Shu yil 11 noyabrda Samarqanda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining birinchi sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumki, 1992 yilda Anqarada Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston davlatlari prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. 1993 yilda esa Turkiy tilli xalqlar madaniyati tashkiloti - Turksoy ta’sis etilgan. Bu turkiy davlatlar qalin hamkorligining birinchi bosqichi bo‘ldi.
Ikkinchi bosqichda - 2009 yilda Naxichevanda Turkiy davlatlar hamkorlik tashkiloti tuzildi. Tashkilotning maqsad va vazifalari sifatida turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaqin qo‘shnichilikni mustahkamlash, mintaqada, umuman dunyoda tinchlikni qo‘llab-quvvatlash hamda xavfsizlikni ta’minlashga ko‘zda tutilgan.
2021 yilda Istanbulda turkiy davlatlar rahbarlarining tarixiy sammiti o‘tkazilishi Tashkilot shakllaninishining uchinchi bosqichni boshlab berdi. Bu tuzilma Turkiy davlatlar kengashi tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi har taraflama hamkorlikni yuksak darajaga olib chiqdi. Hozirgi paytda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston ushbu tashkilotning a’zolari hisoblanadi. Turkmaniston va Vengriya esa tashkilotning kuzatuvchisi maqomini olgan. Yana o‘n besh mamlakat Turkiy davlatlar tashkiloti bilan turli sohalarada hamkorlik qilish niyatini bildirgan.
Umuman, turkiy tilli xalqlarning tarixi miloddan avvalgi ming yilliklarni qamrab oladi. Turk hoqonligi, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar kabi qadimgi turkiy davlatlar o‘z davrining eng qudratli saltanatlari hisoblangan. Ushbu mintaqaning buyuk vakillari umumbashariy madaniyat va sivilizatsiya taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband singari buyuk allomalar umumiy tariximizga shonli sahifalar bitishgan. Alloma Alisher Navoiy Farhod va Shirin» dostonida barcha turkiy xalqlarni o‘ziniki deb bilishini aytgandi:
“Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur”.
Turkiy tilli xalqlar qadimdan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yib, o‘zaro hamkorlik qilib kelishgan. Ular yashab kelgan mintaqalar ming yillar davomida Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida transport va savdo ko‘prigi vazifasini bajargan. XXI asr arafasida esa tarixiy an’analarga amal qilingan holda mintaqaviy tashkilotni shakllantirish g‘oyasi tug‘ildi.
Ushbu mintaqaviy tashkilotning tuzilishi unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, uning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini oshirdi. Turkiy tilli davlatlarda yashayotgan xalqlarning umumiy soni hozirgi paytda 160 milliondan oshadi. Ushbu kengashga a’zo davlatlar hududi esa qariyb 4 million kvadrat kilometrni tashkil etadi.
Turkiy davlatlar kengashi Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning tuzilmalari, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Vishegrad guruhi singari mintaqaviy tuzilmalar bilan bilan munosabatlarni mustahkamlamoqda.
Tashkilotning Turkiy tilli davlatlar rahbarlari kengashi, Turkiy kengash kotibiyati, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qo‘mitasi, Oqsoqollar kengashi kabi tuzilmalari mavjud. Shuningdek, turkiy tilli xalqlarning turli festivallarini, an’anaviy hunarmadchiligi, hududlardagi amaliy san’atni qo‘llab-quvvatlashni moliyalashtiradigan, intellektual mulk huquqlarini himoya qiladigan Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi, tarix va etnologiya, til, adabiyot va atamashunoslik, san’at va madaniyat markazi, ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar, xalqaro tadqiqotlar markazlarini birlashtirgan Turkiy akademiya, Turkiy universitetlar ittifoqi kabi qator tuzilmalar o‘z faoliyatlarini boshlagan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan turk dunyosi birligiga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomli halqaro mukofoti ham ta’sis etilgan.
Turkiy davlatlarning umumiy til va mushtarak qadriyatlar birligi asosida shakllangan ushbu tashkilot doirasida bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, investitsiya, elektron tijoratni rivojlantirish, o‘zaro savdoni osonlashtirish, transport va tranzit tartib-qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlar mavjud.
Ushbu tashkilot “Turk dunyosi – 2040” rejasini ham qabul qilgan. Unda a’zo davlatlar o‘rtasida tovarlar, kapital, xizmatlar, texnologiyalarning erkin harakat qilishiga erishish, investitsiya muhitini tizimli takomillashtirish, bojxona tartib-tamoyilini standartlashtirish, tarif va notarif to‘siqlarni kamaytirish, yagona elektron savdo maydoni yaratish, axborot texnologiyalari va texnoparklar hamkorligi dasturlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Tashkilot a’zo davlatlar fuqarolari uchun ham tegishli imtiyozlar yaratmoqda. Masalan, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari Turkiyada 90 kungacha vizasiz bo‘lish huquqiga ega. Shuningdek Turkiya fuqarolari Ozarbayjon va Qirg‘izistonda 90 kun, Qozog‘iston va O‘zbekistonda 30 kun vizasiz bo‘lish huquqiga ega.
Bu tarzda birlashish Kavkaz va Markaziy Osiyoda transport va energetika yo‘laklari tarmog‘i orqali savdo aloqalarini yanada kengaytirish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish, Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish, “Boku-Tbilisi-Kars” yangi temir yo‘lining salohiyatidan unumli foydalanish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Umuman, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarining jami yalpi milliy mahsuloti 1,5 trillion dollarni tashkil etadi, ularning jami importi 420 milliard dollardan ortadi, o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmi esa esa 21 milliard dollarni tashkil etadi.
BMT bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha tuzilmasini tashkil etish, “aqlli” shaharlar yaratish bo‘yicha tajriba almashish va innovatsiyani transfer qilish hamda a’zo davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tadqiqot markazini ochish rejalari mavjud.
O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotining a’zosi sifatida ishtirok etishi ushbu tuzilmada alohida ahamiyat etmoqda. Qisqa davr ichida mamlakatimiz tashkilotning eng faol a’zolaridan biriga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida juda muhim tashabbuslarni ilgari surgan. Xususan:
- birinchidan, Tashkilot doirasida savdo aloqalarini kengaytirish uchun qulay va jozibador sharoitlarni yaratish, uchinchi davlatlardan kirib kelayotgan mahsulotlarni a’zo mamlakatlarda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan tovarlar hisobidan qoplash;
- ikkinchidan, savdo-iqtisodiy hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun “Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturi”ni ishlab chiqish;
- uchinchidan, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish maqsadida injiniring va texnologiyalar markazlari tashkil etish;
- to‘rtinchidan, “aqlli” shaharlarni barpo etish bo‘yicha tajriba almashish va innovatsiyalarni transfer qilish maqsadida ekspertlar va IT mutaxassislar uchun doimiy platforma yaratish;
- beshnchidan, iqlim o‘zgarishi va ekologiya muammolarini yechish hamda uglerod neytralligiga erishish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish;
- oltinchidan, “Turkiy dunyo turizmi” va “Tabarruk ziyorat” sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va etnosport musobaqalarini o‘tkazish, madaniy meros ob’ektlarini saqlash va restavratsiya qilish hamda boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan “yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish;
- yettinchidan, “Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tadqiqot markazi”ni tashkil etish.
Mamlakatimizda Turkiy davlatlar tashkilotining muhim tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Jumladan, Toshkentda O‘zbekiston bilan birga Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Vengriyadan 500 dan ziyod tadbirkor qatnashgan Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi biznes-anjumani bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning qardosh mamlakatlar bilan umumiy savdo ko‘rsatkichi ikki barobarga oshdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi qardosh mamlakatlar bilan sayyohlikni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqdi. Turkiy davlatlar bilan turizm sohasida “Zamonaviy buyuk ipak yo‘li” sayyohlik dasturi ishlab chiqilgan va izchil amalna oshirilmoqda. Hozirgi paytda diyorimizga kelayotgan sayyohlarning 60 foizga yaqini uch turkiy mamlakat - Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, “Turkiy xalqlar hunarmandligi” forumi, “Samarqand qog‘ozining jahon ilm-fani va xalqaro iqtisodiyotda tutgan o‘rni”, “Marg‘ilon ipak matolarining o‘rta asrlar xalqaro bozoridagi ahamiyati” mavzularida ko‘rgazma va ilmiy konferensiya, “Do‘mbira va qo‘biz”, “Chanqovuz va sibizg‘a”, “Turkiy tilli yoshlar xalqaro festivali” kabi tadbirllarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu tashkilotga a’zo davlatlardan mamlakatimizga 5 milliondan ziyod sayyoh kirib kelishi, ularga 1,3 milliard dollarga yaqin turizm xizmati ko‘rsatish imkonini berishi kutilmoqda.
Turkiy davlatlar tashkiloti Qo‘qonni “Turk dunyosining turizm poytaxti”, Xivani “Turk dunyosining madaniy poytaxti”deb e’lon qilgan. Shu munosabatlar bilan Xivada “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyasi”, Qo‘qon shahrida “Qo‘qon xonligining Turkiy xalqlar davlatchiligi shakllanishi va madaniy merosida tutgan o‘rni” mavzularidagi xalqaro ilmiy anjumanlari o‘tkazildi. Shuningdek, mamlakatimizda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlari doimiy kengashining 38-majlisi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan turk dunyosi birligiga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomli halqaro mukofot ham ta’sis etilgan.
Tashkilot inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashga ham katta e’tibor bermoqda. Turkiyaning Bursa shahrida Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar uyushmasi va turkiy davlatlar ombudsmanlari tashkil etildi. Bu uyushma turkiy davlatlar ombudsmanlari va milliy inson huquqlari tashkilotlarining faoliyati bilan tanishtirib boradi. Bunda inson huquqlari sohasida bilimlar va tajribalar bilan almashiniladi, birgalikda seminarlar tashkil etiladi, shuningdek tayyorlangan loyihalar bajariladi. Jumladan, Bokuda “Inson huquqlarini himoya qilishda parlamentlarning roli” hamda “Ombudsman institutlari samarali faoliyatini ta’minlash uchun qonunchilikni takomillashtirishning ahamiyati” mavzularida halqaro anjumanlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida ilm-fan va madaniyat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, madaniy va ilmiy axborotlarni tarqatish, O‘zbekistonning Jahon hamjamiyati bilan ma’naviy aloqalarini kengaytirish maqsadida Markaziy Osiyo tadqiqotlari Xalqaro instituti ham tashkil etildi.
Samarqanda ushbu mantiqaviy anjumanning o‘tkazilishi qardosh xalqlarimizning yangi nom olgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti sifatida tarixda muhrlanib qolishi shubhasizdir.
Erkin ERNAZAROV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 24.10.2022
- Ko'rishlar: 6155
- Chop etish