Olimlarning fikricha, inson sog‘lom turmush tarziga amal qilishi orqali 100-120 yoshgacha umr ko‘rishi mumkin ekan. Bu yoshga yetib yurish uchun, albatta, oziq-ovqat ta’minoti, dam olish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, yashash va ishlash uchun yetarli shart-sharoit bilan ta’minlanishi kabi bir qator omillar muhim o‘rin tutadi. Bunda, albatta, har birimizning o‘z salomatligimizga mas’ulligimiz birinchi darajali omil sanaladi.
Ming xil kasallik bor, ammo salomatlik bittadir, deydilar. Haqiqatan ham, inson salomatligi unda nafaqat kasallik yoki jismoniy nuqsonlarning yo‘qligi, balki uning jismoniy va ruhiy xotirjamligi, salomatligini yaxshilash va muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan ham o‘lchanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti salomatlikni belgilovchi omillarni quyidagicha tasniflaydi: inson salomatligining 10-15 foizi –ekologiya, 10-15 foizi – genetika, 10-12 foizi – tibbiyot tizimi darajasi, qolgan 55-60 foizi esa turmush tarziga bog‘liq. Bundan ko‘rinib turibdiki, agar biz oqilona turmush tarzini yuritsak — to‘g‘ri ovqatlansak, jismoniy faol, zararli odatlardan xoli bo‘lsak, ya’ni kun tartibimizni qanchalik to‘g‘ri tashkil qilsak, shunchalik sog‘lom bo‘lamiz.
Shu ma’noda, 1950 yildan beri har yili 7 aprelni dunyo hamjamiyati Butunjahon salomatlik kuni sifatida nishonlab kelayotgani bejiz emas. Ma’lumki, 1948 yil xuddi shu kuni Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha assambleyaning Birinchi yig‘ilishida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga asos solingan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) – Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning sog‘liqni saqlash sohasiga ixtisoslashgan nufuzli muassasasidir. Unga hozirda 194 ta davlat a’zo hisoblanadi.
JSST bosh qarorgohi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan. Shuningdek, mazkur xalqaro tashkilot 6 ta mintaqaviy va 150 ta mamlakatdagi vakolatxonalariga ega.
JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashkilotning Yevropa mintaqasidagi vakolatxonasiga qarashlidir. O‘zbekiston 1992 yil 25 mayda JSSTga a’zo bo‘lgan.
JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993 yilda Toshkentda o‘z faoliyatini boshlagan. Vakolatxona sog‘liqni saqlash tizimiga yaxlit yondashuv asosida barqaror sog‘liqni saqlash siyosatini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatish, umumiy yetakchilikni ta’minlash, mahalliy darajada texnik aloqalarni o‘rnatish, standartlarni belgilash va shartnomalar tuzish, inqiroz davrida sog‘liqni saqlash tadbirlarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.
JSST va O‘zbekiston sog‘liqni saqlashning ko‘plab muhim masalalarida yaqindan hamkorlik qilib qilib kelmoqda. JSST Nizomi quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:
- salomatlik — bunafaqat tanada kasalliklarning mavjud emasligi, balki umumiy-ijtimoiy, ruhiy hamda jismoniy barqarorlik holatidir;
- kishining irqi, dini, siyosiy qarashlari, iqtisodiy va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, salomatlik borasida eng yaxshi darajaga erisha olishi har bir shaxsning eng asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi;
- jahondagi barcha xalqlarning salomatligi dunyoda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatilishining eng asosiy omili bo‘lib, u har bir mamlakat va davlatning to‘liq o‘zaro hamkorligiga bog‘liq;
- har qanday davlatning sog‘liqni saqlash borasida erishgan natijalari barcha uchun ahamiyatlidir;
- turli mamlakatlarda kasalliklarga, ayniqsa, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash borasidagi choralarning notekisligi qolgan barcha uchun umumiy xatarni keltirib chiqaradi;
- bola salomatligi – eng ustuvor vazifa;
- barcha xalqlar uchun tibbiyot, psixologiya va turdosh ilmlar yutuqlaridan birdek foydalana olish sharoiti yaratilishi — salomatlikni ta’minlash borasidagi eng asosiy shartlardan biri bo‘lishi kerak;
- xalq salomatligini yaxshilash borasida jamoatchilik bilan faol ishlash, aholining bu boradagi tushunchalarini shakllantirish shu xalq salomatligini himoyalash uchun g‘oyat muhimdir;
- hukumatlar o‘z xalqlarining salomatligi uchun javobgardir. Bu javobgarlik sog‘liqni saqlash sohasida tegishli choralarni ko‘rishni taqozo etadi.
Shu o‘rinda Prezidentimizning joriy yil 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayonida ham shifokorlar, ham bemorlarning fikrlari so‘ralgan va 25 mingdan ziyod murojaat qabul qilinganini ta’kidlash lozim. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida shu murojaatlarni umumlashtirib, 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi.
Birinchi yo‘nalish – birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, ikkinchisi – tez tibbiy yordamni rivojlantirish, uchinchisi – tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash, to‘rtinchisi – soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, beshinchisi – shifoxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash, oltinchisi – jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirish, yettinchisi – kasalliklarning oldini olishga qaratilgan. O‘zbekiston Prezidenti bu yo‘nalishlarning har biriga atroflicha to‘xtalib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda tibbiyot sohasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli”.
Farida Haqberdieva,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 06.04.2022
- Ko'rishlar: 5311
- Chop etish