da’vati” ni qo‘llab-quvvatlaydi.

  1. Saidov qayd etganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida 2020 yil 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylangan. Mamlakatimiz 2021 yil 1 yanvardan boshlab bu boradagi vazifasini bajarib kelmoqda.

2021 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti saylovi milliy qonunchilik va xalqaro saylov andozalari talablariga muvofiq holda o‘tkazildi. Ushbu saylovda YeXHT va MDHning an’anaviy qatnashib keladigan missiyalari bilan bir qatorda, ilk bor Yevropa parlamentidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi.

         Bugungi kunda 2030 yilgacha mo‘ljallangan Kun tartibi doirasida Barqaror taraqqiyotning milliy maqsadlariga erishish borasida izchil ish olib borilmoqda. Bunda “hech kimni ortda qoldirmaslik” prinsipiga so‘zsiz amal qilinmoqda.

Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda 2021 yil iyunida Buxoroda "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik" xalqaro forumi tashkil etildi. A.Saidov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlash borasida parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risidagi rezolyusiyasini qabul qilishga doir tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.

Ma’ruzada O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida zimmasiga olgan majburiyatlari doirasidagi faoliyati haqida ham so‘z yuritildi. Xususan, mamlakatimiz 2021 yilda BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. O‘tgan yil dekabrida esa “Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti” shafeligida, fuqarolik jamiyatining xotin-qizlar tashkilotlari va “BMT-ayollar” tuzilmasi ishtirokida mintaqaviy forum o‘tkazildi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyasi qabul qilindi. O‘tgan yil avgustida Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. A.Saidov ushbu forumni o‘tkazishda ko‘rsatgan yordami uchun Oliy komissarga minnatdorchilik izhor etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha kengashning Yoshlar huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi lavozimini joriy etish borasidagi O‘zbekiston tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani uchun ham tashakkur bildiramiz, dedi mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari.  So‘nggi yillarda yurtimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish sohasidagi holat  tubdan o‘zgardi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli kuchaytirildi. Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy mexanizm faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilik choralari ko‘rildi.

BMTning fuqaroligi yo‘q shaxslar sonini kamaytirishga oid chaqirig‘iga javoban, 2020 yilda mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi va shu asosda qisqa davrda 70 ming nafardan ziyod fuqaroligi yo‘q shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari sifatida e’tirof etildi.

Ma’ruzada, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yoritib berildi. Jumladan, 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangani, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilingani, O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani, BMTning Inson huquqlari ta’limi butunjahon dasturining to‘rtinchi bosqichi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida Milliy dastur loyihasi ishlab chiqilgani kabi amaliy natijalarga e’tibor qaratildi.

Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Boshqarmasi bilan birgalikda bu yil “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan A.Saidov xalqaro jamoatchilik vakillarini ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga taklif qildi. 

Ma’ruzada, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston BMTning maxsus protseduralari bilan o‘zaro hamkorlikda sezilarli ilgari siljishlarga erishgani ta’kidlandi. Xususan, barcha mandat egalariga mamlakatimizga tashrif buyurish uchun doimiy taklifnoma yo‘llandi. Shubhasiz, birgalikdagi ishlarimiz O‘zbekistonda islohotlarning izchil va samarali amalga oshirilishida mustahkam asos bo‘ladi. 

Bu o‘rinda 2021 yil dekabrida O‘zbekistonga BMTning Terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish va rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn tashrif buyurganini alohida qayd etish lozim. BMT Maxsus ma’ruzachisining tavsiyalari asosida uning takliflarini amalga oshirishga qaratilgan Milliy reja ishlab chiqilmoqda. Joriy yilda BMTning Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi yurtimizga tashrif buyuradi.

O‘zbekiston dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga va BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyor, deb ta’kidladi so‘zining yakunida mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari A.Saidov. Binobarin, O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zoligi davrida inson huquqlari sohasida eng yuksak standartlarga sodiqligini namoyon qilishga astoydil intilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech