O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida" 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan "2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi"da qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv mexanizmlarni takomillashtirish nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga tegishli qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Xususan, Jinoyat-ijroiya kodeksi "Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning olidini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizmi" deb nomlangan 41-bob bilan to‘ldirilmoqda. Mazkur bobda, milliy preventiv mexanizm ishtirokchilari, ularning huquq va majburiyatlari, monitoring tashriflari yakunlari bo‘yicha tavsiyalar berish, monitoring tashriflari natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligi va ulardan foydalanish tartibi va boshqa masalalar o‘z aksini topgan.

Qonun loyihasining qabul qilinishi qiynoqlarning oldini olishning amaldagi mexanizmlarini takomillashtirish va yangi mexanizmlarni joriy etilishiga, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi va Qiynoqqa qarshi qo‘mitalarining qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalari bajarilishiga, shuningdek mamlakatning xalqaro imidji yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.

Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz (https://regulation.gov.uz/oz/d/72139) saytida joylashtirilgan.

Powered by GSpeech