Nyu-Yorkda O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2022 yil 1 avgust kuni Nyu-York shahrida AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi binosida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda taniqli jamoat va siyosiy arboblar, nufuzli ekspertlar, tadqiqotchi, jurnalist, yirik tadbirkorlardan iborat Kongress rahbariyati va yetakchi vakillari ishtirok etdi.

 

Muhokama ishtirokchilariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Mamlakatimiz Bosh Qomusiga kiritilayotgan o‘zgartishlarning umumxalq muhokamasida aholining barcha qatlamlari va fuqarolik jamiyati faol ishtirok etgani ta’kidlandi. Takliflar kiritishda yoshlarning o‘ziga xos tashabbuskorligi va ijodkorligi alohida qayd etildi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, ko‘pmillatli xalqimizning boy madaniyatini asrab-avaylash va yuksaltirish, vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida kiritilayotgan o‘zgartishlar tadbir ishtirokchilari e’tiborini tortdi.

 

Davra suhbati qatnashchilari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni olqishladi. Bu jarayonning shaffofligi va ochiqligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

 

Amerikalik ekspertlar so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi qiyofasi tubdan o‘zgargani, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va demokratik islohotlarning namunasi sifatida namoyon bo‘layotganini ta’kidladi. Bu jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

 

AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti B.Kandov O‘zbekiston xalqi uchun muhim siyosiy masala xorijda yashayotgan vatandoshlar ishtirokida ham muhokama etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. “O‘zbek xalqi tashabbusi va Prezident Sh.M.Mirziyoev qo‘llovi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohot biz uchun alohida ahamiyatga ega,” dedi u.

 

B.Qandov AQSh va O‘zbekistonning taniqli jamoat arboblari, olim va mutaxassislari ishtirok etayotgan mazkur davra suhbati Konstitutsiyaning asosiy qoidalari, yangi moddalarini takomillashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. U xorijdagi vatandoshlarga, jumladan, ularning ona-yurt bilan munosabatlarining huquqiy asoslariga oid kiritilayotgan qo‘shimchalarni qo‘llab-quvvatladi.

 

Kongress Siyosiy departamenti direktori T.Aronova O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohot bo‘yicha referendum o‘tkazish rejalari haqida ijobiy fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu eng ilg‘or demokratik standartlar va xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga mos keladi.

 

“Buxarian Tayms” gazetasi bosh muharriri R.Nektalov O‘zbekiston Prezidentining ochiq va tinchliksevar tashqi siyosati Markaziy Osiyoda yangi do‘stlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirish imkonini berganini alohida ta’kidladi. “Prezident Sh.M.Mirziyoevning sa’y-harakatlari bilan Yangi O‘zbekiston ham mintaqada, ham dunyoda alohida o‘rin tutmoqda”, – deya qo‘shimcha qildi u. So‘nggi yillarda O‘zbekiston mintaqada faol tashqi siyosat yuritib, qo‘shnilari bilan mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan qadamlarni ilgari surmoqda, barcha davlatlar bilan tinchlik va hamkorlikka intilmoqda”.

 

Buxoro yahudiylari markazi prezidenti L.Nektalov Amerika jamoatchiligini Yangi O‘zbekiston muvaffaqiyatlari haqida yanada kengroq xabardor qilishga qat’iy sodiqligini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vatandoshlar xalq diplomatiyasini ilgari surish, Amerikadagi o‘zbekistonliklar hamjamiyatining birligini ta’minlash, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga hissa qo‘shishda davom etadi.

 

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston yangilangan Konstitutsiya bilan birgalikda yangi huquqiy kuchga ega bo‘lib, xalq farovonligi yuksalishi va taraqqiyoti uchun ulkan rag‘batga ega bo‘lishiga ishonch bildirdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 QMPTI

Powered by GSpeech