Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov ishtirokida BAAda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlarimiz bilan Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov ishtirokchilarga so‘nggi yillarda respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, Samarqandda o‘tkazilgan ShHT sammiti yakunlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.
—Taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar umumxalq muhokamasidan o‘tkazildi, ular, shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan batafsil tahlil qilinganidan keyin eng maqbullari Bosh qomusimizga kiritiladi, — dedi Akmal Saidov. – Yurtdoshlarimizning hohish-istaklari «meningkonstitutsiyam.uz» portali orqali qabul qilindi.
Davra suhbati ishtirokchilarining konstitutsiyaviy islohotlarga oid barcha savollariga A. Saidov batafsil javob berdi.
Bo‘lib o‘tgan muloqot yakunida BAAda istiqomat qilayotgan vatandoshlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xususan, konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yakdil ekanliklarini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 10.10.2022
- Ko'rishlar: 4533
- Chop etish